Pomidor
Pomidor | ||||||||||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
Pomidor mevasi kesimi va butun koʻrinishi. | ||||||||||||||
Biologik klassifikatsiya | ||||||||||||||
| ||||||||||||||
Solanum lycopersicum | ||||||||||||||
Lycopersicon lycopersicum |
Pomidor (lotincha: Solanum lycopersicum) bir yillik, tropik iqlimlarda koʻp yillik oʻt oʻsimlikdir. Sabzavot ekini sifatida keng ekiladi. Ilmiy terminologiyada tomat nomi ishlatilsa-da, Oʻzbekistonda oʻsimligi ham, mevasi ham pomidor yoki „pamildori“ (xalq orasida) deb yuritiladi. Pomidor italyancha pomo d’oro soʻzidan olingan boʻlib, „oltin olma“ degan maʼnoni anglatadi. Ingliz, yapon, koreys tillarida tomato, xitoy tilida shu fan qie, fransuz tilida arbe a tomates, tomate arbustive, nemis tilida tomatobaum, zbaumtomate, baumtomatenstrauch, ispan tilida esa tomate deb nomlanadi.
Pomidor ilk bor Amerika materigida kelib chiqqan. Keyinchalik ispanlar Amerikada mustamlakalar oʻrnata boshlaganidan soʻng butun dunyoga tarqalgan. Hozirgi kunda pomidorning juda koʻp navi dunyoning turli mamlakatlarida yetishtiriladi.
Pomidor ham pishirilmasdan, ham turli taomlar va qaylalar yoki ichimliklar ingrediyenti sifatida isteʼmol qilinadi. Pomidor oʻsimligi odatda 1-3 metr balandlikkacha oʻsa oladi. Poyasi boʻsh boʻlib, koʻpincha yerda tarqalib va boshqa oʻsimliklarga chirmashib oʻsadi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Pomidorning vatani Janubiy Amerika qitʼasining Peru, Ekvador va Chili mamlakatlari hududlari hisoblanadi.[1] Hozirda yetishtiriladigan pomidorga oʻxshash boʻlgan oʻsimlik turlari Galapagos orollarida ham topilgan. Birinchi boʻlib Meksikada madaniy holda yetishtirila boshlangan. U Yevropaga ispan kolonizatorlari va yevropalik savdogarlar tomonidan dastlab Ispaniya, Portugaliya, keyinchalik Italiya, Fransiya va boshqa mamlakatlarga ham olib kelingan. Pomidor avvaliga zaharli oʻsimlik hisoblanib, bogʻbonlar tomonidan faqat dekorativ oʻsimlik sifatida yetishtirilgan. 18-asr oʻrtalarida esa Rossiyada ham keng yetishtirila boshlangan. Oʻrta Osiyoga, shu jumladan Oʻzbekistonga ham pomidor Rossiya orqali kirib kelgan.
Biologik xususiyatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Pomidorning ildiz tizimi nihoyatda tarmoqlangan boʻlib, tuproqning chuqur (150 santimetrgacha) qatlamlariga kirib boradi va eniga 1,5-2,5 metr diametrgacha oʻsishi mumkin. Namlik yetarli boʻlganda poyaning barcha qismlaridan ildiz yengil paydo boʻladi, shuning uchun pomidorni nafaqat urugʻi bilan balki vegetativ usulda ham koʻpaytirsa boʻladi.
Pomidorning poyasi oʻtsimon, tik yoki yotib oʻsadi, kuchli yoki kuchsiz shoxlanuvchan boʻlib, poya turiga qarab 30 santimetrdan 2-3 metrgacha oʻsadi. Poyasini va barglarini tuzilishiga qarab pomidor 3 xilga boʻlinadi: shtambli — poyasi yoʻgʻon, kam shoxlanuvchan, hatto mevalari bilan ham tik turuvchi; shtambsiz — poyasi ingichka, kuchli shoxnaluvchan, mevasi ogʻirligi taʼsirida yotib qoladigan; kartoshkasimon — yirik bargli. Shuningdek pomidor poyasi determinant (asosiy poya va yon shoxlari moʻtadil oʻsib, toʻpgul hosil qilish bilan tugaydi) va indeterminant (asosiy poya kuchli oʻsishi bilan farqlanadi, yon shoxlari olib turilganda 2-3 metrgacha oʻsishi mumkin) turlarga boʻlinadi. Determinant pomidor navlari ochiq dalaga ekilsa, indeterminant navlar asosan issiqxonalarda yetishtiriladi.
Gullari ikki jinsli, mayda, sariq rangda, odatda 5-7 ta gultojibargli boʻladi. Changchilari 5-6 ta, konussimon shaklda joylashgan. Gulinig urugʻchisi koʻpchilik navlarda changchilardan iborat konusning ichida joylashadi, bu esa pomidor ekinini 95 % hollarda oʻzidan changlanuvchi boʻlishini taqozo etadi. Ayrim navlarda yoki noqulay ob-havo sharoitlarida (issiq harorat) urugʻchi tumshugʻi changchilardan tepparoqda joylashadi, bunda pomidor gullari chetdan hasharotlar yoki shamol yordamoda changlanishi mumkin.
Mevasi ikki, uch va koʻp kamerali, sersuv, rezavor. Mevalarining ogʻirligi 50 dan 1000 grammgacha; rangi qizil, pushti, sariq, binafsha, oq va hatto qora boʻlishi mumkin; shakli yumaloq, yumaloq-yassi, noksimon, olxoʻrisimon boʻlishi mumkin. Urugʻlari kichkina, yassi, uchi oʻtkirlashgan, tukli, sariq-kul rangda, 1000 ta urugʻ vazni 2,5-4,0 grammgacha boʻlib, unuvchanligi 4-6 yilgacha saqlaydi. Pomidor issiqsevar oʻsimlikdir. Uning normal oʻsib rivojlanishi uchun harorat 20-25 °C, havoning nisbiy namligi 40-65 % boʻlishi maqbul hisoblanadi. Harorat 15 °C dan pasayganda oʻsishi sustlashadi, 0-1 °C da esa umuman oʻsishdan toʻxtaydi, −1-−2 °C da oʻsimligi nobud boʻladi. Oʻta yuqori harorat ham (35 °C<t) pomidor oʻsimligining oʻsish va rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shungdek pomidor yorugʻlik sevar oʻsimlik boʻlib, soya joyda yetishtirilganda poyasi nimjon va uzun boʻlib oʻsadi, meva hosil qilmaydi.
Yetishtirish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Pomidor hozirgi kunga kelib oʻzining qimmatli va dietik hususiyatlari sababli butun jahonda eng keng yetishtiriladigan sabzavot ekinlaridan biri hisoblanadi. Hozirgi kunga kelib pomidorning 1000 dan ortiq turli-tuman navlari yaratilgan boʻlib, ular ochiq va himoyalangan maydonlarda (masalan issiqxonalarda) yetishtirilmoqda. Hozirgi vaqtda dunyoda taxminan 4,4 million gektar (2009-yil) maydonda ekilib, 153 million tonna yalpi hosil yetishtiriladi. Asosiy pomidor yetishtiruvchi davlatlar Xitoy (45,4 million tonna), AQSh (14,14 million tonna), Hindiston (11,15 million tonna), Turkiya (10,7 million tonna), Misr (10,0 million tonna) hisoblanadi. Oʻzbekistonda asosiy sabzavot ekinlaridan biri hisoblanib, sabzavot ekinlar umumiy maydonining 40-45 % ini pomidor tashkil qiladi. 2010-yilda Oʻzbekistonda pomidor 75000 gektar maydonda yetishtirilgan. Yalpi hosilning 70 % qayta ishlanadi, 10-15 % mahalliy bozorda realizatsiya qilinsa, 15-20 % eksport qilinadi.
BMTning oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi boʻyicha organizatsiyasiga koʻra (The Food and Agriculture Organization of the United Nations (FAO)), 2010-yilda eng koʻp pomidor yetishtirgan 5 mamlakat quyidagilardir:[2]
Besh eng koʻp pomidor yetishtiruvchi davlatlar (2010) (tonnada) | |
---|---|
Xitoy | 41,879,684 |
AQSh | 41,879,684 |
Hindiston | 11,979,700 |
Turkiya | 10,052,000 |
Misr | 8,544,990 |
Dunyoda jami | 145,751,507 |
Agrotexnikasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nav tanlash. Oʻzbekistonda pomidorning ertapishar Shafaq, Sevara; oʻrta-tezpishar Peremoga-165, Vostok-36, Progressivniy; oʻrtapishar Volgogradskiy 5/95, TMK-22, Novinka Pridnestrovya, Bahodir, Oʻzbekiston-178, Surxon-142, Namuna navlari hamda Sulton F1, Soprano F1, Superstreyn duragaylari, oʻrta-kechpishar Oktabr 60, Yusupovskiy, Doni-2000 navlarini ekish maqsadga muvofiqdir.
Yer tanlash. Oziq moddalarga boy, mexanik tarkibi yengil qumoq, shoʻrlanmagan har xil tuproq tiplari yaroqli. Ayniqsa, oʻtloq, oʻtloq-boʻz va tipik boʻz tuproqlarda pomidor yaxshi oʻsadi.
Almashlab ekishdagi oʻrni. Beda, koʻkat va dukkakli sabzavotlar, piyoz, sarimsoq, poliz ekinlari, bodring va karam yaxshi oʻtmishdosh. Pomidorni pomidordan soʻng yoki ituzumdoshlar oilasiga mansub boshqa ekinlar, yaʼni pomidor oʻsimliklarida uchraydigan kasallik — zararkunandalarga chalinadigan kartoshka, qalompir, baqlajon, tamaki, shuningdek gʻoʻza ekinidan keyin ekmaslik kerak. Chunki pomidor mevasi gʻoʻza singari koʻsak qurti bilan zararlanadi. Bir dalada pomidorni oʻstirib, qayta uch yildan soʻng ekish mumkin.
Oʻgʻitlash. Pomidor tuproq unumdorligiga va oʻgʻitlarga talabchan ekin. U tuproqdagi oziq moddalarni sarflash boʻyicha sabzavot ekinlari orasida oldingi oʻrinlardan birini egallaydi. Oʻzbekiston sabzavot-poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti maʼlumotlariga (1987) koʻra, gektaridan 58-70 tonna pomidor hosili olish uchun 160–230 kg azot va 70–90 kg fosfor sarflanadi. Shuning uchun albatta pomidor ekini oʻgʻitlanishi shart. Oʻzbekistonda pomidorga organik va mineral oʻgʻitlar birga solinganda yanada samarali boʻladi. Umuman, boʻz tuproqlarda gektariga azot 120—200, fosfor 140—150, kaliy 90–100 kg, oʻtloq va oʻtloq-botqoq tuproqlarda azot 140—150, fosfor 140—150, kaliy −100 kg hisobida beriladi.
Ekish muddati, qalinligi va sxemasi. Ertagi pomidor koʻchatlari 10-20-aprelda, kechki esa 20-apreldan 10-maygacha ekiladi. Qator oralari 70, 90 sm, tup oralari naviga qarab 25, 30, yoki 40 sm qilib har gektarga 50-74 mingtagacha koʻchat ekiladi.
Parvarishlash. Birinchi ishlov berish koʻchatlar tutgandan soʻng 10 kun oʻtgach oʻtkaziladi. Koʻchatlarni chopiq qilish yana 12-15 kun oʻtgach takrorlanadi. Oʻsuv davrida qator oralariga 6-7 martagacha KOR-4,2, KRN-4,2 markali kultivatorlar yordamida ishlov beriladi. Palaklar bir necha marta pushtaga toʻgʻrilab chiqiladi. Oʻsuv davrida tuproq namligi dala nam sigʻimiga nisbatan 75-80 % dan kam boʻlmasligi lozim. Sizot suvlari chuqur boʻlgan boʻz tuproqlarda gektariga 500–700 m3 hisobida 14-16, hatto 20 martagacha, sizot suvlari yuza joylashgan oʻtloq va oʻtloq-botqoq tuproqlarda 12-14 martagacha sugʻoriladi.
Hosilni yigʻish. Pishish darajasiga qarab har 3-5 kunda jami 10-15 martagacha qoʻlda teriladi. Mevalari bir vaqtda pishadigan, texnikaga mos navlar hosili SKT-2 markali kombayn yordamida bir marta yigʻishtirib olinadi. Pomidor mevasi turlicha pishgan davrida terib olinadi. Isteʼmol va qayta ishlash uchun mevalar qip-qizil boʻlib, toʻla pishganda terib olinadi. Yaqin joylarga joʻnatish va tuzlash maqsadlari uchun sargʻaygan mevalari teriladi. Pomidor terish iyundan boshlanib oktabrgacha davom etadi.
Himoyalangan yerda agrotexnikasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aholini bu qimmatli sabzavot ekini bilan kech kuzgi, qishki, bahorgi mavsumda taʼminlash uchun pomidor ochiq maydonlardan tashqari himoyalangan yer inshootlarida ham keng yetishtiriladi. Pomidor katta xoʻjaliklarda maxsus isitiladigan issiqxonalarda yetishtirilsa, aholi tomorqalarida baland va past plastik tunnellarda (parniklarda) yetishtiriladi. Ochiq maydonda pomidor maksimal hosildorligi 100-150 t/ga ni tashkil etsa, zamonaviy issiqxonalarda bu koʻrsatkich 600 t/ga ni tashkil qilishi mumkin. Issiqxonalarda pomidor asosan tuproqda yoki uni oʻrninni bosuvchi organik (torf, yogʻoch qipigʻi, gumus, kokos poʻstlogʻi va boshqalar) va anorganik (perlit, vermikulit, mineral vata va boshqalar) muhitlarda yetishtiriladi. Issiqxonalarda asosan pomidorning maxsus birinchi avlod duragaylari oʻstiriladi. Oʻzbekistonda aholini yangi mevalari bilan yil boʻyi taʼminlash maqsadida pomidor isitiladigan issiqxonalarda 3 mavsumda yetishtiriladi: kuzgi-qishki (avgust oyi boshidan keyingi yil yanvargacha), qishki-bahorgi (yanvardan iyul oyigacha) va uzoq muddatli (avgust oyida boshlanib, keyingi yil iyulgacha davom etadi).
