Alimqul
Alimqul (toʻliq ismi Mulla Alimqul Husaynboy oʻgʻli) (1831/32—1865) —qipchoq urugʻidan boʻlgan qirgʻiz Qoʻqon xonligining muvaqqat xoni (regenti), mingboshisi, amiri lashkari (1863—1865).
Hokimiyat uchun kurash
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mallaxon hukmronligi davri (1858—1862)da Alimqul xonlikni idora etishda faol qatnashib, eshik ogʻaboshi va vazir darajasiga koʻtarildi, Mallaxonning eng ishonchli va yaqin kishilaridan biri boʻlib qoldi. Bu davrda Alimqul qipchoklarning xonlikdagi siyosiy mavqeini tiklashga va mustahkamlashga harakat qildi. Mallaxon oʻldirilgach (1862), uning oʻrniga Sarimsoqxonning 17 yoshli oʻgʻli Shohmurod xon deb eʼlon qilindi. U taxtga oʻtirgach, otasining qotillarini topib oʻldirtira boshladi. Qotillikda qoʻli bor Toshkent hokimi Qanoatning buyrugʻi bilan Shohmurodni oʻgʻirlab ketadilar. Soʻng Qanoat Xudoyorxonni xon deb eʼlon qiladi. Alimqul esa taxtga uning birodari Sulton Murodni oʻtqazmoqchi boʻlib, Xudoyorxonga qarshi kurash boshlaydi. Nihoyat, 1863-yil 9-iyulda Alimqul Mallaxonning oʻgʻli Sulton Sayyidxonni Qoʻqon xoni deb eʼlon qiladi. Xudoyorxon Buxoroga ketishga majbur boʻladi. Buning evaziga Alimqul „Amiri lashkar“ unvoniga sazovor boʻldi. Shunday boʻlsada, Alimqul amalda xonlikni oʻzi idora qila boshladi.
Rossiya imperiyasi bilan urush
[tahrir | manbasini tahrirlash]Podsho Rossiyasi qoʻshinlari Qoʻqon xonligi tasarrufidagi Toshkent va boʻlak shaharlarga taxdid qila boshlagach, Alimqul va Sulton Sayyidxon qoʻshin bilan Toshkentga kelishdi (1864-yil 25-noyabr). Alimqul 10 ming kishilik qoʻshin bilan Aris daryosi boʻylariga chiqib, Turkiston va Chimkent oraligʻidagi rus qoʻshinlari egallagan qoʻrgʻonlarni qaytarib olishga harakat qildi. Turkiston sh. yaqinidagi Iqon qishlogʻida ruslarning qoʻshinini yengib Toshkentga qaytdi (yana qarang Iqon jangi). 1864-yil dekabr oxirida Alimqul va Sulton Sayyidxon Toshkentni tark etib, Qoʻqonga kelishdi. Chernyayev boshliq rus qoʻshinlari Toshkentga yaqinlashganligi haqida xabar topgach, ular qoʻshin bilan Qoʻqondan chiqib, 1865-yil 7-mayda ertalab Toshkentga yetib kelishdi. Alimqul va xon qarorgohi Afrosiyob tepaligida joylashdi. Shu kuni Mingoʻrik mavzesida shahar himoyachilari ishtirokida katta mashvarat oʻtkazilib, gʻazavot eʼ-lon qilindi. Qashqar hokimi Valixon toʻraning qashqarliklar ham bu gʻazavotga qoʻshilajaklari haqidagi maktubini Alimqul shahar himoyachilariga shaxsan oʻzi oʻqib eshittirdi. Soʻng, Salor kanali bilan Dar-xon arigʻi oraligʻi (hozirgi Pushkin koʻchasi)da Alimqul qoʻshinlari va shahar himoyachilari bilan rus qoʻshinlari oʻrtasida qattiq jang boʻldi. Rus qoʻshinlari yengilib, Shoʻrtepaga chekindi. 1865-yil 9-mayda Alimqul qoʻmondonligidagi qoʻqonlik askarlar va shahar himoyachilari Shoʻrtepadagi rus qoʻshinlariga qarshi hujumga oʻtdi. Nihoyatda qattiq jang boʻlib, Alimqul ogʻir yaralandi va oʻsha kuni vafot etdi.
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]1865-yil 10-mayda u Toshkentdagi Shayxontohur qabristoniga dafn etildi. Uning vafoti vaqtida yonida mashhur tabiblardan Asadullabek yonida boʻlib, uni dafn etishda ishtirok etadi va keyinroq bu haqida amerikalik diplomat, sayyoh Yujin Skaylerga Toshkentda aytib beradi[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Haydarbek Bobobekov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
- ↑ Schuyler E. Turkistan notes of a journey in Russian Turkistan, Khokand, Bukhra, and Kuldja. Volume I. New York: Scribner, Armstrong & CO.,1877. 93 p