Lipetsk viloyati
Lipetsk viloyati – Rossiya Federatsiyasidagi viloyat. 1954-yil 6-yanvarda tashkil etilgan. Maydoni 24,1 ming km². Aholisi 1247,8 ming kishi (1998), asosan, ruslar yashaydi. Shaharliklar 64%. 18 tumanga boʻlingan, 8 shahar, 5 shaharcha bor (2001). Markazi – Lipetsk shahri.[1]
Lipetsk viloyati Sharqiy Yevropa tekisligining markazida. Don daryosining yuqori havzasida joylashgan. Yer yuzasi toʻlqinsimon tekislik. Daryo vodiylari va jarliklar bilan oʻyilgan. Foydali kazil-malari: temir rudasi, flyus va texnologik ohaktoshlar, oʻtga chidamli gil, kvars qumlari, torf. Lipetsk yaqinida mineral buloklar va shifobaxsh balchiqlar bor. Iklimi moʻʼtadil kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi – 10°, iyulniki 19°. Yillik yogʻin 500 mm. Vegetatsiya davri 180–185 kun. Asosiy daryosi Don va uning irmoklari: (Sosna, Krasivaya Mecha, Voronej). Tuproqlari qoratuproq, sur va toʻq sur oʻrmon tuproqlari, botqoq va torf tuproqlar.[1]
Lipetsk viloyati sanoatining asosiy tarmoqlari: qora metallurgiya (choʻyan, poʻlat, prokat), mashinasozlik va metallsozlik (metall qirquvchi stanoklar, traktorlar, sanitariya-texnika jihozlari), kimyo (smola, lok, azot oʻgʻitlari), oziq-ovqat (shakarqand, spirt, kraxmal, konserva, oziqovqat konsentratlari, sabzavot quritish, sut-yogʻ, goʻsht-parrandachilik kombinatlari) sanoatlari. Kurilish materiallari ishlab chiqariladi. Temir-beton buyumlari zavodi (Yelets, Lipetsk, Dankov, Gryazi) va boshqa bor. Mebel (Yelets), poyabzal (Lipetsk), tikuvchilik (Yelets, Lipetsk, Usman) korxonalari va boshqa mavjud.[1]
Qishloq xoʻjaligi gʻalla ekinlari, kungaboqar, qand lavlagi, kartoshka yetishtirishga va sut-goʻsht chorvachiligiga ixtisoslashgan. Bugdoy, javdar, grechixa, maxorka, sabzavot ekinlari ekiladi. Koramol, choʻchqa, qoʻy, parranda boqiladi. Transport yoʻli, avtomobil transporti bor.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |