Lev Yashin
Shaxsiy maʼlumot | |||
---|---|---|---|
Toʻliq ismi | Lev Ivanovich Yashin | ||
Tavallud sanasi | 22-oktyabr 1929-yil | ||
Tavallud joyi | Moskva, SSSR | ||
Boʻyi | 1.86 m (6 ft 1 in) [1] | ||
Ampluasi | Darvozabon | ||
Raqami | 1 | ||
Yoshligida aʼzo boʻlgan klublar | |||
1944—1948 | Qizil oktyabr (Tushino) | ||
1949—1950 | Dinamo (Moskva) | ||
Professional faoliyati* | |||
Yillar | Jamoa | Isht. | (Gol.) |
1950—1970 | Dinamo (Moskva) | 326 | (-253) |
Milliy terma jamoa | |||
1954—1970 | SSSR | 74 | (-70) |
1956 | SSSR (Olimpiya jamoasi) | 6 | (-3) |
*Professional klublardagi gollari (ichki chempionat) |
Lev Ivanovich Yashin (1929.22.10 Moskva – 1990.20.3) – futbolchi, xizmat koʻrsatgan sport ustasi (1957), jahonning eng yaxshi darvozabonlaridan biri. 1954—67 yillarda SSSR terma jamoasi tarkibida oʻynagan. Olimpiada oʻyinlari (1956), Yevropa (1960), SSSR (1954—63 yillarda 5 marta) chempioni, mamlakat Kubogi egasi (1953, 1967, 1970)[2].
Butun faoliyati davomida yagona futbol klubi – Dinamo (Moskva) sharafini himoya qilgan[1]. 1944-yildan boshlab oʻzi ishlaydigan zavodning futbol jamoasida oʻynashni boshlagan, keyinchalik Dinamo futbol jamoasiga taklif qilingan. Ushbu jamoa safida 1950-yilda SSSR chempionatida oʻz debyutini amalga oshirgan. Dastlab murabbiylarning ishonchini oqlay olmagan va keyingi uch yil davomida asosiy tarkibda oʻynamagan. Shu davr mobaynida futbol mashgʻulotlaridan tashqari Lev Dinamoning xokkey jamoasida ham oʻynagan va SSSR kubogi sohibiga ham aylangan. 1953-yilda berilgan imkoniyatdan foydalanib Dinamo futbol jamoasining asosiy darvozaboniga aylanishga muvaffaq boʻlgan va faoliyati yakuniga qadar ushbu jamoa sharafini himoya qilgan. 1954-yildan boshlab SSSR milliy terma jamoasi safida ishtirok etgan va 4 marotaba jahon chempionatlarida ishtirok etgan yagona sovet sportchisiga aylangan[3]. Lev Yashinning SSSR terma jamoasi uchun dastlabki hisoblangan jahon chempionatidagi ishtiroki butun futbol olamini hayratda qoldirgan[1].
Lev Yashin futbol darvozaboni haqidagi fikrlarni tubdan oʻzgartirib yuborgan. U darvozabonlar orasida birinchilardan boʻlib toʻpga chiqishlardagi muvaffaqiyatli oʻyinlari va jarima maydonidan unumli foydalanishi, jamoa oʻyinlarini boshlash va himoyadagi tartibli oʻyinni boshqara olish qobiliyatlarini namoyish qilgan. FIFA versiyasiga koʻra XX asrning eng yaxshi darvozaboni deb tan olingan. 2003-yilda Rossiya Futbol Federatsiyasi Lev Yashinni soʻnggi 50 yillikning eng yaxshi futbolchisi deb tan olgan[4].
Yoshligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Lev Ivanovich Yashin 1929-yilning 22-oktabr sanasida Moskva shahrida tugʻilgan. Oʻz yoshligini shaharning Bogorodskoe tumanida oʻtkazgan. Levning otasi, Ivan Petrovich oliy toifali chilangar boʻlgan va Tushinodagi harbiy zavodda ishlagan. Onasi Anna Mitrofanovna esa Qizil bahodir zavodida ishlagan va Lev birinchi sinfga borishidan oldin sil kasalligidan vafot etgan. Yashinlar oilasi Anna Mitrofanovnaning aka-singillari bilan birgalikda bir uyda istiqomat qilishgan[1][5]. Bolalar uyning xovlisida doimo, qaysi yil fasli boʻlishidan qatʼiy nazar kechgacha futbol oʻynash bilan band boʻlishgan. Ushbu oʻyinlarda Lev dastlabki darvozabonlik darslarini olgan. Qishda bolalar muz quyib, hovlida xokkey oʻynashgan. Xokkey va futboldan tashqari, bolalar oʻrtasida tramplindan sakrash ham mashhur edi. Yashin yoshlikdagi ushbu qiziqish haqida shunday eslaydi: „Yeqilar edik, jarohatlar olardik, ammo oyoqda mahkam turishni, balandlikdan qoʻrqmaslikni, tanamizni qanday toʻgʻri boshqarishni aynan shu paytda oʻrganganmiz“. Yashin shu kabi sport mashgʻulotlari uni sportga tayyorlagani, qolgan futbolchilarning koʻp jarohat olishi ularning kam oʻynagani, kam yugurgani, daraxtlarga kam chiqqanligi oqibatida ekanligini aytib oʻtgan[1].
Lev „koʻcha bolasi“ boʻlgani va koʻp hollarda oʻz holiga tashlab qoʻyilgani tufayli maktab taʼlimiga keraklicha eʼtibor bermagan[1]. Shunga qaramay Lev jismoniy tarbiya boʻyicha barcha normativlarni aʼlo darajada topshirgan, shaxmat va qilichbozlik boʻyicha maktab chempioni boʻlgan[6]. Onasi vafotidan soʻng Levning otasi Aleksandra Petrovna ismli ayolga uylangan va Levning eslashiga koʻra ushbu ayol Lev uchun haqiqiy onasi oʻrnini bosa olgan. 1939-yilda Yashinlar oilasi yana bir nafarga koʻpaygan va Levning ukasi Boris dunyoga kelgan. Lev Yashin haqidagi biografik asar muallifi Vladimir Galedinga binoan boʻlajak futbolchining yoshligi unda mehnatsevarlik va sinchkovlik kabi xislatlarni dunyoga keltirgan[1]. Ulugʻ vatan urushining boshlanishi 11 yoshli Lev Yashin uchun yozgi taʼtil, uning Podolskdagi paytiga toʻgʻri kelgan. Oktabr oyida Levning otasi ishlagan zavod Ulyanovskka evakuatsiya qilingan va butun oila Ulyanovsk shahriga koʻchgan. Oʻzining 12 yoshlik tugʻilgan kunini Lev zavodda, mehnat faoliyati davomida nishonlagan. Aynan shu zavodga Lev 1943-yil bahorida chilangar shogirti sifatida ishga kirgan. 13 yoshlik paytida Lev sigaret chekishga ruju qoʻygan. Keyinchalik, zavodda ishlash vaqtida uchinchi razryadli chilangarlik darajasini olgan. 1944-yil boshida zavodni Moskvaga qaytarishgan va Yashinlar oilasi ham poytaxtga qaytgan[1].
Urush yakunlangandan soʻng ilk marotaba oʻtkazilgan 1944-yilgi futbol boʻyicha SSSR kubogi Yashinda katta taasurot qoldirgan[6]. Oʻsha yilning sentabr oyidan Yashin zavodning yoshlar futbol klubida oʻynashni boshlagan. Futbol jamoasining murabbiyi Levning baland boʻyini hisobga olib uni darvozabon pozitsiyasiga qoʻygan[1]. Lev darvozabon pozitsiyasining sir-asrorlarini zavodning asosiy jamoasi darvozaboni va zavodning mexanigi boʻlgan Aleksey Gusevdan oʻrgangan[6]. 1948-yil boshida Lev shaxsiy sabablar tufayli ishga bormay qoʻygan va uydan chiqib ketgan. Keyinchalik u: „Menda nimadur dab-durustdan oʻzgardi […] ish va uyda hamma narsa meni jigʻimga tega boshlagandi“ deb eslab oʻtgan. Shunga qaramay zavodning futbol jamoasida oʻynashni davom ettirgan. Oʻsha davrda uning katta jamoadoshlari ishsizlik tufayli jinoiy javobgarlikka tortilishning oldini olish maqsadida unga harbiy xizmatga borishni maslahat bergan. Yilning yarmida Yashin armiyaga joʻnab ketgan[1]. Xizmat vaqtida Yashin futbol oʻynashda davom etgan va dam olish kunlari jamoa bilan Dinamo tuman birlashmasi birinchiligida qatnasha boshlagan[6].
Sportchilik faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Dinamoga taklif qilinishi va dastlabki oʻyinlari (1949-1953)
[tahrir | manbasini tahrirlash]Armiyadagi xizmat davomidagi oʻyinlardan birida Levning yaxshi oʻyini Dinamo yoshlar jamoasi murabbiyi Arkadiy Chernishovga yoqib tushgan va murabbiy Yashinni jamoa mashgʻulotlariga taklif qilgan. Chernishov Yashin uchun ikkinchi otadek boʻlgan. U Yashinning jamoa mashgʻulotlariga u xizmat qilgan rota komandiri bilan kelib ketishini tashkillashtirib bergan[1][6]. 1949-yildan Lev Dinamo futbol klubining ikkinchi jamoasida oʻynay boshlagan[1][6]. 1950-yil oyida Yashin Dinamo jamoasining mavsumoldi mashgʻulotlarida Aleksey Xomich va Valter Sanaylardan soʻng uchinchi darvozabon sifatida qatnashgan[7]. Yosh oʻyinchining asosiy jamoaga jalb qilinishida Dinamo bosh murabbiyi Mixail Yakushin bilan yaxshi aloqalarda boʻlgan yoshlar jamoasi murabbiyi Chernishovning hissasi katta boʻlgan. Aynan u Yakushinga yosh darvozabon Yashinni tavsiya qilgan[1]. Mavsumoldi mashgʻulotlari davomida Lev Yashin Stalingradning Torpedo jamoasiga qarshi oʻyinda maydonga tushgan. Oʻsha oʻyinda Yashin raqib jamoa darvozabonidan gol oʻtkazib yuborgan. Yashinning ushbu xatosiga qaramay uni asosiy jamoaning uchinchi darvozaboni sifatida qoldirishgan. Yashinga jamoaning asosiy darvozaboni Aleksey Xomich har tomonlama yordam bergan va oʻz tajribasi bilan ulashib borgan[1].
1950-yil 2-iyul sanasida, Moskvaning Spartak jamoasi bilan oʻyinda jamoaning asosiy darvozaboni Xomich jarohat olgan, ikkinchi darvozabon Sanay esa kasalligi sababli oʻyinda ishtirok eta olmagan, shu sababli ushbu oʻyinda Lev rasmiy oʻyinlarda jamoa safidagi oʻzining debyutini amalga oshirgan. Zahiradan maydonga tushgan Yashin mavsumoldi oʻyinida amalga oshirgan xatosiga oʻxshash xatolikni amalga oshirgan va bu xato raqib jamoa futbolchisi Nikolay Parshinning goliga olib kelgan. Oʻyin 1:1 hisobidagi durrang natija bilan yakunlangan[1]. Shunga qaramay yashin Tbillisining Dinamo jamoasiga qarshi keyingi oʻyinda ham asosiy tarkibdan joy olgan. Darvozabonning yaxshi oʻyini tufayli jamoa birinchi boʻlimdayoq hisobni 4:1 koʻrinishiga keldirgan, lekin ikkinchi boʻlimda Yashin raqiblardan uchta gol oʻtkazib yuborgan. Ushbu gollarning biri Yashinning toʻpga chiqishdagi xatosi tufayli yuzaga kelgan penalti oqibatida edi[1]. Dinamo ushbu oʻyinda 5:4 hisobida gaʼlaba qozongan. Yashinni asosiy tarkibda maydonga tushirgan jamoaning murabbiyi Viktor Dubinin ushbu oʻyindan soʻng Yashinning yordamidan voz kechgan. Yashin keyingi mavsum jamoa safida umuman oʻynamagan[6].
Asosiy jamoadagi muvaffaqiyatsiz chiqishlaridan soʻng Arkadiy Chernishov Lev Yashinga SSSRda mashhurlikka erishayotgan yangi sport turi – xokkeyda oʻzini sinab koʻrishini taklif qilgan[1]. Oʻsha paytda Chernishov Dinamoning xokkey jamoasi murabbiyi edi[6]. Oʻsha davrlarda koʻpgina sportchilar turli-xil sport turlari bilan shugʻullangan[1]. Yashinga dastlab hujumchi sifatida oʻynashni taklif qilishgan, lekin u xokkeyda ham darvozabon sifatida qatnashishni afzal koʻrgan. Lekin keyinchalik xokkey boʻyicha milliy terma jamoa safiga kirish imkoniyati boʻlishiga qaramay Lev Yashin butun eʼtiborini futbolga qaratishga qaror qilgan[1][6].
Xokkey oʻynash davomida Yashin Dinamo futbol jamoasining ikkinchi tarkibida oʻynashda davom etgan[1]. Jamoa mashgʻulotlarida Lev Yashin mehnatsevarligi va oʻyinlarda ishtirok etish ishtiyoqi bilan ajralib turgan[6]. Dinamo jamoasiga tasodifiy holda kelib qolganiga qaramay Lev Yashin muvaffaqiyatsiz oʻyinlardan soʻng jamoadan ketmagan. Oʻzining kitobida darvozabon Dinamo safida oʻynagan davrida boshqa jamoalardan ham koʻplab takliflar tushganligi haqida aytib oʻtgan. Galedinning yozishicha Lev Yashin Dinamoning sovet futbolida egallab turgan yuqori mavqei tufayli jamoadan ketmagan: bundan tashqari jamoa tarkibida 1945-yilda Buyuk Britaniya turnesida qatnashgan koʻplab oʻyinchilar ham boʻlgan[1]. Ikkinchi jamoa tarkibida Lev Yashin himoyachilarning darajasi pastligi tufayli toʻp bilan koʻp muamola qilishi va jamoadoshlariga yordam berishi kerak boʻlgan, shu tufayli u jamoa tarkibida juda muvaffiqaytli qatnashgan. Oʻsha davrda Lev Yashin oʻndan ortiq penaltilarni qaytarishga muvaffaqa boʻlgan, ammo faoliyatining keyingi qismida penaltilarni qaytarishda unchalik muvaffaqiyatga erishmagan[1]. Asosiy jamoa murabbiyi Mixail Semichastniy Lev Yashinning oʻyinidan qoniqqani va unga yana bir imkoniyat bergani bois Lev xokkeyni tashlab bor etiborini futbolga qaratishga qaror qilgan. Uzoq yillik tanaffusdan soʻng, 1953-yil 2-mayda Lev Yashin Dinamo tarkibida yana oʻynashni boshlagan[1]. 1953-yilning yozidan boshlab Lev Yashin Dinamoning asosiy darvozaboniga aylangan. 1953-yilgi SSSR chempionatida Dinamo turnir jadvalida toʻrtinchi oʻrinni egallagan. Jamoa SSSR kubogi finaliga chiqgan va minimal hisobda gʻalaba qozongan. Lev esa oʻyin davomida jarohat olgan va zahiraga olingan. Ushbu kubok Lev uchun faoliyati davomidagi dastlabkisi boʻlgan[1]. Oʻsha yili Lev Yashin SSSR chempionatida mavsumning eng yaxshi 33 futbolchisi roʻyxatidan joy olgan[8].
Asosiy tarkibdagi oʻrni, terma jamoaga jalb qilinishi va Olimpiada oʻyinlaridagi ishtiroki
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mavsum yakuniga koʻra jamoaga Mixail Yakushin bosh murabbiy sifatida qaytgan. Murabbiy uchun darvozadan chiqishdagi oʻyinlarida agressiv oʻyin uslubiga ega boʻlgan Lev Yashin Yakushinning oʻz taʼbiri bilan aytganda orzusidagi darvozabon edi[1]. Lekin koʻp hollarda Yashinning darvozadan chiqib oʻynashi oqibatida Dinamoning boʻsh darvozasiga koʻplab gollar urilgan va tomoshabinlar tomonidan Yashin koʻplab tanqidlarga uchragan, lekin bosh murabbiy Yakushin Yashinni doimo himoya qilib kelgan[1]. 1954-yilgi mavsum Lev Yashinning futbolchilik faoliyatidagi eng yaxshi mavsumlaridan biri boʻlgan. Yakushin jamoa mashgʻulotlari jarayoniga oʻzgarishlar amalga oshirgan. Asosiy oʻzgarishlardan biri Lev Yashin mashgʻulotlar davomida darvozadan tashqari boshqa pozitsiyalarda ham oʻynagan. Kvadrat oʻyin davomida darvozabon pressing vaqtida xatolarsiz oʻynash va pas berish koʻnikmasini oʻzlashtirgan. Keyinchalik Yakushin Lev Yashinning darvozadan tashqari boshqa pozitsiyalarda ham oʻynagani unga 40 yoshgacha futbol oʻynashiga imkon berganini taʼkidlab oʻtgan[1]. 1954-yilgi SSSR chempionatida Dinamo birinchi oʻrinni egallagan. Oʻsha yili Lev Yashin chet el – Avstriya, Fransiya va Shveysariya maydonlarida ham oʻynagan. Yevropalik muhlislar darvozabonni iliqlik bilan kutib olgan. Mavsum yakuniga koʻra Lev Yashinga SSSR sport ustasi unvoni berilgan[9].
1954-yilda Lev Yashin terma jamoa safida ham debyut qilgan. Yashin terma jamoa safida oʻzining ilk oʻyinlarini Bolgariya va Polsha terma jamoalariga qarshi oʻtkazgan, ammo ushbu oʻyinlar rasmiy boʻlmaganligi uchun keyinchalik Yashinning terma jamoa safidagi oʻyinlariga qoʻshilmagan. 1954-yil 8-sentabrda Lev Ivanovich terma jamoa safidagi dastlabki rasmiy oʻyinini oʻtkazadi. Ushbu oʻrtoqlik oʻyinida SSSR Shvetsiya terma jamoasi bilan oʻynagan. 26-sentabr sanasida u 1954-yilgi jahon chempionati finalistlari boʻlgan Vengriya milliy futbol terma jamoasi bilan oʻtkazilgan oʻrtoqlik uchrashuvida maydonga tushgan. Oʻyin davomida oʻz darvozasi daxlsizligini saqlab turgan Lev Yashin oʻyinning soʻnggi daqiqalarida raqib futbolchisi Sándor Kocsisdan gol oʻtkazib yuborgan va ushbu oʻyin 1:1 hisobidagi durrang bilan yakunlangan. Sándor Kocsis bilan birgalikda Lev Yashin uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan[1][6]. Terma jamoa safida ishtirok etishni boshlaganida Lev Yashinga 24 yosh edi. Bu esa oʻsha davr uchun juda kech hisoblangan[5].
1955-yil davomida darvozabon oʻtgan mavsumdagi xatolarsiz oʻyinlarini davom ettirgan, lekin Moskvaning Spartak jamoasiga qarshi boʻlib oʻtgan 17-iyundagi uchrashuvda jamoasining 1:4 hisobidagi oʻyinida jamoasiga yordam bera olmagan. Mavsum davomida Yashin bir necha italyan jamoalari – AC Milan va ACF Fiorentina jamoalari bilan oʻtkazilgan oʻrtoqlik uchrashuvlarida ham qatnashgan[1]. 1955-yil 25-sentabrda SSSR terma jamoasi amaldagi jahon chempionlari boʻlgan Germaniya terma jamoasi bilan oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazgan. Fritz Walter va Hans Schäferdan oʻtkazib yuborilgan gollarga qaramay SSSR 3:2 hisobida gʻalaba qozongan[1]. 25-sentabr kuni yana bir oʻrtoqlik uchrashuvi tashkillanib, unda SSSR Vengriya terma jamoasi bilan oʻynagan. Lev Yashin boshiga berilgan zarbadan keyin hushini yoʻqotgan boʻlishiga qaramay oʻyinni davom ettirgan. Ushbu uchrashuv 1:1 hisobidagi durrang bilan yakunlangan. Vengriya terma jamoasida yagona golni penaltidan hujumchi Ferenc Puskás amalga oshirgan[1]. Oʻz navbatida 1955-yilgi SSSR chempionatida yana Dinamo jamoasi gʻalaba qozongan. Lev Yashin mavsum davomida 22 oʻyinda maydonga tushgan va bor-yoʻgʻi 16 marta oʻz darvozasidan toʻp olib chiqqan. Mamlakat kubogi finaliga ham chiqqan, lekin oʻsha oʻyinda 1:2 hisobida SSKA jamoasidan magʻlubiyatga uchragan. Oʻsha oʻyinda Lev Yashin raqib futbolchisi Vladimir Agapov bilan yuz bergan toʻqnashuv natijasida zahiraga olingan, uchrashuvni esa Yevgeniy Baykov davom ettirgan[1].
1956-yilgi mavsum Dinamo uchun omadsiz kechgan. Chempionatning dastlabki turlaridan jamoa ochko yoʻqotishni boshlagan va natijada mavsum soʻnggida oʻzining eng yaxshi mavsumlaridan birini oʻtkazgan Spartak gʻalaba qozongan. Mavsumning 22 oʻyinidan 19 tasida maydonga tushgan Lev Yashin oʻtkan mavsumga qaraganda koʻproq gol oʻtkazib yuborgan. 1956-yilda Lev Yashin Avstraliyadagi Olimpiada oʻyinlarida ham ishtirok etgan. Olimpiada oʻyinlariga tayyorgarlik doirasida Lev Yashin Futbol boʻyicha SSSR xalqlari yozgi spartakiada oʻyinlarida Moskva terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan. Lev Yashin turnirning 1/4 va 1/2 final oʻyinlarida maydonga tushgan, turnirning 1/8 bosqichi va final oʻyinlarida Boris Razinskiy darvozada turgan. Moskva terma jamoasi oʻsha turnirda gʻalaba qozongan[1]. Kuzda Dinamo jamoasi Turkiyaning Fenerbahche jamoasi bilan 2 ta oʻrtoqlik uchrashuvlari oʻtkazgan. Har ikki oʻyinda Lev Yashin darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan[1]. 1956-yil 27-oktabr sanasida, SSSR chempionatining yakuniy turidagi Lokomotiv bilan boʻlin oʻtgan uchrashuvda Lev Yashin oʻz darvozasida 7 ta gol oʻtkazib yuborgan. Oʻsha oʻyinda jamoa 7:1 hisobida magʻlubiyatga uchragan. Ushbu natija ommaviy axborot vositalarida darvozabon tomonidan sotilgan oʻyin sifatida talqin qilingan. Lekin sovet sporti gazetasiga binoan Lev Yashin qoʻlidan kelgan hamma narsani qilgan yomon natija esa maydondagi oʻyinlaringning aybi bilan boʻlgani taʼkidlab oʻtilgan. Oʻsha yili Dinamo chempionatda ikkinchi oʻrinni egallagan[1].
SSSR terma jamoasining 1956-yilgi olimpiada oʻyinlaridagi ishtiroki 1/8 final bosqichidan boshlangan. Oʻsha davrda Olimpiada oʻyinlari FIFA tomonidan havaskorlar turniri sifatida eʼtirof etilgan va shu sababli boshqa terma jamoalarning eng yaxshi oʻyinchilari ushbu turnirda ishtirok etishmagan. SSSR terma jamoasi esa oʻzining asosiy tarkibini havaskorlar sifatida roʻyxatdan oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻlgan. Shuningdek koʻplab sabablarga koʻra turnirdagi ishtirokdan 5 jamoa bosh tortgan, shu sababli musobaqada ishtirok etadigan jamoalar soni 16 tadan 11 taga qisqargan. SSSR jamoasiga musobaqa finaligacha yetib borgan va finalda Yugoslaviya terma jamoasi ustida gʻalaba qozongan[1]. 1956-yil dekabrida Lev Yashin France Football tomonidan topshiriladigan Oltin toʻp mukofotiga nomzodlar roʻyxatiga kiritilgan. Ovoz berish natijalariga koʻra Lev Yashin 5-oʻrinni egallagan. 1-oʻrinni esa angliyalik futbolchi Stenli Metyuz qoʻlga kiritgan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 1,11 1,12 1,13 1,14 1,15 1,16 1,17 1,18 1,19 1,20 1,21 1,22 1,23 1,24 1,25 1,26 1,27 1,28 1,29 1,30 1,31 1,32 1,33 1,34 1,35 1,36 Галедин 2018.
- ↑ "Yashin Lev Ivanovich" OʻzME. Ya-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Никита Коновалов. „Как Льву Яшину едва не уничтожили карьеру. Роковому матчу СССР с Чили — 58 лет“. // Спорт-Экспресс (2020-yil 10-iyun). 2022-yil 20-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 9-yanvar.
- ↑ „Golden Players take centre stage“ (en) (deadlink). // UEFA (2003-yil 29-noyabr). 2004-yil 12-martda asl nusxadan arxivlangan.
- ↑ 5,0 5,1 Шульце-Мармелинг 2020.
- ↑ 6,00 6,01 6,02 6,03 6,04 6,05 6,06 6,07 6,08 6,09 6,10 Асаулов 2008.
- ↑ Венглинский, Ильинский 2005.
- ↑ „Летопись Акселя Вартаняна. 1953 год. Часть шестая“. 2016-yil 4-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 4-dekabr.
- ↑ V Komitete po fizkulture i sportu // Sovetskiy sport (gazeta). – 12 fevralya 1955, № 19. – s. 2.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Vikiomborda Lev Yashin haqida turkum mavjud |
Vikiiqtibosda Lev Yashinga tegishli iqtiboslar mavjud. |
- Lev Yashin – FIFA musobaqalaridagi natijalari (arxivlangan)
- Lev Yashin National-Football-Teams.com saytida
- Lev Yashin at Olympedia
- Matthias Arnhold. „Lev Ivanovich Yashin – International Appearances“. Rec.Sport.Soccer Statistics Foundation (2012-yil 13-dekabr).
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
- 22-oktyabrda tugʻilganlar
- 1929-yilda tugʻilganlar
- Moskvada tugʻilganlar
- Navboxes template with no content
- 1990-yilda vafot etganlar
- Alifbo boʻyicha sportchilar
- 1958-yilgi FIFA Jahon chempionati oʻyinchilari
- 1962-yilgi FIFA Jahon chempionati oʻyinchilari
- 1966-yilgi FIFA Jahon chempionati oʻyinchilari
- 1970-yilgi FIFA Jahon chempionati oʻyinchilari
- Erkak futbol darvozabonlari
- Oltin toʻp sohiblari
- Dinamo Moskva klubi futbolchilari
- Olimpiyada medalini olgan futbolchilar
- Rossiyalik erkak futbolchilar
- SSSR erkak futbolchilari
- Rossiya xokkeychilari
- SSSR xokkeychilari
- SSSR Oliy ligasi futbolchilari
- SSSR milliy terma jamoasi erkak futbolchilari
- UEFA Yevropa chempionatida gʻolib boʻlgan oʻyinchilar
- Futbol murabbiylari