Rus tili
Rus tili | |
---|---|
Milliy nomi | русский язык |
Mamlakatlar | Rossiya, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Olmoniya |
Rasmiylik holati |
Rossiya Qirgʻiziston Qozogʻiston Belarus |
Soʻzlashuvchilarning umumiy soni | 258 000 000 |
Turkumlanishi | |
Til oilasi | Hindyevropa |
Alifbosi | kirill |
Til kodlari | |
ISO 639-1 | ru |
ISO 639-2 | rus |
ISO 639-3 | rus |
Rus tili (ruscha: русский язык) — rus xalqi tili, jahonda keng tarqalgan tillardan. Avval SSSRda, soʻng Rossiya Federatsiyasi va MDHda millatlararo va davlatlararo aloqa vositasi. Rus tili Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi 6 rasmiy tildan biri sanaladi. Ukrain va belorus tillari bilan birgalikda hindevropa tillari oilasiga kiruvchi slavyan tillarining sharqiy guruhini tashkil etadi. Oʻtgan asrning 80-yillaridagi maʼlumotlarga koʻra, rus tilida soʻzlashuvchilarning umumiy soni 250 million kishidan, jumladan, hozirgi Rossiya Federatsiyasi va MDH mamlakatlarida 185 million kishidan iborat. Bundan tashqari, mazkur hududlardagi 60 milliondan ortiq kishi Rus tilida erkin soʻzlasha oladi.
Rus tili juda uzoq va murakkab rivojlanish tarixiga ega. Eng qadimgi rus adabiy tili Kiyev Rusida shakllangan boʻlib, u XIV asrgacha sharqiy slavyanlar uchun umumiy til hisoblangan. XIV-XV asrlarda qadimgi rus tili 3 tilga — velikorus (rus), ukrain va belorus tillariga boʻlinib ketadi. Shu davrdan boshlab rus tili, boshqacha aytganda, velikorus tili markazi Moskva boʻlgan Rus davlati hududida rivojlana boshlaydi.
Rus tili lahja va shevalari 2 ga: shimoliy velikorus ("o" lovchi) va janubiy velikorus ("a" lovchi) guruhlariga boʻlinadi; oʻrta rus shevalari mazkur har ikkala guruh xususiyatlarini oʻzida aks ettiradi. XVI-XVII asrlarda shimoliy va janubiy lahjalar chegarasida boʻlgan Moskvada oʻziga xos koyne (umumiy lahja) shakllanib, u namunali tilga aylanadi.
Qadimgi rus tili xususiyatlarini saqlab qolgan adabiy til bilan soʻzlashuv tili oʻrtasida sezilarli tafovutlar paydo boʻlib, XVII asrdan boshlab rus millati va rus milliy tili shakllana boshlaydi. XVII asr oxiri — XVIII asr boshidagi adabiy til boy va ifodali, koʻplab gʻarbiy yevropa oʻzlashmalariga ega esada, barqaror boʻlmagan. Uni tartibga solish va barqarorlashtirishda M. V. Lomonosovning xizmatlari katta boʻlgan. XIX asr boshlarida adabiy tilning xalqchilligi bosh muammo hisoblanib, bu muammoning yechimida I. A. Krilov, A. S. Griboyedov, ayniqsa, A. S. Pushkin ijodi alohida oʻrin tutadi. Ayni Pushkin ijodida umummilliy rus adabiy tilining shakllanishi yakun topadi. Pushkinning buyuk xizmati shundaki, uning ijodida adabiy Rus tilining umummilliy meʼyorlari ishlab chiqilgan va mustahkamlangan hamda bu meʼyorlar Pushkinning zamondoshlari va undan keyingi avlod tomonidan qabul qilingan.
Adabiy tilning boyishiga XIX-XX asrlardagi rus adabiyotining mumtoz vakillari ulkan hissa qoʻshdilar; XIX asrning 2-yarmidan boshlab uning rivojlanishiga yozuvchilar bilan bir qatorda jamoat arboblari, fan va madaniyat namoyandalari ham katta taʼsir koʻrsatib kelmoqdalar. Oktyabr toʻntarishidan soʻng oʻzgacha ijtimoiy tuzum hamda fan va texnikaning rivojlanishi tufayli rus tilida, ayniqsa, uning leksikasida sezilarli oʻzgarishlar paydo boʻldi, adabiy tilning umumiy demokratlashuvi kuchaydi.
Rus tili flektivsintetik tillardan boʻlib, unda 3 ta grammatik jins turkumi, otlarning 3 xil turlanishi, feʼllarning 2 xil tuslanishi mavjud; koʻmakchilar predlog koʻrinishida, yaʼni oʻzi bogʻlanadigan soʻzlar oldidan joylashadi.
Hozirgi rus alifbosi kirill yozuvi (kirillitsa) asoslangan (qarang: Rus alifbosi). Unda bitilgan eng qadimgi yodgorliklar XI asrga taalluqlidir.
XX asr oʻrtalaridan boshlab butun jahonda rus tilini oʻrganish keng tarqaladi. Rus tili dunyodagi 100 dan ortiq mamlakatda oʻqitiladi. 1967-yilda Rus tili va adabiyoti oʻqituvchilarining xalqaro assotsiatsiyasi, 1973-yilda A. S. Pushkin nomidagi Rus tili instituti tashkil etilgan. Shoʻro davrida Oʻzbekistonda va MDHning bir qancha mamlakatlarida rus tilini oʻqitish va oʻrgatishga alohida eʼtibor berilgan, hatto bu jarayon majburiy asosda olib borilgan. Hozirgi paytda ham respublikamizda rus tilini oʻrgatish, avvalgiday majburiy boʻlmasada, oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Vinogradov V. V., Russkiy yazik. Grammaticheskoye ucheniye o yazike, 2 izd., M., 1972; Russkaya grammatika, t., 1—2, M., 1980.
Abduvahob Madvaliyev.[1]
Rus tili (русский язык) — bir til sharqiy Yevropada. Slavyan tillari oilasiga kiradi.
Rus alifbosi
[tahrir | manbasini tahrirlash]А а | Б б | В в | Г г | Д д | Е е | Ё ё |
Ж ж | З з | И и | Й й | К к | Л л | М м |
Н н | О о | П п | Р р | С с | Т т | У у |
Ф ф | Х х | Ц ц | Ч ч | Ш ш | Щ щ | Ъ ъ |
Ы ы | Ь ь | Э э | Ю ю | Я я |
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻzbekcha-Ruscha lugʻat (lotin va kirill) (Wayback Machine saytida 2014-08-14 sanasida arxivlangan)