Kontent qismiga oʻtish

Tantal (unsur)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
73
Тантал
Ta
180,9489
4f145d36s2

TANTAL (yunon mifologiyasidagi Tantal nomidan), Ta — Mendeleyev davriy sistemasining V guruhiga mansub kimyoviy element. Tartib raqami 73, atom massasi 180,9479. 2 ta tabiiy izotopi bor: birinchisi radioaktiv 180Ta (0,012%), ikkinchisi barqaror 181Ta(99,99%). Tantalni 1802-yilda shved kimyogari Ekeberg kashf qilgan. Metall holdagi Tantalni ilk bor nemis kimyogari Bolton 1903-yilda ajratib olgan. Tantal Yer poʻstining massa jihatidan 2*10^-4% ini tashkil qiladi. Tantal tabiatda doim niobiy bilan birga kolumbit (Fe, Mn) (NbO3)2 va tantalit (Fe, Mn) (TaO3)2 minerallari holida uchraydi.

Tantal bir oz koʻkimtir-kulrang metall. Sof Tantalning suyuqlanish temperaturasi 2996°C; zichligi 16,6 g/sm3. Tantalni bosim ostida mexanik ishlash mumkin. Tantal havosiz joyda qizdirilsa, oʻzidan koʻp miqdorda elektron chiqaradi. Tantal kimyoviy jihatdan juda barqaror, korroziyaga uchramaydi, asl metallardan keyin birinchi oʻrinda turadi. Faqat, ftorid kislota bilan nitrat kislota aralashmasida va suyultirilgan ishqorlarda eriydi. Tantal birikmalarida 2, 3, 4 va asosan 5 valentli. Tantal ftor bilan odatdagi temperaturada (TaF5), xlor bilan 250°C dan yuqori temperaturada (TaCl5, TaCl3, TaCl4), brom bilan 300°C dan yuqori temperaturada (TaBr5, TaBr3, TaBr2), yod va oltingugurt bilan choʻgʻlanish temperaturasida birikadi. Tantal azot bilan 300°C da reaksiyaga kirishadi. Tantal uglerod, bor, kremniy, fosfor, selen, tellur, suv bugʻi, uglerod oksid, vodorod xlorid, vodorod bromid, vodorod yodid va boshqa moddalar bilan reaksiyaga kirisha oladi. Tantalning havoda qattiq qizdirilishidan hosil boʻladigan tantal oksid Ta2O5 nihoyatda barqaror modda. Tantal juda koʻp metallar bilan qotishmalar hosil qiladi.

Tantalni olish uchun tarkibida juda oz Tantal va niobiy boʻlgan rudalarni boyitib, avval tantalit (kolumbit) konsentrat hosil qilinadi. Soʻngra konsentratni ftorid kislota bilan sulfat (yoki nitrat) kislota aralashmasida eritib, Tantal va niobiyning kompleks kislotalari N2TaF7 hamda H2NbF7 hosil qilinadi. H2TaF7 kislotaning kaliyli tuzi K2TaF7 suvda erimasligidan foydalanib, Tantal niobiydan ajratiladi. K2TaF4 ni natriy bilan qaytarib Tantal olinadi. Suyultirilgan K2TaF7 ni elektroliz qilish yoʻli bilan ham Tantal olish mumkin.

Tantal odam va hayvonlar organizmida massa jihatidan 10~5% miqdorda jigar, buyrak, suyak va yumshoq toʻqimalarda uchraydi. Biologik roli hali aniqlanmagan. Organizmning tirik toʻqimalari bilan oʻzaro taʼsir etmasligi sababli Tantaldan jarrohlikda keng foydalaniladi.

Tantal elektronikada, kimyo mashinasozligida, yadro energetikasida, tibbiyot asboblari tayyorlashda, metallurgiyada maxsus poʻlatlar ishlab chiqarishda va boshqa sohalarda keng qoʻllanadi.

  • Parpiyev Tantal (unsur)Tantal (unsur), Rahimov Tantal (unsur) Tantal (unsur), Muftaxov Tantal (unsur) Tantal (unsur), Anorganik kimyo, Tantal (unsur), 2003; Kaye oʻ mo va Tantal (unsur) Tantal (unsur) Biogennie elementoʻ, Tantal (unsur), 1990.

Zikrilla Isaboyev.