Xakasiya
Xakasiya yoki Xakasiya Respublikasi — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. Sharqiy Sibir janubida joylashgan. Maydoni 61,9 ming km². Aholisi 546,1 ming kishi (2002). Poytaxti — Abakan t. 5 shahar, 13 shaharcha bor.
Davlat tuzumi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xakasiya — respublika. Respublika rahbari va ijroiya hokimiyat boshligʻi — hukumat raisi. Oliy ijrochi hokimiyat organi — hukumat. Oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat organi — Oliy kengash.
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xakasiyada Janubiy Sibir togʻlarining bir qismi joylashgan. Kuznetsk Olatovining sharqiy yon bagʻirlari va Abakan tizmasi, Gʻarbiy Sayanning shimoliy yon bagʻirlarini oʻz ichiga olgan togʻlik qism va janubida Minusinsk soyligi, shimolida ChulimYenisey soyligini qamrab olgan pastbaland tekislikdan iborat. Foydali qazilmalardan toshkoʻmir, temir rudasi, mis, molibden, volfram va boshqa bor. Ikdimi keskin kontinental. Yanvarda oʻrtacha temperatura — 16°, —20°, iyulda 18°—20°. Urtacha yillik yogʻin 300–700 mm. Asosiy daryosi — Yenisey va uning irmogʻi Abakan. Tuproklari chimli oʻrmon va chimli podzol. Hududining 40% oʻrmon (tayga). Togʻlarda igna bargli va keng bargli oʻrmonlar bor, choʻqqilar tundraga xos. Xakasiya hududida "Chazi" va "Kichik Abakan" tabiiy qoʻriqxonalar bor.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aholisi xakas, rus, ukrain, tatar, nemis, mordva va boshqa Shahar aholisi 70,8%. Davlat tillari — xakas va rus tillari. Dindorlarning aksariyati pravoslavlar. Shaharlari: Abakan, Chernogorsk, Sayanogorsk.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xakasiya hududida paleolit davridan odam yashagan. 17-asr oxirida Xakasiyada yashovchi kabilalarda mayda xonliklar paydo boʻlgan. 17—18-asr boshlarida bu xonliklarni Rossiya bosib olib, oʻz tarkibiga qoʻshgan. 19-asr oʻrtalarida Xakasiya hududida tovarpul munosabatlari vujudga kela boshladi. Yenisey guberniyasining asosan xakaslar yashaydigan Minusinsk uyezdida 1917-yil noyabrda shoʻro hokimiyati oʻrnatildi. Bu yerda shoʻro hokimiyatini tan olmagan xakaslar bilan "qizil"lar oʻrtasidagi kurash 1923-yilgacha davom etdi. 1923-yil oxirida Xakaslar milliy uyezdi tuzildi. 1925-yilda u okrugga aylantirildi. 1930-yil 20 oktabrda Krasnoyarsk oʻlkasi tarkibida Xakasiya muxtor viloyati tashkil etildi. 1991-yil iyuldan Xakasiya SSR, 1992-yil fevraldan Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Xakasiya Respublikasi.
Xoʻjaligi va iqtisodiyoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yalpi mahsulot tarkibida sanoatning ulushi 48,8%, qishloq xoʻjaligi 7,9% ni tashkil etadi. Asosiy sanoat tarmoklari: rangli metallurgiya, elektr energetikasi, mashinasozlik, yengil va oziqovqat sanoati, qora metallurgiya, binokorlik materiallari sanoati, oʻrmon, yogʻochsozlik va sellyulozaqogʻoz, kimyo va neft kimyosi sanoati. Toshkoʻmir (Minusinsk koʻmir havzasi), temir rudasi (Abakan koni), gips, ohak, marmar kazib olinadi. Sorskda molibden, Abaza, Chernogorsk, Askiz, UstAbakanda oʻrmon va yogochsozlik korxonalari, UstAbakanda gidroliz zavodi, Chernogorskda qurilish materiallari korxonalari mavjud. Abakanda vagon, konteyner va avtokran zavodlari, poyabzal va trikotaj fabrikalari, goʻsht, un kombinatlari, sut va sharbatvino zavodlari, konditer fabrikasi bor. Yenisey daryosida SayanShushensk va Mayna GESlari qurilgan; Chernogorsk GRES, Abakan TETS ham bor.
Qishloq xoʻjaligiga yaroqli yerlar 1650,1 ming ga, shundan 665,5 ming ga (40%) ekinzor. Goʻshtsut chorvachiligi va mayin junli qoʻychilik salmokli oʻrin tutadi. Asalarichilik va darrandachilik ham rivojlangan. Dehqonchilikda galla, kartoshka, sabzavot, yemxashak ekinlari yetishtiriladi.
Transporti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Transportida temir yoʻl uz. 642 km. Muhim temir yoʻl tarmoklari: Abakan—Tayshet—Irkutsk, Abakan—Novokuznetsk, Abakan—Achinsk. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari uzunligi 2471 km. Asosiy avtomagistrallari: Usinsk trakti (Abakan—Minusinsk—Kizil), Abaza trakti (Abakan—Abaza—Oq Dovurak), Abakan—Chernogorsk—Krasnoyarsk avtoyoʻli. Yenisey daryosi va uning irmogʻi — Abakanda kema qatnaydi. Ichki suv yullari uz. 495 km. Asosiy porti — Abakan.
Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniymaʼrifiy muassasalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]1990-yillar oxirida har 10 ming aholiga 35 vrach toʻgʻri keddi. Vir qancha sanatoriykurort va dam olish muassasalari, shu jumladan, Shira koʻli balneologiyabalchiq bilan davolash kurorti bor. Xakasiyada 281 umumiy taʼlim maktabida 94 ming, 7 oʻrta maxsus oʻquv yurtida 6,7 ming oʻkuvchi, 1 oliy oʻquv yurti (Xakasiya universiteti)da 6 mingga yaqin talaba taʼlim oladi. Xakasiyada til, tarix va adabiyot ilmiy tadqiqot institutlari bor. 400 dan ziyod ommaviy kutubxona, bir qancha klub muassasalari va kinoqurilma, Abakanda oʻlkashunoslik muzeyi, drama va qoʻgirchoq teatrlari, "Jarki" xalq xoreografiya ansambli ishlaydi. Xakas va rus tillarida bir qancha gaz. va jurnal nashr etiladi. Mahalliy radio va televideniyesi xakas va rus tillarida eshittirish hamda koʻrsatuvlar olib boradi.
Adabiyoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xakasiya xalqining boy ogʻzaki ijodiyoti — ertak, rivoyat, afsona, qoʻshiqlar bor. 20-asr boshlarida yozma adabiyot vujudga keldi. V. Kobyakov, A.Topanov, A.Kuzugashev asarlari nashr etildi. M.Kokov, M. Arshanov, P.Shtigashev oʻz sheʼrlarida xakas qishloklari hayotini aks ettirdi. Ikkinchi jahon urushi yillarida N.Domojakov, I.Kotyushev, I.Kostyakov vatanparvarlik ruhida asarlar yaratishdi. Shoirlardan M.Bainov, M.Chebodayev, M.Kilchichakov, V. Maynashev, A.Xallarov, adiblardan M. Tinikov, K.Nerbishev, G.Kazachinova, dramaturg V.Shulbayeva, adabiyotshunoslardan M.Ungvitskaya, P.Troyakov, K.Antoshin, A.Kizlasova va boshqa mashhur.
Meʼmorligi va tasviriy sanʼati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xakaslarning anʼanaviy turar joyi — kigiz yoki qayin poʻstlogʻi bilan oʻralgan, tomiga yupka taxta va tunuka qoplangan 6—14 burchakli oʻtovdan, shuningdek, xodalardan yasalgan chayla (kapa), yarim yertoʻla va yogʻoch kulbalardan iborat boʻlgan. 20-asrda Abakan, Chernogorsk, Abaza, Sayanogorsk sh.lari barpo etildi, zamonaviy uyjoy, jamoat va madaniyat binolari qurildi. Xakasiya hududida 7—8-asrlarga oid temir, oltin, qalay va boshqa metall buyumlar (idish, qurol, zebziynatlar) topilgan. Bu yerda azaldan yogʻoch oʻymakorligi, kashtachilik rivojlangan. 20-asr boshlarida dastgoh sanʼati paydo boʻldi. M. Burnakov, V.Novosyolov, M. Serebryakov kabi rassomlar, V.Todikov, V. Butanayev kabi grafiklar yetishib chikdi.
Musiqasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Musiqasi, asosan, xalq qoʻshiqlaridan iborat, Ular qisqa taxpax (mehnat, marosim, sevgi qoʻshiqlari, nolalar), uzun ir (aytishuv, yoryor)lardir. Qaxramonlik (aliptir nim) va tarixiy afsona (kipchoox) ruhidagi doston va ertaklarda ham irlar uchraydi. Rivoyatlar ("Albinchi", "Altin Arig" va hokazo) chatxan (chertma cholgʻu) joʻrligida ichki ovoz bilan ijro etiladi. Cholgʻulari xomis, iix deb atalgan torli, xobrax deb atalgan puflama, tyur (buben) deb ataladigan zarbli, temir xomis (changqoʻbizga yaqin) asboblardan iborat. 20-asrda balalayka, gitara, mandolina, bayan kabilar urf boʻldi. Chatxan joʻrligida ertak ijro etuvchilar (xayjalar) xalq musiqa sanʼatining namoyandalaridir (X.Balaxchin, S. Kadishev, M. Dobrov va boshqalar). Professional musiqa 1920-yillardan soʻng rivojlana boshladi. Kompozitorlar orasida A.A.Kenel, G.Chelborakov, G.Kolmakov, N.Katayeva va boshqa mashhur.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ OʻzME