Kontent qismiga oʻtish

Jungʻor xonligi

Ushbu maqola yaxshi maqolalar sarasiga kiradi.
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jungʻor xonligi
1634–1755
XVIII asr boshlarida Jungʻor xonligi va boshqa yirik davlatlar xaritasi[1][2]
Maqom Koʻchmanchilar davlati
Poytaxt Gʻulja[3]
Rasmiy til(lar) Oyrat, Chigʻatoy[4]
Din
Tibet buddizmi
Hukumat Monarxiya
Qonun chiqaruvchi hokimiyat

Odat qonunlari;

1640-yilgi Mongol-Oyrat kodeksi
Tarixiy era Rivojlangan oʻrta asrlar
• Asos solingan
1634
• Tugatilgan
1755
Maydon
• Butun
3,600,000 kv km[5] km2
Aholi
• Roʻyxat
600,000[6]
Pul birligi pūl (qizil mis tanga)

Jungʻor xonligi, shuningdek, manbalarda Zungʻor xonligi nomi bilan ham keltiriladi, oyrat ittifoqiga kiruvchi moʻgʻullar tomonidan asos solingan va Ichki Osiyoda joylashgan xonlik. Mamlakat chegaralari shimolda janubiy Sibir, janubda hozirgi Qirgʻiziston, sharqda Buyuk Xitoy devoridan gʻarbda hozirgi Qozogʻistongacha boʻlgan hududlarni qamrab olgan. Jungʻor xonligining asosi bugungi kunda Jungriya deb ataladigan shimoliy Shinjonning bir qismini oʻzida jamlagan.

Taxminan 1620-yilda oyratlar nomi bilan mashhur boʻlgan gʻarbiy moʻgʻullar Jungriyada birlashganlar. 1678-yilda Galdan Dalay Lamadan Boshogʻtu xon unvonini qabul qilib olgan. Bu holat jungʻorlarni oyratlar tarkibidagi yetakchi qabilaga aylantirdi. Jungʻor hukmdorlari Xon Tayiji unvonidan foydalanib kelganlar. Bu unvon oʻzbek tiliga „valiahd shahzoda“ tarzida tarjima qilinadi[7]. 1680—1688-yillarda jungʻorlar hozirgi Shinjonning janubiy qismi boʻlgan Tarim havzasini, sharqda esa Xalxa moʻgʻullarini magʻlub etishdi. 1696-yilda Galdan Sin sulolasiga magʻlub boʻlgach, Tashqi Moʻgʻuliston hududlari boy berilgan. 1717-yilda jungʻorlar Tibetni bosib oldi, biroq, bir yil oʻtib Sin imperiyasi tomonidan bu hududlardan siqib chiqarildi. 1755-yilda Sin imperiyasi Jungriyadagi fuqarolar urushidan foydalanib, Jungriyani bosib oldi va jungʻorlarni xalq sifatida butunlay yoʻq qilib yubordi. Jungʻorlarning magʻlub etilishidan soʻng Moʻgʻuliston va Tibet hududlarining Sin imperiyasi tomonidan bosib olinishiga yoʻl ochilgan. Shinjon esa maʼmuriy jihatdan alohida birlikka aylandi.

Etimologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Jungʻor“ soʻzi moʻgʻulcha jegun (züün) soʻzining birikmasidan olingan boʻlib, „chap“ yoki „sharq“ va gar „qoʻl“ yoki „qanot“ maʼnosini bildiradi[8]. Jungriya viloyati oʻz nomini shu jumladan olgan. Jungʻorlar xalxalarning gʻarbiy qismida joylashgan boʻlsalar ham, nomining kelib chiqishi oyratlarning chap qanotini ifodalaganliklari bilan bogʻliq. XVII asr boshlarida Oyrat konfederatsiyasining boshligʻi xoshutlar yetakchisi Gushixon edi. Gushixon mahalliy Sangpa xoni Gelug boshqaruviga oʻtganligi natijasida Tibetga bostirib kirishga qaror qilganida, oyrat armiyasi chap va oʻng qanotlarga boʻlingan edi. Xoshutlar va torgutlardan tashkil topgan oʻng qanot Tibetda qoldi, chap qanotning choros va xoidlari esa shimoldan Tarim havzasiga chekinishdi, shundan soʻng choroslarning qudratli imperiyasi chap qanot yaʼni Zuungar (yoki Jungʻor) deb nomlana boshladi.

Bu mintaqa zamonaviy Yevropa manbalarida alohida Eleutlar qirolligi sifatida tasvirlangan. Bu nom fransuz missionerlarining „Oyrotlar“ nomini notoʻgʻri transkripsiya qilishidan kelib chiqqan[9]. Bu qirollik baʼzan noaniq tarzda Markaziy Osiyoning keng hududlarini, jumladan Afgʻonistonni ham qamrab olgan holda tasvirlangan[10].

Kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Oyratlar 1616-yilda

Oyratlar XIII asr boshlarida Tuva hududidan kelib chiqqan. Ularning rahbari Quduqa Baki 1208-yilda Chingizxonga boʻysunadi va uning xonadoni chingiziylar avlodining toʻrtta tarmogʻi bilan qudachilik munosabatlarini oʻrnatadi. Toluid fuqarolar urushi davrida Toʻrt oyrat xonligi (Choros, Torghut, Dörbet va Xoid) Ariq Böke tarafida boʻlgan va shuning uchun Xublaidlar hukmronligini hech qachon qabul qilmagan. Yuan sulolasi qulagandan soʻng, oyratlar Shimoliy Yuan taxtini egallashda Ariq Boke Jorightu Xon Yesuderni qoʻllab-quvvatladilar. Oyratlar 1455-yilda Esen Taishi vafot etgunga qadar Shimoliy Yuan xonligi ustidan hukmronlik qildilar, shundan soʻng ular xalxa moʻgʻullari tajovuzi tufayli gʻarbga koʻchib ketdilar[11]. 1486-yilda oyratlar merosxoʻrlik toʻgʻrisidagi nizoga aralashishi natijasida, Dayanxon ularga hujum qiladi. Oyratlar XVI asrning ikkinchi yarmida Tumedlarga koʻplab hududlarini boy beradilar[12].

1620-yilda choros va torgut oyratlarining rahbarlari Xarxul va Mergen Temene Xalxaning birinchi Olton xoni Ubasi Xon Tayijiga hujum qilishdi. Ular magʻlub boʻlib, Xarxulning xotini va bolalari dushman tomonidan asirga olindi. Ubasi va oyratlar oʻrtasidagi urush 1623-yilgacha, Ubasi oʻldirilgunga qadar davom etdi[13]. 1625-yilda Xoshut boshligʻi Choʻukur va uning tugʻishgan akasi Baybagʻas oʻrtasida meros masalasi yuzasidan nizo kelib chiqadi. Jangda Baybagʻas halok boʻldi. Biroq, uning kichik ukalari Gushi Xon va Kondolon Ubashi jangga kirishib, Choʻukurni Ishim daryosidan Tobol daryosigacha quvib, 1630-yilda hujum qilib, oʻldirishdi. Oyratlar oʻrtasidagi nizolar Torgut boshligʻi Xo Orlukning gʻarbga koʻchib oʻtishiga sabab boʻldi, ular oʻzlarini magʻlub etgan Noʻgʻay oʻrdasi bilan toʻqnash kelguniga qadar koʻchib yurdilar. Torgutlar Qalmoq xonligiga asos solgan, ammo sharqda oyratlar bilan aloqada boʻlgan. Har safar qurultoy chaqirilsa, ular qatnashish uchun vakillarni yuborib turishgan[14].

Moʻgʻuliston Ligdan Xonning magʻlubiyatidan keyin

1632-yilda Sinxaydagi Geluglarning Sariq qalpoq sektasi Xalxa hukmdori Chogʻtu Xong Tayji tomonidan qatagʻon qilinayotgan edi. Shunday sharoitda ular kelib Gushi Xonni u bilan kurashishga taklif qilishdi. 1636-yilda Gushi boshchiligidagi 10 000 oyrat qoʻshini Sinxayga bostirib kirdi. 30 000 kishilik kuchli dushman qoʻshinini magʻlub etildi, Chogʻtu oʻldirildi. Keyin Markaziy Tibetga kirib, 5-Dalay Lamadan Bstan-'dzin Choskyi Rgyal-po (dinni qoʻllab-quvvatlovchi Dharma qiroli) unvonini qabul qildi. Ushbu voqealardan soʻng chingiziylardan boʻlmagan birinchi moʻgʻul xoni unvoniga daʼvo qildi hamda oyratlarni Tibetni toʻliq bosib olishga chaqirib, Xoshut xonligini tuzdi. Harbiy harakatlarda ishtirok etganlar orasida Xarxulning oʻgʻli Erdeni Botur ham bor edi. Unga Xun Tayji unvoni berilgan, xonning qizi Amin Daraga uylangan hamda Tarbagʻatoy togʻlarining janubidagi Emil daryosi yuqori qismida Jungʻor xonligini barpo etish uchun ortiga qaytarib yuborilgan[15]. Botur Jungriyaga Dalaylama tomonidan berilgan Erdeni unvoni va moʻl oʻlja bilan qaytdi. Hukmronligi davrida qozoqlarga qarshi uch marta yurish qilgan. Jungʻorlar bilan toʻqnashuvlar qozoqlarning „Elim-ay“ balladasida esga olinadi[16]. Jungʻorlar 1643-yilda Oʻrta Osiyoning ichki hududlari, Yassi (Turkiston) va Toshkentga bostirib kirib, qirgʻizlar, tojiklar va oʻzbeklarga qarshi urush boshladilar[17].

Meros boʻyicha nizo (1653—1677)

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ili va boshqa hududlarda boʻlgan moʻgʻul shahzodasi (Tayji, xitoycha: 台吉) va uning rafiqasi. Huang Sin Zhigong Tu, 1769.[18]

1653-yilda Sengge otasi Baturning oʻrnini egalladi, ammo u aka-ukalarining noroziligiga uchradi. Xoshut xoni Ochirtuning qoʻllab-quvvatlashi bilan toj-u taxt kurashlari 1661-yilda Senggening gʻalabasi bilan tugadi. 1667-yilda uchinchi va oxirgi Oltanxon Erinchin Lobsang Tayijini qoʻlga oldi. Biroq uning oʻzi 1670-yilda davlat toʻntarishi natijasida oʻgay ukalari Chechen Tayiji va Zotov tomonidan oʻldirildi[19].

Senggening ukasi Galdan Boshugtu Xon oʻsha vaqtlarda Tibetda yashagan. 1644-yilda u tugʻilganida, bir yil oldin vafot etgan Tibet lamasining reenkarnatsiyasi (qayta tugʻilishi) sifatida tan olingan. 1656-yilda u Tibetga joʻnab ketdi va u yerda 4-panchen-lama va 5-dalay-lama Lobsang Chökyi Gyaltsendan taʼlim oldi. Akasining oʻlimidan xabar topgach, u darhol Tibetdan qaytib, chechenlardan oʻch oldi. Xoshutlik Ochirtu Sechen bilan ittifoq tuzgan Galdan chechenlarni yengib, Zotovni Jungriyadan quvib chiqardi. 1671-yilda Dalay Lama Galdanga xon unvonini berdi. Senggening ikki oʻgʻli Sonom Rabdan va Sevang Rabdan Galdanga qarshi qoʻzgʻolon koʻtardilar, ammo ular magʻlubiyatga uchradilar. Garchi Ochirtuning nabirasi Anu-Daraga turmushga chiqqan boʻlsa-da, u qaynonasi bilan ziddiyatga borib qoladi. Galdanning mashhurligidan qoʻrqib, Ochirtu amakisi va Galdanning unvonini tan olishdan bosh tortgan raqibi Choqur Uboshini qoʻllab-quvvatlaydi. 1677-yilda Ochirtu ustidan qozonilgan gʻalaba natijasida Galdan oyratlar ustidan hukmronlik qilish imkoniyatini qoʻlga kiritdi. 1678-yili Dalay Lama unga eng yuqori Boshogʻu (yoki Boshughtu) xonining unvonini berdi[20].

Yorkent xonligining bosib olinishi (1678—1680)

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ili va boshqa viloyatlardan kelgan moʻgʻul qabila boshligʻi (Zaisang, 宰桑) xotini bilan. Huang Sin Zhigong Tu, 1769-yil[21].

XVI asr oxiridan boshlab Yorkent xonligi xoʻjalar taʼsiriga tushib qoldi. Xoʻjalar Muhammad paygʻambardan yoki birinchi toʻrt arab xalifasidan kelib chiqqanligini daʼvo qilgan naqshbandiy soʻfiylar edi. XVI asr boshlarida Sulton Saidxon hukmronligi davrida xoʻjalar saroyda va xon ustidan kuchli siyosiy taʼsirga ega boʻlganlar. 1533-yilda Maxdum-i Aʼzam ismli nufuzli xoʻja Qashgʻarga keladi va u yerda oʻrnashib qolib, ikki oʻgʻil koʻradi. Bu ikki oʻgʻil bir-birlari bilan nizolashib, oʻzaro nafratlarini farzandlariga ham oʻtkazdilar. Ikki nasl xonlikning katta qismlarida hukmronlik qilib, uni ikki toifaga: Qashgʻardagi Oq togʻliq va Yorkentdagi Qora togʻliq qismlariga boʻlib tashladi. Yoʻlbars Oq togʻliqlarga homiylik qilib, Qora togʻliqlarni bostirdi, bu esa koʻplab noroziliklarga sabab boʻldi va 1670-yilda uning oʻldirilishi bilan yakunlandi. Uning oʻrnini oʻgʻli egalladi, u Ismoilxon taxtga oʻtirgunga qadar qisqa muddat hukmronlik qildi. Ismoil ikki musulmon firqasi oʻrtasidagi hokimiyat uchun kurash holatini oʻzgartirdi va Oq togʻliq rahbari Afaq Xoʻjani siqib chiqardi. Afaq Tibetga qochib ketdi, u yerda 5-Dalay Lama unga Galdan Boshugtu Xonning yordamini olishda yordam berdi[22].

1680-yilda Galdan 120 ming jungʻorni Yorkent xonligiga olib kirdi. Ularga Oq togʻliqlar hamda Jungʻorlarga boʻysungan Hami va Turpon yordam berdi. Ismoilning oʻgʻli Bobak Sulton Qashgʻar uchun boʻlgan jangda halok boʻldi. Sarkarda Ivaz beg Yorkent mudofaasida halok boʻldi. Jungʻorlar moʻgʻul qoʻshinlarini qiyinchiliksiz magʻlub etib, Ismoil va uning oilasini asirga oldi. Galdan Bobakning oʻgʻli Abd ar-Rashidxon II ni qoʻgʻirchoq xon qilib tayinladi[23].

Birinchi qozoq urushi (1681—1685)

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ili viloyatidan kelgan oddiy odam, xotini bilan. Huang Sin Zhigong Tu, 1769 yil.[24]

1681-yilda Galdan Tangri togʻining shimoliga bostirib kirdi va Qozoq xonligiga hujum qildi, lekin Sayramni egallay olmadi[25]. 1683-yilda Sevang Rabtan boshchiligidagi Galdan qoʻshinlari Toshkent va Sayramni egallab oldilar. Ular Sirdaryoga yetib kelib, ikki qozoq qoʻshinini tor-mor qildilar. Shundan soʻng Galdan qora qirgʻizlarni oʻziga boʻysundirib, Fargʻona vodiysini vayron qiladi[26]. Uning sarkardasi Rabtan Taroz shahrini egalladi. 1685-yildan boshlab Galdan qoʻshinlari tajovuzkorlik bilan qozoqlarni gʻarbga surib, koʻchishga majbur qilishdi[27]. Jungʻorlar Baraba tatarlari ustidan hukmronlik oʻrnatdilar va ulardan yasoq (oʻlpon) undirdilar. Pravoslav nasroniylikni qabul qilib, ruslarga boʻysunish barabalarning jungʻorlarga yasoq toʻlamasliklari uchun bahona taktikasi edi[28].

Xalxa urushi (1687—1688)

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Jungʻor xonligi 1688-yilda Galdanning Xalxaga bostirib kirishidan oldin

1634-yilda Ligdan xon vafot etganidan soʻng oyratlar xalxa moʻgʻullari bilan tinchlik aloqalarini oʻrnatdilar, bu paytda xalxalar Sin sulolasi bilan mashgʻul edilar. Biroq, Jasagʻtu Xon Shira oʻz hududlarining bir qismini Tusheet Xon Chixundorjga boy berganida, Galdan hujumga tayyorgarlik koʻrish uchun oʻz oʻrdasini Oltoy togʻlari yaqiniga koʻchirdi. Chixundorj xalxalarning oʻng qanotiga hujum qilib, 1687-yilda Shirani oʻldirdi. 1688-yilda Galdan kichik ukasi Dorjijav boshchiligida Chixundorjga qarshi qoʻshin yubordi, ammo qoʻshin magʻlubiyatga uchradi. Dorji-jav jangda halok boʻldi. Keyin Chixundorj Galdanga yordamga ketayotgan Jasagʻtu xoni Degdeehei Mergen Axayni oʻldirdi. Ukasining oʻlimi uchun qasos olish maqsadida Galdan Baykal koʻli yaqinidagi hududlar uchun Chixundorj bilan urushayotgan ruslar bilan doʻstona munosabat oʻrnatdi. Rus oʻqotar qurollari bilan qurollangan Galdan 1688-yilda 30 ming jungʻor qoʻshinini Xalxa Moʻgʻulistoniga olib kirdi va uch kun ichida Chixundorjni magʻlub etdi. Sibir kazaklari esa Baykal koʻli yaqinida 10 000 kishilik xalxa qoʻshiniga hujum qilib, ularni magʻlub etishdi. Erdenidzu monastiri va Tomor yaqinida jungʻorlar bilan boʻlgan ikki qonli jangdan soʻng, Chixundorj va uning ukasi Jebtsundamba Xutuktu Zanabazar Gobi choʻli orqali Sin mamlakatiga qochib ketishdi va imperator Kansiga boʻysunishdi[29].

Birinchi Sin urushi (1690—1696)

[tahrir | manbasini tahrirlash]
1688—1757-yillarda boʻlgan Sin—Jungʻor urushlari
1696-yilgi harbiy kampaniya davrida Xerlen daryosi sohilida tiklangan Xitoy imperatorining harbiy lageri

1690-yil yozi oxirida Galdan 20 000 kishilik qoʻshin bilan Xerlen daryosini kechib oʻtdi va Pekindan 350 kilometr shimolda, Liao daryosining gʻarbiy qismi yaqinida Ulan Butung jangida Sin qoʻshini bilan qatnashdi. Galdan chekinishga majbur boʻldi va butunlay tor-mor boʻlishdan qutulib qoldi, chunki Sin qoʻshini uni taʼqib qilish uchun yetarli taʼminotga ega emas edi. 1696-yilda imperator Kansi Moʻgʻulistonga 100 000 qoʻshinni olib kirdi. Galdan Xerlendan qochib ketdi, faqat gʻarbdan hujum qilgan boshqa Sin qoʻshini tomonidan magʻlub etildi. Tuul daryosining yuqori qismidagi Jao Modo jangida u magʻlubiyatga uchradi. Galdanning xotini Anu oʻldirildi va Sin qoʻshini 20 000 qoramol va 40 000 qoʻyni oʻlja oldi. Galdan oz sonli safdoshlari bilan qochib ketdi. 1697-yil 4-aprelda Oltoy togʻlarida Xovd yaqinida vafot etdi. Jungriyaga qaytib, 1689-yilda qoʻzgʻolon koʻtargan jiyani Sevang Rabtan 1691-yildan boshlab magʻlubiyatga uchragan edi[29].

Chigʻatoy qoʻzgʻoloni (1693—1705)

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Galdan Bobakning oʻgʻli Abd ar-Rashidxon II ni Yorkent xonligiga qoʻgʻirchoq xon qilib tayinladi. Yangi xon Afaqxoʻjani yana qochishga majbur qildi, lekin ikki yildan soʻng Yorkentda gʻalayonlar koʻtarilib, Abd ar-Rashidning saltanati ham tantanali ravishda tugatildi. Uning oʻrniga ukasi Muhammad Imin Xon tayinlandi. Muhammad jungʻorlarga qarshi kurashda Sin sulolasi, Buxoro xonligi va Mugʻallar imperiyasidan yordam soʻradi. 1693-yilda Muhammad Jungʻor xonligiga muvaffaqiyatli hujum qilib, 30 ming kishini asirga oldi. Afsuski, Afaqxoʻja yana paydo boʻlib, uning tarafdorlari boshchiligidagi qoʻzgʻolonda Muhammadni taxtdan agʻdardi. Afaqning oʻgʻli Yahiya Xoʻja taxtga oʻtirdi, biroq 1695-yilda mahalliy qoʻzgʻolonlarni bostirish chogʻida oʻzi ham, otasi ham halok boʻlgach, uning hukmronligi qisqardi. 1696-yilda Oqbosh xon taxtga oʻtirdi, biroq Qashgʻar beglari uni tan olishdan bosh tortdilar va oʻrniga qirgʻizlar bilan ittifoq qilib, Yakandga hujum qilib, Oqboshni asirga oldilar. Yorkent beklari jungʻorlar qoʻliga borib, ular 1705-yilda qoʻshin yuborib, qirgʻizlarni quvib chiqardilar. Jungʻorlar chogʻatoyiy boʻlmagan hukmdor Mirzo Olimshoh begni taxtga oʻrnatdilar va shu bilan Chagʻatoy xonlari hukmronligini abadiy tugatdilar. Hamilik Abdulla Tarxon begim ham 1696-yilda qoʻzgʻolon koʻtarib, Sin sulolasi tomoniga oʻtib ketdi. 1698-yilda Sin qoʻshinlari Hamiga joylashtirildi[30].

Ikkinchi Qozoq urushi (1698)

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1698-yilda Galdanning vorisi Sevang Rabtan Tengiz koʻli va Turkistonga yetib bordi, jungʻorlar 1745-yilgacha Chjey-Su va Toshkentni nazorat ostida ushlab turdi[31]. Jungʻorlarning qozoqlarga qarshi urushi ularni Rossiyadan yordam soʻrashga undadi[32].

Ikkinchi Sin urushi (1718—1720)

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sewang Rabtanning ukasi Cheren Dondup 1717-yilda Xoshut xonligiga bostirib kirdi, Yeshe Gyatsoni taxtdan agʻdardi, Lxa-bzang Xonni oʻldirdi va Lxasani talon-toroj qildi. Imperator Kansi 1718-yilda bunga javob qaytardi, ammo uning harbiy ekspeditsiyasi Lxasadan unchalik uzoq boʻlmagan Salvin daryosidagi jangda jungʻorlar tomonidan yoʻq qilindi[33]. Kangsi yuborgan ikkinchi va yirikroq ekspeditsiya 1720-yilda Jungʻorlarni Tibetdan siqib chiqardi. Ular Kälzang Gyatsoni oʻzlari bilan Kumbumdan Lxasaga olib kelishdi va 1721-yilda uni 7-Dalay Lama etib tayinlashdi[34]. Turpan va Pichan aholisi vaziyatdan foydalanib, mahalliy boshliq Amin Xoʻja qoʻl ostida qoʻzgʻolon koʻtarib, Sin sulolasi tomoniga oʻtib ketishdi[35].

Galdan Seren (1727—1745)

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sevang Rabtan 1727-yilda toʻsatdan vafot etdi va oʻrniga oʻgʻli Galdan cheren keldi. Galdan cheren oʻgay ukasi Lobszangshununi haydab chiqardi. U qozoqlar va kalxa moʻgʻullariga qarshi urushni davom ettirdi. Sin sulolasining Yunchjen imperatori Xalxa xalqiga qilingan hujumlarga javoban 10 000 kishilik qoʻshinni joʻnatdi va jungʻorlar Xoton koʻli yaqinida magʻlubiyatga uchradilar. Keyingi yili jungʻorlar Erdene Zuu monastiri yaqinida xalxalar bilan jangda magʻlubiyatga uchradilar. 1731-yilda jungʻorlar avval Sin sulolasi taʼsiriga oʻtib ketgan Turpanga hujum qildi. Amin Xoʻja Turpan xalqini Gansuga chekintirdi va u yerda ular Guajjouga joylashdilar. 1739-yilda Galdan cheren Xalxa va Jungʻorlar oʻrtasidagi chegaraga rozi boʻldi[36].

Inqiroz (1745—1755)

[tahrir | manbasini tahrirlash]
1754-yilda Chengde togʻ kurortidagi imperator Syanlunning 萬樹園賜宴圖 nomli lagerida jungʻor Dörbet delegatsiyasining qabul qilinishi. 1755-yilda Jean-Denis Attiret tomonidan chizilgan.

Galdan-cherenning 1745-yilda vafot etishi Tarim havzasida keng koʻlamli qoʻzgʻolon va uning oʻgʻillari oʻrtasida taj-u taxt uchun kurashlar boshlanishiga sabab boʻldi. 1749-yilda Galdan cherenning oʻgʻli Lama Dorji taxtni ukasi Sevang Dorji Namjaldan tortib oldi. Uni amakivachchasi Davachi va Xoid zodagoni Amursana taxtdan agʻdarishdi, ammo ular ham xonlikni nazorat qilish uchun oʻzaro kurash olib bordilar[37].

Ularning kurashlari natijasida 1753-yilda Dörbet va Bayadni boshqargan Davachining uchta qarindoshi Sin tomoniga oʻtib, Xalxa hududiga koʻchib oʻtadi. Keyingi yili Amursana ham chiqib ketadi. 1754-yilda Qashgʻar hukmdori Yusuf isyon koʻtarib, u yerda yashovchi jungʻorlarni kuch bilan islom diniga kiritadi. Uning katta akasi yorkentlik Jahonxoʻja ham isyon koʻtaradi, lekin Oqsuvlik Ayyub Xoʻjaning xiyonati tufayli jungʻorlar qoʻliga asir tushadi. Jahonning oʻgʻli Sodiq Xoʻtanda 7000 kishini toʻplab, qasos olish maqsadida Aksuga hujum qiladi[38].

1755-yilning bahorida imperator Syanlun Davachiga qarshi 50 minglik qoʻshin yubordi. Imperator oʻz bosqinini xayrixohlik deb koʻrsatib, jungʻorlarning azob-uqubatlarini hukmdorlariga bogʻladi. Jungʻorlarning azoblarini tugatishni maqsad qilganini quyidagicha izohlagan edi[39]:

Hoy, siz jungʻorlar, sizlar moʻgʻullar bilan bir xilsizlar, shunday emasmi? Nega ulardan ajralib qoldingiz? (...) Odamlar qashshoqlikdan och qolishmoqda. Men sizning baxtsizliklaringizdan xavotirda edim. Umid qilamanki, bu holat mening yordamim bilan ertaga tonggacha ham davom etmaydi. (...) Agar Xudo kimgadir kuch berishni xohlasa, odamlar uning qulashini xohlasalar ham, zarar yetkaza olmaydilar. ... Siz Sariq taʻlimotni hurmat qilishni hamda Budda va Bodxisattvalarga ibodat qilishni xohlaysiz. Lekin qalban odam yeydigan Rakshasaga oʻxshaysiz. Shuning uchun jinoyatlaringiz eng past [axloqiy darajada], yovuzligingiz choʻqqisiga chiqqanda, oʻz joningiz bilan qasosdan qutula olmadingiz.

Gädän-Oladagi lagerga hujum (1755)

[tahrir | manbasini tahrirlash]
„Gädän-Oladagi lagerga hujum“[40]

Sin qoʻshini deyarli hech qanday qarshilikka uchramay, 100 kun ichida Jungʻor xonligini yoʻq qildi[41]. Musulmonlar va jungʻor qoʻshinlari bilan toʻldirilgan Xitoy qoʻshini 1755-yil iyun oyida Ili shahridan taxminan 300 li uzoqlikdagi Borotola hududida Davachiga kutilmaganda hujum qildi[42]. Davachining 10000 ga yaqin askarlari bor edi. Ilidan 80 liga yaqin masofada joylashgan Keteng togʻiga chekinib, qoʻshimcha kuchlar uchun xabarchilar yubordi, ammo xabarchilarni xitoyliklar ushlab oldilar. Sin qoʻshini toʻsatdan lagerga hujum qilib, Davachi qoʻshinini magʻlub etdi va jungʻorlar dindoshi Ayusi 20 askari bilan lagerga bostirib kirib, u yerdan 8000 ga yaqin asirlarni Xitoy lageriga olib borishga muvaffaq boʻldi (Ushbu voqea Sinning „Gadan-Oladagi lagerga hujumi“ suratida tasvirlangan)[42]. Davachi 2000 askar bilan qochib qutuldi[42]. Davachi Aksu shimolidagi togʻlarga qochib ketgan. Xitoyliklarning iltimosiga koʻra Uygʻurlar boshligʻi, Uchturpan begi Xojis tomonidan qoʻlga olinib, Singa topshirilgan[43].

Davachi boshchiligidagi Jungʻor armiyasi Gädän-Olada. Muallif: Sin saltanatidagi iezuit rassomi Ignatius Sichelbart, 1761.

Davachining taslim boʻlishi (1755)

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Davachi Sin generali Chjaohuiga taslim boʻlgan[43]. Taslim boʻlish sahnasi iezuit saroy rassomi Ignatius SichelbartningChjaoxui Ilida Davachining taslim boʻlishini qabul qilmoqda“ nomli kartinasida tasvirlangan. Davachi Pekinga keltirilgach, imperator tomonidan afv etilgan. U oʻzini asir olgan Xojis bilan birga shahzoda darajasiga koʻtarilib, „bayroq imtiyozlari“ bilan taqdirlangan[42].

Sin generali Chjaoxui (otda) 1755-yil Ilida Davachining taslim boʻlishini qabul qilmoqda. Muallif: Sin saroy rassomi, iezuit Ignatius Sichelbart, 1761.

Amursana qoʻzgʻoloni (1755—1757)

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Amursananing Jungʻor partizanlari Sin Xitoyiga qarshi Xorgos jangida (1758) Muallif: Jean Denis Attiret[44].

Jungʻor xonligini magʻlub etgandan soʻng, Sin hukumati toʻrt oyrat qabilasining har biriga xon tayinlashni rejalashtiradi, biroq Amursana barcha oyratlar ustidan hukmronlik qilmoqchi boʻladi. Biroq imperator Syanlun uni faqat Xoid xoni etib tayinladi[44].

Yozda Amursana moʻgʻul rahbari Chingünjav bilan birgalikda Singa qarshi qoʻzgʻolon koʻtaradi. Amursana Oroi-Jalatu jangida (1756) magʻlubiyatga uchradi. Bu jangda xitoylik general Chjao Xui tunda Shinjonning hozirgi Vusu shahrida jungʻorlarga hujum qildi. Sin hukumati ustidan gʻalaba qozona olmagan Amursana shimolga qochib, ruslardan panoh izlaydi va rus yerlarida 1757-yil sentabrda chechakdan vafot etadi. 1762-yilning bahorida uning muzlab qolgan jasadi Manchu koʻrishi uchun Kyaxtaga keltirildi. Shundan soʻng ruslar oʻlimidan keyin jazolash uchun qaytarish haqidagi Manchu iltimosini rad etib, uning jasadini dafn etishdi[45][46][47].

Keyinchalik Jungʻor qoʻshinlari bilan toʻqnashuvlar Xorgos jangida boʻlib, Amursana partizanlari 1758-yilda knyaz Kabdan-jab tomonidan magʻlub etildi. 1758-yilda yana bir jang, Xurunguy jangida, general Chjao Xuy hozirgi Qozogʻistonning Olmaota shahri yaqinidagi Xurunguy togʻida jungʻor qoʻshinlarini pistirmaga tushirib, magʻlub etdi[48].

Suratlar va targʻibot

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Imperator Syanlun urushdagi muvaffaqiyatlarini hujjatlashtirishga katta eʻtibor qaratgan[9]. Imperator Sinning 100 nafar eng sharafli harbiylari (紫光阁功臣像:jasur Sin zobitlari, generallari, shuningdek, bir nechta Torgʻut va Dörbet ittifoqchilari, magʻlub boʻlgan choros oyratlar, Xojis yoki Emin Xoʻja kabi musulmon uygʻur ittifoqchilari) suratlarini chizish, shuningdek Sinning muvafaqqiyatli tugallangan jang sahnalarini ham tasvirga muhrlashni buyurdi. Rasmlarda insonlar yuzi gʻarb realistik uslubida, tanalarini esa xitoylik saroy rassomlari chizgani taxmin qilinadi[9]. Zamonaviy iyezuit rassomi Jan-Denis Attiretning soʻzlariga koʻra: „Urush davomida Eleutlar va boshqa tatarlar, ularning ittifoqchilari ustidan imperator qoʻshinlari gʻalaba qozonganlarida, rassomlarga ularni chizish buyurilgan. Voqealarda hal qiluvchi rol oʻynagan eng muhim ofitserlar asl voqea holatida suratlarda tasvirlanishi maʼqul koʻrilgan“[9]. Bu rasmlarning barchasi chet ellik rassomlar, xususan Giuseppe Castiglione boshchiligidagi iyezuitlar va ularning rahbarligi ostidagi xitoylik saroy rassomlari tomonidan yaratilgan[9].

Musulmon uygʻurlarning „Oq togʻliklar“ qoʻzgʻoloni (1757—1759)

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amursana Sin sulolasiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarganda, Oq Tagʻliq xojalari Burhoniddin va Jahon Yakandda isyon koʻtardilar. Ularning hukmronligi mustahkam emas edi va aholi kiyim-kechakdan tortib chorva mollarigacha boʻlgan barcha narsalarni oʻzlashtirib olganliklari uchun ularni yoqtirmasdilar. 1758-yil fevral oyida Sin hukmdori Yaerxashan va Chjao Xuyni 10 000 qoʻshin bilan Oq togʻliq hukumdoriga qarshi yubordi. Chjao Xuy 1759-yil yanvarigacha Yorkentda dushman qoʻshinlari tomonidan qamalda qolsa-da, Sin armiyasi yurish paytida hech qanday qiyinchiliklarga duch kelmadi. Aka-uka xojalar Badaxshonga qochib ketishdi, u yerda hukmdor Sultonshoh tomonidan asirga olinadi va u ularni qatl qilib, Jahonning boshini Sin imperatoriga topshiradi. Tarim havzasi 1759-yilda toʻliq boʻysundirildi[50].

Musulmon uygʻurlarning Singa qarshi qoʻzgʻolonlari shundan keyin ham taxminan yuz yil davom etgan. Ofoqiy Xoʻjalar Oltishahrni Sindan qaytarib olish uchun muqaddas urush doirasida koʻplab harbiy yurishlar amalga oshirdilar.

1761-yilda Xitoyning Pekin shahridagi Yopiq shaharda Ili mintaqasidan kelgan jungʻor delegatlari (Ili yozuvi „伊犁“ tushirilgan bayroqda) imperator Syanlunga oʻlpon olib kelish tasviri.万国来朝图.

Sin olimi Vey Yuan (1794—1857) maʼlumotlariga koʻra, sin istilosidan oldin jungʻor aholisi 200.000 xonadonda 600.000 atrofida boʻlgan. Vey Yuanning yozishicha, jungʻor xonadonlarining 40 foizga yaqini chechakdan qirilib ketgan, 20 foizi Rossiya yoki qozoq qabilalari tomonga qochib ketgan, 30 foizi esa manjur qoʻshinlari tomonidan oʻldirilgan[51][52][53]. Ven-Djang Chu 600 000 va undan ortiq jungʻorlarning 80 foizi kasallik va hujumlar natijasida yoʻq qilinganini yozgan[54], buni Maykl Klark „nafaqat jungʻor davlatining, balki jungʻorlarning xalq sifatida butunlay yoʻq qilinishi“ deb taʼriflagan[55].

Tarixchi Piter Perduning taʼkidlashicha, jungʻorlarning yoʻq qilinishi Sianlun imperatori tomonidan boshlangan va ikki yil davom etgan aniq qirgʻin siyosati natijasidir[52]. Uning qoʻmondonlari uning buyruqlarini bajarishni istamaganlar, u bir necha marta jiao (qirgʻin) atamasini qayta-qayta takrorlashgan. Qoʻmondonlar Hadaxa va Agui jungʻor yerlarini egallab, xalqning qochib ketishiga imkon berganliklari uchun jazolanadilar. Generallar Yaoxui va Shuhede qoʻzgʻolonchilarni yoʻq qilishda yetarlicha gʻayrat koʻrsatmaganliklari uchun jazolandilar. Syanlun Xalxa moʻgʻullariga „yosh va baquvvatlarni olib, ularni qirgʻin qilishni“ aniq buyurgan. Qariyalar, bolalar va ayollar saqlanib qolgan, ammo ular oʻzlarining sobiq ismlarini va unvonlarini saqlab qololmaganlar[56]. Soʻnggi tadqiqotlari genotsidga qaratilgan tarixchi Mark Levenning taʼkidlashicha, jungʻorlarning qirib tashlanishi „XVIII asrning eng yirik genotsidi“ edi[57].

Sobiq jungʻor aholisining keng tarqalgan aksil-jungʻor fikrlari ularning genotsid qilinishiga yordam beradi. Musulmon qozoqlar va Tarim havzasidagi Yorkent xonligining sobiq aholisi (hozirgi uygʻurlar) buddist jungʻorlar bilan yomon munosabatda boʻlib, jungʻorlar ulardan qul sifatida foydalangan. Shu sababli ular Sin istilosida qatnashgan va jungʻorlarga hujum qilgan. Xoja Emin kabi uygʻur yetakchilariga Sin zodagonlari[58][59][60] ichida unvonlar berilgan va Tarim havzasidagi musulmonlar bilan vositachilik qilgan. Ular musulmonlarga Sin faqat oyratlarni yoʻq qilmoqchi ekanligini va ular musulmonlarni tinch qoʻyishlarini aytishdi. Ular, shuningdek, musulmonlarni oyratlarni qirish jarayonida Singa yordam berishga koʻndirishdi[61].

Shinjondagi demografik oʻzgarishlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Xojis (–1781) — Us-Turfonning uygʻur hokimi. 1775-yilda Xitoy saroyida xizmat qilgan yevropalik iyezuit rassom Ignatius Sichelbart tomonidan chizilgan[62].

Jungʻor oyrat xalqi vayron qilingandan soʻng, Sin sulolasi millionlab Xan, Xuy, Xibe, Daur, Solon, Turkiy voha xalqlari (uygʻurlar) va manjurlarning boʻshab qolgan Jungriya yerlariga joylashishiga homiylik qildi[63]. Stenli V. Toopsning qayd etishicha, zamonaviy Shinjonning demografik holati hali ham Sin sulolasining aholi punktlari siyosatini aks ettiradi. Shinjon umumiy aholisining uchdan bir qismi shimolda xan, huy va qozoqlardan iborat boʻlsa, janubiy Shinjonning Tarim havzasidagi taxminan uchdan ikki qismi uygʻurlar edi[64][65][66]. Shimoliy Shinjondagi baʼzi shaharlar, masalan, Ürümchi va Yining, asosan, Sining turar-joy siyosati bilan yaratilgan[67].

Buddist jungʻorlarning yoʻq qilinishi Islom dini va uning musulmon beklari Shinjonda hukmron axloqiy siyosiy hokimiyat sifatida paydo boʻlishiga olib keldi. Koʻpgina musulmon taranchilar ham Shimoli Shinjonga koʻchib kelishdi. Genri Shvartsning fikricha, „Sin gʻalabasi maʼlum maʼnoda Islomning gʻalabasi edi“[68]. Ajablanarlisi shundaki, jungʻorlarning Sin tomonidan yoʻq qilinishi mintaqada turkiy musulmonlar hokimiyatining mustahkamlanishiga olib keldi, chunki turkiy musulmon madaniyati va oʻziga xosligiga Sin imperiyasi toqat qilgan hatto uni targʻib qilgan[69].

1759-yilda Sin sulolasi manjur yodgorligida ilgari jungʻorlarga tegishli boʻlgan yer endi „Xitoy“ (Dulimbai gurun) tarkibiga kirdi, deb eʼlon qildi[70][71][72]. Sin birlashma mafkurasi „tashqi“ xan boʻlmagan xitoylarni moʻgʻullar, oyratlar va tibetliklar kabi „ichki“ xan xitoylari bilan birgalikda Sin davlatida birlashgan „bir oila“ sifatida koʻrsatdi. Sin bu „birlashish“ gʻoyasini turli xalqlarga yetkazish uchun „Zhong Wai Yi Jia“ (中外一家) yoki „Nei Wai Yi Jia“ (內外一家, „ichki va tashqi koʻrinish bir oila“) iborasini eʼlon qildi[73].

Jungʻor xonligining hukmdorlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
1750-yilda Jungʻor xonligi
  • Xara Xula, unvoni: Xon Tayiji
  • Botur xuntayji, unvoni: Xon Tayiji
  • Sengge, unvoni: Xon Tayiji
  • Galdan Boshugtu Xon, unvonlari: Xon Tayiji, Boshogʻtu Xon
  • Sevang Rabtan, unvoni: Xon Tayiji, Xon
  • Galdan cheren, unvoni: Xon Tayiji
  • Sevan Dorji Namjal, unvoni: Xon Tayiji
  • Lama Dorji, unvoni: Xon Tayiji
  • Davachi, unvoni: Xon Tayiji
  • Amursana

‡ Eslatma: Garchi Amursana 1755—1756-yillarda Jungriyaning baʼzi hududlarini amalda nazorat qilgan boʻlsa-da, oʻz urugʻi Xoidning past darajasi tufayli u hech qachon rasman xon boʻla olmadi.

Oyratlar 1615-yilda Tibet buddizmi dinini qabul qilishdi[14].

Oyrat jamoalari boshqa koʻchmanchi jamoalarga oʻxshash edi. Ular asosan chorvachilik bilan mashgʻul boʻlgan, kam qismi dehqonchilik bilan ham shugʻullangan. 1680-yilda Yorkent xonligi bosib olingach, ular Tarim havzasi aholisidan Jungriyada dehqonchilik qilish uchun qul sifatida foydalanganlar. Jungʻorlar iqtisodiyoti va sanoati koʻchmanchi jamiyat uchun ancha murakkab edi. Ularda xom ashyo ishlab chiqarish uchun temir, mis va kumush konlari boʻlib, jungʻorlar ulardan qurol-yarogʻ va qalqonlar, jumladan, oʻqotar qurollar, oʻqlar va boshqalar yasashgan. Jungʻor qurollari orasida poroxli qurollar ham bor edi. Jungʻorlar oʻsha paytda Oʻrta Osiyoda yagona boʻlgan oʻqotar qurollarni mahalliy sharoitda ishlab chiqara oldilar[74]. 1762-yilda Sin armiyasi toʻrtta yirik jungʻor bronza toʻpini, sakkizta „koʻtarilgan“ toʻpni va 10 000 snaryadni oʻlja sifatida oladi[75].

1640-yilda oyratlar qabilalarni tartibga soluvchi va Gelug sariq qalpoqli sektasini qoʻllab-quvvatlovchi oyrat moʻgʻullarining huquqiy kodeksini yaratdilar. Erdeni Batur Zaya Panditaga uni yaratishda yordam berdi[76].

