Oltoy togʻlari
Oltoy (turkiy va mongol tillarida altan — oltin) — Osiyodagi togʻ sistemasi, Rossiya, Moʻgʻuliston va Xitoy hududida. Shimoli-gʻarbda Gʻarbiy Sibir tekisligi (81° shq.u.)dan janubi-sharqda Gobi tekisliklari (106° shq.u.)gacha choʻzilgan. Uzunligi 2000 km. Ayrim tizmalardan iborat. Baland choʻqqilari gʻarbiy qismida (Beluxa, 4506 m). Oltoy togʻlari uch qismga — Asl Oltoy, Gobi Oltoyi va Mongoliya Oltoyiga boʻlinadi. Asl Oltoy Rossiya Federatsiyasi Oltoy oʻlkasi va Qozogʻiston Respublikasining Sharqiy Qozogʻiston viloyatida joylashgan. U shimolida Gʻarbiy Sibir tekisligidan jarlik orqali ajralgan, sharqi va shimoli-sharqi Mongoliya Oltoyi, Gʻarbiy Sayan togʻlariga tutashib ketadi. Gobi Oltoyi Mongoliya Oltoyining davomi. Mongoliya hududida. Uzunligi 500 km, balandligi 1500–2500 m, eng baland joyi 3957 metr; togʻ etaklarida choʻl, yuqoriroqsa dasht oʻsimliklari oʻsadi.
Geologik tuzulishi va qazilma boyliklari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oltoy togʻlari murakkab palaxsali-burmali togʻlar oʻlkasi. Proterozoydan karbon davrigacha hosil boʻlgan terrigen, karbonat va vulkanogen jinslaridan tuzilgan. Geologik tuzilishi va geologik rivojlanish tarixiga koʻra, Oltoy togʻlari hududining shimoli-sharqiy qismini egallagan kaledon Oltoyiga (Togʻli Oltoy) va undan chuqur yoriqlar orqali ajralgan gersin Oltoyi — Janubi-Gʻarbiy Oltpy (Rudali va Janubiy Oltoy)ga bulinadi. Oltoy togʻlari har xil foydali qazilmalarga boy (Togʻli Oltoyda temir rudasi, simob, oltin, nodir metallar, Rudali Oltoyda asl va rangli metallar bor).
Gersin orogenizida vujudga kelgan togʻ relyefi mezozoyda tekislanib kelgan. Paleogen oxirida yana bir oz koʻtarilgan, neogen oxiri — antropogen boshlarida koʻtarilish yana kuchaygan. Qadimgi va yangi yoriqlar boʻylab yer qatlamlari palaxsa-palaxsa boʻlib siljigan va nihoyat, hozirgi murakkab relyefi vujudga kelgan. Relyef tuzilishida toʻrtlamchi davr muzliklari va daryo eroziyasi katta rol oʻynagan. Eng baland tizmalar (3200—4000 metr va undan baland) — Katun, Shimoliy Chuya, Janubiy Chuya tizmalari Asl Oltoyning markaziy va sharqiy qismlarida boʻlib, relyefi alp tipli. Koʻpchilik tizmalar birbiridan Oltoy uchun xos boʻlgan tektonik soyliklar (dashtlar) orqali ajralib turadi.
Iqlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Iqlimi kontinental. Qishi yuqori atmosfera bosimi (Osiyo antitsikloni) taʼsirida sovuq va davomli. Yanvarning oʻrtacha harorati —15 °C dan (togʻoldilarida) — 28 °C gacha, Markaziy Osiyoning togʻlar orasidagi soyliklarida — 32 °C (Chuya dashtida mutlaq minimum — 60 °C). Baland togʻlarda yoz qisqa va salqin; iyulning oʻrtacha harorati 1000 metr balandlikda 14 va 16 °C dan oshmaydi. Oltoy — namlik eng koʻp toʻplanadigan joy. Sernam yon bagʻirlarida yiliga 800–1200 mm gacha (ayrim joylarda 2000 mm gacha), janubi-sharqida 200–300 mm (Chuya „dashti“da 100 mm) yogʻin tushadi. Oltoyda 1000 dan ortiq muzlik bor (umumiy maydoni 800 km2).
Daryo va koʻllari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oltoyda daryo koʻp. Daryolar qor suvlari va yomgʻirdan toʻyinadi. Bahorda toshadi. Eng yirik va sersuv daryolari: Katun, Togʻli Oltoy, Buxtarma, Biya, Chuya. 3500 dan ortiq koʻl bor (yiriklari Telets, Marqakoʻl).
Oʻsimliklari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Landshaft tiplari togʻ dashti, togʻ oʻrmon va baland togʻ landshaftlaridan iborat. Markaziy Osiyoning quruq soyliklarida ham dasht oʻsimliklari oʻsadi. Togʻ oʻrmon landshaftlari Oltoy hududining 70 % ni egallaydi. Togʻ oʻrmonlari 1700–2450 m balandliklar orasida oʻsadi. Oltoyning eng baland tizmalari baland togʻ landshaftini hosil qilgan.
Galeriya
[tahrir | manbasini tahrirlash]-
Beluxa shahri, Oltoy Respublikasi
-
Kucherlin koʻli, Oltoy Respublikasi
-
Chuya daryosi, Oltoy Respublikasi
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Kambalov N., Priroda i prirodnie bogatstva Altayskogo kraya, Barnaul, 1952; Kuminova A. V., Rastitelniy pokrov Altaya, Novosibirsk, 1960; Gorniy Altay, Tomsk, 1971.[1]
- Алтайская ландшафтная область в книге: Н. А. Гвоздецкий, Н. И. Михайлов. Физическая география СССР. М., 1978.
- Золотые горы Алтая на сайте Фонда «Охрана природного наследия»
- Рудой А. Н., Кирьянова М. Р. Научное и рекреационное значение великих геологических памятников Алтая: к созданию Алтайского ледникового парка // Известия Русского географического общества, 2004. — Вып. 5. — С. 61-69. (Wayback Machine saytida 2012-05-22 sanasida arxivlangan)
- PaleoKazakhstan.com: Алтай (Wayback Machine saytida 2013-05-31 sanasida arxivlangan)
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |