Kontent qismiga oʻtish

Tonga

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Tonkadan yoʻnaltirildi)
Tonga Qirolligi
Puleʻanga Fakatuʻi ʻo Tonga
ShiorKo e ʻOtua mo Tonga ko hoku tofiʻa
(Tongacha: Xudo va Tonga mening merosim)
Madhiya: Ko e fasi ʻo e tuʻi ʻo e ʻOtu Tonga
Location of Tonga
Poytaxt Nuku'alofa
Rasmiy til(lar) Tongacha
Inglizcha
Hukumat Absolyut Rohiblik
• Rohib
Qirol Taufa'ahau Tupou IV
ʻAkilisi Pōhiva
Mustaqillik (Birlashgan Qirollik protektoratidan)
• Sana
4-iyun 1970
Maydon
• Butun
748 km2 (188-oʻrin)
• Suv (%)
4.0
Aholi
• 2002-yilgi roʻyxat
112,422 (193-oʻrin)
• Zichlik 150/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$244 mil. (214-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$2,170
Pul birligi Pa'anga (TOP)
Vaqt mintaqasi UTC+13
• Yoz (DST)
UTC+14
Qisqartma TN
Telefon prefiksi 676
Internet domeni .to

Tonga (Tonga), Tonga Qirolligi (The Kingdom of Tonga) — Tinch okeanining janubi-g‘arbiy qismidagi va Polineziyadagi Tonga arxipelagida joylashgan davlat. Maydoni 748 km². Aholisi 106,1 ming kishi (2002). Poytaxti — Nukualofa shahri. Maʼmuriy jihatdan 6 okrug (district)ra bo‘linadi.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

T. — konstitutsiyaviy monarxiya. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlikka kiradi. Amaldagi konstitutsiyasi 1875-yilda qabul qilingan, keyinchalik unga qoʻshimcha va tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshligʻi — qirol (1965-yildan Taufa’axau Tupou IV). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Qonun chiqaruvchi assambleya, ijrochi hokimyatni qirol va bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.

Tonga arxipelagi (Doʻstlik orollari) Tinch okeanning janubi-gʻarbidagi va Polineziyadagi vulqon va marjonlardan hosil boʻlgan bir qancha orollardan iborat. Ularning tarkibida uch asosiy guruh: Tongatapu, Xaapay, Vavau o.lari hamda bir qancha mayda va odam yashamaydigan orollar bor. Tonga arxipelagi orollari 2 parallel suv osti tizmasida joylashgan boʻlib, gʻarbiy tizma (uz. 700 km dan koʻproq) togʻli vulqonli orollardan (eng baland joyi Kao o.da, 1030 m), sharqiy tizma uncha baland boʻlmagan marjon orollardan iborat. Harakatdagi vulqonlar, shu jumladan, suv osti vulqonlari bor. Iqlimi — tropik dengiz iqlimi. Dekabr—aprel issiq, nam, may—noyabr salqin va quruq oylar. Yanvarning oʻrtacha harorati 26°, avgustniki 20°. Yillik yogʻin 2000 mm. Tuprogʻi unumdor qizil tuproq, orollar namsevar tropik oʻrmonlar bilan qoplangan. Hayvonot dunyosi ilon, kaltakesak va qushlarning 30 ga yaqin turi, kalamush va sichqon, toshbaqa, dengiz mollyuskalaridan iborat; baliq koʻp.

Aholisining aksariyati (98%) — tongalar. Boshqa orollardan kelgan polinezlar va yevropaliklar ham bor. Dindorlarning koʻpchiligi protestant; katoliklar ham bor. Rasmiy til — tonga va ingliz tillari. Aholining 43% shaharlarda yashaydi.

Mil. av. 2-ming yillikda orollarga polinezlar koʻchib kelgan. Mil. 10-asrda davlat uyushmalari paydo boʻlgan, ularni qabila boshliqlari idora qilgan. Bu yerga 17-asrda golland dengizchi sayyohlar yetib borgan. 1845-yil Xaapay o.lari kabila boshligʻi orollar guruhini birlashtirishga erishdi. T.ni egallash uchun Buyuk Britaniya, Germaniya va AQSH oʻrtasida keskin kurash boʻlib, natijada 1900-yil T. Buyuk Britaniya protektorati ostidagi oʻzini oʻzi idora qiluvchi davlat deb eʼlon qilindi. 1967-yilgi Buyuk Britaniya — T. bitimi Buyuk Britaniyaning orollar ustidan nazoratini chekladi. 1970-yil 4 iyunda T. mustaqillikka erishdi. T. — 1999-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 4 iyun — Mustaqillik eʼlon qilingan kun (1970).

Siyosiy partiyalari: Inson huquqlari va demokratiya uchun harakat; Xalq partiyasi, 1994-yil tuzilgan. T.da kasaba uyushmalari yoʻq.

T. — iqtisodiy jihatdan zaif agrar mamlakat. Iqtisodiyotining asosi qishloq xoʻjaligi. (yalpi ichki mahsulotning 32%). Aholining 90% shu sohada band.

Eksport uchun banan, ananas, kokos palmasi (kopra), sitrus mevalar, mahalliy ehtiyoj uchun batat, yams, maniok, taro yetishtiriladi. Qoramol, choʻchqa, echki, uy parrandasi boqiladi, baliq ovlanadi, yogʻoch tayyorlanadi.

Sanoati qishloq xoʻjaligi xom ashyosini qayta ishlaydigan va taxta tiladigan mayda korxonalar, tikuv fabrikasidan iborat. Avtomobil yoʻllari uzunligi — 650 km dan ziyod. Asosiy dengiz portlari (savdo markazlari) — Nukualofa va Neiafu. T. chetga kopra, banan, tropik mevalar, dengiz mahsulotlari, qovun, vanil, pomidor chiqaradi, chetdan mashina va uskuna, oziq-ovqat (qand, choy, qahva va boshqalar), sanoat mollari oladi. Yangi Zelandiya, Avstraliya, AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya bilan savdo qiladi. Pul birligi — paanga.

Maorifi. Boshlangʻich taʼlim bepul, 6-14 yoshdagi bolalar uchun majburiy. Boshlangʻich maktab oʻqituvchilari pedagogika kollejida tayyorlanadi. Okean sohilidagi orombaxsh plyajlar va Nukualofadagi qirol saroyi T.ning diqqatga sazovor joylaridir.

Matbuoti va radioeshittirishi. "Tonga kronikl" ("Tonga voqealari", ingliz va tonga tillarida chiqadigan hukumat haftanomasi, 1964-yildan), "Tonga Tayme", ("Tonga vaqti", ingliz va tonga tillarida chiqadigan haftanoma, 1989-yildan); "Kele’a" ("Chiganoq", tonga tilida yiliga 6 marta chiqadigan siyosiy-iqtisodiy jurnali, 1986-yildan). T. radioeshittirish komissiyasi hukumatga qarashli boʻlib, 1961-yil tashkil etilgan.