Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasi
Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasi — oʻzbek xalqining boy badiiy merosini saqlash, tasviriy sanʼat asarlarini toʻplash va yutuqlarini targʻib qilishga qaratilgan madaniy-maʼrifiy muassasa. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tasarrufida[1].
Tavsifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 12-oktabr „Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki galereyasini tashkil qilish toʻgʻrisida“gi qaroriga binoan asos solingan. 2004-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov tashabbusi bilan Toshkent shahrida maxsus qurilgan binoga joylashtirilgan (bosh meʼmori V. N. Breusenko; bosh muhandisi G. V. Kostina). Toʻrtburchak tarhli bino meʼmorlikning eng soʻnggi yutuqlarini qoʻllagan holda bunyod etilgan, poydevori, zinalari marmar bilan qoplangan, ichki bezaklarida ganch oʻymakorligidan foydalanilgan.
Galereyada 15 ta koʻrgazma xonasi (umumiy ekspozitsiya maydoni 3,5 ming kv.m), zarur texnika uskunalari bilan jihozlangan majlislar zali hamda xazina, maʼruza va kino zallari, kutubxona, mohir usta studiyasi, ustaxonalar, badiiy salon, kafeteriy bor. Galereya xazinasida 20-asr boshidan hozirgi kungacha yaratilgan Oʻzbekiston tasviriy sanʼatining 1000 dan ziyod rang-tasvir va grafika asarlari hamda nodir numizmatika namunalari saqlanadi. Oʻzbekiston tasviriy sanʼatining 20-asr boshlarida ijod qilgan P.Benkov, L.Bure, A.Volkov, Usto Moʻmin, M.Kurzin, N.Kashina, keyinroq N.Karaxan, A.Abdullayev, Oʻ.Tansiqboyev, N.Koʻziboyev, Ch. Axmarov va boshqalarning asarlari bilan bir qatorda zamonaviy tasviriy sanʼat namoyandalari — Oʻzbekiston Badiiyot akadimyasi akademiklari B.Jalolov, J.Umarbekov, A.Mirzayev, S.Rahmetov, S.Abdullayev kabi rassomlarning asarlari ham ekspozitsiyadan oʻrin olgan. Galereyaning numizmatika boʻlimidagi Oʻrta Osiyoda turli tarixiy davrlarda zarb qilingan tangalar Oʻzbekiston tarixini oʻzida aks ettiradi hamda katta madaniytarixiy va ilmiy ahamiyatga egadir.
Galereya Oʻzbekiston rang-tasvir asarlarini toʻplash, saqlash, respublika boy madaniyatini oʻrganish hamda tasviriy sanʼat asarlari koʻrgazmalarini uyushtirish orqali keng koʻlamda targʻib qilish ishlarini amalga oshiradi, jahon badiiy madaniyati yutuqlarini oʻrganadi va hozirgi davr estetikasi va ijtimoiy muammolariga bagʻishlangan ilmiy anjumanlar, maʼruzalar, seminarlar tashkil qiladi, axborotlar tayyorlaydi hamda kitob, jurnal, almanax, kataloglar nashr etadi. Koʻrgazmalar va tajribalar almashish yoʻli bilan, festival, yarmarka, tanlovlar uyushtirish vositasida ilmiy, madaniy xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻyadi. Xalqaro miqyosdagi tadbirlarda qatnashadi.
Manzil
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston sanʼat galereyasi Oʻzbekiston, Toshkent shahri, Buyuk Turon koʻchasida joylashgan. U yakshanba va dushanbadan tashqari har kuni 6 soat davomida jamoatchilikka ochiq[2][3][4].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ The Art Gallery was first known as the gallery under National Bank of Uzbekistan (NBU)
- ↑ All the information on this article is obtained from two secondary sources
- ↑ Information is obtained from the web page article in English checked 29.03.2016
- ↑ Information is obtained from the web page article in English checked 29.03.2016
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Small piece of information about the gallery in English — sambuh.com
- Brochure about the gallery
- Small piece of information about the gallery
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |