Qizil tuproqlar
Qizil tuproqlar — nam subtropik iqlimli keng bargli oʻrmon va qisman tropik savannalarda shakllanadigan tuproq tipi. Ularda temir va alyuminiy oksidlari koʻp, kremnezyom va asoslar esa kam boʻladi. Qizil tuproqlarning ona jinsi ellyuviy, delyuviy va prolyuviy jinslardan iborat. Issiq va nam iqlim togʻ jinslarining intensiv nurashiga, alyuminiy silikatlarining erishiga sabab boʻladi. Chirindiga boy (4,5—12%). Temir oksidlari Qizil tuproqlarga qizgʻish va sargʻish tus beradi. Reaksiyasi kilotali yoki kuchsiz kislotali (rN 5,0—5,7), mexanik tarkibi ogʻir qumoq yoki loyli. Qizil tuproqlar Kaspiy dengizi boʻylaridagi jan.gʻarbiy va Qora dengiz boʻylaridagi sharqiy terrasalarda, Xitoyning markaziy va jan.sharqiy rayonlarida, Yevropa mamlakatlarida va boshqalar joylarda tarqalgan. Oʻzbekistonda qoldiq va qoyatoshli togʻlar yon bagʻirlarida, togʻlarga yaqin adirlarda uchraydi ("qizilkesak" olinadi). Qizil tuproqlarda choy, tamaki, tok, sitrus ekinlari va boshqalar oʻstiriladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |