Balʼamiy Abu Ali Muhammad ibn Muhammad
Balʼamiy Abu Ali Muhammad ibn Muhammad (tug‘ilgan yili noma’lum, 974-yili vafot etgan) — X asrda o‘tgan buxorolik tarixnavis va davlat arbobi. Abu Ali Muhammad ibn Muhammad Bal’amiy Marvga qarashli Bal’amon qishlog‘ida tug‘ilgan. Asli arablarning Banu tamim qabilasidan chiqqan, otasi Abulfazl Muhammad ibn Ubaydullo somoniylardan Ismoil ibn Ahmad (892—907)ning vaziri bo‘lgan. Somoniy amirlaridan Abdumalik ibn Nuh (954—961) hamda Abu Solih Mansur I (961—976)larning bosh vaziri bo‘lib xizmat qilgan.
Bal’amiy yuqori darajadagi mansabdor sifatida emas, balki tarixshunos olim sifatida shuhrat topdi. U mashhur arab tarixchisi Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tabariy (839—923)ning „Tarix ul-anbiyo va-r-rasul va-l-xulofo“ („Payg‘ambarlar, podsholar va xalifalar tarixi“) nomli mashhur asarini fors tilida muxtasar qilib qaytadan yozgan (963-yil yozib tamomlagan). Mazkur asar Sharqda IX asrgacha boʻlgan siyosiy voqealarni oʻzida aks ettirgan, Oʻrta Osiyoda yangi fors tilida bitilgan birinchi asar boʻlib, Tabariyning arab tilida yozilgan va Leydenda (1879—1889) nashr etilgan yuqoridagi asariga qaraganda aniq maʼlumotlarga boy va ayrim hollarda mufassalroqdir. Bal’amiy varianti shunchaki tarjima bo‘lmay, balki asarning qayta ishlangan va ayrim hollarda yangi dalil bilan boyitilgan nusxasidir. Unda, birinchidan, qisqartirilgan tahrirda uchramaydigan ma’lumotlar bor. Ikkinchidan, Bal’amiy nusxasi boshqa manbalar asosida yangi ma’lumotlar bilan to‘latilgan. Aftidan, Bal’amiy Tabariy asarining avvalgi toʻlaroq nusxalaridan foydalangan.
Mazkur asar olamning „yaratilishi“dan to 912—913-yillargacha Arabiston, Rum (Kichik Osiyo), Eron va arab xalifaligi qo‘l ostidagi mamlakatlarda, shuningdek, Movarounnahrda bo‘lib o‘tgan ijtimoiy-siyosiy voqealar haqida hikoya qiladi. Voqealar yilma-yil, xronologik tartibda bayon etilganki, bu o‘z navbatida asardan foydalanishni birmuncha osonlashtiradi.
Asarning nusxalari Rossiya, Eron, Turkiya, Iroq, Arabiston (Quddus), Hindiston, Angliya, Gollandiya, Fransiya, AQSh va boshqa mamlakatlarning kutubxonalarida saqlanmoqda. Asardan ayrim parchalar ingliz (1798, 1811— 1821, 1824, 1903-yillar), fransuz (1836, 1867—1874), turk (1844), eski o‘zbek (1913), uyg‘ur (XVIII asr) va urdu (1870) tillariga tarjima qilingan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |