Kontent qismiga oʻtish

Finlandiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Finlyandiyadan yoʻnaltirildi)
Finlandiya Respublikasi
ShiorY'o`q
Madhiya: Maamme/Vårt land
Location of Finlandiya
Poytaxt Helsinki
Rasmiy til(lar) Fin tili, Shved tili
Hukumat Parlamentlik Respublika
• Prezident
Alexander Stubb
Petteri Orpo
Mustaqillik (Rossiyadan)
• Sana
6-dekabr 1917
Maydon
• Butun
338,145 km2 (64-oʻrin)
• Suv (%)
9.4
Aholi
• 2002-yilgi roʻyxat
5,223,442 (111-oʻrin)
• Zichlik 15/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$159,700 mil. (50-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$30,574
Pul birligi Yevro (EUR)
Vaqt mintaqasi UTC+2
• Yoz (DST)
UTC+3
Qisqartma FI
Telefon prefiksi 358
Internet domeni .fi
Pielinen

Finlandiya (fin. Suomi; shvedcha: Finland;), Finlandiya Respublikasi (fincha Suomen Tasavalta, shvedcha: Republiken Finland) – Shimoliy Yevropada joylashgan davlat. Maydoni 337 ming km². Aholisi 8 mln. kishi (2023). Poytaxti – Helsinki shahri; Tampere esa ikkinchi yirik shahari. Maʼmuriy jihatdan 5 lyani (guberniya) ga boʻlinadi. 1981-yildan oʻzini oʻzi boshqarish maqomini olgan. Aland orollari bu hisobga kirmaydi. BMT aʼzosi. Helsinki – Finlandiyaning eng rivojlangan shaharlaridan biri hisoblanadi.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Finlandiya – suveren respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 2000-yil 1-martda kuchga kirgan. Davlat boshligʻi – prezident (2000-yildan Tarya Halonen xonim), u toʻgʻri va yashirin ovoz berish yoʻli bilan mamlakat fuqarolari tomonidan 6 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 1 palatali parlament, ijrochi hokimiyatni prezident bilan hukumat birgalikda amalga oshiradi.

Botniya, Fin qoʻltiqlari va Boltiq dengizi sohillari koʻpgina buxta va shxerlar (suv ostidagi va suvdan chiqib turadigan qoyalar) bilan parchalangan. Hududining aksariyat qismi dengiz sathidan 100-200 m pastda qoluvchi tekisliklar. Markaziy qismida koʻllar atrofi hamda shimoliy va sharqiy tepaliklarida qirlar bor. Shimoli-gʻarbida esa Skandinaviya togʻlarining tarmoqlari joylashgan (eng baland joyi 1365 m – Xaltiatunturi choʻqqisi). Foydali qazilmalardan xromit, temir, mis kolchedani, misnikel, polimetall rudalar, apatit, grafit, magnezit, asbest, talk, marmar, muskovit konlari bor, torf qazib olinadi. Iqlimi moʻtadil, shimolida kontinental iqlim. Boltiq dengizi va Golfstrim oqimining yaqinligi iqlimga yumshatuvchi taʼsir qiladi. Oʻrtacha temperatura fevralda —3° dan – 14° gacha, iyulda 14° dan 17° gacha. Yillik yogʻin 600-700 mm. Dare koʻp, qisqa, sersuv, serostona. Yiriklari – KemiYoki, KyumiYoki, Kokemyaen Yoki, TornioYoki. 60 mingga yaqin koʻl bor (mamlakat hududining 8%), yirik koʻli – Sayma. Botqoq koʻp. Hududning 61% oʻrmon, asosan, igna bargli daraxtlar, janubidagi podzol, gleypodzol, torfli botqoq tuproqlarda aralash oʻrmonlar, shimolida togʻ tundrasi. Yirik milliy bogʻlari – Lemmenyoki, Pallas Ounastunturi, Oulanka va boshqa Finlandiyada 18ta qoʻriqxona bor.

Lappeenranta

Aholisining 93%dan koʻprogʻi finlar. Janubiy va gʻarbiy rayonlarda shvedlar, shimolida saamlar yashaydi. Rasmiy tillar – fin va shved tillari. Dindorlarning aksariyati lyuterchilar, pravoslavlar ham bor. Shahar aholisi 65,1%. Yirik shaharlari: Helsinki, Tampere, Turku, Espo.

Miloddan avvalgi 3—2-ming yilliklarda Finlandiya hududida hozirgi saam (lopar)larning ajdodlari yashagan. 1 ming yillik boshlarida bu yerga Boltiq, boʻyidagi fin qabilalari koʻchib kelib, mahalliy aholi bilan qoʻshilib ketgan va natijada fin elati shakllangan. XII-XIII asrlarda Finlandiya hududini shvedlar istilo qila boshladi. XIX asr boshlariga kelib u butunlay Shvetsiya qoʻl ostiga oʻtdi. Ammo fin dehqonlari shaxsiy ozodlikni qoʻldan bermadilar. 1808—1809-yillardagi Rossiya-Shvetsiya urushidan soʻng Finlandiya hududi Buyuk Finlandiya knyazligi tarzida Rossiya tarkibiga qoʻshib olindi. Finlandiyani Rossiya podshosi tayinlagan general gubernator (1816-yildan senat raisi) boshqardi. Un ga ichki maʼmuriy muxtoriyat bilan birga iqtisodiy muxtoriyat ham berildi. XIX srning XX yillaridan Finlandiyada iqtisodiy yuksalish tezlashdi. Yogʻoch tilish sanoati, qishloq xoʻjaligida sut chorvachiligi rivojlandi. Rossiya va Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari bilan savdo-sotiq jonlandi, 1860-yildan uz puli joriy etildi. XIX asrning 2-yarmida pultovar munosabatlari qaror topdi. Fin millati shakllana bordi. 80-yillarning oʻrtalarida podsho hukumatining Finlandiya muxtoriyati huquqlariga tajovuzi kuchaydi. Fin xalqi oʻz milliy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish uchun kurash boshladi. Dastlabki siyosiy tashkilot va partiyalar tuzildi. 1916-yili parlament saylovida Finlandiya sotsialdemokratik partiyasi gʻalaba qozondi. 1917-yil 6 (19) dekabrda Finlandiya seymi mustaqillik haqida deklaratsiya qabul qildi. 1919-yil Finlandiya respublika deb eʼlon qilindi. 1939 i. Finlandiyaga SSSR qoʻshinlari hujum qildi. 1939—1940-yil „qishki urush“da finlar qattiq qarshilik koʻrsatishiga qaramay, Finlandiya oʻz hududining bir qismidan mahrum boʻldi. Ikkinchi jahon urushi yillarida fashistlar Olmoniyasi tomonida boʻldi. 1944-yil urushdan chiqdi. Urushdan keyin mamlakat oʻzini betaraf deb eʼlon qildi. Finlandiya – 1955-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini 1991-yil 30-dekabrda tan olgan va 1992-yil 26-fevralda diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami – 6-dekabr – Mustaqillik kuni (1917).

Asosiy siyosiy partiyalari va birlashmalari, kasaba uyushmalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Finlandiya soʻl ittifoqi, Finlandiya kompartiyasi (1918-yil tuzilgan) bilan Finlandiya xalqi demokratik ittifoqi (1944-yil tuzilgan)ning qoʻshilishi natijasida 1989-yil tashkil etilgan; Liberal xalq partiyasi, 1965-yil tuzilgan; Milliy koalitsion partiya, 1918-yil asos solingan; Finlandiya qishloq partiyasi, 1959-yil tashkil etilgan; Finlandiya sotsial demokratik partiyasi, 1899-yil tuzilgan; Koʻkatparvarlar ittifoqi, 1987-yil asos solingan; Finlandiya Markazi, 1906-yil tashkil etilgan; Finlandiya Xristian demokratik partiyasi (1958-yil Finlandiya Xristian ittifoqi nomi bilan tashkil etilgan, 2001-yildan hozirgi nomda); Shved xalq partiyasi, 1906-yil tuzilgan. Finlandiya kasaba uyushmalari markaziy tashkiloti, 1907-yilda tashkil etilib, turli nomlar bilan yuritilgan, 1969-yildan qoz. nomda.

Finlandiya —yuksak darajada rivojlangan industrialagrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 32%, qishloq xoʻjaligi, oʻrmon va baliq xoʻjaliginiki 5%, xizmat koʻrsatish sohasiniki 63%.

Sanoati, asosan, eksportga moslangan boʻlib, oʻrmon, metallurgiya, mashinasozlik (yogʻochsozlik, sellyulozaqogʻoz sanoati va kemasozlik uchun asbob uskunalar ishlab chiqarish, elektrotexnika va radioelektronika), yogʻochsozlik va sellyulozaqogoz (tilingan yogʻoch, qogʻoz, karton, faner ishlab chiqarish), qora va rangli metallurgiya, elektr energetikasi, neftni qayta ishlash, kimyo, toʻqimachilik, tikuvchilik, oziq-ovqat sanoatning yetakchi tarmoklaridir. Finlandiyaning yoqilgʻi energetika resurslari yetarli emas, qattiq va suyuq yoqilgʻining aksar qismi chet ellardan keltiriladi. Elektr energiyaning 1/6 GESlarda, 1/3 AESlarda hosil qilinadi. Yiliga oʻrtacha 66,8 mlrd. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Temir, mis, qoʻrgʻoshin, rux, nikel, xrom rudalari, kobalt, vanadiy, grafit, pirit va boshqa qazib olinadi. Pax va Xyamenlinna shaharlaridagi metallurgiya zavodlarida choʻyan va poʻlat, Xaryavalta va Pori shaharlarida mis va nikel, Kokkolada rux eritiladi. Torniodagi zavodda xrom rudasi qayta ishlanib, konsentrat hosil qilinadi. Tampere, Rauma, Laxti, Vasa, Karxulada mashinasozlik, Xelsinki, Turku, Porvo, Saloda yoʻl qurilishi va qurilish ishlari uchun mexanizmlar, koʻtarmatransport uskunalari, elektron va telefon apparatlari ishlab chiqariladi. Oʻrmon, ayniqsa, yogʻochsozlik va sellyulozaqogʻoz sanoatining eksportdagi ulushi katta. Oʻrmon sanoatining asosiy markazlari – Kotka, Kemi va Pori. Chetdan keltiriladigan xom ashyo negizida neftni qayta ishlash sanoati rivojlangan (Nantali, Porvo). Kimyo va neft kimyosi sanoatida plastmassa, mineral oʻgʻit, sintetik materiallar, boʻyoq, xlor, oltingugurt kislotasi va boshqa ishlab chiqariladi. Oyna, chinni, koʻnpoyabzal, toʻqimachilik, tikuvchilik sanoati rivojlangan. Oziq-ovqat sanoati, ayniqsa sut sanoati mahsulotining bir qismi eksport qilinadi.

Qishloq xoʻjaligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qishloq xoʻjaligida fermerlik tipidagi mayda va oʻrta yer egaligi ustun. Qishloq xoʻjaligiga yaroqli yerlar mamlakat hududining 8%ini tashkil qiladi. Sut-goʻsht chorvachiligi – qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi. Qoramol, choʻchqa, qoʻy, ot, parranda boqiladi. Dehqonchilikda bugʻdoy, yem uchun javdar, arpa, suli, texnika ekinlaridan qand lavlagi, shuningdek, kartoshka, pichanbop oʻt ekiladi. Parrandachilik (norka, kulrang tulki, shimoliy tulkisi), bugʻuchilik, baliq ovlash rivojlangan. Oʻrmon xoʻjaligi – mamlakat iqtisodiyotining qadimiy tarmogʻi. Finlandiyada 18 mln. gektardan ortiq oʻrmon bor, yiliga 50—55 mln. m³ yogʻoch kesiladi.

Transportida temir yoʻl uzunligi 5,9 ming km, avtomobil yoʻllari uzunligi 77,7 ming km. Asosiy dengiz portlari: Helsinki, Turku, Kotka. Shvetsiya, Estoniya, Polsha, Olmoniya bilan parom orqali qatnov yoʻlga qoʻyilgan. Chetga sellyuloza qogʻoz, yogʻochsozlik, mashinasozlik, kemasozlik, kimyo, oziq-ovqat, yengil sanoat mahsulotlari va boshqa chiqaradi. Chetdan xom-ashyo va chala tayyor mahsulotlar, yoqilgi va moylash ashyolari, keng isteʼmol mollari va boshqa oladi. Rossiya, Olmoniya, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, AQSH bilan savdo qiladi. Pul birligi – fin markasi.

Tibbiy xizmati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vrachlar Helsinki, Turku va Oulu universitetlarining tibbiyot tillarida, tibbiy hamshiralar tibbiyot maktablarida tayyorlanadi. Helsinkida veterinariya kolleji bor.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Maktab darslari fin yoki shved tillarida oʻtiladi. Davlat maktablari bilan birga xususiy maktablar ham bor. 1968-yil qonuniga binoan, yagona umumiy taʼlim tizimiga oʻtish 1980-yilda nihoyasiga yetkazildi. Majburiy taʼlim – 9 yillik. Majburiy maktab negizida 3 yillik katta oʻrta maktab tashkil etilgan. Davlat, munitsipal va xususiy hunar bilim yurtlari va maktablarida quyi xunar-texnika taʼlimi, texnika, pedagog, tijorat institutlarida oʻrta maxsus taʼlim beriladi. 22 oliy oʻquv yurti, shu jumladan, 11 universitet bor. Yiriklari: Helsinki universiteti (1640), Tamperedagi universitet, Turkudagi Shved universiteti (Abo Akademiya), Tampere, Xelsinki va Lappenranta shaharlaridagi texnika universitetlari. Oliy tijorat maktablari va boshqa mavjud. Bundan tashqari, bir qancha maxsus oliy oʻquv yurtlari: Ya. Sibelius nomidagi musiqa akademiyasi, 4 ta chet tillar instituti va boshqa bor. Finlandiyada jami 400 ta ilmiy tadqiqot muassasasi va jamiyat boʻlib, shundan 40 tasi, jumladan, texnika tadqiqotlari markazi (1942), qishloq xoʻjaligi ilmiy tadqiqot markazi (1898), sellyuloza qogʻoz sanoati markaziy laboratoriya, oʻrmon genetikasi (1968) va oʻrmon muhofazasi (1972) ilmiy tadqiqot institutlari davlatga qarashli. Oliy oʻquv yurtlari huzurida 50 dan ortiq ilmiy tadqiqot instituti va laboratoriya bor.

Yirik kutubxonalari: Helsinki universitetining kutubxonasi (1640), Helsinki shahar kutubxonasi (1860), Parlament kutubxonasi. Milliy muzey, shahar muzeyi, Helsinki universitetining zool. muzeyi, Botanika bogʻi, Turkuda tarix muzeyi, Tasviriy sanʼat muzeyi, Ya. Sibelius muzeyi, Marianxaminda Kema qatnovi muzeyi va boshqa mavjud.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Finlandiyada bir qancha gazeta va jurnal nashr etiladi. Yiriklari: „Aamulexti“ („Tonggi gazeta“, kundalik mustaqil gazeta, 1881-yildan); „Iltasanomat“ („Oqshom gazetasi“, kundalik kechki gazeta, 1932-yildan); „Suomenmaa“ („Suomi eli“, kundalik gazeta, 1908-yildan); „Turun pyayvyalexti“ („Turku kunduzgi gazetasi“, kundalik gazeta, 1898-yildan); „Helsingin sanomat“ („Helsinki yangiliklari“, kundalik gazeta, 1889-yildan); „Xyuvyudstadsbladet“ („Poytaxt gazetasi“, shved tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1864-yildan); „Kansan lexti“ („Xalq gazetasi“, kundalik gazeta, 1899-yildan); „Maaseudun tulevaysuus“ („Qishloq istiqboli“, haftasiga 3-marta chiqadigan gazeta, 1971-yildan); „Me nayset“ („Biz – ayollar“, xotinqizlar uchun haftalik jurnal, 1952-yildan); „Finlandiya segodnya“ („Bugungi Finlandiya“, rus tilida chiqadigan jurnal, 1982-yildan); „Yuxteysxyuvya“ („Mushtarak manfaat“, haftalik jurnal, 1905-yildan). Fin telegraf byurosi – FTB, 1887-yil tuzilgan, fin gazetalari, radio va televideniyesining aksiyadorlik jamiyati. Radioeshittirishlar 1926-yildan, telekoʻrsatuvlar 1956-yildan olib boriladi. „Fleysradio“, fin radiosi va televideniyesi davlat mahkamasi 1926-yilda tashkil etilgan. 1934-yildan davlat nazoratida.

Fin yozuvi 1521-yil Finlandiyada boshlangan Reformatsiya harakati taʼsirida vujudga keldi. Reformatsiya namoyandasi M. Agrikola XVI asr oʻrtalarida bosma kitoblar nashr eta boshladi va III asr davomida aksar diniy kitoblar bosildi. XIX asr adabiyoti fin xalqining shvedlar zulmidan ozod boʻlib, millat sifatida shakllanishi, maʼrifatparvarlik gʻoyalarini targʻib qilish bilan bogʻliq ravishda rivojlandi. 1830-yil Helsinkida „Shanbalik suhbati“ adabiyfalsafiy toʻgaragi vujudga keldi. Tugarak aʼzolari bir yil oʻtib „Fin adabiyoti jamiyati“ni tuzdilar (hozir xam mavjud). Folklorshunos E.Lyonrot (1802—1884) xalq eposi „Kalevala“ni nashr ettirdi. Shoir Y. L. Runeberg, faylasuf, publitsist va tanqidchi Y. V. Snelman adabiyot rivojiga katta hissa qoʻshdilar. Yangi fin adabiyotining asoschisi, ilk milliy drama va romanlar muallifi A. Kivi adabiyotda yangi realistik anʼanalarni boshlab berdi. S.Topelius tarixiy romanlar, Yu. Veksell sheʼr va pyesalar, K. R. Kramsu ijtimoiy mavzuda sheʼrlar yezdi. Minna Kant, Yu. Axo, A.Yarnefelt, K. A. Leyno va boshqa yozuvchilar xalq hayoti va, ayniqsa, ayollarning ayanchli taqdirini haqqoniy tasvirlab berdilar. XX asr boshlarida turli adabiy oqimlar yuzaga keldi. A. E. Leyno, L.Onerva, V.Kilpi yangi realizm yoʻlidan bordi, M.Lassila hajviy qissa va komediyalar yaratdi, I.Kianto, M.Yotuni, Y.Lextonen umidsizlik kafiyatiga berildi. Ikkinchi jahon urushidan keyin A.Eykiy, M.Larni, V.Linna, P.Rintal, V. Meri romanlarida ijtimoy muammolar asosiy oʻrinda turdi. Hella Vuoliyokining haqqoniy pyesalari fin dramaturgiyasining muhim yutugʻi boʻldi. 1897-yildan Finlandiya yozuvchilar uyushmasi mavjud. Meʼmorligi va tasviriy sanʼati qad. anʼanalarga boy. Neolit davriga mansub qoyatosh rasmlari, tosh pichoq, suyakdan yasalgan asboblar, sopol idishlar saqlangan. Milodiy XIII-XV asrlarda toshdan saroy va arklar qurilgan (Savonlinna yaqinidagi Olavinlinna qalʼasi, Turkudagi qasrlar va boshqalar). XIV-XVI asrlarda toshdan, XVII-XVIII asrlarda xalq meʼmorligi uslubida yogʻochdan cherkovlar barpo etilgan (Tornio va Keurudagi cherkovlar). XIXasr oʻrtalarida meʼmorlikda milliy romantizm oqimi hukmron boʻldi (Xelsinkidagi vokzal binosi, meʼmor E.Saarinen), XIX oxiri – XX asr boshlarida „modern“ uslubi rayem boʻldi. Ikkinchi jahon urushidan keyin binolar zamonaviy qurilish konstruksiyalaridan foydalanib tiklana boshladi, ayniqsa, jamoat binolari zoʻr mahorat bilan barpo etildi. A.Aalto, R.Piyetilya, A.Ervi kabi meʼmorlar sodda meʼmoriy shakllar asosida jozibador kompozitsiyalar yaratdilar (Seynyatsalo shahrining maʼmuriy markazi, Xelsinkidagi ishchilar madaniyat uyi, „Finlandiya“ saroyi, „Prezident“ mehmonxonasi b.).

XIV-XV asrlardagi oʻrta asrlar mahobatli rang tasvirida xalq naqqoshligi rivojlangan (Xattula, Tayvassiladagi cherkov devorlariga ishlangan rasmlar). XVIII asrda M.Toppelius mahobatli rangtasvir sohasida shuhrat qozondi. Shu davrda Finlandiyada dunyoviy dastgoh rassomligi janrlari ommalashdi (I.Vaklin portretlari, N.Shilmark manzara va natyurmortlari). XIX-XX asrlarda fin tasviriy sanʼat maktabi shakllandi, xalq hunarmandchiligi, yogʻoch oʻymakorligi, oʻrta asr mahobatli rangtasvir anʼanalari qayta tiklandi. XX asr oʻrtalarida V. Aaltonen haykaltaroshlikda shuhrat qozondi. Zamonaviy rassomlardan M.Kollin, A.Kanerva, V.Vionoyya, S. Gryonvall; grafiklardan V.Askola, I.Kolliander, T.Tapiovara; haykaltaroshlardan A.Tukiaynen, R.Utriaynen, L.Pullinen, E.Xiltunen; plakat va dizayn ustalaridan I.Tapiovara, M.Kuyasalolar mashhur. Xalq sanʼatida mato va gilam toʻqish, metall idishlar yasash rivoj topgan.

Musiqasi xalq musiqiy anʼanalari asosida rivojlanib keldi. Xalq qoʻshiqlari (run, yoyku va boshqalar) hozirgacha milliy musiqa folklorida ijro etiladi. Mehnat, marosim, hazil, sevgi qoʻshiqlari, raqs bilan birga ijro etiladigan laparlar keng yoyilgan. Cholgʻu asboblari: kantele (torlichertma), yo Uxikko (torlika monli), tuoxitorvi (puflama); XIX asrdan klarnet va skripka, 20-asrdan garmon ommalashdi. Professional musiqa sanʼati oʻrta asrlarda shakllana boshladi (grigorian, 16-asrdan protestant xoralch).

Birinchi fin operasi („Qirol Karl ovga chiqdi“, 1852) va milliy madhiya muallifi – Finlandiya Pasius, birinchi simfoniya (1847) muallifi – A. G. Ingelius. Fin musiqasida FinlandiyaShans birinchi marta „Kalevala“dagi milliy ohanglardan foydalanib, „Kullervo“ simfonik uvertyurasini yaratdi. XIX asr oxiri – 20-asr boshlarida M.Vegelius (1882-yil Xelsinkida Musiqa institutini tashkil etgan; 1939-yildan Ya. Sibelius nomidagi Musiqa akademiyasi) va R.Kayanus (professional simfonik orkestr tuzgan) milliy kompozitorlik maktabi asoschilaridir. Ya. Sibelius ijodida milliy musiqa anʼanalari kamol topdi. Zamonaviy kompozitorlar orasida E.Englund, E.Bergman, Y.Kokkonen, E.Rautavara, dirijyorlar orasida G.Shnefoxt, A.Yarnefelt, L.Segerstam, pianinochilar orasida K.Ekman, A.Valeta, yakkaxonlar orasida I.Ekman, A.Rautavara va boshqa mashxur. Xelsinkida opera teatri (1911; 1956-yildan Finlandiya Milliy teatri), shahar simfonik va kamer orkestrlari, Finlandiya radiosining simfonik orkestri, Xalq konservatoriyasi, Finlandiya musikachilar uyushmasi va boshqa ishlaydi. Finlandiyada bir nechta Xalqaro musiqa festivali va tanlovlari muntazam ravishda oʻtkaziladi.

1827-yil Helsinkida dastlabki teatr binosi – Teatr uyi qurildi. Unda rus, nemis, shved drama va opera truppalari tomosha koʻrsatdi. 1860-yil bu yerda shved aktyorlaridan iborat birinchi professional teatr faoliyat boshladi. 1872-yil fin tilidagi professional teatr (drama va opera truppalari) tashkil etildi. 1902-yil drama truppasi opera truppasidan ajralib chiqib, Fin Milliy teatri nomini oldi. I.Aalberg, K.Avellan, A.Lindfors, K.Halme, R.Snelman, U.Somersalmi (XIX asr oxiri – XX asr boshi), T.Palo, E.Eronen, E.Volanen, A.Ikonen, X.Salin, E.Yurkka (XX asrning 50—80-yillari) teatrning yetakchi aktyorlaridir. Turli yillarda ishlagan mashhur rejissorlar: K.Bergbum, Ya. Xal, Ya. Laxdensuo, E.Kalima, K.Kivima, D.Vitikka, V.Ilmari. Helsinkida Xalqishchi teatri (1914), Milliy shved teatri, Intim teatri, loʻlilarning „Drom“ teatri (1982) ham ishlaydi. Tampere, Turku, Laxti, Kuopio va boshqa shaharlarda ham teatrlar bor.

Ularda jahon mumtoz dramaturgiyasi asarlari bilan bir qatorda mahalliy mualliflarning pyesalari ham sahnalashtiriladi. Teatr xodimlari Xelsinkidagi Oliy teatr maktabi (1943)da tayyorlanadi.

1904-yil Finlandiyada xronika filmlari suratga olina boshladi. 1906-yil „Apollo“ kinofirmasi tuzildi. 1907-yil „Pinhona haydovchilar“ (rejissor T.Sparre va T. Puro) qisqa metrajli badiiy filmi chiqarildi. 20-yillarda koʻproq milliy adabiyot asarlari: M.Kant komediyasi asosida „Anna Liysa“ (rejissor T.Puro va Yu. Snelman), S.Topelius novellasi asosida „Rautakyullik keksa baron“ (rejissor Fager), A.Kiv komediyasi asosida „Nummi etikdoʻzlari“ (rejissor E.Karu) ekranlashtirildi. „Komediyafilm“, „Fennikafilm“ va „AkilaSuomikompaniya“ firmalari tashkil etildi. 1933-yil E.Karu Finlandiyadagi eng yirik „Suomenfilmiteolisus“ firmasini tuzdi. Uning eng yaxshi filmlari: „Yuxa“ (1937), „Insonning yoʻli“ (1940; ikkalasining rejissor N.Tapiovara), „Oq kiyik“ (1953, rejissor E.Blomberg), „Sutchi Xilya“ (1953, rejissor T.Syarkkya), „Nomaʼlum askar“ (1955, rejissor E.Layne), „Qizil chiziq“ (1959, rejissor M. Kassila). 60—70-yillarda ijtimoiytanqidiy yoʻnalishdagi „Ishchining kundaligi“ (rejissor R.Yarva), „Kalamushlar jangi“ (rejissor M.Kurkvara), „Zavoddagi otishma“ (rejissor E.Kivikoski) filmlari yaratildi. XX asrning oxirgi oʻn yilliklaridagi yaxshi filmlar: „Yovvoyi hayvon belgisi“ (rejissor Ya. Pakkasvirt) va „Dengiz boʻyidagi tun“ (rejissor E.Kivikoski).