Chechak
Chechak, suv chechak, chin chechak – odam va hayvonlarning oʻtkir yuqumli kasalligi. Oʻtmishda yer yuzidagi barcha mamlakatlarda keng tarqalgan boʻlib, u haqdagi dastlabki maʼlumotlar qadimgi Misr va Xitoy qoʻlyozmalarida uchraydi, keyinroq Yunon va Rum tabiblarining asarlarida qayd etilgan. Oʻrta asrlarda Roziy „Chechak va qizamiq haqida kitob“ („Kitob al-judariy val-hasba“) nomli asar yaratib, tibbiyot tarixida birinchi marta chechakni taʼriflab berdi va chechakka qarshi emlash kerak degan fikrga kelib, uni amadda qoʻlladi. chechakning oldini olish haqidagi fikrlar Ibn Sino asarlarida ham ilgari surilgan. 1796-yilga kelib Yevropada ingliz vrachi E. Jenner chechakka qarshi emlashni taklif etganidan soʻnggina chechak ancha kamaydi. Skarlatina – boshlangʻich bolalik kasalligi. Koʻpincha u 1 yoshdan 8-9 yoshgacha boʻlgan bolalardan aziyat chekadi. Katta yoshlilarda kasallik kamroq uchraydi, bu klinik jihatdan aniqlangan yoki oʻchirilgan shakldagi kasallikdan keyin, shuningdek, bakterio tashuvchidan keyin oʻziga xos immunitetni olish bilan izohlanadi.
Chechakni filtrlanuvchi viruslar qoʻzgʻatadi. Infeksiya manbai – bemor Virus havo (chang, bemor aksirganda, yoʻtalganda) va bemor buyumlari (kiyim-kechak va hokazo)dan oʻtadi. Kasallik oʻtkir boshlanadi. Tana harorati birdan koʻtarilib, bosh ogʻriydi, et uvishib koʻngil ayniydi va bel, dumgʻaza atrofida ogʻriq paydo boʻladi. Bemorning pulsi tezlashib, tili quruqlashadi, taranglashladi. Tomoq, burun, halqum shilliq qavatlari qizarib yalligʻlanadi. Shu davrda ayrim bemorlarning qorin pasti, sonining ichki tarafiga qizamiq yoki qizilcha toshmasiga oʻxshash toshmalar toshadi. 3—4 kundan soʻng bemorning ahvoli birmuncha yaxshilanib, keyin yana ogʻirlashadi. Bu davrda peshona, soch, yuz, qoʻl panjasida haqiqiy chechak toshmasi – mayda dogʻga oʻxshash toshmalar paydo boʻladi, ertasiga ular qizgʻish tugunchalar (papula)ga aylanib, butun badanga tarqaladi. Keyin tugunchalardan pufakchalar (vezikula) hosil boʻladi va yiring boylaydi. Kasallikning 10—13 kuni yiringli toshmalar qurib, qoraqoʻtir boʻladi. 18—20 kuni ular tusha boshlaydi va oʻrni chandiqlana boradi, bemorning ahvoli birmuncha yaxshilanadi. Ogʻir kechadigan aralash chechakda toshmalar birbiriga qoʻshilib ketadi. Gemorragik chechak („qora chechak“ yoki chechak purpurasi)da toʻqima va aʼzolarga qon quyiladi. Chechakning toshma toshmaydigan, isitmasiz kechadigan shakllari farq qilinadi.
Chechakning oldini olish uchun bemor chechakga qarshi emlanadi va boshqa chora-tadbirlar koʻriladi. 1980-yil Jahon Sogʻliqni Saqlash assambleyasining 33 sessiyasida yer yuzida chin chechak butkul tugatilganligi rasmiy ravishda eʼlon qilindi.
Chorva mollarida chechak zaharlanish, isitma va teriga toshmalar toshishi bilan kechadi. Chechak qoʻzgʻatuvchisi Poxviridae oilasiga mansub 7 turkum viruslari. Har bir hayvon turida chechakni qoʻzgʻatadigan oʻziga xos viruslari bor. Masalan: qoʻy chechakda – koʻz, burun zararlanadi, sigir chechakda – sogʻim kamayadi, yelinda va tananing boshqa qismlarida toshmalar paydo boʻladi, qushlarda, teri va ichki aʼzolar zararlanadi. Kasal boʻlib tuzalgan hayvonlarda turgʻun immunitet hosil boʻladi. Kasallik kasal hayvon bilan sogʻlom hayvon bir joyda saqlanganda, virus bilan zararlangan ozuqa, suv va boshqa orqali yuqadi. Viruslar atrof muxitda bir necha oygacha saqlanadi. Qish oylarida yosh xamda nimjon oʻsgan chorva mollari koʻproq va ogʻirroq kasallanadi; ularning maxsuldorligi pasayadi, terisi yoriladi, ayrim hayvonlar nobud boʻladi. Tashxis klinikepizootologik va epidemiologik maʼlumotlar, lab. tekshiruvlari natijalari asosida qoʻyiladi.
Davolash: gammaglobulinlar, antibiotiklar, malham dorilar, glitserin yoki antiseptik vositalarni qoʻllash.
Oldini olish: umumiy sanitariya va veterinariya qoidalariga rioya qilish; hayvonlarda emlash yoʻli bilan immunitet hosil qilish; kasallikka chalingan mollarni alohida saqlash va boshqa[1].
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |