Kontent qismiga oʻtish

Ilonlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ilonlar
Biologik klassifikatsiya
Olam: Hayvonlar
Tip: Xordalilar
Kenja tip: Umurtqalilar
Sinf: Sudralib yuruvchilar
Turkum: Tangachalilar
Kenja turkum: Serpentes
Linney, 1758
Ilonlar areali (dengiz ilonlarining areali – koʻk)
Ilonlar areali
(dengiz ilonlarining areali – koʻk)
Guruhlari

Ilonlar (Ophidia yoki Serpentes) — tangachalilar kenja turkumi hisoblanadi. Qadimgi Ilon qazilma qoldigʻi (uzunligi 11 m gacha) boʻr davridan maʼlum. Ilonning ajdodi echkemarlarga oʻxshash kaltakesaklar boʻlganligi taxmin qilinadi. Tanasi ingichka va uzun, uzunligi 8 sm dan 10 m gacha, muguzeimon qalqon va tangachalar bilan qoplangan. Oyoq kamari suyaklari boʻlmaydi, ayrim Ilonda chanoq va orqa oyoqlari rudimenti saqlanib qolgan. Umurtqalari 141 dan 435 tagacha. Tush suyagi boʻlmaydi, qovurgʻalari harakatchan. Koʻzini shaffof qovoqlar qoplab turadi. Quloq teshigi va nogʻora pardasi boʻlmaydi, oʻrta qulogʻi sodda tuzilgan. Tili uzun, ayrisimon, yakobson organi bor. Bosh skeletining yuz suyaklari elastik paylar orqali oʻzaro birikkan boʻlib, yirik oʻljani yutayotganida ogʻzining keng ochilishiga imkon beradi. Tishlari ingichka, oʻtkir, orqaga egilgan; oʻljani ushlab turish uchun xizmat qiladi.

Zaharli ilonning yuqori jagʻlarida zahar tishlari boʻladi. Tishlar sirtidagi egatcha yoki ichidagi nay orqali zahar bezidan zahar oʻlja tanasiga oqib keladi. Ichki organlari asimmetrik joylashgan.

Siydik pufagi boʻlmaydi. Erkagining quyiqish organlari bir juft xaltachalardan iborat boʻlib, anal teshigidan orqaroqda, terisining ostida joylashgan. Yilda bir necha marta tullaydi, bunda terisining sirtqi qavati paypoq yechilganidek yaxlit koʻchib tushadi.

Ilonning 3000 ga yaqin turi 13 oilaga boʻlinadi. Asosiy oilalari: suv ilonlari, aspidlar, dengiz ilonlari, qora ilonlar, chuqurchaboshlilar, soʻqirilonlar, torogʻizlilar, boʻgʻma ilonlar, qalqondumlilar. Yer yuzida, Antarktidadan tashqari, hamma joyda uchraydi. Odatda, yer ustida qalin oʻt-oʻlanlar orasida, daraxtlarda, koʻp turlari choʻllarda, ayrim turlari suvda yashaydi. Yirtqich, oʻljani tirikligicha yoki oldin zaharlab yoki boʻgʻib oʻddirib keyin yutadi. Tuxum qoʻyadi, ayrimlari tuxumdan tirik tugʻadi. Ilon tabiatda kemiruvchilar, mollyuskalar va hasharotlar sonini cheklab turishda katta ahamiyatga ega.

Ilon zaharidan tibbiyotda foydalaniladi. Baʼzi Ilon terisi charm sanoatida qoʻllanadi. Ayrim Ilon odam uchun xavfli, biroq ular hech qachon birinchi boʻlib hamla qilmaydi.

Oʻzbekiston hududida Ilonning 20 gacha yaqin turi tarqalgan, ulardan kapcha ilon, koʻlbor ilon, dasht qora iloni, qalqontumshuq,charx ilonlari zaharli hisoblanadi. Koʻpchilik turlarining soni keskin kamayib ketmoqda. Xalqaro tabiatni muhofaza qilish jamiyati Qizil kitobiga ilonlarning 16 turi kiritilgan[1].

Kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ilonlar kaltakesaklardan kelib chiqqan va monofil guruhdir. Molekulyar maʼlumotlarga koʻra, zamonaviy kaltakesaklar orasida ularning eng yaqin qarindoshlari iguanaga oʻxshash boʻlib, ular bilan birga Toxicofera kladasini hosil qiladi. Baʼzi morfologik tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, bu turkumga mozazaurlar ham kiradi va ular ilonlarning qardosh guruhidir.

Maʼlum boʻlgan eng qadimgi ilon qoldiqlari (2014-yil holatiga koʻra) Angliyaning Oʻrta yura choʻkindilaridan (taxminan 167 million yil oldin, Eophis Underwoodi) olingan[2].

Strukturaviy xususiyatlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tashqi koʻrinishi

Ilonlarning tanasi choʻzilgan, oyoq-qoʻllari yoʻq. Tana uzunligi 10 sm dan deyarli 7 metrgacha oʻzgarib turadi.

Ilonlar oyoqsiz kaltakesaklardan jagʻning chap va oʻng qismlarining harakatchan tutashuvi (bu oʻljani butun yutib yuborish imkonini beradi), harakatlanuvchi koʻz qovoqlari, quloq pardasi va yelka kamarining yoʻqligi bilan farq qiladi.

Terisi

Ilonning tanasi tangasimon teri bilan qoplangan. Boshqa sudraluvchilardan farqli oʻlaroq (ilon va chuvalchanglar oʻrtasidagi chalkashlik) ilon terisi quruq, nam va shilimshiq emas. Koʻpgina ilon turlarida qorin tomonidagi teri maxsus boʻlib, sudralisg va tanasini tortish uchun moslashtirilgan va bu harakatni osonlashtiradi. Ilonning qovoqlari shaffof boʻlib, doimo yopiq holda qoladi. Ilonlarda teri bir vaqtning oʻzida va bir qatlamda oʻzgaradi[3].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Романовская Т. „Змеи потеряли ноги из-за выключения гена Sonic hedgehog“. Элементы (2016-yil 3-noyabr). 2016-yil 31-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 30-dekabr.
  3. Are snakes slimy? at Singapore Zoological Gardenʼs Docent. Accessed 14 August 2006.