Kontent qismiga oʻtish

Xiva xonligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xorazm (Xiva) xonligi

1511 — 1920



 

1917-1920 yillar

1700-yilda Xiva xonligi (qizil bilan chegaralangan).
Poytaxti Xiva
Yirik shaharlari Ko'hna Urganch
Urganch
Hazorasp
Til(lar)i O'zbek
fors
Xorazmiy
O‘g‘uz tillari
Dini sunniy islom
Maydoni 300.000 km
Aholisi 1 400 000
1 600 000
Boshqaruv shakli monarxiya
 - 1511-1518 Elbarsxon (ilk)
 - 1918-1920 Said Abdullaxon(soʻnggi)
Tarix
 -  1511 Xonlikka asos solindi.
 -  1804 Qo'ngʻirot sulolasi hokimiyatga keldi.
 - 12-avgust 1873 Xonlik Rossiya tomonidan ishgʻol qilindi.
 -  1920 Rossiya tomonidan bosib olindi.

Xiva xonligi (yoki Xorazm xonligiI) – oʻzbek davlatchiligi tarixi bosqichlaridagi Oʻrta Osiyoda mavjud boʻlgan uchta oʻzbek xonliklaridan biri (1512—1920 yillarda). Poytaxti – Vazir, Koʻhna Urganch, XVI asrning 70-yillaridan boshlab – Xiva shahri .

Tashkil topishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Temuriylar tasarrufida boʻlgan Xorazm hududini Shayboniyxon 1505 yilda bosib olgan. Shayboniyxon vafoti (1510 yil) dan keyin Xorazm Eron safaviylari qoʻl ostiga oʻtdi. Ularga qarshi xalq qoʻzgʻolonlari boʻlib, unga Vazir qalʼasi qozisi Umar va Baqirgʻon qishlogʻidan mulla Sayd Hisomiddin boshchilik qildi. Ikki yil davom etgan kurashlar natijasida eroniylar mamlakatdan quvib chiqarilgan va xorazmliklar taklifi bilan 1511 yilda Vazir shahrini egallagan shayboniylardan Elbarsxon Xorazm hukmdori deb tan olingan.

1512 yilga kelib xonlik hokimiyati koʻchmanchi oʻzbeklarning boshqa urugʻi (shajarasi) rahbari Elbarsxon qoʻliga oʻtadi. Shu vaqtdan boshlab Xiva xonligi yuzaga keladi, uning poytaxti turli yillarda Vazir, Qoʻhna Urganch va Xiva shaharlari boʻlgan. Xonlik tarkibiga Xorazmdan tashqari Mangʻishloq, Balxan togʻlari, Dehiston, Oʻzboy(Uzboy) va Oʻrta Xuroson hududlari kirgan.

Elbarsxon (1511—16) bilan birga Dashti Qipchoqdan Xorazmga kelgan qabilalar oʻtroqlashganlar. Uning davrida xorazmliklar Turkmanistonning janubiy qismi, Eron shimolidagi Saraxs, Orol va Mangʻishloqni egallashgan. Yangi yerlarni Elbarsxon oʻgʻillari va ukasi, qarindoshlariga boʻlib berishi natijasida mayda hokimliklar paydo boʻlgan. Elbarsxon vafotidan keyin uzluksiz oʻzaro nizolar sababli xonlar tez-tez almashib turgan. 16-asrda Xiva xonligini Sulton Hojixon (1516), Husaynqulixon (1516), Soʻfiyonxon (1516—22), Bujaqaxon (1522—26), Avaneshxon (1526—38), Alixon (1538—47), Akatoyxon (1547—56), Yunusxon (1556—57), Doʻstxon (1557—58), Hoji Muhammadxon (1559—1602) lar boshqarganlar. Bu davrda xalq, Elbarsxon avlodlari oʻrtasidagi oʻzaro qirgʻinlaridan tashqari Buxoro va Xiva xonligi oʻrtasida urushlar azobini ham tortishga majbur boʻlgan. Buxoroliklar Ubaydullaxon va Abdullaxon II hukmronlik davrlarida (1537—38; 1593; 1595—98) Xorazmga hujumlar qilib, qisqa vaqt Xiva xonligini Buxoroga boʻysundirganlar. Bu urushlar va 16-asrning 70-yillarida Amudaryo oʻzanining oʻzgarib, Kaspiy dengiziga oqmay qoʻyganligi ham Xorazm iqtisodiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatgan hisoblanadi.

XVII-XVIII asrlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

17-asr boshlariga kelib, Xorazm taxti uchun boʻlgan sulolaviy kurashlardan soʻng, taxtga oʻtirgan Arab Muhammadxon davrida Xiva xonligida davlat parokandaligi oʻzining yuqori choʻqqisiga yetgan. Rus kazaklari, qozoqlar va qalmiqlarning talonchilik yurishlari, Arab Muhammadxonning oʻgʻillari Habash va Elbarslarning otalariga qarshi chiqishlari parokandalikni avj oldirgan. Bu kurashda ularning qoʻli baland kelib, otalarini qatl ettirishga erishadilar. Padarkush Elbars va Habash sultonlar (1621—23) akalari Asfandiyor (Isfandiyor, 1623—43) tomonidan taxtdan tushirilib, qatl qilingan. Eron shohi Abbos I homiyligida taxtga chiqqan Asfandiyorxon davrida mamlakat siyosiy hayotidagi keskinlik saqlanib qoldi. Orol boʻyidagi oʻzbek qoʻngʻirotlari Asfandiyorga boʻysunmay qoʻyishgan. Mamlakatda tarqoqlik va zulm kuchaygan. Bundan foydalangan yirik mulkdorlar Abulgʻoziy Bahodirxonni 1643 yilda xon qilib koʻtarishgan. Abulgʻoziy Bahodirxon akasi vafotidan keyin 1644 yilda Xiva xonligi taxtiga oʻtirgan. U markaziy hokimiyatni mustahkamlab, Buxoro xonligining Chorjoʻy, Vardanza, Qorakoʻl, Karmana atroflariga bir necha marta harbiy yurishlar qildi.

Abulgʻoziy Bahodirxon 1662 yilda Buxoro xoni Abdulazizxon bilan sulh tuzib, 1663 yilda hokimiyatni oʻgʻli Anushaxonga topshirgan. Shunga qaramay Xiva qoʻshinlari Buxoro, Samarqand, Qarshiga talonchilik yurishlarini davom ettirgan. 1685 yilda Xiva qoʻshinlari Gʻijduvon yaqinida magʻlubiyatga uchragach, Buxoroning Xiva xonligiga taʼsiri kuchaygan. Buxoro xoni Subhonqulixon Anushaga qarshi fitna uyushtirib, uning oʻgʻli Arang Muxammadxonga taxtni egallashga yordam berdi. Lekin uning hukmronligi juda qisqa boʻlgan. 17-asrning oxiri – 18-asr boshlarida Xiva xonligida Xudoydodxon (1687—88), Oʻzbekxon—Arnakxon (1688—90), Joʻji Sulton (1694—97), Valixon (1697—99), Shohniyozxon (1699—90), Shohbaxtxon (1702—03), Sayid Alixon (1703—05), Musaxon (1705—06), Yodgorxon (1706—13) kabi oʻnlab xonlar almashgan. Bu mamlakat ahvolini yanada ogʻirlashtirgan. Xuddi shu davrga kelib Rossiyaning Sharqqa boʻlgan qiziqishi ortgan va Pyotr I 1714—17 yillarda Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy boshchiligida Xivaga harbiy ekspeditsiya joʻnatgan. Xiva xoni Shergʻozixon (1714—28) Qayragʻoch darasidagi ochiq toʻqnashuvda katta talafotga uchragach, harbiy hiyla ishlatib, rus qoʻshinlarini 5 ta shaharga boʻlib yuborgan va ularni alohida-alohida qirgʻin qilgan. Bu paytda ichki nizolar, zulm avj olgan, Orol boʻyi aholisi Xivaga boʻysunmay qoʻygan edi. 1728 yilda Xivadagi Shergʻozixon madrasasi qurilishida qullar qoʻzgʻolon koʻtarib, xon va uning mulozimlarini qatl qilishgan. Shu voqeadan keyin Xiva xonligida siyosiy oʻyin yana avj olgan. Xiva xonligidagi oʻzaro urushlarda Elbarsxon (1728—39) hokimiyatni qoʻlga kiritgach, ichki nizolarni bostirib, qoʻshni hududlarga bosqinchilik yurishlarini amalga oshirgan. 1740 yilda Eron shohi Nodirshoh Xiva xonligiga bostirib kirib, uni oʻziga boʻysundirgan. 1741 yilda xorazmliklarning qoʻzgʻoloni eroniylar tomonidan bostirilgan.

Buxoro xonligi bilan Oʻrta Osiyoda hukmronlik huquqi yoʻlidagi kurashda Xiva askarlari Qorakoʻl, Chorjoʻy, Vardanzini xorabazorga aylantirdi va Karmanagacha yetib keldi. 1662 yil Xiva xoni Abulgʻozixon navbatdagi urushdan soʻng Buxoro xoni Abulazizxon bilan sulh tuzdi. Lekin uning oʻgʻli Anushaxon (1663-1687yy.) davrida Buxoroga hujumlar yana davom ettirildi. 1685 yil xivaliklar Samarqandni egallab olishga muvaffaq boʻlishdi. Lekin Gʻijduvon yonida Anushaxon magʻlubiyatga uchradi va Samarqandni tashlab chiqishga majbur boʻldi. Koʻp oʻtmasdan Buxoro xoni Anushaxonga qarshi fitna uyushtirdi, unda Anushaning oʻgʻli Ernak(Ereng) ham ishtirok etdi. 1687 yil Anusha hibsga olinib, koʻzi koʻr qilindi. 1668 yil Buxoro xoni Subxonquli Xorazmni oʻziga boʻysindirdi va uning hukmdori etib Shohniyozni tayinladi- keyinchalik u xonlik unvonini qabul qildi. Shohniyoz xonlik hokimiyatini mustahkamlash va Buxoroga tobelikdan xalos boʻlishga intildi. Shu maqsadda 1700 yil Buxorodan yashirin holda Petr I ga elchi joʻnatib, qoʻl ostidagi xalqi bilan oʻzini Rossiya fuqaroligiga qabul qilishni soʻradi. Xon Arab Muhammad (1702-1714yy.) ham Rossiya koʻmagiga umid qilgan koʻrinadi. Shergʻozixon (1715-1728yyy.) hukmronligi davrida feodal fitnalari davlatni boʻlak-boʻlakka ajratib tashlagan. 1717 yil Xiva xonligi Rossiya davlatining A.Bekovich-Cherkasskiy boshchiligidagi harbiy ekspedisiyasi hujumini bartaraf etishga muvaffaq boʻlgan. Shergʻozidan soʻng xonlik taxtiga Ilbars (1728-1740yy.) oʻtirdi. Eron shohining Afgʻoniston va Hindistonga qilgan yurishidan foydalangan Ilbars Xurosonga hujum qildi. Ushbu voqea, shuningdek Xiva tomonidan Eron hukmronligining rad etilishi va Buxoroni harbiy jihatdan qoʻllab quvvatlanishi Nodirshohni Xorazmga yurish qilishga undadi. Hazorasp yonida Ilbars magʻlub boʻldi. Toʻrt kunlik qamaldan soʻng Nodirshoh poytaxtni zabt etdi. Xiva armiyasining katta qismi Nodirshoh qoʻshinlari tarkibiga kiritildi. Xivada Nodirshoh vakili va Eron harbiy garnizoni qoldirildi. Lekin xonlikning shimoliy qismida Eron hukmronligi kuchga ega emas edi. Bu yerda orolliklar orasida 1730—1732 yillarda Rossiya fuqaroligini qabul qilgan Kichik qozoq ulusi xoni Abul Xayrning oʻgʻli Nuralining mavqei baland edi. 1741 yil xivaliklar Eronga qarshi bosh koʻtarishdi. Xiva qoʻzgʻolonchilar tomonidan ozod etildi hamda vakil va garnizon yoʻq qilindi. Xonlik taxtini Nurali egalladi. Bu voqealardan xabar topgan Nodirshoh oʻgʻli Nurullomirzoga Xorazmga qarshi yurishni buyuradi. Nuralini taxtga koʻtargan Xiva korchalonlari Marvga boʻyin egib borishadi. Ularning iltimosiga koʻra Nodir Xiva xonligiga Ilbarsning oʻgʻli Abu Muhammadni tayinlaydi. 18 asrning 40-yillarida Xivada bir necha xon almashdi.

18-asr oʻrtalaridagi xonlar goh Eron shohlarining xohishi, goh Buxoro hukmdorlarining taʼsiri, goh mahalliy aholi qoʻngʻirot urugʻining yordami bilan tez-tez almashinib turgan. Bu davrda Tohirxon (1739—40), Abulxayrxon (7—8 kun), Nuralixon (1740—42), Abulgʻoziyxon II (1742—46), Gʻoyibxon (1746—56), Qoraboyxon (1756—57), Temurgʻoziyxon (1757—64) va boshqalar Xiva xonligida rasman hukmronlik qilishgan. 18-asrning 60-yillaridan badavlat shaharliklar va ruhoniylarning qoʻllab-quvvatlashiga erishgan oʻzbek qoʻngʻirot urugʻlari Xiva xonligida hokimiyatni qoʻlga ola boshlagan. Inoq Muhammad Amin (1770—90) 1770 yilda turkmanlarning qarshiligini sindirib, 1782 yilda Buxoro amirligi hujumini qaytarib, Xiva xonligida oʻzbek qoʻngʻirotlarning amaldagi hokimiyatini mustahkamlagan. Avaz Muhammad Inoq davrida Xiva xonligida markaziy hokimiyat mustahkamlanib, iqtisodiy ahvol birmuncha yaxshilangan.

Bu bilan 19-asr boshlarida oʻzbek qoʻngʻirotlar sulolasi hokimiyatni rasman egallashiga zamin tayyorlagan. Muhammad Amin Inoq va Avaz Muhammad Inoqlar chingiziy sultonlar nomidan hokimiyatni boshqargan boʻlsalar, ularning vorisi Eltuzar (1804—06) 1804 yilda Abulgʻoziyxon V Yodgorxon oʻgʻli (1802— 04)ni taxtdan tushirib, oʻzini xon deb eʼlon qilgan. Shuning uchun ham Eltuzarxon Xiva xonligi taxtiga oʻtirgan qoʻngʻirotlar sulolasining 1-xoni hisoblanadi. Uning vorisi, inisi Muhammad Rahimxon I Xiva xonligini birlashtirishni nihoyasiga yetkazgan. 1811 yilda bir qancha yurishlardan keyin qoraqalpoqlarni ham Xiva xonligi tarkibiga qoʻshib olgan. U oʻtkazgan siyosiy, maʼmuriy, iqtisodiy islohotlar natijasida boshqaruv tizimi takomillashib, soliqlar tartibga tushgan.

Olloqulixon (1825—42), Rahimqulixon (1842—45) va Muhammad Aminxon (1846—56) davrlarida Xiva qoʻshinlarining Xurosonga yurishlari kuchaydi, Marv shahri uchun Buxoro amirligi bilan tez-tez urushlar boʻlib turgan. Xiva xonlari bu davrda Sirdaryoning Orol dengiziga quyiladigan joyidan Turkmaniston hududidagi Kushkagacha boʻlgan yerlarni boshqargan. 1855 yilda Saraxsni qamal qilish paytida Muhammad Aminxonning halok boʻlishi mamlakatda parokandalikka sabab boʻlgan. Abdullaxon (1855—56), Qutlugʻmurodxonlar (1856) 6 oydan koʻp hukmronlik qilmaslaridan oʻldirilgan. 1856 yilda taxtni Said Muhammadxon (1856—64) egallagan.

Xiva xonligida soʻnggi mustaqil hukmdor Feruz taxallusi bilan ijod qilgan Muhammad Rahimxon II (1864—1910) boʻlgan. Uning davrida xonlikning siyosiy, iqtisodiy, madaniy jihatdan oʻsishi koʻzga tashlanadi. Lekin, 1873 yilda Rossiya Xiva xonligini bosib olgan, Muhammad Rahimxon II va K.P.Kaufman imzolagan Gandimiyon shartnomasiga koʻra, Xiva xonligi Rossiyaga qaram davlatga aylanib qolgan. Asfandiyorxon (1910—18) Rossiyadagi oʻzgarishlar sabab Xiva xonligida zulmni kuchaytirgan. Shu bilan birga Rossiya hukumati talabi bilan 1910—13 yillarda vazir Islomxoʻja boshchiligida islohotlar oʻtkazishga harakat qilgan. 1914—16 yillarda soliqlarning koʻpayishi, iqtisodiy ahvolning ogʻirlashishi sababli xalqning norozilik harakati kuchaydi.

1917 yilda Rossiyadagi fevral inqilobi taʼsirida Yosh xivaliklar va boshqa siyosiy kuchlarning talabi bilan Asfandiyorxon majlis chaqirish va nozirlar kengashini tuzish toʻgʻrisidagi manifestga imzo chekkan. 1917 yil oxirlarida Xiva xonligidagi sovetlarga moyil kuchlarning olib chiqib ketilishi majlisning tugatilishiga asos boʻlgan. 1918 yilning yanvarida soʻnggi rus askarlarining Xiva xonligidan chiqib ketishi Junaidxon Xiva shahrini egallashiga imkon bergan. Asfandiyorxon Junaidxon qoʻlida qoʻgʻirchoq hukmdorga aylanib qolgan. Siyosiy oʻyinlar sababli 1918 yil oktabr oyida Junaidxon tomonidan Asfandiyorxon oʻldirilgan va soʻnggi xon Said Abdullaxon (1918 yil oktabr – 1920 yil 2 fevral) taxtga chiqarilgan. Bu davrda Xiva xonligi mustaqil davlat sifatida faoliyat yurgizgan. Yosh xivaliklar qizil armiyaning yordami bilan 1920 yil 2 fevralda Sayd Abdullaxonni taxtdan tushirishgan va Xiva xonligi tugatildi deb eʼlon qilishgan.

Hududiy tuzilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

16—19-asrlar davomida Xiva xonligi hududlari doimo oʻzgarib turgan. Dastlab xonlik hududi Xorazm vohasidagina joylashgan boʻlsa, keyinchalik uning chegarasi janubda Eron va Marvgacha, shimolda Ural daryosigacha boʻlgan yerlarga choʻzilgan, sharqda Buxoro amirligi, gʻarbda esa Kaspiy dengizi qirgʻoqlarigacha yetgan. Ruslar bosqinidan keyin Amudaryoning chap qirgʻogʻida 62237,2 km² yer maydoniga ega kichik vassal davlatga aylanib qolgan. Aholisining soni ham doimo oʻzgarib turgan. Oʻrtacha 1 mln. kishi atrofida aholi yashagan. Uning koʻpchiligini oʻzbeklar, turkmanlar, qoraqalpoqlar, kam sonli forslar, arablar, ruslar va boshqalar tashkil qilgan.

Xiva xonligi boshqaruv tizimi, asosan, Buxoro va Qoʻqon xonliklaridek boʻlib, farqi, 19-asr boshlaridan xon huzurida Kengash (Devon) boʻlgan. Eng yuqori amaldorlardan tashkil topgan kengash vakolati cheklangan. Asosiy qarorlar xon tomonidan qabul qilingan boʻlsada, amaldorlarning xonlik boshqaruvidagi mavqei baland edi. Mansab va unvonlar harbiymaʼmuriy, harbiy va diniy toifalarga boʻlingan. Inoq, otaliq, biy, amir ulumaro, mehtar, qushbegi, beklarbegi, devonbegi va boshqa unvon va mansablar xonlik iqtisodiy, siyosiy, moliyaviy, harbiy hayotida muhim oʻrin tutgan. Xonlik sud ishlari, asosan, diniy ulamolar qoʻlida boʻlib, ularning mamlakat hayotida taʼsiri kuchli boʻlgan.

Xonlikda davlat tili oʻzbek tili boʻlib, Buxoro va Qoʻqondan farqli oʻlaroq barcha farmonlar, davlat hujjatlari faqat oʻzbek tilida yozilgan. 16 – 18-asrlarda Xiva xonligining maʼmuriy jihatdan boʻlinishi viloyat deb atalgan boʻlsa, 18-asrdan beklik deb atala boshlagan. Dastlab xonlikda 16 ta viloyat, 2 ta noiblik boʻlgan boʻlsa, keyinchalik viloyatlar soni 22 taga yetgan. Ularni xon tomonidan tayinlangan hokim va noiblar boshqargan. Xiva sh. esa xon va bosh vazir tomonidan boshqarilgan.

Ijtimoiy hayotda xon va uning amaldorlari va diniy ulamolarning mavqei yuqori boʻlib, iqtisodiy hayotning asosini tashkil qiluvchi yer ham, asosan, ular qoʻlida boʻlgan. Kam yerli va yersiz dehqonlar ulardan ijaraga yer olib ishlaganlar va ularning ahvoli juda ogʻir boʻlgan. Sunʼiy sugʻorishga asoslangan dehqonchilik mamyaakat iqtisodida muhim oʻrin tutgani uchun Amudaryodan chiqarilgan kanallarni qazish davlat ahamiyatiga molik ish hisoblangan. Shuningdek, chorvachilik, hunarmandchilik, savdosotiq ham iqgisodiy hayotda muhim oʻrin tutgan.

Xonlik harbiy qoʻshini va qurol aslahasini yaxshilash juda past darajada boʻlgan. Qoʻshinni koʻproq yarim koʻchmanchi turkmanlar tashkil etgan. Oldingi davrlardagi harbiy sohadagi ijobiy tajribalar rivojlantirilmay tashlab qoʻyilgan.

Xiva xonligi Buxoro, Qoʻqon, Eron va Rossiya kabi qoʻshni davlatlar bilan savdosotiq ishlari olib borgan. Soliqdar barcha musulmon davlatlaridagidek xiroj, zakot, boj va juzʼyadan iborat boʻlgan. Shu bilan majburiy mehnatning baʼzi turlari amalga oshirilgan.

Boshlangʻich maktabda oʻqish, yozishni oʻrgangan bolalar madrasalarda oʻqitilgan. 19-asrda Xiva xonligida 1500 ga yaqin boshlangʻich maktab va 103 Madrasa mavjud boʻlgan. Xiva shahrining oʻzida 22 ta Madrasa boʻlgan. 19-asrda Xiva xonligida adabiyot, tarixnavislik, xattotlik, musiqa sanʼati, meʼmorlik va madaniyatning boshqa sohalarida muayyan yutuqlar qoʻlga kiritilgan.

Munis, Ogahiy, Feruz, Komil Xorazmiy, Kamron, Bayoniy, Xisraviy, Murodiy, Rojiy, Mutrib Xonaxarobiy, Laffasiylar asarlari oʻzbek adabiyoti rivojida oʻziga xos oʻringa ega. Tanbur chizigʻi notasini yaratgan Komil Xorazmiy „Maqomi Feruz Shohiy“ asari va „Panjgoh“ maqomi bilan oʻzbek millati sanʼatiga katta hissa qoʻshgan. Abulgʻoziyxon „Shajarayi turk“, „Shajarayi tarokima“ asarlari bilan Xorazm tarixnavislik maktabini boshlab bergan boʻlsa, Munis va Ogahiylar tarixnavislik va tarjimonlik maktabini yaratib, „Firdavs uliqbol“, „Zubdat uttavorix“, „Gʻiyos uddavlat“, „Jome ulvoqeoti sultoniy“, „Shohid ul iqbol“ asarlari bilan tarix sohasini rivojlantirdilar. Bayoniyning „Shajarayi Xorazmshohiy“, „Xorazm tarixi“ asarlari Oʻzbekiston tarixini oʻrganishda asosiy manbalar hisoblanadi.

Hozirgi Xiva shahrida saqlanib qolgan qad. meʼmorlik inshootlari, asosan, xonliklar davrida qurilgan. Bularga Anushaxon hammomi, Shergʻozixon madrasasi, Muhammad Aminxon madrasasi, Koʻhna Ark, Toshxovli, Karvonsaroy, Islomxoʻja minorasi, Qalʼa devori, Nurillaboy saroyi va boshqa kiradi.

Itchan Kala Duvarları
Muhammad Amin Xon Madrasasi
Kala Garp Kapısı

Xiva xonligi shaharlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

17-asrgacha xonlikning poytaxti Koʻhna Urganch (hozirgi Turkmaniston hududida) boʻlgan[1]. Xorazmning yoki Xiva xonligining eng yirik shahri Xiva – XVII asr boshidan 1920-yilgacha poytaxt boʻlgan. Qadimda shahar Xiyvoq deb atalgan. Xiva tashkil topgan davrdan boshlab Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi savdo yoʻlining halqasi boʻlib kelgan. 17-asr boshlarida Amudaryo oqimining oʻzgarishi munosabati bilan xonlikning oʻsha paytdagi poytaxti Urganchda aholi uchun noqulay turmush sharoiti yuzaga keldi va poytaxt Xivaga koʻchirildi[1].

XVIII asr oʻrtalarida Nodirshoh bosqini davrida Xiva vayron qilingan. Muhammad Aminxon (1770-1790) davrida shahar qayta tiklandi.

Olloqulixon (1825-1842) davrida Xiva uzunligi 6 kilometr boʻlgan devor bilan oʻralgan. Xivaning hozirgi meʼmoriy qiyofasining asosi 18-asr oxiridan 20-asrgacha shakllangan. Xiva meʼmoriy ansambli oʻzining yaxlitligi bilan ajralib turadi. Uning ichida dastlab Ichan qal’a qurilgan boʻlib, unda xon saroyi, xon oilasi uchun turar joy, maqbara, madrasa va masjidlar joylashgan. Ichan qal’aning umumiy maydoni 26 gektar, devorining uzunligi 2200 metrni tashkil qiladi[2]. U ikki koʻchadan oʻtgan, shaharga toʻrtta darvoza orqali kiriladi. Hunarmandlar va savdogarlar yashaydigan qism Dishan Qalʼa deb nomlangan. U yerda doʻkonlar va savdo maydonchalari bor. Dishan Qal’aning uzunligi 6250 metr, 10 ta darvozasi bor.

Xivaning saqlanib qolgan yodgorliklaridan biri Said Allauddin maqbarasi XIV asrda qurilgan. Boshqa meʼmoriy yodgorliklar – sobor masjidi, Oq masjid, Uch-avliyo maqbarasi, Shergʻozixon maqbaralari, Olloqulixon karvonsaroyi, Qutlugʻmurod inoq madrasasi, Muhammad Amin inoq madrasasi, 163 xonadan iborat Toshhovli saroyi (Olloqulixon davrida qurilgan)[3]. Ular xivalik quruvchilar, tosh yoʻnuvchilar, yogʻoch ustalarining mahoratidan dalolat beradi. Bu jihatdan Xiva shahri xonlikning faxri edi.

Yangi Urganch 17-asrda Abulgʻozixon davrida qurilgan. Shundan keyin qadimiy Urganch Koʻhna Urganch deb atala boshlagan. Unda 12—14-asrlarga oid Faxriddin-Roziy maqbarasi, Sulton Takash maqbarasi, Najmiddin Kubro, minora va karvonsaroy qoldiqlari joylashgan. Yangi Urganch hozirgi Xorazm viloyatining markazi.

Arabshohiylar (Shayboniylar) sulolasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. 1,0 1,1 Юсупов, Х. Путеводитель по археолого-архитектурным памятникам Ташаузской области. Ашхабад, 1989 — 40-bet. ISBN 5-8320-0404-3. 
  2. Itchan Kala, UNESCO World Heritage Centre.
  3. „Toshhovli saroyi“. khivamuseum.uz. Ichan Qal'a davlat muzey qo'riqxonasi. Qaraldi: 2-oktabr 2023-yil.
  • Abulgʻoziy, Shajarayi turk, T., 1992;
  • Ogahiy, Asarlar, 56j., T., 1978— 80;
  • Bayoniy, Shajarai Xorazmshohiy, T., 1994;
  • Xiva ming gumbaz shahri, T., 1997.