Kontent qismiga oʻtish

Islom oltin davri

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abbosiy kutubxonadagi olimlar. Al-Haririy maqomasi uchun Yahyo ibn Mahmud al-Vasitiy chizgan rasm

Islom oltin davriIslom tarixidagi madaniy, iqtisodiy va ilmiy taraqqiyot davri. Aksar manbalarda Islom oltin davri 7-asrdan 14-asrgacha davom etgan, deb koʻrsatilgan.[1] Mazkur davr abbosiy xalifa Horun ar-Rashid hukmronligida Bagʻdodda Bayt ul-hikmat – Bilim uyi yoki Donishmandlar uyi tashkil etilishi bilan boshlangan, deb yuritiladi. Bayt ul-hikmatda turli mamlakatlardan kelgan olim va tarjimonlar, jumladan, markaziy osiyolik olimlar Ahmad al-Fargʻoniy va Al-Xorazmiylar zimmasiga dunyoning klassik ilmini toʻplab, arab tiliga oʻgirish vazifasi yuklangan.

Islom oltin davri moʻgʻullar istilosi va 1258-yilda Bagʻdod qamali ortidan Abbosiy xalifaligining barbod boʻlishi bilan tugagan, deb hisoblanadi.[2] Ayrim olimlar Islom davri 1050-yilda tugagan, deb hisoblaydi. Ayrimlar esa ushbu davr 15-16-asrda oʻz yakuniga yetgan, degan fikrni ilgari surgan. Islom oltin davri Islom oʻrta asrlar davriga mutanosib boʻlib, ayrim manbalarda Islom oʻrta asrlar davri 900–1300-yillarga toʻgʻri keladi, deb koʻrsatilgan.

Islom oltin davrida faoliyat yuritgan olimlar jahon taʼlimi va madaniyati rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshgan. Xususan, ushbu davrda matematika, tibbiyot, fizika, kimyo va boshqa fanlarda katta yutuqlarga erishildi. Islom oltin davrida Islom madaniyati Ispaniya janubidan Xitoygacha boʻlgan hududga yashagan turli millatlar va dinlar olimlari yutuqlarini singdirib oldi.

Islom oltin davri metaforasi 19-asrda Islom tarixiga bagʻishlangan gʻarb davlatlari manbalarida paydo boʻldi. 1868-yilda yozilgan „Suriya va Falastinga boruvchi sayyohlar uchun qoʻllanma“ (inglizcha: Handbook for Travelers in Syria and Palestine) muallifi Damashqdagi masjidlar „Muhammadanizmning oʻzi kabi tez suratda barbod boʻlib bormoqda“, deb yozgan.[3] Atamaning keng qabul qilingan izohi mavjud emas. Xususan, 19-asrda ayrim tarixchilar Islom oltin davrini xalifalik mavjud boʻlgan paytga, yaʼni olti yarim asrga tenglashtirgan, boshqalari esa oltin davr Umar ibn Xattob oʻlimi bilan yakunlangan, deb hisoblagan.

20-asr boshida „Islom oltin davri“ atamasi Roshidun yoki Toʻgʻri yoʻl tutgan xalifalarning harbiy yutuqlari haqida soʻz yuritilganda qoʻllandi. 20-asrning ikkinchi yarmiga kelibgina 9-11-asrlarda xalifalikda fan va matematika sohalarida erishilgan yutuqlar va madaniy taraqqiyot Islom oltin davri oʻlaroq yuritila boshladi. Ayrim manbalarda ushbu davr 8-asr oxiridan 12-yoki 13-asr boshigacha choʻzilgan, deya koʻrsatildi. Bugungi kunda ham atamaning turli izohlari mavjud. Oltin davr xalifaliklar tugagan paytda oʻz yakuniga yetgan, deb hisoblash tarixiy hodisaga asoslangan boʻlsa-da, ayrimlar aslida Islom olamida ilmiy va madaniy taraqqiyot bundan ancha avval tanazzulga uchragan, degan fikrni ilgari surib keladi.

  1. King, David A. (1983). "The Astronomy of the Mamluks". Isis 74 (4): 531–55. doi:10.1086/353360. 
  2. Islamic Radicalism and Multicultural Politics. Taylor & Francis, 2011 — 9-bet. ISBN 978-1-136-95960-8. 
  3. Porter, Josias Leslie. A Handbook for Travelers in Syria and Palestine, London, 1868 — 49-bet.