Kontent qismiga oʻtish

Axsikent

Koordinatalari: 40°53′11.648″N 71°27′2.167″E / 40.88656889°N 71.45060194°E / 40.88656889; 71.45060194
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Axsikatdan yoʻnaltirildi)
Axsikent
shahar
40°53′11.648″N 71°27′2.167″E / 40.88656889°N 71.45060194°E / 40.88656889; 71.45060194
Mamlakat Oʻzbekiston
shahar Namangan viloyati
Asos solingan III asr
Rasmiy til(lar)i oʻzbek
Vaqt mintaqasi UTC+5
Axsikent xaritada
Axsikent
Axsikent

Axsikent (shuningdek, Axsikat; inglizcha manbalarda Akhsikath) — Oʻzbekiston Respublikasi Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Shahand qishlogʻi hududida, Sirdaryoning oʻng sohilida joylashgan qadimiy shahar xarobasi. Miloddan avvalgi III—II asrlarda vujudga kelgan, IX—X asrlarda Fargʻona vodiysining poytaxti boʻlgan. Zahiriddin Muhammad Boburning „Boburnoma“ asarida tasvirlangan shaharlardan biri.

Zahiriddin Muhammad Boburning „Boburnoma“ asarida shaharga shunday taʼrif beriladi: „… Farg‘onada Andijondin so‘ngra mundin ulug‘roq qasaba yo‘qtur… Umarshayx Mirzo muni poytaxt qilib edi“[1].

Axsikent miloddan avvalgi III asrda tashkil etilgan. Shahar Qashqardan gʻarbiy tomonda Buyuk Ipak yoʻli karvonlari toʻxtash joyi boʻlib, nafaqat, savdo markazi, balki ishlab chiqarish markazi sifatida ham mashhur boʻlgan. Shaharda kaolin bilan qoplangan eritish pechlarida tayyorlanadigan Damashq poʻlati Damashq va Bagʻdod shaharlarida juda mashhur boʻlgan[2]. Axsikent bir necha bor avval kushonlar, keyin esa turkiy qabilalar tomonidan bosib olingan. Shaharning eng qadimgi tarixi haqidagi tushunchalarning aksariyati Xitoy manbalaridan va arxeologik qazishmalardan yetib kelgan[3].

Qal’a paxsa va xom gʻishtdan qurilgan mustahkam mudofaa devoriga ega boʻlgan. Devor balandligi 20 metrga yaqin boʻlib, qalinligi 10 metrga yetgan. 5 ta darvozasi boʻlib, darvozalar atrofi chuqur xandaqlar bilan oʻralgan.

Milodning V-VII asrlarida shaharda aholi uylari 5-6 xonali qilib qurilgan. Xona devorlari suvalgan va turli xil ranglar bilan boʻyalgan. Har bir xonadonda alohida yotoqxona, omborxona, oshxona, toza suv qudugʻi boʻlgan. Yotoqxonalarda devor boʻylab keng supa, yerda esa sandalga oʻxshagan isitish oʻchogʻi boʻlgan.

VII-IX asrning boshlaridagi arab yilnomalarida Axsikent „Fraganik“ deb nomlanadi. IX-X asrlar shaharning eng rivojlangan davri boʻlgan. Bu davrlarda Axsikentda zarb qilingan mis tangalar butun Somoniylar davlati hududida tarqalgan. IX asr oʻrtalaridan Axsikent Shahristonining devorlari mudofaa qobiliyatini yoʻqota boshlaydi, chunki markazlashgan davlat sharoitida devorga ehtiyoj boʻlmagan.

Shaharga 14-15 km masofadan, yaʼni Kosonsoydan suv keltirilgan. Bosh vodoprovod qoldiqlari 1960-yillarda topilgan. Ichki Shahristonning ikki joyidan yer osti vodoprovodi ochilgan. Ular X asrda bunyod etilgan. Uni qurishda dastlab quruvchilar yer usti tunneli qazigan, keyin uning ichida pishiq gʻishtdan yarim gumbazsimon inshoot qurib, uning tubiga katta diametrli sopol quvurlar yotqizganlar. Sopol quvur parchalari Shahriston va rabotning hamma joyidan topilgan. U aholiga 200 yildan ziyod xizmat qilgan[4].

 X asrda Axsikent Fargʻona vodiysidagi eng yirik va muhim shaharlardan biri boʻlgan. Bu yerda kamida ikkita masjid, saroy, qamoqxona va karvonsaroy boʻlib, ularning barchasi mudofaa devorlari bilan oʻralgan va oʻz suv taʼminotiga ega boʻlgan[5]. Qoʻrgʻonlari takomillashtirilganiga qaramay, dushman hujumiga bardosh berish uchun ojizlik qilgan. Shahar qoraxitoylar tomonidan, keyin esa 1219-yilda Chingizxon sarkardalaridan biri Jebe Noʻyon tomonidan talon-taroj qilingan[6].

XV asrda bo‘lajak mo‘g‘ullar imperatori Boburning otasi Umar Shayx Mirzo II Farg‘ona vodiysida hukmronlik oʻrnatadi va Axsikentni o‘zining asosiy qarorgohi sifatida tanlaydi[7]. Uning oʻgʻli Bobur Samarqandni zabt etish chogʻida, Axsikent va Samarqand ustidan nazoratni yo‘qotadi[8].

XVII asr boshlarida Axsikent tanazzulga yuz tutadi. 1621-yilgi zilzila oqibatida xarobaga aylangan[9], shahar aholisi esa Namanganga koʻchiriladi.

Arxeologik izlanishlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Axsikent xarobalarini arxeologik jihatdan oʻrganish ishlari XIX asr oxirlari XX asr boshlaridan boshlangan. 1885-yil Nikolay Veselovskiy, 1914-yili I. A. Kastane shaharda arxeologik qazilma va qidiruv ishlarini olib boradi. Shoʻrolar davrida Mixail Masson (1939) va A. Bernshtamlar (1948) shahar ustida tekshiruv ishlarini amalga oshirishadi. Arxeologik tadqiqotlar natijasida shaharning ark, Shahriston va rabotdan iborat boʻlgani, uchala qismi ham alohida devorlar bilan oʻralganligi, arkda hokim saroyi, zindon, shahristonda ichki bozor, jome masjidi, pishiq gʻishtdan ishlangan hovuz va ariqlar, rabotda hunarmandlar mahallalari va tashqi bozor mavjud boʻlgani aniqlangan. Shuningdek, Axsikent shahri Namangan oʻlkashunoslik muzeyi xodimlari tomonidan ham oʻrganilgan (1957—1959)[10].

1960-yilda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining Tarix va arxeologiya instituti tomonidan uyushtirilgan maxsus ekspeditsiya Axsikent rabotidan XI asr ga oid koʻhna hammom oʻrnini aniqlagan. Hammomdan sopol idish, quvur, chaqa tanga va shisha buyumlar topilgan. Bundan tashqari, xarobalarning gʻarbiy qismida oʻrta asrlarga oid yana bir shahar xarobalari borligi ham aniqlangan. Akademik Yahyo Gʻulomov va arxeolog I. Ahrorov mazkur tadqiqotlar asosida bu yerda turli davrlarga oid ikki shahar boʻlganini, ulardan biri qadimgi Axsikent va ikkinchisi Bobur tugʻilgan Axsi shahri ekanligini birinchi boʻlib isbotlashgan. 1967-yil rassom I. Smirnov shahar xarobalaridan yigʻib olingan sopol idish, jez buyum va zeb-ziynatlar majmuasini Moskvadagi Sharq xalqlari davlat muzeyiga taqdim etgan. Axsikent yodgorligi oʻzbek xalq madaniyati tarixida muhim oʻrin tutganligi uchun 1950-yildan davlat muhofazasiga olingan[10].

2002-yilda London Universiteti kollejining Arxeologiya instituti professori Tilo Rehren Axsikentda oʻtkazilgan Britaniya-Oʻzbekiston arxeologik ekspeditsiyasiga rahbarlik qiladi. Olimlar bu yerda mustahkam, ammo bukiladigan va parchalanishga chidamli Damashq po‘lati ishlab chiqarilganiga oid dalillarni topadilar. Shuningdek, ular 1300 gradusgacha bo‘lgan haroratga bardosh beradigan kaolindan yasalgan, yong‘inga chidamli tigellarni topadilar. Bunday yuqori harorat archa yogʻochi va Tyan-Shan togʻlari yaqinidagi karbonli temir rudasini eritish yoʻli bilan hosil qilingan[11].

Shahar raboti 350 ga dan ziyod boʻlgan. Tadqiqotlar natijasida hududda boylarning uylari, bogʻlar, hunarmandlar mahallasi va hammom topilgan.

Shahriston 35 ga maydonni egallagan. Hozirda uning 25 ga hududi saqlanib qolgan. Shahriston ikki qism: ichki qism va tashqi qismdan iborat boʻlgan. Ichki Shahristondan 2 ta minora, tashqi shahriston devoridan 20 ga yaqin minora qoldiqlari topilgan.

Shahriston Oʻzbekistondagi III-IV asrlarga oid madaniy meros obyektlaridan biri hisoblanadi. Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumani Gul qishlogʻida joylashgan. Shahriston Namangan viloyati madaniy meros boshqarmasining operativ boshqaruv huquqi asosida egalik qilinadigan davlat mulki hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan, davlat muhofazasiga olingan[12][13].

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  1. „Ancient Settlement of Aksikent“. Marco Polo Central Asia Travel (2022-yil 5-iyul).
  2. Ibbotson, Sophie. UZbekistan, 3rd, London: Bradt Travel Guides, 2020 — 137-bet. ISBN 9781784771089. 
  3. Kadiralievich Kozokov, Tohirjon (March 2020). "PROBLEMS OF SOURCE AND HISTORIOGRAPHY OF THE AKHSIKENT". Academicia 10 (3): 29–33. https://saarj.com/wp-content/uploads/special-issue/2020/ACADEMICIA-MARCH-2020-SPECIAL-ISSUE.pdf. 
  4. N. Egamberdiyeva. Arxeologiya. Тoshkent „Fan va texnologiya“ 2011 — 104-105-bet. ISBN 978-9943-10465-5. 
  5. „Ancient city of Akhsikent | Uzbekistan Travel“ (en). uzbekistan.travel. Qaraldi: 2022-yil 5-iyul.
  6. Ibbotson, Sophie. UZbekistan, 3rd, London: Bradt Travel Guides, 2020 — 137-bet. ISBN 9781784771089. 
  7. „Ancient city of Akhsikent | Uzbekistan Travel“ (en). uzbekistan.travel. Qaraldi: 2022-yil 5-iyul.
  8. Eraly, Abraham. Emperors Of The Peacock Throne. Penguin Books Limited, 2007. ISBN 978-93-5118-093-7. 
  9. „Qadimiy Axsikent — o‘zbek davlatchiligi tarixidan darak“. dunyo.info. Qaraldi: 4-iyun 2023-yil.
  10. 10,0 10,1 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  11. „Ancient Settlement of Aksikent“. Marco Polo Central Asia Travel (2022-yil 5-iyul).
  12. „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  13. „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Backend.madaniymeros.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.