Mevasining kimyoviy tarkibi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Pomidor mevalari oʻzining qimmatli ozuqaviy hamda tam koʻrsatkichlari bilan ajralib turadi. Pishib yetilgan mevasinig kaloriyasi (energetik qimmati) — 19 kkal. Tarkibida 4-8 % quruq modda tutib, ularning asosiy qismini uglevodlar (glukoza va fruktoza) tashkil qiladi. Shuningdek mevalarida oqsillar (0,6-1,1 %), organik kislotalar (0,5 %), biriktiruvchi toʻqima (0,84 %), pektin moddalar (0,3 % gacha), kraxmal (0,07-0,3 %), mineral moddalar (0,6 %) mavjud.
Eʼtiborli tarafi shundaki, pomidor mevalarida likopin moddasi, turli xil vitaminlar (B1, B2, B3, B5, C vitamini, provitamin A) koʻp miqdorda mavjud. Tarkibidagi xolin moddasi qon tarkibidagi xolesterin moddasi miqdorini kamaytiradi, immun tizimiga va gemoglobin xosil boʻlishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Kasallik va zararkunandalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Pomidor dalada va issiqxonalarda yetishtirilganda bir qancha kasalliklardan zarar koʻrishi mumkin Pomidorda pastki barglarining sargʻayishi ushbu kasallikning dastlabki belgilaridandir. Viltning keyingi rivojlanishi ildiz tizimi oʻtkazuvchi toʻqimalarining qoʻngʻir tusga kirishi, pomidor oʻsimligining tiklanmas soʻlishi na natijada uning nobud boʻlishiga olib keladi. Bu oʻsimlikni yetishtirishda agrotexnik tadbirlar oʻtkazish muddatlariga qarab oynaband issiq xonalarda va ochiq joylarda amalga oshiriladi. Pomidor dalada va issiqxonalarda yetishtirilganda bir qancha kasalliklardan zarar koʻrishi mumkin. Bu oʻsimliklarni ochiq joylarda yetishtirilganda fitoftorioz, makrosparioz, septarioz, ildiz chrishi, fuzariozli vilt, bakterial vilt, qora bakterial dogʻlanish (kladosparioz) kabi zamburugʻli kasalliklar hamda mozaika, strik va stolbur kabi virusli kasalliklar bilan kasallanadi
Bakterial vilt bilan zararlangan pomodor tezda soʻliydi, ammo barglari yashilligicha qoladi, poya kesib koʻrilganida asosiy oʻzakning qoʻngʻir rangga kirganligini kuzatish mumkin. Issiqxona pomidorlari esa asosan kul rang chirish (Botrytis cinerea), fitoftora (Phytophthora infestans), barglarnig goʻngir dogʻlanishi (Fulvia fulva, Cladosporium), un shudring (Oidium neolycopersici) kabi zamburugʻli kasalliklardan aziyat chekadi.
Namlik
[tahrir | manbasini tahrirlash]Havo harorati 12 °C darajadan past va nisbiy namligi yuqori boʻlganda gul changlanmaydi. Havo harorati 35 °C darajadan yuqori va nisbiy namligi juda past (20-25 %) boʻlganda ham gulning changlanishi kuzatilmaydi. Pomidor aslida tropik mamlakatlarda kashf qilingan boʻlib, issiqqa ancha talabchan. Tajribalardan shu narsa aniqlanganki, harorat 15 °C dan past boʻlganda, oʻsimlik gullamaydi, 10 °C dan past boʻlganda esa oʻsishdan toʻxtaydi. Shuningdek, harorat 30 °C dan ortganda butunlay oʻsishdan toʻxtaydi. Pomidorning oʻsish va rivojlanishi uchun eng maqbul harorat 20-25 °C darajadir.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Smith, Andrew F. Amerikada Pomidor: tarixi, madaniyati va kulinariyasi (ingl.). Columbia, S.C, USA: University of South Carolina Press, 1994. ISBN 1-57003-000-6.
- ↑ „Hosil statistikasi (ingl.)“. 2013-yil 1-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 17-iyun.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Vikiomborda Pomidor haqida turkum mavjud |