Qrimtatar tili
Qrimtatar tili | |
---|---|
Milliy nomi | Qırımtatar tili, Qırım tili, Къырымтатар тили, Къырым тили |
Mamlakatlar | Rossiya/Ukraina[1], Oʻzbekiston, Turkiya, Ruminiya, Bolgariya |
Rasmiylik holati | |
Soʻzlashuvchilarning umumiy soni | 484 000[2] |
Turkumlanishi | |
Turkum | Yevroosiyo tillari |
Til oilasi | |
Alifbosi | lotin, Kirill, 1920-yilgacha Arab |
Til kodlari | |
ISO 639-2 | crh |
ISO 639-3 | crh |
Qrimtatar tili - turkiy tillarning qipchoq guruhiga mansub til. Asosan, Oʻzbekiston va Ukrainaning bir qator hududlarida, qisman Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Gruziya, Ozarbayjon, Ruminiya va Turkiyada tarqalgan. Soʻzlashuvchilarning umumiy soni 800 ming kishiga yaqin (1990-yillar oxiri). Qrimtatar tili tarixan tipologik jihatdan bir tekis rivojlanmagan. Unda 3 ta: shimoliy (dasht), oʻrta va janubiy lahjalar mavjud boʻlib, ularning birinchisi noʻgʻay tiliga, uchinchisi oʻgʻuz tillariga yaqin turadi. Lahjaviy farqlar fonetika, morfologiya va leksika sohalarida kuzatiladi. Fonetik xususiyatlari sifatida lab va tanglay ohangdoshligining 2-boʻgʻinga taʼsiri, 2-darajali choʻziq unlilarning mavjudligi, baʼzan soʻz boshidagi va oxiridagi h undoshining tushib qolishi (ava<hava, saba<sabah, "tong") va boshqalarni koʻrsatish mumkin. Kishilik olmoshlarining qaratqich kelishigidagi 1-shaxs birlik va koʻplik "mening, bizning" shakllarining "menim, bizim" tarzida qoʻllanishi va boshqa Qrimtatar tilining morfologik belgilaridandir. Leksikasida shu tilning oʻzigagina xos boʻlgan "balaban" (katta), "qoʻranta" (oila) kabi soʻzlar bilan bir qatorda arab, fors, grek, italyan tillaridan oʻzlashgan soʻzlar ham koʻpchilikni tashkil etadi.
20-asrgacha boʻlgan adabiy Qrimtatar tili Oltin Oʻrda turkiy adabiy tilidan kelib chiqqan va unda Qrim xonlarining koʻplab farmon va yorliqlari saqlanib qolgan. Eng qad. yozma yodgorligi 13-asrga mansub. 19-asrdan adabiy til bir necha marta isloh qilingan va soʻzlashuv tiliga yaqinlashtirilgan. Hozirgi adabiy til oʻtgan asrning 20-yillarida oʻrta lahja asosida shakllangan. 1929-yilgacha arab grafikasi, keyinchalik lotin grafikasi asosidagi yozuvdan foydalanilgan, 1938-yildan esa rus grafikasiga asoslangan yozuv joriy etilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 Бо́льшая часть Крымского полуострова является предметом территориального спора между Россией и Украиной. Согласно федеративному устройству России на спорной территории Крыма расположены субъекты Российской Федерации Республика Крым и город федерального значения Севастополь. Согласно административно-территориальному делению Украины на спорной территории Крыма расположены входящие в состав Украины Автономная Республика Крым и Территория, подчинённая город со специальным статусом Севастополь.
- ↑ ethnologue
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Baskakov N.A., Vvedeniye v izucheniye tyurkskix yazikov, 2-izd., M., 1969: Memetov A., Istochniki formirovaniya leksiki kr1mskotatarskogo yazshka. T., 1988.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |