Oʻrta Osiyoning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi
O'rta Osiyoning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi | |||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|
| |||||||
Raqiblar | |||||||
Buxoro amirligi Xiva xonligi Qo'qon xonligi Qozoq xonligi Turkman qabilalari Qirg'iz qabilalari Afg'oniston amirligi Britaniya imperiyasi |
Rossiya imperiyasi
| ||||||
Qoʻmondonlar | |||||||
Buxoro amirligi:
Xiva xonligi: Qo'qon xonligi: Mallaxon Qozoq xoligi: Abulxayrxon Turkman qabilalari Qirgʻiz qabilalari |
Nikolay I Aleksandr II Aleksandr III Nikolay II Perovskiy Konstantin Kaufman Mixail Chernyaev Ivan Lazarev Nikolay Lomakin Mixail Skobelev Dmitry Romanovsky Ormonxon | ||||||
Kuchlar | |||||||
1853-yilda: ~12,000 askar 1865-yilda: ~36,000 askar |
1839-yilda: 5,000 askar 10,000 tuya 1853-yilda: 2,000+ askar 1864-yilda: 2,500 askar 1873-yilda: 13,000 askar 1879-yilda: 3,500 askar 1881-yilda: 7,100 askar 1883-1885-yillarda: 1,500 askar | ||||||
Yoʻqotishlar | |||||||
1853-yilda: 230+ halok boʻlgan 1875-yilda: 1000 ga yaqin halok boʻlgan 1866-yilda: 12 000 halok boʻlgan 1868-yilda: 3 500 dan ortiq halok boʻlgan Turkman qabilalari 1879-yilda: 2,000 dan ortiq halok boʻlgan 2,000 dan ortiq jarohat olgan 1881-yilda: ~8,000 ta halok boʻlgan(asosan, tinch aholi) 1885-yilda: ~900 ga yaqin halok boʻlgan va jarohat olgan |
1839-yilda: 1,054 ta halok boʻlgan yoki kasallikdan oʻlgan 1866-yilda: 500 ta halok boʻlgan va jarohat olgan 1879-yilda: 200 dan ortiq halok boʻlgan ~250 taga yaqin jarohat olgan 1881-yilda: 59-268 ta halok boʻlgan 254-669 jarohat olgan 645 ta kasallikdan halok boʻlgan 1885-yilda: 11 ta oʻlgan va jarohat olgan |
XIX asrning 20-yillariga kelib Britaniya imperiyasida ishlab chiqarilgan mollar Rossiyadan keltiriladigan mahsulotlarga raqobat tugʻdira boshladi. Buyuk Britaniya Afgʻoniston, Eron va Oʻrta Osiyo hududlariga boʻlgan daʼvolarini ochiqchasiga bayon eta boshlagan edi. Rossiya Osiyo bozorlarida oʻz mavqeini mustahkamlash maqsadida rus mahsulotlarini mintaqaga keltirilishida imtiyozli bojxona sharoitlarini yaratib berdi. Nikolay I davriga kelib chor Rossiyasining mintaqadagi diplomatik va harbiy taʼsiri kuchayib bordi. Oʻrta Osiyoning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi XIX asrning ikkinchi yarmida sodir boʻla boshladi. Ammo ungacha bir qancha harakat amalga oshirilgan edi. XVIII asrda Rossiya imperiyasi Qozoq juzlari ustidan nazoratni kuchaytirgandi. Rossiyaning Oʻrta Osiyoni bosib olishi bir necha oʻn yillar davomida amalga oshirildi. 1834-yil oʻzbek xonliklariga olib boruvchi yoʻl chorrahalarida Novo-Aleksandrovsk qoʻrgʻoni (Mangʻishloq shahri) barpo etildi. 1839-yilda Rossiya Orol dengizi janubidagi Xiva xonligini zabt eta olmadi. 1839-yil oxiri va 1840-yil boshlarida Orenburg general-gubernatori graf Perovskiy Xiva xonligiga qarshi qishki harbiy yurish uyushtirdi va u muvaffaqqiyatsiz boʻldi. 1847-yilda general Oruchev Orol dengizining shimoli-sharqiy qirgʻogʻini zabt etdi va Raim (Kazalinsk shahri) qoʻrgʻoniga asos soldi. 1847-1853-yillarda ruslar Orol dengizining shimoliy tomonidan sharqiy Sirdaryo boʻylab bir qator qalʼalar qurishdi. 1847-1864-yillarda ular sharqiy Qozoq choʻllarini kesib oʻtib, Qoʻqon xonligining shimoliy chegarasi boʻylab qalʼalar qurdilar. Nikolay va Konstantin paraxodlardan iborat Orol flotiliyasi tashkil etdi. 1850-1855-yillarga kelib Qoʻqon xonligiga qarashli Kumushqoʻrgʻon, Chimqoʻrgʻon, Qoʻshqoʻrgʻon, Oqmachit (Qizil Oʻrda) qalʼasi, keyinchalik hududida Verniy qoʻrgʻoni barpo etilgan Ili daryosi vodiysi rus qoʻshinlari tomonidan bosib olindi. Aleksandr II hukmronligi davrida Oʻrta Osiyoni bosib olish imperiya tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. 1864-1868-yillarda Qoʻqon xonligidan janubga harakat qilib, Toshkent va Samarqand egallandi, Buxoro amirligi protektoratga aylantirildi. Shu tariqa janubiy nuqtasi Sibirdan 1600 km janubga va Volga daryosidan 1920 km janubi-sharqda boʻlgan hududlarni oʻz nazoratiga olishdi. 1865-yilda general-mayor M. G. Chernyaev Toshkentni bosib oladi va shahar oqsoqollarini sulh tuzish xususidagi shartnomani imzolashga majbur etadi. Imperator Aleksandr II Orenburg general-gubernatoriga farmon berib, agarda Toshkent ahli Rossiya fuqaroligini qabul qilishni xohish etsa, ularning bu istagini qondirish lozimligini qayd etdi. 1866-yilda rus qoʻshinlari Xoʻjand va Jizzax qalʼasini zabt etdilar. Chinoz qoʻrgʻoni barpo etildi. Xoʻjand va Chirchiqorti oʻlkalari Rossiya tasarrufiga oʻtdi. 1867-yilning iyul oyida imperator farmoniga binoan, general-gubernator boshchiligidagi Turkiston harbiy okrugi tashkil etildi. 1868-yilda general-adʼyutant Konstantin Petrovich fon Kaufman boshchiligidagi Turkiston harbiy okrugi qoʻshinlari Buxoro xonligiga qarshi harbiy harakatlarni boshladilar. May oyida rus qoʻshinlari Samarqandga yaqinlashdilar va shaharni jangsiz ishgʻol etdilar. Iyun oyida Buxoro amiri sulh xususidagi shartnomaga imzo chekdi. Zarafshon okrugi tashkil etildi. General Abramov boʻlinmasi Qarshini bosib oladi va uni Buxoro amiriga qaytaradi. General-mayor Abramovning 1870-yilda amalga oshirgan harbiy harakatlari natijasida Shahrisabz va Kitob ishgʻol etiladi. Shahrisabz va Kitob bekliklari Buxoro amiriga topshiriladi. 1873-yilda keng qamrovli harbiy harakatlar natijasida Turkiston, Mangʻishlok va Orenburg tarafidan Xiva xonligiga yurish uyushtiriladi. Harbiy harakatlarga 49 ta rota, 32 ta yuzlik, 34 ta zambarak va 2 ta paroxod jalb etildi. May oyiga kelib, Hazorasp qalʼasi zabt etildi, koʻp oʻtmay Xiva, Qoʻngʻirot, Xoʻjayli, Mangʻit qalʼalari va Gurlan bekligi taslim boʻldi. Avgust oyida Xiva xonligi bilan sulh shartnomasi tuzildi. Xiva xonligi Rossiya vassalligini qabul qilib, Muhammad Rahim Bahodirxon (Feruz) hukmronligi saqlab qolindi. 1873-yilning kuzida Buxoro xonligi bilan yangi siyosiy shartnoma imzolandi. 1875-1876-yilgi harbiy harakatlar natijasida Fargʻona vodiysida Xudoyorxon va rus hukumatiga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolon bostirildi. Soʻngra Qoʻqon xonligi tugatilib, Rossiya tarkibidagi Fargʻona viloyati tashkil etildi. 1881-yilda Axal-Tekin vohasi rus qoʻshinlarining ayovsiz hujumlari ostida taslim boʻldi, Ashxobod zabt etildi. Rossiya va Eron oʻrtasida chegara belgilashga qaratilgan konvensiya imzolandi. 1884-yilda Marv taslim boʻldi. 1885-yilda Pendin va Murgʻob vohasida yashovchi turkman qabilalari Rossiya fuqaroligini qabul qildilar. Kushka Rossiyaning eng janubiy chegara maskaniga aylandi. Shunday qilib, XIX asrning 80-yillariga kelib Rossiyaning Markaziy Osiyodagi chegaralarining shakllanish jarayoni nihoyasiga yetdi. 1893-95-yillarda ruslar janubi-sharqdagi baland Pomir togʻlarini egallab oldilar[1].1895-yilda Rossiya va Britaniya hukumatlari oʻrtasida Pomir togʻlarida boʻlinish chizigʻi oʻtkazilishi bilan taʼsir doiralarini tasdiqlash xususidagi shartnoma imzolandi[2].
Geografik joylashishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu hudud gʻarbda Kaspiy dengizi, shimolda Sibir oʻrmonlari va sharqda Xitoy chegarasidagi togʻlar bilan chegaralangan edi. Janubda chegaralar tabiiy emas, balki siyosiy edi. U shimoldan janubga taxminan 2100 km (1300 mil), sharqdan gʻarbga 2400 km (1500 mil) edi. Janubi-sharqiy tomoni (Qirgʻiziston va Tojikiston) togʻli hududlar edi. Oʻrta Osiyoning maydoni 4 003 400 km 2 (1 545 730 kv mil)ni tashkil etardi, bu deyarli Qoʻshma Shtatlarning yarmiga teng edi.
Yomgʻirlar shimoldan janubga qarab kamaya boradi. Sharqiy togʻlardan tushadigan soylarlarning koʻpligi tufayli Fargʻona vodiysida aholi ancha zich joylashgan edi. Fors chegarasida qator vohalar bor edi. Mintaqada uchta katta daryo mavjud edi. Amudaryo Afgʻoniston chegarasidan oʻtib, shimoli-gʻarbiy tomonda Orol dengiziga quyiladi va u yerda Xorazm nomi bilan uzoq tarixga ega boʻlgan katta deltani hosil qiladi. Sirdaryo Fargʻona vodiysidan boshlanib, shimoli-gʻarbga qarab oqadi va Orol dengizining shimoli-sharqiy burchagiga quyiladi. Mintaqada yana nisbatan kichikroq Zarafshon daryosi bor, u Amudaryoga yetmasdan quriydi. U Buxoro shaharlari va Samarqandni suv bilan taʼminlaydi[3].
Janubdagi choʻllarda koʻchmanchi aholini turmush kechirishi uchun yetarli darajada oʻtloqlar bor edi. Qizilqum choʻli Amudaryo va Sirdaryo oʻrtasida joylashgan. Qoraqum choʻli esa Turkmanistondagi Amudaryoning janubi-gʻarbida joylashgan. Orol va Kaspiy dengizlari oraligʻida aholi kam yashaydigan Ustyurt platosi joylashgan.
Ruslar bostirib kelganda, Orol dengizining janubidagi Xorazm deltasida Xiva xonligi, Amudaryo va Zarafshon boʻyida Buxoro xonligi va Fargʻona vodiysida Qoʻqon xonligi joylashgan edi[4].
Qozoq choʻllari ustidan nazoratni qoʻlga kiritish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Dastlabki aloqalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qozoqlar koʻchmanchi boʻlganlari uchun ularni bosib olish juda murakkab ish edi. Sunniy musulmon qozoqlar Qozogʻiston-Rossiya chegarasi yaqinida koʻplab aholi punktlariga ega boʻlishsa-da, Rossiya qozoqlar bilan faqat 1692-yilda Pyotr I Muhammadxon bilan uchrashuvidan keyingina aloqalar boshlagan. Ruslar keyingi 20 yil ichida asta-sekin Qozogʻiston-Rossiya chegarasida savdo punktlarini qura boshladilar, asta-sekin qozoq hududiga bostirib kirdilar va mahalliy aholini siqib chiqardilar.
Oʻzaro munosabatlar 1718-yilda qozoq hukmdori Abulxayr Muhammadxon davrida kuchaydi, u dastlab ruslardan Qozoq xonligini sharqda kuchayib borayotgan Jungʻor xonligidan himoya qilishni soʻradi. Abulxayrning oʻgʻli Nur Alixon 1752-yilda Rossiya bilan kelishuvni buzdi va mashhur qozoq sarkardasi Nasrullo Navroʻzboy Bahodirdan yordam olib, Rossiyaga qarshi urush boshlashga qaror qildi. Rossiya bosqiniga qarshi qoʻzgʻolon muvaffaqiyatga erishmadi, chunki qozoq qoʻshinlari koʻp marotaba jang maydonida magʻlubiyatga uchrashdi. Ushbu voqeadan soʻng, Qozoq xonligida boʻlinish yuz berdi, Kichik juz avtonomiya eʼlon qilib, Rossiya tarkibiga qoʻshildi.
1781-yilga kelib, Qozoq xonligining Oʻrta juz hududini boshqargan Abulmansurxon ham Rossiya tarkibiga kirdi. Bu harakatlar ruslarga Oʻrta Osiyoning markaziga yanada kirib borish va boshqa Oʻrta Osiyo davlatlari bilan aloqa qilish imkonini berdi[5].
Qozoq xonligining qulashi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1837-yilga kelib, qozoq yerlarida yana keskinlik yuzaga keldi. Bu safar qarama-qarshiliklarni Qosim Sultonning oʻgʻillari va Abulmansurxonning nabiralari boʻlgan qozoq hukmdorlari Gubaydullaxon, Sher Gʻozixon va Kenesarixonlar boshladilar. Ular Rossiyaga qarshi qoʻzgʻolon koʻtardilar. Uch hukmdor Abulmansur qozoqlarning avvalgi hukmdorlari davridagi mustaqillikni tiklamoqchi boʻlib, ruslar tomonidan soliqqa tortilishiga qarshilik koʻrsatdi[6].
1841-yilda uch xon qozoq qoʻmondoni Nasrullo Navroʻzboy Bahodirning oʻgʻli, kichik amakivachchasi Aziziddin Bahodirdan yordam oldi va rus qoʻshiniga qarshilik koʻrsatish uchun yaxshi tayyorlangan qozoqlardan katta qoʻshin toʻpladi. Qozoqlar Qozogʻistondagi bir qancha Qoʻqon qalʼalarini, shu jumladan, ularning sobiq poytaxti Turkistonni ham egallab oldilar. Ular Balxash koʻli yaqinidagi togʻli hududda yashirinishga qaror qilishdi, ammo Oʻrmon Xon rus qoʻshinlariga ularning qayerdaligini sotgan. Gʻubaydulla, Sher Gʻozixon, Kenesariy ruslarga yordam berib kelgan qirgʻiz qabilalari tomonidan qoʻlga olinib, qatl etildi. 1847-yil oxiriga kelib, rus qoʻshini Qozogʻiston poytaxtlari Turkiston va Sigʻnoqni egallab, Qozoq xonligini butunlay tugatdi[7].
Perovskiy ekspeditsiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Perovskiy ekspeditsiyasi — Rossiya tomonidan Xiva xonligini bosib olish maqsadida uyushtirilgan harbiy ekspeditsiya (1839-40). 1835-yil Orenburg general-gubernatori V. A. Perovskiy imperator Nikolay I (1825-55)ga maxsus xat yoʻllab, unda Xiva xonlari goʻyoki uzoq yillardan beri rus davlatiga dushmanlik qilayotganligi, rus savdo karvonlarini talab, rus asirlariga shafqatsizlik qilayotganliklarini taʼkidlagan. Imperator 1837-yil Xiva xonligini bosib olish haqida Perovskiyga farmon beradi. Perovskiy qoʻmondonligidagi qoʻshin 1839-yil 14-noyabrda Xivaga qarab yoʻlga chiqib, 19-dekabrda Emba qalʼasiga kelib oʻrnashgan. Boshlangan qattiq sovuq va kuchli boʻron rus askarlarini ogʻir ahvolga solib, tuya va otlarni boqishni nihoyatda qiyinlashtirgan. Rus qoʻshinlarining kelayotganligidan xabar topgan Xiva xoni Olloqulixon Choʻchqakoʻlga kelib joylashgan rus qoʻshinlariga qarshi Otamurod qoʻshbegini 8 ming qoʻshin bilan yuborgan. Xon qoʻshinlari qishning qattiqligiga qaramay rus qoʻshinlari ustiga yuborilgan. Jangda har ikki tomon talafot koʻrib, jangni davom ettirish imkoni boʻlmagach, xon qoʻshinlari Xivaga qaytarilgan. Perovskiy ham oʻz qoʻshinlarini 1840-yil fevralda Orenburgga qaytarishga majbur boʻladi. Perovskiy ekspeditsiyasida rus qoʻshinlaridan 1054 kishi halok boʻlgan. 10 ming tuya va 8 ming ot yoʻqotilgan, juda koʻplab odamlarni sovuq urgan. Bu bosqinchilik yurishidan Rossiya davlati 1 mln. 700 ming soʻm zarar koʻrgan. Xiva xonligiga qayta yurishdan umidini uzmagan Nikolay I 1840-yil 30-yanvarda harbiy yurishni zudlik bilan qayta amalga oshirish haqida general Perovskiyga koʻrsatma bergan. Bu yurish koʻlami avvalgisidan 3-4 marta katta boʻlishi kerak edi. Lekin, chor hukumatida yuzaga kelgan ogʻir vaziyat bu yurishning amalga oshirilishiga imkon bermagan[8].
Qoʻqon xonligining bosib olinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Bu turkum uchun asosiy maqola: Qo'qon xonligining Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi
Rossiya imperiyasi XIX asrning 50-60-yillarida harbiy istilochilik yo‘li bilan Qo‘qon xonligi hududining bir qismini bosib oldi. K. P. Kaufman xonlikda o‘z taʼsirini kuchaytirish maqsadida 1868-yilda xon bilan shartnoma tuzdi[9]. Unga ko‘ra, xonlikda Rossiya savdogarlariga katta imkoniyatlar berildi. Bu u davrda xonlik yerlari ancha qisqarib, xazinaga tushadigan daromadlar kamaydi. Urush natijasida ko‘rilgan zararlar xalq ommasi zimmasiga tushdi, soliq va majburiyatlar ko‘paydi. Buning oqibatida xonlikda ichki nizolar, xalq noroziligi kuchaydi. XIX asrning 70-yillarida Qo‘qon xonligida ko‘plab qo‘zg‘olonlar bo‘lib o‘tdi. 1875-yil 22-avgustda polkovnik M. D. Skobelev, general Golovachev va kapitan Fedorovlar qoʻmondonligi ostida Mahram qal’asini bosib olishadi va qal’a yaqinidagi Qo‘qon xonligining birlashgan 60 ming kishilik askarlarini yengadi. 1875-yil 29-avgust General K. P. Kaufman Qoʻqon xonligining asosiy shahri Qoʻqonni egallaydi.
Oqmachitning bosib olinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Bu turkum uchun asosiy maqola: Oqmachitning bosib olinishi
Sibir chizigʻidan janubga boʻlgan keyingi qadam Sirdaryo boʻylab Orol dengizidan sharqqa tomon qal’alar chizigʻi edi. Bu Rossiyani Qoʻqon xonligi bilan toʻqnashuvga olib keldi. XIX asr boshlarida Qoʻqon Fargʻona vodiysidan shimoli-gʻarbga qarab kengaydi. Taxminan 1814-yilda ular Sirdaryo boʻyida Turkistonni egallab olishdi va taxminan 1817-yilda daryoning quyi qismida Oqmachit (Oq masjid)ni, shuningdek, Oqmachitning ikki tomonida kichikroq qalʼalarni qurdilar. Bu hududni daryo boʻyida qishlab yurgan va yaqinda qoraqalpoqlarni janubga quvib chiqargan mahalliy qozoqlardan soliq yigʻgan Oqmachit begi boshqargan. Tinchlik davrida Oqmachitning 50 kishilik va Julekning 40 kishilik garnizoni bor edi[10].
1839-yildagi Perovskiyning muvaffaqiyatsizligini hisobga olib, Rossiya sekin, ammo ishonchli harakatlarga qaror qildi. 1847-yilda kapitan Shults Sirdaryo boʻyida Raim qal’asini qurdi. Tez orada u daryoning yuqori qismiga Kazalinskga koʻchirildi. Ikkala joy ham Aralsk forti deb nomlangan. Orenburgda uchta yelkanli kema qurilib, qismlarga ajratildi va Sirdaryoda qayta qurildi. Ular daryo xaritasini yaratish uchun ishlatilgan. 1852-1853-yillarda Shveysiyadan xarid qilingan ikkita paroxod qismlarga boʻlinib Orol dengiziga tushirilgan. Sirdaryo sayoz va qumli boʻlib, bahorgi toshqin paytida harakatlanish qiyin boʻlgan[11].
1852-yilda polkovnik Blaramberg va 400 ga yaqin askarlari bilan daryoning shimoliy tomoni Rossiyaga tegishli degan bahona bilan Oqmachitni egallash uchun yuborildi. Qoʻqonliklar bunga javoban dambalarni buzib, atrofni suvga bostirgan. Bu voqeadan keyin ogʻir artilleriya olib kelolmasligini bilgan Blaramberg 7.5 metr balandlikdagi devorli qal’ani egallab ololmasligini bilgan holda, u qurilish inshootlarini qoʻlga kiritdi, hududdagi hamma narsani yoqib yubordi va Fort Aralskga qaytib ketdi. 1853-yil yozida Perovskiy boshchiligida ruslar 2000 dan ortiq askar, 2000 dan ortiq ot, tuya va 777 ta arava, pontonlar va paroxoddan iborat qoʻshin toʻpladilar. Orenburgdan Fort-Aralskga koʻchirish uchun yem-xashak yetarli boʻlishini kafolatlash uchun qozoqlarga chorvasini qal’aning shimolidagi yerlarda oʻtlatish taqiqlangan edi. Oldinroq Xivaga yetib bora olmagan Perovskiyga yurish haqida buyruq berildi. U iyun oyida Oroldan chiqib, 2-iyulda Oqmachitga yetib keldi. Qoʻqonliklar qal’ani mustahkamlab, garnizonni koʻpaytirdilar. Qamal boshlandi. 1853-yil 9-avgust kuni ertalab soat 4:30da qal’a egallandi. Dastlabki 300 kishilik garnizondan 230 ta qoʻqonlik jasad hisoblab chiqildi[12]. Bu joy Perovskiy Forti deb oʻzgartirildi.
Qamal paytida Padurov boshchiligidagi ruslar 160 km uzoqda joylashgan Julekgacha borib, uning himoyachilari qochib ketganini aniqladi. U qoʻlidan kelganicha qal’ani vayron qilib, tashlab ketilgan qurollari bilan qaytib keldi. Sentabrda Qoʻqonning katta qoʻshinlari Julekni qayta egallab, Fort Perovskiy tomon yurdilar, ammo qal’adagilarga yordam kelganini bilgach ertasi kuni ertalab qoʻqonliklar chekinishdi[13].
Shu tariqa Rossiya oʻzining Sirdaryo boʻylab qal’alar chizigʻini yaratdi. Bu qal’alar ularning keyingi yurishlarida tayanch vazifasini oʻtadi.
Turkiston, Chimkent va Avliyootaning bosib olinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1864-yilda ikkita otryad, biri Orenburgdan, ikkinchisi Gʻarbiy Sibirdan, Orenburgdan Sirdaryo boʻylab , Gʻarbiy Sibirdan esa Iskandar togʻ tizmasi boʻylab Turkiston shahriga bir-biriga qarab yoʻl olishiga qaror qilindi. Polkovnik Chernyaev boshchiligidagi 2500 kishilik Gʻarbiy Sibir otryadi 1864-yil 5-iyunda Verniyni tark etib, Avliyoota qal’asiga bostirib kirdi va 12-iyunda polkovnik Verevkin boshchiligidagi 1200 kishilik Orenburg otryadi Perovskiy Fortidan Turkiston shahriga qarab yoʻlga chiqdi[13].
1298 kishi boshchiligida Chernyaev Orenburg otryadi qoʻqonliklarning artilleriya zarbalariga ga qaramay, 22-sentabrda Avliyoota shahrini bosib oldi. Oktabr oyida esa Chimkent shahrini bosib oldi. Shundan soʻng, Toshkentga hujum uyushtirildi, biroq u toshkentliklar tomonidan qaytarildi[12].
Qoʻqon xonligi amir lashkari Alimqul javob zarbasini berishga qaror qilib, qoʻshin toʻpladi va Chimkentni chetlab oʻtib, Chernyaev orqasiga, Turkiston qal’asiga yoʻl oldi. Alimqul 10 ming kishilik qoʻshin bilan Aris daryosi boʻylariga chiqib, Turkiston va Chimkent oraligʻidagi rus qoʻshinlari egallagan qoʻrgʻonlarni qaytarib olishga harakat qildi. Turkiston shahri yaqinidagi Iqon qishlogʻida ruslarning qoʻshinini yengib Toshkentga qaytdi (Iqon jangi). 1864-yil dekabr oxirida Alimqul va Sulton Sayyidxon Toshkentni tark etib, Qoʻqonga kelishdi. Chernyayev boshliq rus qoʻshinlari Toshkentga yaqinlashganligi haqida xabar topgach, ular qoʻshin bilan Qoʻqondan chiqib, 1865-yil 7-mayda ertalab Toshkentga yetib kelishdi. Alimqul va xon qarorgohi Afrosiyob tepaligida joylashdi. Shu kuni Mingoʻrik mavzesida shahar himoyachilari ishtirokida katta mashvarat oʻtkazilib, gʻazavot eʼlon qilindi. Qashqar hokimi Valixon toʻraning qashqarliklar ham bu gʻazavotga qoʻshilajaklari haqidagi maktubini Alimqul shahar himoyachilariga shaxsan oʻzi oʻqib eshittirdi. Soʻng, Salor kanali bilan Darxon arigʻi oraligʻi (hozirgi Pushkin koʻchasi)da Alimqul qoʻshinlari va shahar himoyachilari bilan rus qoʻshinlari oʻrtasida qattiq jang boʻldi. Rus qoʻshinlari yengilib, Shoʻrtepaga chekindi. 1865-yil 9-mayda Alimqul qoʻmondonligidagi qoʻqonlik askarlar va shahar himoyachilari Shoʻrtepadagi rus qoʻshinlariga qarshi hujumga oʻtdi. Nihoyatda qattiq jang boʻlib, Alimqul ogʻir yaralandi va oʻsha kuni vafot etdi[12].
Toshkentning bosib olinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]XIX asr oʻrtalarida Rossiya podsho hukumati yirik strategik mavqega ega boʻlgan Toshkentni bosib olish maqsadida harbiy yurish boshladi. Bu vaqtda Toshkent va Toshkent viloyati Qoʻqon xonligi tarkibida edi. 1864-yil dekabr Mixail Chernyayev boshchiligidagi rus qoʻshinlari Chimkent yoʻlidan kelib Oqqoʻrgʻon tepaligiga oʻrnashdilar va shaharni qamal qilib toʻplardan oʻqqa tutdilar. Toshkentliklar shaharni qattiq turib himoya qildilar. Qoʻqondan xonlik lashkarboshisi Mulla Alimqul mingboshi koʻp ming kishilik qoʻshin bilan Toshkentga yetib kelgach, Chernyayev qoʻshinlari bilan Chimkentga chekinishga majbur boʻldi.
Biroq 1865-yil 27-aprelda Chernyayev qariyb 2000 kishilik qoʻshin bilan yana Toshkent tomon yoʻlga chiqib, Chirchiq daryosi boʻyidagi Niyozbek qalʼasini egallaydi va shaharni suvsiz qoldirish maqsadida Kaykovus arigʻi (Boʻzsuv kanali) suv oladigan toʻgʻonni buzdirib tashlaydi. Lashkarboshi Alimqul ham oʻz qoʻshinlari bilan Qoʻqondan Toshkentga yetib keladi. Sulton Saidxon, Alimqul va toshkentlik akobir-ulamolar boshchiligida shaharni himoya qilishga katta tayyorgarlik koʻriladi. Chernyayev 7-mayda qoʻshinlari bilan Toshkentga yaqinlashadi. Uning qoʻshinlari Salor arigʻini kechib oʻtib, Tarxon-Sayyod (hozirgi Darxonota) arigʻining oʻng sohili (hozirgi Pushkin koʻchasi)da muqobil turgan Toshkent himoyachilariga qarata toʻpdan oʻt ochadilar.
9-may kuni shaharning shimoli-sharqidagi Shoʻrtepada Toshkent himoyachilari bilan rus bosqinchilari oʻrtasida yana qattiq jang boʻldi. Jangda Alimqul ogʻir yarador boʻlgach, himoyachilar oʻrtasida parokandalik va vahima boshlanadi. Qoʻqon xonligi askarlari Alimqul xazinasini olib oʻz yurtlariga joʻnab ketdilar. Toshkentda Qoʻqon xonligining 60 yillik hukmronligi barham topdi. Buxoro amirligi, Qoʻqon va Xiva xonligi (xonliklari) Toshkent himoyachilarining yordam soʻrab qilgan murojaatlariga rad javobini berdilar. Chernyayev fursatni boy bermaslik uchun Toshkentni qamal qildi. Shahar aholisi suvsiz qoldi, oziq-ovqat zaxirasi ham tugadi. 14-iyunda Chernyayev askarlari shaharga bostirib kirishga muvaffaq boʻldi, ular doʻkon va uylarga oʻt qoʻydilar.
Shahar mudofaasida faol qatnashgan toshkentlik tarixchi Muhammad Solih „Jadidai tarixi Toshkand“ asarida yozishicha, toshkentliklar dushmanga qattiq qarshilik koʻrsatganlar. Bosqinchilar birinchi galda Oʻrda saroyini yondirdilar, keyin portlatdilar. Uch kun davom etgan jangdan soʻng, 42 kun suvsiz qolgan va ochlikdan tinkasi qurigan Toshkent himoyachilari 17-iyunda ertalab taslim boʻlishga majbur boʻldilar. Chernyayev shahar ayonlaridan Toshkentning 12 darvozasi ramziy oltin kalitlarini topshirishni talab qildi. Juda koʻp odam qurbon boʻldi. Chernyayev buyrugʻi bilan uylar yondirildi, egalari otib tashlandi yoki miltiq nayzasi bilan sanchib oʻldirildi. Hech kimga shafqat qilinmadi.
Shunday qilib, podsho Rossiyasi qoʻshinlari maxsus otryadi bilan Toshkentni bosib olishga muvaffaq boʻldi. Toshkent va unga qarashli atrof yerlarda rus davlatining hukmronligi oʻrnatildi. Toshkent Rossiyaning keyinroq Turkiston xonliklarini bosib olishi uchun tayanch punktiga aylantirildi. Chernyayev oʻz bosqinchiligini oqlash uchun Toshkent goʻyo ixtiyoriy ravishda Rossiya tobeligiga oʻtganligi haqida shahar ayonlari nomidan qalbaki hujjat tayyorladi. Bu hujjatni imzolashdan bosh tortgan Solihbek Oxun va yana ayonlardan 6 kishi Sibirning Tomsk shahriga surgun qilindi.
1865-yil sentabrda Orenburg general-gubernatori Krijanovskiy Toshkentga kelib shaharni Rossiya imperiyasi tasarrufiga oʻtganligini eʼlon qildi. 1866-yil avgustda Rossiya imperiyasining Toshkentni Rossiya tobeligiga olinganligi haqida rasmiy farmoni eʼlon qilindi. Toshkent 1867-yilda tashkil etilgan Turkiston general-gubernatorligining siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi boʻlib qoldi. Anhorning chap sohilida mustamlakachi maʼmurlar va harbiylar uchun Yangi shahar qurila boshladi. 1865-yil avgust-oktabr oylarida ruslar Toshkentning Qoʻymas darvozasi roʻparasidagi tepalikda Toshkent Tuproqqoʻrgʻoni harbiy qalʼasini barpo etishdi. Yangi shahar hududida maʼmuriy idora va mahkamalar joylashdi. Anhorning oʻng sohilidagi qadimgi Toshkent Eski shahar deb atala boshladi. Toshkentning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi butun Turkistonni bosib olinishini tezlashtirdi.
Qoʻqon xonligining tugatilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1875-yilda Qoʻqon xonligi rus hukmronligiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtardi. Qoʻqon sarkardalari Abdurahmon va Poʻlatbeklar xonlikdagi hokimiyatni qoʻlga olib, ruslarga qarshi harbiy harakatlar boshladilar. 1875-yil iyul oyiga kelib Xon qoʻshinining koʻp qismi va uning oilasining katta qismi isyonchilar qoʻliga oʻtib ketdi, shuning uchun u katta xazinasi bilan Kojentdagi ruslar qarorgohiga qochib ketdi. Kaufman 1-sentabrda xonlikka bostirib kirdi, bir qancha janglar olib bordi va 1875-yil 10-sentabrda poytaxtga kirdi. Oktabrda u qoʻmondonlikni Mixail Skobelevga topshirdi. Skobelev va Kaufman boshchiligidagi rus qoʻshinlari Maxram jangida qoʻzgʻolonchilarni magʻlub etdilar. 1876-yilda ruslar Qoʻqonga qarshiliksiz kirib keldi, qoʻzgʻolonchilar boshliqlari qatl qilindi, xonlik tugatildi. Uning oʻrnida Fargʻona viloyati tashkil etildi[13].
Buxoro amirligining bosib olinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Bu turkum uchun asosiy maqola: Buxoro amirligining Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi
1840-1850-yillarda Buxoro amirligining Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi jarayoni boshlandi[14]. F. Romanovskiy Buxoro amirligini Rossiyaga qarshi urushga tayyorlanayotganligini bahona qilib, unga qarshi harbiy yurish boshlashga imperatordan ruxsat so‘raydi shu bilan Buxoroga Rossiya imperiyasi yurishlari boshlanadi[15]. F. Romanovskiy Sirdaryoning oʻrta oqimidagi hududlarni egallashga kirishdi. Birinchi jang 1866-yil 8-mayda Erjar qishlog‘i yaqinida bo‘lib, kuchlar harbiy jihatdan teng bo‘lmaganligi uchun amir qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchradi. F. Romonnovskiy Buxoro qo‘shinini taʼqib qilishni to‘xtatib, avval Qo‘qon xonligi bilan Buxoro amirligi o‘rtasida joylashgan — Toshkent, Qo‘qon, Balx va Buxoro bilan bog‘lovchi Xo‘jandga qarab harakat boshladi. Turkiston viloyati harbiy gubernator qo‘shinlari tomonidan Xo‘jand qal’asi may oyida qamal qilinib, 20 ta to‘pdan o‘qqa tutildi.
Harbiy harakatlarning boshlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1866-yil 20-mayda general Romanovskiy 2000 kishilik otryad bilan Sirdaryoning chap qirgʻogʻidagi Irjar yaqinida buxoroliklarga qarshi jang boʻlib oʻtdi. Jangda buxoroliklar magʻlub boʻlishdi. Amir Muzaffarning oʻzi oʻzi ham katta qiyinchilik bilan Jizzaxga chekinishga majbur boʻldi. Irjardagi magʻlubiyat mullalar tomonidan amirga qarshi noroziliklarini uygʻotdi, ularning koʻpchiligi harbiy halokatni uning qochishi bilan bogʻladi va hatto amirni Rossiya bilan yashirin kelishuvda aybladi. Xalq bosimini anglagan amir ruslar bilan urushni oxirigi nuqtagacha davom ettirishga qaror qildi, bu esa Buxoro xonligi taqdirini hal qilishni tezlashtirdi.
1866-yil oktabrda ruslar Oʻratepa qalʼasini, koʻp oʻtmay Jizzaxni egallab oldilar. Shundan soʻng Turkiston general-gubernatori general Kaufman Buxoro amiriga tinchlik shartlarini taklif qildi, ammo amir bunga rozi boʻlmadi. Shahrisabzda Joʻrabek xalqni muqaddas urushga (gʻazavot) chorladi va katta qoʻshin toʻpladi. Ular ruslar tomonidan bosib olingan hududlarga tinimsiz hujum uyushtirishdi va hatto Jizzax yaqinidagi rus lageriga ham tunda hujum uyushtirdi[16].
Samarqand mudofaasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1868-yil 2-iyunda Zirabuloq choʻqqisida hal qiluvchi jangda, ruslar Buxoro amirining asosiy kuchlarini tor-mor etdi. Jangda 100 ga yaqin rus askari va Buxoro qoʻshida esa 3,5 mingdan 10 ming kishigacha askar halok boʻldi. 1868-yil 5-iyulda tinchlik shartnomasi imzolandi. Buxoro amirligi Samarqandni boy berdi.
1868-yil 1-mayda rus podsho qoʻshinlari Samarqandni egallagach, general K. P. Kaufman shahar va uning atrofida joylashgan viloyatlardagi mahalliy amaldorlar oʻz oʻrinlarida qoldirilganini, xalq bungacha mavjud boʻlgan soliqlarni podsho Rossiyasi xazinasiga topshirmogi lozim ekanligini eʼlon qilgan. Oʻsha yilgi soliklar toʻla undirilganiga qaramay, podsho hukumati aholiga qayta soliq solishni talab qilgan. Samarqand viloyatida general N.N. Golovachyov boshliq harbiy byurokratik hokimiyat tashkil qilinib, mehnatkash aholi mahalliy amaldorlar va podsho maʼmuriyati tomonidan ezilishi Samarqand quzgʻoloniga sabab boʻlgan. 1-iyun kuni amir Muzaffarning toʻngʻich oʻgʻli Abdulmalik toʻra boshchiligidagi qoʻshinlar Shahrisabzdan Samarqandga yoʻl olishgan. Ularning yetib kelishi bilan ruslarga qarshi qoʻzgʻolon boshlangan. Qoʻzgʻolonda xitoy-qipchoqlar, naymanlar, urgutliklar, panjakentliklar, qoraqalpoqlar va shahriabzliklar qatnashgan. Qoʻzgolonchilar dastlab Choʻponota tepaligida yigʻilganlar. 2-iyun kuni qalʼaga hujum boshlangan. Oʻsha davrda Samarqand qalʼasining ikkita darvozasi boʻlgan. Asosiy janglar janubida Ruhobod maqbarasi tarafida joylashgan Buxoro darvozasi atrofida boʻlgan. Baʼzi mulumotlarga qaraganda janglarda vatanparvarlardan 6 mingdan ziyod odam qatnashgan[17].
Qoʻzgʻolonga dastlab Shahrisabz va Kitob beklari Joʻrabek va Bobobeklar, keyinchalik Abdulmalik to'ra rahbarlik qilishgan. Qoʻzgʻolonchilar rus askarlari joylashgan qalʼaga qattiq hujumlar uyushtirishgan. Butun shahar aholisi qoʻzgʻalgan. Biroq amir qoʻshinlari Zirabuloq jangida ruslar tomonidan tormor keltirilganini eshitgandan soʻng va 4-iyun kuni ruslar Shahrisabzga yurish boshlaganligi toʻgʻrisida yolgʻon mishmishga ishongan Kitob va Shaqrisabz beklari Samarqanddan chiqib ketishgan. Keyinchalik qoʻzgʻolonni Ibod Salimboyev, Toʻxtaxoʻja Naʼlgar, Zokirboy Razzoqboyev, Abdusharof Abdulfatovlar boshqarishgan. Kuchlarning zaiflashishiga qaramay samarqandliklar qoʻzgʻolonni toʻxtatmay 7-iyungacha davom ettirishgan, lekin qoʻzgʻolonchilar uyushtirgan hujumlar ancha susaygan. 2 kun mobaynida podsho qoʻshinining 150 kishisi safdan chiqqan. 8-iyun kuni podsho qoʻshiniga yordamga ilgʻor qismlar yetib kelgandan keyin qattiq jang boʻlib, Samarqand ruslar tomonidan ishgʻol qilingan[18].
1868-yil 8-iyunda Kaufman buyrugʻi bilan Samarqand birvarakayiga toʻpga tutiladi. Shaharni batamom yoqib yuborish haqida buyruq olgan askarlar qirgʻin boshlaydilar. 9-iyunda minglab kishining yostigʻini quritgan Samarqand fojiasi boshlanadi. Qatli om 3 kun davom etadi. Yuzlab odamlar hech qanday tergovsiz, soʻroqsiz otib tashlandilar. 19 kishi, jumladan, qoʻzgʻolon faollari Sibirga surgun qilingan. Umuman olganda Samarqand qoʻzgʻoloni tarixda muhim oʻrin tutadi. S. Ayniyning fikricha, Abdulmalik toʻraning harakati va qoʻzgʻolonchilarning jasorati tufayli Kaufman Buxoroga hujum qilishdan voz kechishga va sulh tuzishga majbur boʻlgan.
Xivaning bosib olinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xiva yurishi 1873-yilda general Kaufman boshchiligida amalga oshirildi. 4 ta otryad tuzildi (Turkiston, Krasnovodsk, Mangʻishloq va Orenburg), umumiy soni 13000 ga yaqin, 4600 ot va 20000 tuya boʻlib, fevral oyining oxiri va mart oyining boshlarida Jizzax, Kazalinsk va Kaspiy dengizi qirgʻoqlardan(Mangʻishloq va Krasnovodsk otryadlari) yoʻlga chiqishdi. Otryadlardan faqat Krasnovodsk Xivaga yetib borolmadi. Yoʻlning aql bovar qilmas qiyinchiliklaridan soʻng, suvsiz choʻllarda issiqlik va changdan aziyat chekkan birlashgan otryadlar may oyining oxirida Xivaga yaqinlashdi. 1873-yil 28-mayda general Verevkin boshchiligidagi Orenburg-Mangʻishloq otryadi qoʻshinlarining bir qismi, Xiva shahriga yaqinlashib, toʻplardan 250 metr uzoqlikdan shaharga oʻt ochgan[19].
Shaharda tartibsizliklar boshlandi va xon hujumni kutmasdan, taslim boʻlish uchun Kaufmanga vakil yuborishga qaror qildi. 28-kuni kechqurun general Verevkin general Kaufman Xivadan 16 chaqirim uzoqlikda ekanligi va dushman u xon bilan muzokaraga kirishgani haqida xabar oladi. Kaufman, agar xivaliklar qarshilik koʻrsatmasa, oʻt ochishni toʻxtatishni buyurdi va ertasi kuni ertalab Verevkin otryadi Turkiston otryadiga qoʻshilish uchun Sariykoʻprik koʻprigiga yoʻl oldi. 29-may kuni ertalab Verevkin Shohobod darvozasiga taslim boʻlishni talab qildi. Darvoza boshligʻi Verevkin talabni bajarishdan bosh tortdi. Verevkin kuch bilan darvozani olishni buyurdi. 2 ta toʻp oʻrnatildi, devorgacha boʻlgan masofa qadamlar bilan oʻlchandi, darvozalar granatalar bilan teshildi va darvoza egallandi[20].
Shunday qilib, Xiva Orenburg otryadining qoʻshinlari tomonidan bosib olindi. Rossiya hukumatining rejalarida butun Xiva xonligini qoʻshib olish koʻzda tutilmaganligi sababli, xonga mamlakatni boshqarish huquqi berildi. Uning huzurida maxsus kengash tuzilib, unga rus qoʻshinlarini oziq-ovqat bilan taʼminlash va xonlikda 15 minggacha boʻlgan fors qullarini ozod qilish yuklangan[21].
Turkmanlarning boʻysundirilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Turkmanlar asosan Amudaryo boʻylarida dehqonchilik va janubi-gʻarbda Kopettogʻ yonbagʻirlari boʻylab chorvachilik bilan shugʻullanishgan. Yarim oʻtroq aholi bahor va kuzda qoʻylarini choʻllarga haydab yuborardi. Turkmanlarning uyushgan davlati yoʻq edi. Ayrimlari Xiva uchun yollanma askar sifatida xizmat qilgan. Ular odatda Eronga bostirib kirishib, qullarni Xiva qul bozorida sotishgan. Ular, shuningdek, sahroga moslashgan otlarni yetishtirishgan. Xonliklarning qoʻshinlaridan farqli oʻlaroq, turkmanlar yaxshi jangchi va otliq edilar, lekin ruslarning zamonaviy qurollari va portlovchi artilleriyasiga qarshi deyarli hech narsa qila olmadilar[22].
1879-yil: Lomakinning Goʻktepadagi magʻlubiyati: Lazarev Chikishlyarga katta qoʻshinni tushirdi va Atrek daryosi boʻylab odamlarni va taʼminotni koʻchirishni boshladi. Ammo u toʻsatdan vafot etdi va uning oʻrniga Lomakin tayinlandi. Lomakin juda kam odam bilan Kopet togʻini kesib oʻtdi va Goʻktepaga hujum qildi, ammo magʻlub boʻlib chekinishga majbur boʻldi[23].
1881-yil: Skobelevning Goʻktepadagi qonli gʻalabasi: Skobelev 1880-yil mart oyida qoʻmondonlikka tayinlandi. U yoz va kuzning koʻp qismini qoʻshinini Chikishlyardan Kopettogʻining shimoliy tomoniga koʻchirishda oʻtkazdi. Dekabr oyida u janubi-gʻarbiy tomonga yurish qildi, Goʻktepani bir oy davomida qamal qildi va devorni buzish uchun mina portlatib, uni egalladi. Jangda kamida 14 000 turkman oʻldirilgan. Bir hafta oʻtgach, u Ashxobodni egalladi. 1881-yil may oyida bosib olingan hudud Kaspiyorti viloyati sifatida Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga qoʻshildi.
1884-yil: Marvning bosib olinish: Kaspiyorti temir yoʻli 1881-yil sentabr oʻrtalarida Kopet togʻining shimoli-gʻarbiy chekkasida joylashgan Qizil Arbatga yetib keldi. Oktabrdan dekabrgacha Lessar Kopet togʻining shimoliy tomonini oʻrganib chiqdi va hech qanday muammo boʻlmasligini aniqladi. 1882-yil apreldan boshlab u deyarli Hirotgacha boʻlgan hududni koʻzdan kechirdi va Kopettogʻi va Afgʻoniston oʻrtasida hech qanday harbiy toʻsiq yoʻqligini taʼkidladi. Nazirbek qiyofada Marvga borib, keyin choʻlni kesib Buxoro va Toshkentga yoʻl oladi.
Skobelev 1881-yil bahorida Rorberg bilan almashtirildi, 1883-yil bahorida unga general Komarov hamrohlik qildi. 1883-yil oxirida general Komarov Tejen vohasini egallash uchun 1500 kishini toʻpladi va uni bosib oldi. Komarov Tejen shahrini bosib olgandan keyin Alixonov va Maxdum Qulixon Marvga borib, biri doʻq-poʻpisa, biri ishontirish bilan oqsoqollar yigʻini chaqiradi. Go'ktepadagi qirgʻinni takrorlashni istamagan 28 oqsoqol Ashxobodga borishdi va 12-fevralda general Komarov huzurida bay’at qilishdi. Marvdagi bir guruh qarshilik koʻrsatishga harakat qildi, ammo hech narsaga erisha olmadi. 1884-yil 16-martda Komarov Marvni egalladi. Shu tariqa Buxoro va Xivani Rossiya hududi bilan oʻrab qoʻyishdi
1885-yil: Panjdedagi jang: Marv va hozirgi Afgʻoniston chegarasi oʻrtasida taxminan 230 km yarim choʻl joylashgan. Undan janubda Hirotning muhim chegara qal’asi joylashgan. 1884-yil yozida Buyuk Britaniya va Rossiya Afgʻonistonning shimoli-gʻarbiy chegarasini demarkatsiya qilishga kelishib oldilar. Ruslar chegarani muzlashdan oldin janubga burish uchun qoʻllaridan kelganini qildilar. Ular Afgʻonistonning Panjde qal’asini egallab olishdi ammo Britaniya bosimi tufayli ortga chekindi[24].
Xarajatlar: Rossiya harbiy xarajatlari maʼlumotlari shuni koʻrsatadiki, 1869-1879-yillar oraligʻida Kaspiyorti yurishi 4,8 million rubl, 1879-1880-yillardagi ekspeditsiya 5,525 million rubl va 1880-1881-yillardagi ekspeditsiya 11 million rublga tushdi. Bu nuqtaga temir yoʻl qurilishi 4 429 991 rubl, qurilish materiallari esa 3,518 million rublni tashkil etdi. 1869-yildan 1881-yilgacha boʻlgan umumiy xarajatlar 29 274 991 rublni tashkil etdi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Parallelno s nazvaniem „Srednyaya Aziya“ v russkoy literature v XIX v. suщestvovalo nazvanie „Turkestan“ (sm.: Russkiy Turkestan. — SPb., 1872; I. V. Mushketov. — Turkestan. SPb., 1888), xotya s etnograficheskoy tochki zreniya ego primenenie bilo ne sovsem tochnim: iranoyazichnie tadjiki i narodi Badaxshana vovse ne otnosyatsya k „strane tyurkov“. Territoriya mejdu Kaspiyskim morem i Kitaem v XIX v. nazivalas Russkim (ili Zapadnim) Turkestanom (chto blizko sovpadalo s regionom Srednyaya Aziya), Vostochniy Turkestan vklyuchal territoriyu Zapadnogo Kitaya, naselennuyu tyurkskimi narodami (uygurami, kazaxami)
- ↑ N V Xanikov „Opisanie Buxarskogo xanstva“
- ↑ Plensov, A. K. Delo pod Ikanom. SPb. Izdatelstvo „Istoriko-kulturniy sentr Karelskogo peresheyka“, 2014. 320 s. S illyustratsiyami. ISBN 978-5-9905826-9-9. S. 12—14
- ↑ Plensov, A. K. Delo pod Ikanom. SPb. Izdatelstvo „Istoriko-kulturniy sentr Karelskogo peresheyka“, 2014. 320 s. S illyustratsiyami. ISBN 978-5-9905826-9-9. S. 12—14
- ↑ XANIKOV N. V. OPISANIYe BUXARSKOGO XANSTVA
- ↑ "TAKIMI OFITsYeRAMI MOJYeT GORDITSYa LYuBOY FLOT" Dokumenti ob uchastii rossiyskix moryakov v missii N. P. Ignateva v Xivu i Buxaru. 1857-1859 gg.
- ↑ Plensov, A. K. Delo pod Ikanom. SPb. Izdatelstvo „Istoriko-kulturniy sentr Karelskogo peresheyka“, 2014. 320 s. S illyustratsiyami. ISBN 978-5-9905826-9-9. S. 22
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ 9-sinf Oʻzbekiston tarixi
- ↑ Kokandskaya krepostsa Ak-mechet (nedostupnaya ssilka). Data obraщeniya: 29-yanvarya 2007. Arxivirovano 2-avgusta 2008 goda.
- ↑ Opisanie voennix deystviy v Zailiyskom krae v 1860 g
- ↑ 12,0 12,1 12,2 Plensov, A. K. Delo pod Ikanom. SPb. Izdatelstvo „Istoriko-kulturniy sentr Karelskogo peresheyka“, 2014. 320 s. S illyustratsiyami. ISBN 978-5-9905826-9-9. S. 24
- ↑ 13,0 13,1 13,2 Plensov, A. K. Delo pod Ikanom. SPb. Izdatelstvo „Istoriko-kulturniy sentr Karelskogo peresheyka“, 2014. 320 s. S illyustratsiyami. ISBN 978-5-9905826-9-9. S. 24
- ↑ „Русское завоевание Бухары“. 2022-yil 20-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 21-sentyabr.
- ↑ „Rossiya imperiyasi tomonidan Buxoro amirligining bosib olinishi“.
- ↑ Makkenzi.p.243
- ↑ Bregel, p. 64.
- ↑ Kersnovskiy, AA Rossiya armiyasi tarixi T. 2. — M.: Golos, 1993.—336 s., il. — ISBN 5-7117-0058-8 , 5-7117-0059-6.
- ↑ Russkie voennie istoriki XIX v. o prichinax i motivax dvijeniya Rossii na vostok (v Srednyuyu Aziyu i Yujniy Kazaxstan)
- ↑ The Revolt of 1916 in Russian Central Asia, Edward Dennis Sokol, 1954, 2016. p. 18
- ↑ Bekmaxanova, Nailya E. (2015)
- ↑ Eluщenko Ye. A. 'Rossiya v Sredney Azii. Zavoevaniya i preobrazovaniya. — M.: ZAO Izdatelstvo Tsentrpoligraf, 2010. — 575 s. — (Rossiya zabitaya i neizvestnaya. Zolotaya kolleksiya). ISBN 978-5-227-02167-0, S. 136.
- ↑ Meyendorf Ye. K. Puteshestvie iz Orenburga v Peterburg. — M., 1975. — S. 68.
- ↑ A. N. Sobolev. Vozmojen li poxod russkix v Indiyu (nedostupnaya ssilka). Data obraщeniya: 17 marta 2007. Arxivirovano 29-sentabrya 2007 goda.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Tsentralnaya Aziya v sostave Rossiyskoy imperii / S. N. Abashin, D. Yu. Arapov, N. Ye. Bekmaxanova. — M.: Novoe literaturnoe obozrenie, 2008. — 464 s. — (HISTORIA ROSSICA). — 2000 ekz. — ISBN 978-5-86793-571-9.
- Buxarskie poxodi // Bolshaya rossiyskaya ensiklopediya : [v 35 t.] / gl. red. Yu. S. Osipov. — M. : Bolshaya rossiyskaya ensiklopediya, 2004—2017.
- Kokandskie poxodi // Bolshaya rossiyskaya ensiklopediya : [v 35 t.] / gl. red. Yu. S. Osipov. — M. : Bolshaya rossiyskaya ensiklopediya, 2004—2017.
- Xivinskie poxodi // Bolshaya rossiyskaya ensiklopediya : [v 35 t.] / gl. red. Yu. S. Osipov. — M. : Bolshaya rossiyskaya ensiklopediya, 2004—2017.
- Terentev M. A., Istoriya zavoevaniya Sredney Azii, t. 1-3, SPb., 1906.
- Abaza K. K. Zavoevanie Turkestana: rasskazi iz voennoy istorii, ocherki prirodi, bita i nravov tuzemsev v obщedostupnom izlojenii. — SPb., 1902
- Gluщenko, Ye. A. Rossiya v Sredney Azii. Zavoevaniya i preobrazovaniya. — M.: ZAO Izdatelstvo Tsentrpoligraf, 2010. — 575 s. — (Rossiya zabitaya i neizvestnaya. Zolotaya kolleksiya). ISBN 978-5-227-02167-0
- Mavlanov I. R. Zavoevanie Sredney Azii Rossiey // Indiya — Tsentralnaya Aziya: ekonomicheskoe sostoyanie i torgovo-ekonomicheskie svyazi vo vtoroy polovine XIX — pervoy polovine XX v. — Tashkent: Institut vostokovedeniya im. Abu Rayxana Beruni Akademii nauk Respubliki Uzbekistan, 2012. — 254 s. ISBN 978-9943-340-28-2.
- Logofet D. N., Shemanskiy A. D. Zavoevanie Sredney Azii // Istoriya russkoy armii i flota, Tom XII. M. 1913
- Ignatev N., Missiya v Xivu i Buxaru v 1858 g. fligel-adʼyutanta polkovnika N. Ignateva, SPb., 1897.
- Ivanov P. P. Kazaxi i Kokandskoe xanstvo (k istorii ix vzaimootnosheniy v nachale XIX v.), — „Zapiski instituta vostokovedeniya AN SSSR“, t. VII, 1939.
- Valixanov Ch. Ch., Stati. Perepiska, Alma-Ata, 1947.
- Apollova N. G. Prisoedinenie Kazaxstana k Rossii v 30-x godax XVIII veka, Alma-Ata, 1948.
- Ivanov P. P. Ocherki po istorii Sredney Azii (XVI — seredina XIX v.), M., 1958.
- Bendrikov K. Ye. Ocherki po istorii narodnogo obrazovaniya v Turkestane (1865—1924). M.,1960.
- Moiseev V. A. Rossiya i Kitay v Tsentralnoy Azii (vtoraya polovina XIX v. — 1917 gg.). Barnaul, 2003.
- Levshin A. I. Opisanie kirgiz-kazachix ili kirgiz-kaysatskix gor i stepey. Almati. Sanat. 1996.
- Lyubavskiy M. K. Obzor istorii russkoy kolonizatsii s drevneyshix vremyon i do XX veka. — M.: Izd-vo MGU, 1996.
- Maksheev A. I. Istoricheskiy obzor Turkestana i nastupatelnogo dvijeniya v nego russkix. SPb, 1890
- Mixaylov A. A. Perviy brosok na yug. — M.: „ACT“; SPb.: „Severo-Zapad Press“, 2003.
- Postnikov A. V. Stanovlenie rubejey Rossii v Tsentralnoy i Sredney Azii (XVIII—XIX vv.). — M.: Pamyatniki istoricheskoy misli, 2007. — 464 s. — 800 ekz. — ISBN 5-88451-216-0.
- Pochekaev R. Yu. Rossiyskiy faktor pravovogo razvitiya Sredney Azii: 1717-1917. Yuridicheskie aspekti frontirnoy modernizatsii / Nats. issled. universitet „Visshaya shkola ekonomiki“. — M. : Izd. dom Visshey shkoli ekonomiki, 2020. — 326, [2] s. — 500 ekz. — ISBN 978-5-7598-1989-9 (v obl.).
- Tageev B. L. „Russkie nad Indiey“. Kniga "Poludennie ekspeditsii: Ocherki. — M.: Voenizdat, 1998. −351 s. ISBN 5-203-01852-9.
- Xalfin N. A. „Prisoedinenie Sredney Azii k Rossii“ — M., 1965
- Xanikov N. V. Ekspeditsiya v Xorasan. M. Nauka. 1973.
Chet el adabiyoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Alexander Morrison. The Russian Conquest of Central Asia. A Study in Imperial Expansion, 1814—1914. Cambridge University Press, 2021.
- Alexander Morrison. Russian rule in Turkestan and the example of British India 1860—1917. Slavonic & East European Review, 2006.
- Richard A. Pierce. Russian Central Asia, 1867—1917: A Study in Colonial Rule, 1960.
- Carrere d’Encausse, H. Islam and The Russian Empire: Reform and Revolution in Central Asia. London, 1988.
- Kalpana Sahni, Crucifying the Orient — Russian Orientalism and the Colonization of Caucasus and Central Asia — White Orchard Press, Bangkok, Thailand; The Institute for Comparative Research in Human Culture, Oslo, first published 1997.
- Brower, D. A. Turkestan and the Fate of the Russian Empire. London: Routlege, 2003. ISBN 0-415-29744-3
- Ross, E. D., Skrine, F. H. B. The Heart of Asia: A History of Russian Turkestan and the Central Asian Khanates from the Earliest Times. London: Methuen & co., 1899; London — New York: Routlege, 2004.
- Erkinov. A. Praying For and Against the Tsar : Prayers and Sermons in Russian-Dominated Khiva and Tsarist Turkestan. Berlin : Klaus Schwarz Verlag, 2004 (=ANOR 16), 112 p.