  1. „Зүүнгарын хаант улс“. Монголын түүх.
  2. MA, Soloshcheva. The "Conquest Of Qinghai" Stele Of 1725 And The Aftermath Of Lobsang Danjin's Rebellion In 1723-1724. https://wp.hse.ru/data/2014/11/11/1102737558/73HUM2014.pdf. 
  3. James A. Millward, Ruth W. Dunnell, Mark C. Elliott New Qing imperial history, p.99
  4. Predecessor of Modern Uyghur
  5. Bang, Peter Fibiger; Bayly, C. A.; Scheidel, Walter. The Oxford World History of Empire: Volume One: The Imperial Experience (en). Oxford University Press, 2020-12-02 — 92-bet. ISBN 978-0-19-977311-4. 
  6. Ethnic Groups of North, East, and Central Asia: An Encyclopedia, by James B. Minahan, p. 210.
  7. C. P. Atwood Encyclopedia of Mongolia and the Mongol Empire, p.622
  8. For the Mongols the primary direction was south. Gaunt, John. Modern Mongolian: A Course-Book. London: RoutledgeCurzon, 2004 — 165-bet. ISBN 978-0-7007-1326-4. 
  9. 9,0 9,1 9,2 9,3 9,4 Walravens, Hartmut; Hartmut, Walravens (15 June 2017). "Symbolism of sovereignty in the context of the Dzungar campaigns of the Qianlong emperor" (en). Written Monuments of the Orient 3 (1): 73–90. doi:10.17816/wmo35126. ISSN 2410-0145. https://journals.eco-vector.com/2410-0145/article/view/35126/pdf. 
  10. „Plate LXXXIX. Asia.“, Encyclopaedia Britannica, II-jild (1st-nashr), Edinburgh: Colin Macfarquhar, 1771.
  11. Adle 2003.
  12. Adle 2003, s. 153.
  13. Adle 2003, s. 144.
  14. 14,0 14,1 Adle 2003, s. 145.
  15. Adle 2003, s. 146.
  16. Genina, Anna (2015). Claiming Ancestral Homelandsː Mongolian Kazakh migration in Inner Asia (PDF) (A dissertation submitted in partial fulfillment of the requirements for the degree of Doctor of Philosophy (Anthropology) in The University of Michigan). 113-bet.
  17. ; Vadim Mikhaĭlovich Masson; UNESCOHistory of Civilizations of Central Asia: Development in contrast: from the sixteenth to the mid-nineteenth century. UNESCO, 1 January 2003 — 116–-bet. ISBN 978-92-3-103876-1. 
  18. 伊犂等處台吉
  19. Autobiography of Dalai Lama V, Vol.
  20. Martha Avery The Tea Road: China and Russia meet across the Steppe, p. 104
  21. 伊犂等處宰桑
  22. Grousset 1970, s. 501.
  23. Adle 2003, s. 193.
  24. 伊犂等處民人
  25. Baabar, Christopher Kaplonski, D. Suhjargalmaa Twentieth-century Mongolia, p. 80
  26. Adle 2003, s. 147.
  27. Michael Khodarkovsky Where Two Worlds Met: The Russian State and the Kalmyk Nomads, 1600-1771, p. 211
  28. Frank, Allen J. (1-aprel 2000-yil). „Varieties of Islamization in Inner Asia The case of the Baraba Tatars, 1740–1917“. Cahiers du monde russe. Éditions de l’EHESS. 252–254-bet. doi:10.4000/monderusse.46. ISBN 2-7132-1361-4. ISSN 1777-5388.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format ()
  29. 29,0 29,1 Adle 2003, s. 148.
  30. Adle 2003, s. 193-199.
  31. C. P. Atwood ibid, p. 622.
  32. Ariel Cohen. Russian Imperialism: Development and Crisis. Greenwood Publishing Group, 1998 — 50–-bet. ISBN 978-0-275-96481-8. 
  33. Richardson, Hugh E. (1984).
  34. Richardson, Hugh E. (1984).
  35. Adle 2003, s. 200.
  36. Adle 2003, s. 149.
  37. Adle 2003, s. 130.
  38. Adle 2003, s. 132.
  39. 39,0 39,1 Walravens, Hartmut; Hartmut, Walravens (15 June 2017). "Symbolism of sovereignty in the context of the Dzungar campaigns of the Qianlong emperor" (en). Written Monuments of the Orient 3 (1): 82. doi:10.17816/wmo35126. ISSN 2410-0145. https://journals.eco-vector.com/2410-0145/article/view/35126/pdf. 
  40. Dennys, Nicholas Belfield; Eitel, Ernest John; Barlow, William C.; Ball, James Dyer. The China Review, Or, Notes and Queries on the Far East (en). "China Mail" Office, 1888 — 115-bet. 
  41. Adle 2003, s. 150.
  42. 42,0 42,1 42,2 42,3 Dennys 1888, s. 115.
  43. 43,0 43,1 Adle 2003, s. 201.
  44. 44,0 44,1 Chu, Petra ten-Doesschate; Ding, Ning. Qing Encounters: Artistic Exchanges between China and the West (en). Getty Publications, 1 October 2015 — 129-bet. ISBN 978-1-60606-457-3. 
  45. C. P. Atwood ibid, 623
  46. Millward 2007, p. 95.
  47. G. Patrick March, Eastern Destiny: Russian in Asia and the Pacific, 1996, Chapter 12
  48. Pirazzoli-T'Serstevens, Michèle. Gravures des conquêtes de l'empereur de Chine K'Ien-Long au musée Guimet (fr). (Réunion des musées nationaux - Grand Palais) réédition numérique FeniXX, 1 January 1969 — 10-bet. ISBN 978-2-7118-7570-2. 
  49. Chu, Petra ten-Doesschate; Ding, Ning. Qing Encounters: Artistic Exchanges between China and the West (en). Getty Publications, 1 October 2015 — 129-bet. ISBN 978-1-60606-457-3. 
  50. Adle 2003, s. 203.
  51. Lattimore, Owen. Pivot of Asia; Sinkiang and the inner Asian frontiers of China and Russia. Little, Brown, 1950 — 126-bet. 
  52. 52,0 52,1 Perdue 2005, s. 283-287
  53. ed.
  54. Chu, Wen-Djang. The Moslem Rebellion in Northwest China 1862–1878. Mouton & co., 1966 — 1-bet. 
  55. „"Michael Edmund Clarke, In the Eye of Power (doctoral thesis), Brisbane 2004, p37" (PDF). Archived from the original (PDF) on 10-aprel 2008-yil. Retrieved 19-fevral 2013-yil.“. 2008-yil 10-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 22-may.
  56. Perdue 2005.
  57. Levene 2008, s. 188
  58. Kim 2008, p. 308[sayt ishlamaydi]
  59. Kim 2008, p. 134
  60. Kim 2008, p. 49
  61. Kim 2008, p. 139.
  62. „北京保利国际拍卖有限公司“. www.polypm.com.cn.
  63. Perdue 2009, p. 285.
  64. ed.
  65. Toops, Stanley (May 2004). „Demographics and Development in Xinjiang after 1949“ (PDF). East-West Center Washington Working Papers. № 1. East–West Center. 1-bet. 16-iyul 2007-yilda asl nusxadan (PDF) arxivlandi.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format ()
  66. Tyler 2004, p. 4.
  67. Millward 1998, p. 102.
  68. Liu & Faure 1996, p. 72.
  69. Liu & Faure 1996, p. 76.
  70. Dunnell 2004, p. 77.
  71. Dunnell 2004, p. 83.
  72. Elliott 2001, p. 503.
  73. Dunnell 2004, pp. 76-77.
  74. Haines, Spencer (2017). "The 'Military Revolution' Arrives on the Central Eurasian Steppe: The Unique Case of the Zunghar (1676 - 1745)". Mongolica: An International Journal of Mongolian Studies 51: 170–185. 
  75. Adle 2003, s. 165.
  76. Adle 2003, s. 155.