Kontent qismiga oʻtish

Saxa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Saxa Respublikasi
bayroq

Saxa Respublikasi (saxa.: Саха Өрөспүүбүлүкэтэ, Саха Сирэ) — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. Sharqiy Sibirning shimolida, hududining 1/3 qismidan koʻprogʻi Shimoliy qutb doirasida joylashgan. Novaya Sibir orollarini oʻz ichiga oladi. Maydoni 3103,2 ming km². Aholisi 948,1 ming kishi (2002). Poytaxti — Yakutsk shahri. 33 tuman, 13 shahar va 62 shaharcha bor.[1]

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Saxa — respublika. Respublika rahbari va ijroiya hokimiyat boshligʻi — prezident. Hokimiyatning oliy ijroiya organi — rais boshchiligidagi hukumat. Qonun chiqaruvchi organ — ikki palata (respublika palatasi va vakillar palatasi)dan iborat Davlat majlisi (Il Tumen).[1]

Saxa hududining 2/3 qismidan koʻprogʻini togʻ va yassitogʻliklar egallagan. Eng yirik togʻlari: Yuqori Yana, Cherskiy (Pobeda togʻi 3147 m — Saxadagi eng baland nukta), ular orasida YanaOymyakon togʻligi bor. Janubida Aldan togʻligi, gʻarbida Oʻrta Sibir yassitogʻligi, shimoliy va markazida YanaIndigirka, Kolima va Markaziy Yakutiya (Vilyuy) pasttekisliklari joylashgan. Foydali qazilmalardan oltin, olmos, temir rudasi, island shpati, yonuvchi gaz, neft konlari bor. Iklimi keskin kontinental; kishi sovuq, 8 oy davom etadi. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi Saxa markazida −34°dan −50° gacha. Shimoliy yarim sharning eng sovuqjoylari: VerxoyanskOymyakon (-72,2° gacha). Yozi qisqa, iliq. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 18-19°. Yillik yogʻin −200-700 mm.

Saxa hududining yarmidan kupi Lena daryosi va uning irmoqdari — Aldan, Vilyuy, Olyokma havzasida. Shimolida Anabar, Olenek, Yana, Indigirka, Alazeya, Kolima daryolari oqadi. Daryolardan kema qatnovida, yogʻoch oqizishda, gidroenergiya olishda foydalaniladi. Saxaning koʻp qismi abadiy muzloq yerlardan iborat. Togʻli (muzlab yotgan) joylarda tayga tuproklari va togʻ tundra tuproklari uchraydi. Markaziy Saxada chimli oʻrmon, qumoq, allyuvialoʻtloqi tuproqlar, qolgan joylarda togʻoʻrmon va tundragleyli tuproklar tarqalgan. Hududning 9/10 qismi oʻrmon (aksari tilogʻoch) bilan qoplangan. Qutb tulkisi, olmaxon, oq quyon, tulki, sobol kabi moʻynali hayvonlar ovlanadi, suvlarida baliq koʻp. Saxa hududida Olyokma tabiiy qoʻriqhonasi, Mom, Siine, UstVilyuy, Lena tabiiy bogʻlari bor.[1]

Saxa (33,4 %), rus (50,3 %), ukrain (7 %), tatar (1,6 %), even, evenk, yukagir, chukcha va boshqa yashaydi. Shahar aholisi 64,2 %. Respublikaning davlat tili — saxa va rus tili. Dindorlarning aksariyati pravoslavlar. Yirik shaharlari — Yakutsk, Neryungri.[1]

Saxada yuqori paleolit davridan odam yashaydi. Mil. dastlabki asrlarda Saxa hududiga evenklarning ajdodlari koʻchib kelgan. 10-15-asrlarda Baykal atrofidan kelgan turkiy kabilalar bilan tub aholining aralashuvidan saxa xalqi tarkib topgan. 17-asrning 30-yillarida Saxa Rossiyaga qoʻshib olindi. 1632-yil ruslar Yakutsk qalʼasini qurib, oʻlkani boshqarish markaziga aylantirdi. 19-asr 40ylarida Olyokma va Vitim daryolari boʻyida oltin konlari topildi. 19-20-asrlarda podsho xukumati Saxani siyosiy mahbuslar surgun qilinadigan joyga aylantirdi. 1922-yilda Rossiya Federatsiyasi tarkibida Yakutiya muxtor sovet resggublikasi tashkil etildi. Sovet hokimiyati bu oʻlkaning bebaho tabiiy boyliklarini butun mamlakat iqgisodiyotiga xizmat qildirdi. 1990 sentabrda respublikaning davlat suvereniteti eʼlon qilindi, 1991-yil oktabrda prezident lavozimi taʼsis etildi, 1991-yil dekabrda nomi oʻzgartirilib, Saxa (Yakutiya) Respublikasi deb ataladigan boʻldi.[1]

Konchilik va ishlab chiqarish sanoati iqtisodiyotning asosini tashkil etadi. Umumrossiya va jahon bozoriga noyob xom ashyo — mamont suyagi va bugʻu shoxi yetkazib beradi. 1990-2000-yillarda yalpi mahsulotda sanoatning ulushi 53,5 %, qishloq xoʻjaliginingulushi 2,9 %, qurilishning ulushi 4,1 %, transportning ulushi 3 %, savdoning ulushi 7,1 % boʻldi. Barcha korxonalarning 65,3 % xususiy, 11,5 % davlatga qarashli.

Sanoatning asosiy tarmoklari: rangli metallurgiya (sanoat ishlab chiqarish umumiy hajmining 77,4 %), yoqilgʻi (10,3 %), elektr energetika (7,4 %), oziq-ovqat (2,2 %), oʻrmon, yogochsozlik va sellyulozaqogʻoz (0,7 %), binokorlik materiallari sanoati (0,6 %), mashinasozlik va metall ishlash (0,4 %), yengil sanoat (0,2 %). Energetika mahalliy kumir, tabiiy gaz, gidroenergiya zaxiralari va keltirilgan neft asosida ishlaydi (Vilyuy GES, Yakutiya, Neryungri va Chulman GRESlari). Konchilik sanoatida olmos, oltin, qalay, surma, simob, volfram, koʻmir qazib olinadi. Jatay shaharchasida kemasozlik va kema taʼmirlash zavodi, Lena va Olyokma tumanlarida oʻrmon sanoati rivojlangan.

Qishloq xoʻjaligi yalpi mahsulotining 27,8 % dehqonchilikka, 72,2 % chorvachilikka toʻgʻri keladi. Saxa hududining taxminan 900 ming gadan foydalaniladi. Bu yerlarning asosiy qismi pichanzor va yaylov, 1/10 qismi haydaladi. Chorvachiligida qoramol, ot, bugʻu boqiladi, moʻynabop darrandachilik va ovchilik (olmaxon, tulki, oq suvsar, ondatra, oq kuyon, sobol boqish va ovlash) rivojlangan; baliq ovlanadi. Dehqonchilikda gʻalla (bugʻdoy, arpa, suli), kartoshka, sabzavot ekiladi. Transportning barchaturlari mavjud. Transport yoʻli uzunligi — 165 km, qattiq qoplamali avtomobil yoʻllari uzunligi 7190 km. Ichki suv yoʻllari uzunligi — 11,7 ming km. Lena va Kolima daryolari quyilish joyida 2 ta dengiz porti (Tiksi va Zeleniy Mis), Yakutskda xalqaro aeroport, Taas-Tumus-Yakutsk-Pokrovsk gaz quvurlari bor. Shimoliy dengiz yoʻli boʻylab kemalar qatnaydi.[1]

Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1990-yillar oxirida Saxada 5187 vrach aholiga tibbiy xizmat koʻrsatdi. Saxa sil kasalliklari ilmiy tadqiqot instituti bor. 711 umumiy oʻrta taʼlim maktabida 198 ming, 20 oʻrta maxsus oʻquv yurtida 10,8 ming oʻquvchi, 2 oliy oʻquv yurti — Saxa davlat universiteti va Qishloq xoʻjaligi akademiyasida 8,1 ming talaba taʼlim oldi. Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir boʻlimining Ilmiy arkazi tarix, til va adabiyot, biologiya, Shimoliy fizikatexnika muammolari, Shimoliy konchiligi institutlarini birlashtiradi. Rossiyadagi yagona muzloqshunoslik ilmiy tadqiqot instituti shu yerda joylashgan. 10 sanatoriykurort muassasasi bor. Telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar saxa va rus tillarida olib boriladi. Yakutskda telemarkaz ishlaydi.[1]

Adabiyoti saxa xalqining qaxramonlik eposi — olonxo (dostonlar turkumi), ertak va koʻshiklar, tarixiy rivoyatlardan boshlanadi. Ularda saxalarning 8-9-asrlardagi hayoti, boshqa turkiy xalqlar bilan qoʻshnichiligi, dushmanga qarshi kurashi aks etgan. Saxa yozma adabiyoti 20-asr boshlarida paydo boʻldi. A.Kulakovskiy, A.Sofronov, N.Neustroyev asarlarida saxa xalqining uqubatli hayoti, ogʻir mehnati tasvirlangan. 20-yillarda dastlabki zamonaviy doston va qissalar bosilib chikdi, hikoyanavislik rivojlandi (P.Oyunskiy, N.Neustroyev, A.IvanovKyunde va boshqalar). 30-yillarda Ellyay (S.Kulachikov), AmmaAchchigiya (N.Mordinov), ErilikEristin (S.Yakovlev), Omollon (D. Sivsev), A. Kudrin (Abachinskiy) kabi yozuvchilarning voyaga yetishi saxa adabiyotini ravnaq toptirdi. Ular oʻzlarining nazmiy va dramatik asarlarida xalqning mehnati va hayotini haqqoniy tasvirladilar. 50-90-yillarda saxa adabiyoti Bolot Bootur, P.Toburokov, S.Tarasov, S.Rufov, I.Danilov asarlari bilan boyidi.[1]

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Saxalarning qadimgi turar joylari toʻgʻri burchakli rejadagi yogʻoch oʻtovlar va „buorjiye“ deb atalgan bostirmalardan iborat boʻlgan. Yozda sinchdan tiklanib, tomi qayin poʻstlogʻi bilan yopilgan „urasa“ (chayla)da yashaganlar. 19-asrdan yogʻoch devorli uy (izba)lar urf boʻldi. 17-asrda tik qadalgan uchli xodalardan qalʼa (ostrog)lar kurildi. Keyinchalik ular oʻrnida Yakutsk, Vilyuysk, Olyokminsk, Verxoyansk, Srednekolimsk sh.lari paydo boʻlib, 18-asrda gʻishtli binolar kurila boshladi. 19-20-asrlarda Saxa yer osti boyliklari oʻzlashtirilishi munosabati bilan Aldan, Lenek, Mirniy, Neryungri shlari qad. koʻtardi, ulardagi bino va inshootlar yirik blok, panel va pishik, gʻishtdan quriddi. 20-asrning 2-yarmida Yakutskda Rus drama teatri (1957, meʼmori I. Bondarev), aerovokzal (1963, meʼmori N. Suxanov), universitet (1967, meʼmori I.Bondarev) va boshqa kurildi.

Saxa xududida neolit, jez va ilk temir davrlariga oid sopol idishlar, bugʻu shoxidan yasalgan badiiy buyumlar, qoyalarga ishlangan ov manzaralari topilgan. Xalq ijodkorligining har xil turlari (yogʻoch oʻymakorligi, kashtachilik, zargarlik, mamont suyagi va morj tishidan badiiy buyum hamda haykalchalar, moʻynadan naqshli kiyim va gilam yasash kabilar) bilan qadimdan shugʻullanib kelingan. Keyingi davrda professional tasviriy sanʼat rivojlana boshladi. 20-asrning 30-yillarida rassomlardan N.Nosov, I.Popov, V.Kandinskiy, P. Romanov, haykaltarosh P. Dobrinin, 50-80-yillarda rang-tasvirchilardan L.Kim, L.Gabishev, F.Pavlov, A.Osipov, grafiklardan V.Vasilyev, L.Neofitov, haykaltaroshlardan S.Yegorov, K.Pshennikov, K. Gerasimov, TAmmosov va boshqa ijod qildi. Amaliy bezak sanʼati turlari qayta tiklandi.

Musiqasi oʻziga xos yakkaxonlik, davra qoʻshiklaridan iborat. Olonxosut deb ataluvchi oqinlar murakkab olonxo dostonlarini zoʻr mahorat (goh ertaksimon choʻzib, goh jangovar jazava) bilan ijro etadilar. Ishqiy va raqsbop qoʻshiqlar esa shoʻxchan ohangda aytiladi. Davra boʻlib tushiladigan raqslar osuoxay deb ataladi. Cholgʻu asboblari: kiriimpa (saxacha gʻijjak), xomus (saxacha chang qoʻbiz), kyupsyur (baraban) va boshqa 1920-yil Yakutskda simfonik orkestr, 1921-yil musiqa studiyasi, 1936-yil Saxa milliy teatri xuzurida xor tashkil etilgan. G.Grigoryan, G.Litinskiy, L.Vishkaryov, G.Komrakov, J.Batuyev va boshqa kompozitorlar turli musiqa janrlarini rivojlantirdilar. Ijrochilar orasida dirijyorlar M.Benediktov, A.Kuleshov, G.Krivoshapko, G.Tanigin, opera rejissyor A.Yegorova, xonandalar M.Lobanov, A.Ilina mashxur. Bir necha musiqa bilim yurti bor. Teatri. Saxa folklorida, ayniqsa, olonxo eposida teatr harakati unsurlari boʻlgan. 20-asr boshlarida badiiy havaskorlik rivojlandi. Saxa tilidagi birinchi spetakl 1906-yil havaskor xalq oqinlari ijrosida sahnalashtirildi. 1920-yil Yakutskda rus drama teatri (hozirgi Davlat drama teatri) tashkil etildi. 1925-yil shu teatr qoshida saxa truppasi ishlay boshladi, bu truppa 1926-yil millim teatrga aylantirildi. Unda mahalliy yozuvchilardan N.Neustroyev, P.Oyunskiy, D.Sivsev, S.Yefremov va boshqalarlarning pʼyesalari, xalq qahramonlik eposlari asosidagi asarlar qoʻyildi. Yakutskda P. Oyunskiy nomidagi drama teatri, Nyurbada sayyor drama teatri bor. Tanikdi teatr arboblari: V.Mestnikov, D.Xodulov, S.Grigoryev, D.Slepsov, G.Kolesov va boshqalar.[1]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 1,8 "Saxa" OʻzME. S-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil