Kontent qismiga oʻtish

Adabiyot muzeyi (Toshkent)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Adabiyot muzeyi (Toshkent), 2022

Adabiyot muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi (Toshkent shahri) – madaniy-maʼrifiy va ilmiy muassasa. 1940-yilda Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi munosabati bilan Respublika koʻrgazmasi 174 tariqasida tashkil topgan. 1944 – 68-yillarda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot instituti boʻlimi, 1968 –1978-yillarda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Adabiyot muzeyi, 1978 – 1991-yillarda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi H. S. Sulaymonov nomidagi Qoʻlyozmalar institutining muzey boʻlimi. 1991-yildan Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Adabiyot muzeyi. Muzey ekspozitsiyasi 40 xonaga joylashgan, 8 boʻlimdan iborat. Jamlanmasida qariyb 34 ming koʻrgazma bor (1997-yil). Muzeyda oʻzbek adabiyotiga oid asarlar, qoʻlyozma va toshbosma kitoblar, xalq hofizlarining ovoz yozuvlari, naqqoshlik sanʼatiga doir koʻrgazmalar (yogʻochdan ishlangan panjara, A. Fayzullayev, 1968-yil), XX asrga oid sopol buyumlar mavjud. Muzey koʻrgazmalari temuriylar davri ekspozitsiyasi bilan, oʻzbek adabiyoti tarixi ekspozitsiyalari esa Alisher Navoiy ijodidan boshlangan: „Xamsa“ning qoʻlyozma, foto va koʻchirilgan nusxalari, dostonlarga ishlangan miniatyuralar, rasm va bezaklar, shoir hayotiga oid portretlar, haykallar, xarita, kitob, har xil sovgʻa va albomlar, lagan, koʻzachalar bor. Buxorolik 14 qiz tomonidan Navoiy, Farhod va Shirin, Layli va Majnun rasmlari zar bilan to‘qilgan gilam (1968-yil) muzeyga alohida koʻrk bagʻishlaydi. Jomiy xonasiga shoir asarlarining turli davrda ko‘chirilgan nusxalari qoʻyilgan. Muzeyning boshqa xonasidagi koʻrgazmalari orasida Hofiz, Nizomiy, Firdavsiy, Xusrav Dehlaviylarning bir qancha qoʻlyozmalari bor. Bobur hayoti va ijodiy faoliyati haqidagi koʻrgazmalar ichida „Bobur haykali“ (haykaltarosh A. Grish-chenko, 1968-yil) va ipak bilan to‘qilgan „Bobur portreti“ (chevar F. Saydaliyeva, 1974-yil) alohida oʻrin tutadi. Muzeyda Zebunniso, Turdi, Nodira, Uvaysiy, Mahzuna va boshqalar sheʼrlaridan namunalar, qoʻlyozmalar va asarlariga ishlangan tasvirlar, namunalar bor. Muzeyning hozirgi zamon adabiyotiga bagʻishlangan xonalariga „XX asr oʻzbek adabiyoti“, „Istiqlol davri oʻzbek adabiyoti“ ekspozitsiyalari joylashtirilgan. 200 dan ortiq oʻzbek shoir va yozuvchilari ijodiy yoʻlini yorituvchi koʻrgazmalar qoʻyilgan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil