Kogon
Kogon | |
---|---|
shahar | |
39°43′0″N 64°33′0″E / 39.71667°N 64.55000°E | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
viloyat | Buxoro viloyati |
Hukumat | |
• Hokimi | Hayot Hasanovich Davlatov[1] |
Asos solingan | 1888-yil |
Avvalgi nomlari | Yangi Buxoro |
Aholisi (2023-yil) |
63 800[2] |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Telefon kodi | +998 65 524 |
Pochta indeks(lar)i | 200700 |
Kogon (1935-yilgacha Yangi Buxoro) — Oʻzbekiston Respublikasi Buxoro viloyatida oʻzining xoʻjalik-maʼmuriy potensiali jihatidan viloyat markazi boʻlmish Buxorodan keyingi ikkinchi yirik shahar. Buxorodan 12 kilometr janubi-sharqda, Buxoro — Qarshi avtomobil yoʻli yoqasida, Kanpir devor qoldiqlari ichkarisidagi obod yerda joylashgan.
Kogon tumanining maʼmuriy markazi. Kogon shahri va Kogon tumani hokimiyatlari shahar markazida yonma-yon joylashgan.
Temir yoʻl tuguni. Shaharda Buxoro viloyatining eng katta temir yoʻl stansiyasi va viloyatda yagona boʻlgan vokzal joylashgan.
Shahar 220 m balandlikdagi tekis yerda joylashgan. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi —0,6°, iyulniki 29,6°. Yillik yogʻin 125 mm. Hargush kanalidan suv oladi. Maydoni 14,7 km². Aholisi 53,3 ming kishi (2002), asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholisining aksari qismi temir yoʻl transportida ishlaydi.
Shahar maydoni — 0,01 ming km2. Aholisi — 58,5 ming kishi (2015). Buxoro viloyati temir yoʻl vokzali shahar ichida va „Buxoro“ aeroporti shahardan 8 kilometr masofada joylashgan.
1929-yildan shahar maqomini Yangi Buxoro nomi bilan olgan. 1935-yil sharning nomi Kogonga oʻzgartirilgan.
Boshqa nomi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu aholi yashash maskani 1935-yilga qadar „Yangi Buxoro“ nomi bilan yuritilgan va shu sababga koʻra hozirgi koʻhna Buxoro shahrining nomini 1940-yilarga qadar, asosan rus manbalarida, „Eski Buxoro“ deb atash urf boʻlgan.
Shahar nomining etimologiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kogon nomining kelib chiqishi turli xil manbaalarga asoslanadi:
XIX asr oxiridagi tarixiy manbalarda yozilishicha, Yangi Buxoro shahriga asos solinganda shahar tarixini Rossiyadan kelgan Kogan ismli bir muhandis chizgan ekan. Keyinchalik Yangi Buxoro shahriga Kogon nomi uning familiyasi tarzida berilgan degan farazlar mavjud.
Bir guruh izlanuvchilarning qarashlariga asosan, „Kogon“ soʻzi „Kohkon“ soʻzining buzib talaffuz etilishi natijasida kelib chiqqan boʻlib, forschadan somon koni maʼnosinin anglatadi. Rus alifbosida „h“ harfi boʻlmaganligi sababli rusiyzabon aholi Kohkon soʻzini „Kagan“ tarzida talaffuz qiladi. Natijada qishloq shu tarzda aytila boshlangan.
Boshqa bir manbalarga koʻra „Kogon“ nomi „kordon“ soʻzidan kelib chiqqan deyiladi. Ushbu nom bu hududda temirchilik, beshikchilik, kulolchilik, oynasozlik, o'roqchilik, pichoqchilik, egarchilik, matolarga naqsh bosish kabi hunarlar bilan mashgʻu boʻlgan insonlar yashagani va qishloqlar nomi shu kasb-hunar nomi bilan atalgani taʼkidlanadi. Misol tariqasida hozirgi Kogon shahridan unchalik yiroq boʻlmagan Degrez, Oynasoz, Ganchkash, Quruvchilar, Konchilar, Po'latchi qishloqlari misol qilib keltiriladi.
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kogon shahri oʻrni subtropik kenglikda va dengiz sathidan 222 metr balandlikda boʻlib, relefi tekislik. Kunduzi quyosh gorizontdan balandda turishi bilan farqlanadi.
Kogon shahri Qizilqum va Qoraqum sahrolarining oʻrtasidan oʻrin olgan boʻlib, janubiy subtropik choʻllarga xos iqlimiy xususiyatlarga egadir. Shahar hududi uchun subtropik belgilarga xos boʻlgan keskin kontinental choʻl iqlimi xarakterlidir.
Kecha bilan kunduz, qish bilan yoz haroratlari oʻrtasidagi issiqlik nisbatan sernam, injiqli bahor, uzoq quruq jazirama issiq aprel—sentabrda davom etsa, qish va kuz oylari nihoyatda qisqa boʻladi. Eng sovuq oy — yanvar, eng issiq oy — iyul oyi hisoblanadi.
Shamol esadigan oylar koʻp boʻladi. Qish qaslida shimoldan esadigan shamol tezligi 3,7 — 4,5 m/sek. boʻlsa, yoz faslida shimoldan gʻarbga esadigan shamolning tezligi 5,0 — 5,4 m/sek. ga yetadi. Shamolning asosiy esish yoʻnalishi sharqdan gʻarbga boʻladi.
Yilning oʻrtacha havo harorati 15.1 gradus, minimal harorati 25 gradus, eng yuqori harorati 45 gradusdan iborat. Eng sovuq oy — yanvar (+0.7 °C), eng issiq oy — iyunlardir (+28.2 °C).
Shaharning yillik bulutlik darajasi 3,8 ballga, minimal koʻrsatkich esa 1,5 ballga teng. Yil davomida ochiq oftobli kunlar 157 kun boʻlib, yillik oʻrtacha yogʻin 125 millimetrni tashkil etadi. Vegetasiya davri 214 kun. Tuproq och qp’ngʻir, qumloq choʻl va shoʻrxok.
Bir yillik oʻrtacha yogʻin miqdori 2,2 millimetrga teng. Tumanli kunlar kam boʻladi. Yil davomida 11 kundan oshmaydi, bu ham qish fasliga toʻgʻri keladi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bir guruh izlanuvchilaning qarashlariga asoan, XII—XIII asrlarda hozirgi Kogon shahri oʻrnida Kohkon qishlogʻi mavjud boʻlgan. Ushbu qishloq aholisi ziroatkorlik bilan shigʻullanib, gʻalla mahsulotlarini yetishtirgan. Buxoro bozorlarida bu qishloq aholisi tomonidan sotilgan bugʻdoy va somon xaridorgir boʻlgan.
Shahar sanoat tarmoqlarining shakllanishi Buxoro amirligi davrida mahalliy aholi kuchi bilan qurilgan (1888) Zakaspiy (Krasnovodsk — Toshkent) temir yoʻlning Yangi Buxoro orqali oʻtishi bilan bogʻliq.
1888-yildan boshlab, Rossiya imperiyasidan koʻchirib kelingan aholi Kohkon qoʻrgʻoniga joylashtirilgan. Buxoro amirligi hududiga 1888-yilda temir yoʻl kelishi munosabati bilan Yangi Buxoro shahri vujudga kelgan va bu yerda amirlik siyosiy boshqarivini nazorat qiluvchi Rossiya imperiyasining siyosiy agentligi oʻz faoliyatini olib borgan. Keyinchalik, shaharda amir Abdulahadxon tomonidan saroy qurdirilgan. Shahrda rus-tuzem maktabi boʻlgan.
1907-yilda Kogon—Buxoro, 1915-yilda Kogon—Termiz temir yoʻllari ishga tushirilgan.
1912-yil Kogonda Buxoro jadidilari gazetalari chop etilgan: „Buxoroyi sharif“ (tojik tilida chop etilgan birinchi gazeta) va „Turon“ (oʻzbek tilida chop etilgan).
1917-yil 2-dekabrda Kogonda boʻlib oʻtgan amirlik hududidagi rus manzilgohlari kengashlarining 2-syezdida amir tuzumini agʻdarib tashlab, hokimiyatni Yosh buxoroliklarga berishga qaror qilingan va uch oydan soʻng tarixda Kolesov voqeasi nomi bilan mashhur boʻlgan, amirlikka qarshi qizil armiya tomonidan qurolli hujum uyushtirilgan.
1920-yillargacha Kogonda yogʻ zavodi qurilgan, toshbosma (unda Narshaxiyning „Buxoro tarixi“ va boshqa asarlar bosilgan), temir yoʻl idorasi qoshida maktablar, paxta firmalari, turli savdo banklarining boʻlimlari ochilgan.
Buxoro amirligi hududidagi ilk gazeta Kogonda tashkil etilgan bosmaxonada chop etilgan. Bu bosmaxonada Ahmad Yassaviyning "Devoni hikmat“ sheʼriy majmuasi, Xiromiyning „Chor daarvesh“ dostoni (Dabiriy chop ettirgan) chop etilgan.
Buxoro amirligi tugatilishidan oldin, Buxoro bosqini uchun tuzilgan 4 ta zarbdor guruhning biri Kogonda joylashtirilgan. Ushbu bosqindagi asosiy vazifa Kogon guruhi zimmasiga yuklatilgan. U Eski Buxoroni egallashi, amir Olimxonni asir olishi va Arkdagi xazinani egallashi kerak boʻlgan.
Sovetlar hukumati davrida yangi sanoat korxonalari va madaniy obʼyektlar qurilgan. 1950-yilarda Gazli—Kogon, Muborak—Kogon va Kogon-Zirabuloq gaz quvurlari oʻtkazilgan, 1961-yilda gaz kompressor stansiyasi ishga tushirilgan.
Rossiya koʻngilli havo floti jamiyatining („Dobrolyot“) O'rta Osiyo boʻlimi Kogonda joylashgan boʻlgan. Undan, uzunligi 450 kilometr boʻlgan Kogon—Oq-toʻqay—Dargʻonota—Xiva havo yoʻli orqali yoʻlovchilar, pochta joʻnatmalari va yuklar tashilgan.
Administrativ-hududiy boʻlinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bugungi kunda Kogon shahri hududida 21 ta mahalla fuqarolar yigʻini mavjud.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shaharning tub aholisi oʻzbeklar (77,1 %) boʻlib, ular 58,5 ming kishini tashkil etadi. Shuningdek, shahrda rus (10,2 %), tojik (4,5 %), ukrain (0,5 %), ozarbayjon (0,5 %), turkman (0,5 %), qozoq (0,3 %), tatar (0,3 %), arman (0,3 %), belorus (0,1 %), yahudiy (0,5 %) va boshqa millat vakillariga mansub (5,6 %) kishilar yashashadi.
2015-yildagi maʼlumotga asosan, shaharda yashovchi 32900 nafar aholi mehnat yoshida boʻlib, jumladan, sanoatda 4100 kishi, qurilishda 1000 kishi, transporda 9500 kishi, aloqa sohasida 300 kishi, savdo, umumiy ovqatlanish, moddiy taʼminot, tayyorlov korxonalarida 2800 kishi, uy-joy kommunal xoʻjaligi, maishiy xizmatda 900 kishi, sogʻliqni saqlash, jismoniy taʼminotda 1400 kishi, xalq taʼlimida 1900 kishi, madaniyat va sanʼatda 40 kishi, sugʻurta va moliya sohasida 160 kishi, boshqaruv organlarida 20 kishi, boshqa soha va tarmoqlarda 10600 kishi ish bilan band.
Sanoati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kogon shahrida sanoatning koʻpgina tarmoqlari rivojlangan boʻlib, bugubgi kunda bu korxonalarda qurilish materiallari, yengil sanoat mahsulotlari va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Shaharda 3 ta yirik sanoat korxonalari — „Kogon yogʻ“ hissadorlik jamiyati, „Oltin tola“ ochiq aksiyadorlik jamiyati, „Kogondonmahsulotlari“ ochiq aksionerlik jamiyatlari mavjud. Ulardan tashqari shaharda un kombinati, paxta titish fabrikasi, oxak zavodi, yigʻma temirbeton buyumlari zavodi oʻz faoliyatini yuritadi.
Shuningdek, Kogonda 3 ta qoʻshma korxona — Oʻzbekiston-Rossiya hamkorligidagi „Petromaruzgaz“, Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligidagi „Buxorogench“, Germaniyaning „KNAUF“ firmasi bilan hamkorlikda tuzilgan „Buxorogips“ firmalari faoliyat yuritmoqda.
Transporti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kogon shahr aholisi asosan avtomobil va temir yoʻl transportidan foydalanadi. Shahar hududidan Kogon — Qiziltepa, Kogon — Qarshi magistral yoʻllari oʻtgan. Avtomobil yoʻllar yoqasida avtomobillarga yoqilgʻi va gaz quyish shahobchalari qurilgan boʻlib, shundan 10 tasi benzin, 5 tasi propan gazi, 1 ta metan gazi quyish bilan xizmat koʻrsatadi.
Shaharda „Oʻzbekiston temir yoʻllari“ davlat aksiyadorlik temir yoʻl kompaniyasi Buxoro boʻlimiga qarashli boʻlgan Buxoro-1 stansiyasi, Buxoro lokomotiv va vagon depolari, Buxoro yoʻl masofasi korxonasi, Harbiy qoʻriqchilik xizmati, Mashina-hisoblash stansiyasi, Aloqa va signalizasiya korxonasi (yoki ShCh-9), Taʼminot boʻlimi joylashgan.
Buxoro-1 stansiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bugungi kunda nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda yirik saralash stansiyalardan biri darajasiga koʻtarilgan, yuqori mexanizasiyalashgan va yangi texnologiyalar bilan jihozlangan Buxoro-1 stansiyasining yoshi bir asrdan oshgan.
Taʼlim tizimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kogon shahrida 11 ta umumtaʼlim maktablari, 15 ta maktabgacha taʼlim muassasalari va 1 ta musiqa maktabi mavjud. Bulardan tashqari shaharda „Kogon maktabgacha taʼlim va xizmat koʻrsatish kasb-hunar kolleji“ va „Kogon sanoat va transport kasb-hunar kolleji“ mavjud.
Sogʻliqni saqlash
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shahrda 6 ta tibbiyot birlashmasi mavjud boʻlib, jumladan, 1 ta stasionar muassasa, 1 ta shahar markaziy kasalxonasi, 1 ta kasalxona, 1 ta stomatologiya poliklinikasi, 1 ta tuman DSENM va temir yoʻl kasalxonalari faoliyat koʻrsatadi.
Bugungi kunda Kogon shahrida turli xil kasalliklarni davolovchi xususiy korxonalar ham tashkil etilgan.
Arxeologiya va arxitektura yodgorliklari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shaharda 2 ta arxeologiya va 38 ta arxitektura yodgorliklari mavjud. Arxeologik yodgorliklar Zirabodtepa va Xoʻja Bargitepalar boʻlib, ular oʻrta asrlarga tegishli deb baholanganlar. Arxitektura yodgorliklarining esa barchasi 19 asrning oxiri — 20 asrning boshlariga tegishli boʻlib, ulardan eng mashhurlari: Amir saroyi (1947-yildan shahar temiryoʻlchilari madaniyat saroyi), Pravoslav cherkovi, Rossiya imperiyasi davrida Siyosiy Agentlik binosi (tashlandiq holatda), Telegraf binosi (tashlandiq holatda) va Sinagoga (tashlandiq holatda) vazifasini oʻtagan meʼmoriy yodgorliklar.
Yuqorida koʻrsatilgan barcha yodgorliklar O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 04.10.2019-yildagi 846-son qaroriga asosan „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk ob’yektlari milliy roʻyxati“ga kiritilgan boʻlib, hozirda davlat himoyasidadirlar. Ushbu roʻyxatga kiritilmagan tarixiy-meʼmoriy yodgorliklardan Shohmasjid va Shohinajib (Zirobod) masjidlari, Amir saroyi kompleksi tarkibida boʻlgan va u bilan bir vaqtda qurilgan 3 ta bino ham mavjud[3].
Ommaviy axborot vositalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kogonda „Kogon hayoti“ va „Temiryoʻlchi ovozi“ („Golos jeleznodorojnika“) gazetalari nashr etiladi.
„Kogon hayoti“ gazetasi bugungi kunda Kogon shahar va tuman hokimligining rasmiy nashri boʻlib hisoblanadi. Ushbu gazeta 1931-yil 5-sentabrda „Kogon zarbdori“ nomi ostida nashr etila boshlangan. Undan keyingi davrlarda, gazeta nomi turli sabablarga koʻra bir necha marotaba oʻzgartirilga: „Kogon udarnigi“ (1935-yildan), „Kommunistik mehnat uchun“ (1965-yildan), „Mehnat bayrogʻi“ (1989-yildan). Gazeta oxirgi nomini 1996-yilda olgan. Oʻzbek tilida nashr etiladi.
Kogonda 1990-yil 12-oktabrdan boshlab nashr etila boshlangan „Temiryoʻlchi ovozi“ („Golos jeleznodorojnika“) gazetasi ikki tilda — oʻzbek va rus tillarida chop etiladi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Hayot Davlatov Kogon shahar hokimi etib tayinlandi
- ↑ „Oʻzbekistonda aholisi soni eng kam boʻlgan shahar maʼlum qilindi“. Kun.uz (20-sentyabr 2021-yil). Qaraldi: 5-noyabr 2022-yil.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |