Film musiqasi
Film musiqasi, kino musiqasi yoki kinomusiqa – kino sanʼati bilan bogʻliq musiqa janri, kino asarining muhim ifodaviy vositalaridan biri. Dastlab umumiy musiqali joʻrlikni tashkil etib, kinofilm namoyish qilish asboblarining shovqinini bosish uchun moʻljallangan. Bora-bora kino ishlashning muhim sohasiga aylandi. Kino musiqasi tarixi „ovozsiz kino“ (1930-yillarning ikkinchi yarmigacha) hamda „ovozli kino“ bilan bogʻliq 2 asosiy bosqichni oʻz ichiga oladi. Birinchisida kino musiqasi, asosan, ijrochilar (yakka sozanda-pianinochi yoki ansambl) tomonidan tanlangan yoki badiha tarzida ijod qilingan musiqa parchalaridan iborat boʻlgan. „Ovozli kino“da, odatda, har bir film uchun maxsus musiqa yoziladi, baʼzan mavjud musiqa asarlaridan ham foydalaniladi (masalan, hujjatli, ilmiy-ommabop, film-konsert va boshqa filmlarda). Kino musiqasi kinofilm mazmuni bilan uzviy bogʻliq holda, qahramonlarning ruhiy kechinmalarini, dramatik holatlar, ziddiyatlar va boshqalarni badiiy ifodalashga yordam beradi. Chet el kompozitorlaridan M.Nayman (Angliya), N. Rota, E. Morrikone (Italiya), F. Ley, M. Legran, V. Kosma (Fransiya), A. Bisvas, Sh. Choudxuri (Hindiston), G. Kancheli (Gruziya), Doga Yeujeniu (Moldova), I. Dunayevskiy, D. Shostakovich, S. Prokofyev, V. Artemyev (Rossiya), F. Baxor (Tojikiston), N. Muxatov (Turkmaniston), M. Skorik (Ukraina) va boshqa ijodida kinomusiqaning yorqin namunalari vujudga keldi.
Oʻzbekistonda kino uchun maxsus musiqa yozish 1920-yillardan boshlangan. Dastlabki oʻzbek filmlariga musiqa yozishda V. Uspenskiy („Ravot kashkirlari“, 1927) va A. Kozlovskiy („Tohir va Zuhra“, 1945) lar oʻzbek xalq kuy va qoʻshiqlaridan hamda oʻzbek bastakorlari ijodidan unlab iqtiboslarga tayanishgan. Keyingi koʻpgina oʻzbek filmlarida musiqadan dramatizmni kuchaytirish vositasi sifatida foydalanildi: „Abu Ali ibn Sino“ (kompozitor M. Burhonov, 1957), „Furqat“ (S. Yudakov, 1959), „Hamza“, „Sen yetim emassan“ (I. Akbarov, 1961, 1963) va boshqalar. Qoʻshiq muhim rol oʻynagan dastlabki oʻzbek kinokomediyalari 1950-yillarning oxiri, 1960-yillarning boshlarida yuzaga kelgan: „Maftuningman“ (Ik. Akbarov, M. Burhonov, M. Leviyev, 1958), „Mahallada duv-duv gap“ (M. Leviyev, 1960) va boshqa 1960—70 yillarda oʻzbek filmlari uchun musiqa yaratuvchilar doirasi sezilarli darajada kengaydi: S. Jalil („Zulmatni tark etib“, 1973), A. Malaxov („Toshkent – non shahri“, 1967), F. Yanov-Yanovskiy („Qoʻgʻirchoqboz“, 1970; „Mayin yomgʻir yogʻadi“ multfilmi, 1984 va boshqalar). Ayniqsa, R. Vildanov ijodi eʼtiborga molik, 100 dan ortiq filmga musiqa yozdi: „Inson qushlar ortidan boradi“, 1975 (Dehli kinofestivalida eng yaxshi musiqa uchun sovrinini olgan); „Triptix“ (San-Remo kinofestivalida Gran-pri sovrinini olgan); „Armon“, 1987 va boshqa 1980—90-yillarda V. Milov („Alibobo va qirq qaroqchi“, 1980 va boshqalar), M. Mahmudov („Kelinlar qoʻzgʻoloni“, 1985; „Abdullajon“, 1994; „Chimildiq“, 1998; Buxoro kinofestivali (1999)da eng yaxshi musiqa uchun sovrin olgan va boshqalar), E. Solihov („Alpomish“, 1999 va boshqalar), A. Ergashev („Sharif va Maʼrif“, 1992; „Yulduzimni ber, osmon“, 1995 va boshqalar) va boshqa ijodi eʼtiborga molikdir. 1990-yillarga kelib yosh kompozitorlar ham kino musiqasi sohasida ijod qila boshladi va zamonaviy vositalar asosida kino musiqasining yangi uslublarini yaratishga muvaffaq boʻldilar: E. Pak („Sindbadning sarguzashtlari“ multfilmi, 1993 va boshqalar), D. Yanovskiy ["Ulugʻ Amir Temur", 1996; „Voiz“, 1998, Anapa kinofestivali (1999)da Granpri sovrinini olgan; „Fellini“, 1999, Kalkutta kinofestivali (2000)da eng yaxshi film sifatida belgilangan va boshqa], N. Gʻiyosov („Bahodir Jalolov“, 1991), A. Kim („Shaytanat“, 1999-2000) va boshqalar.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
- Yanov-Yanovskaya, Natalya. Muzika uzbekskogo kino, Toshkent, 1967-yil.