Kontent qismiga oʻtish

Al-Mutiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
al-Mutiy lilloh
المطيع لله
Xalifa
Moʻminlar amiri

Somoniylar hukmdori Mansur I ibn Nuhning al-Mutiy hukmdor deb koʻrsatilgan mis falslari (Buxoro, 964/65-yil).
Abbosiylar xalifaligining 23-xalifasi
Saltanat 946-yil 28-yanvar — 974-yil 5-avgust
Oʻtmishdoshi al-Mustakfiy
Davomchisi at-Toiy
Tugʻilishi 913/14
Bagʻdod
Vafoti 974-yil 12-oktyabr (60 yoshda)
Dayr al-Aqul
Dafn etilgan joy
ar-Rufasa, Bagʻdod
Turmush oʻrtogʻi Utb
Farzandlari at-Toiy
Toʻliq nomi
Abulqosim al-Fadl ibn Jaʼfar al-Muqtadir il-Mutiy lilloh
Sulola Abbosiylar
Otasi al-Muqtadir
Onasi Mashʼala
Dini Islom (Sunniylik)

Abulqosim al-Fadl ibn al-Muqtadir (arabcha: أبو القاسم الفضل بن المقتدر; 913/14 — 974-yil sentyabr/oktyabr), hukmdorlik nomi al-Mutiy lilloh (arabcha: المطيع لله[1]) bilan mashhur, 946—974-yillarda Bagʻdodda buvayhiy amirlari qoʻl ostida hukmronlik qilgan Abbosiylar xalifasi.

Al-Mutiy hukmronligi davri Abbosiylar xalifaligi qudrati va hokimiyatining eng past nuqtasi boʻlgan. Oʻtgan oʻn yilliklarda xalifalarning dunyoviy hokimiyati Iroqqa qadar qisqargan. Hatto poytaxtda ham kuchli sarkardalar tomonidan cheklangan edi. Bagʻdodni buvayhiylar bosib olishi bilan xalifa hokimiyati butunlay bekor qilingan. Al-Mutiyni buvayhiylar taxtga chiqargan. Xalifada Iroqdagi sud va diniy tayinlovlar ustidan juda kam boʻlsa-da, hokimiyat mavjud boʻlib, xalifa hokimiyati asosan ramziy ahamiyat kasb etgan. Xalifaning boʻysunishi va kuchsizligining oʻzi xalifalik institutida barqarorlikni tiklashga yordam bergan. Qisqa muddatli va zoʻravonlik bilan agʻdarilgan oʻtmishdoshlaridan farqli oʻlaroq, al-Mutiy uzoq va nisbatan barqaror hokimiyatda qolib, taxtni oʻgʻli at-Toiyga topshirishga muvaffaq boʻlgan.

Xalifaning musulmon dunyosi nominal yetakchisi sifatidagi nufuzi al-Mutiy davrida keskin pasayib ketgan. Buvayhiylarning mintaqaviy raqiblari al-Mutiy qiyofasida faqatgina buvayhiylar qoʻgʻirchogʻini koʻrishgani sababli uning xalifaligini tan olishni kechiktirishgan. Xalifaning Vizantiya erishgan yutuqlarga samarali javob bera olmagani ham uning obroʻsiga putur yetkazgan. Eng muhim jihati shia rejimlarining Yaqin Sharqda kuchayishi bevosita sunniy va abbosiylarning hukmronligiga shubha tugʻdirgan. Buvayhiylarning oʻzlari shia boʻlsa-da, oʻz manfaatlarini koʻzlab Abbosiylar xalifaligini saqlab qolishgan. Gʻarb tomonda kengayib borayotgan Fotimiylar xalifaligi Abbosiylar uchun bevosita gʻoyaviy va siyosiy muammo tugʻdirgan. Al-Mutiy hukmronligi davrida Fotimiylar Misrni bosib olib, Bagʻdodning oʻziga ham tahdid solib, Levantga tomon kengaya boshlagan.

Yoshlik davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boʻlajak xalifa al-Mutiy 913/14-yilda Bagʻdodda Abbosiy xalifa al-Muqtadirning (h. 908–932) slavyan kanizagi Mashʼaladan tugʻilgan. Tugʻilganida al-Fadl deb ism qoʻyilgan[2][3]. Xalifalar ar-Radiy (h. 934–940) va al-Muttaqiy (h. 940–944) aka-uka boʻlgan[2]. Al-Mutiy inqiroz davrida ulgʻaygan. Al-Muqtadir hukmronligi davrida fraksiyaviy nizolar, qarmatlarning hujumlari, iqtisodiy tanazzul va daromad tanqisligi harbiy tartibsizliklarga olib kelib, bu jarayon 932-yilda xalifaning o‘ldirilishi bilan yakunlangan[4]. Ar-Radiy va al-Muttaqiylarning hukmronliklari davrida Abbosiylar markaziy hukumati viloyatlar ustidan nazoratni mintaqaviy harbiy kuchlar qo‘liga topshirgan. Hatto Abbosiylar poytaxti joylashgan Iroq hududida ham harbiy kuchlar xalifani haqiqiy hokimiyatdan mahrum qilishgan. Harbiy yetakchilar amir ul-umaro (bosh qoʻmondon, soʻzma-soʻz'bosh amir') unvoni va Bagʻdoddagi Abbosiylar hukumat apparatini nazorat qilish uchun bir-birlari bilan kurashib, bu ularga harakatdagi qoʻshinlarini mablagʻ bilan taʼminlash imkonini bergan[5][6]. Al-Muttaqiyning oʻzini amir ul-umaro Bajkam taxtga chiqargan boʻlsa-da, xalifa oʻz idorasining mustaqilligi va hokimiyatini tiklash uchun mintaqaviy sarkardalar, xususan, Mosul Hamdoniylari bilan til biriktirishga harakat qilgan. Bu urinishlar muvaffaqiyatsiz tugab, 944-yil senytabrda amir ul-umaro Tuzun uni taxtdan tushirib, koʻr qilishi bilan yakunlangan[7][8].

Al-Muqtadirning qolgan o‘g‘illari yetakchisi va oldingi ikki xalifaning ukasi boʻlgan al-Fadl taxt uchun yaqqol nomzod boʻlgan[9]. Tuzun esa uning oʻrniga xalifa al-Muktafiyning (h. 902–908) oʻgʻli al-Mustakfiyni (h. 944–946) tanlagan[10]. Oʻrta asr manbalarida yosh shahzodalar al-Mustakfiy va al-Fadl Tohiriy saroyida yashaganlaridayoq bir-birlaridan nafratlanib, janjallashib qolishgani qayd etilgan. Ushbu ikki shahzoda bir-biriga qarama-qarshi boʻlgan vorislik guruhlari aʼzosi boʻlibgina qolmay, xarakterlari ham mutlaqo qarama-qarshi boʻlgan. Al-Fadl, otasi kabi taqvodorligi bilan mashhur boʻlsa, al-Mustakfiy kambagʻal shahar tabaqalaridan boʻlgan ayyorun bilan aloqasi hamda „vulgar“ oʻyinlarda ishtirok etishi tufayli taqvodorlarni xafa qilgan[9]. Ayyorun kambagʻal shahar tabaqalari boʻlib, koʻpincha buzgʻunchilar sifatida qoralangan va soʻfiylar kabi geterodoks va mazhabiy guruhlar bilan aloqadorlikda gumon qilingan[11][12]. Al-Mustakfiy taxtga oʻtirgach, al-Mutiyni qoʻlga olish uchun oʻz odamlarini yuborgan, ammo allaqachon yashirinib ulgurgani uchun xalifa uning uyini buzib tashlash bilan oʻzini qanoatlantirgan[1][9]. Bu behuda harakat faqat al-Fadlni jiddiy raqib kabi koʻrsatishga xizmat qilgan. Bu haqida eshitgan faxriy vazir Ali ibn Iso „Bugun u [al-Fadl] taxt vorisi deb tan olindi“, deb taʼkidlagani aytilgan[1].

Taxtga chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Map of the Middle East with countries and cities shown, and the Buyid domains highlighted in light blue
Iroq va Eronning katta qismlari va Yaqin Sharqning boshqa davlatlarini nazorat qiluvchi Buvayhiylar sulolasining tax. 970-yildagi domenlari

945-yil dekabrda Buvayhiylar hukmdori Muizz ud-Davlaning (h. 945–967) daylamiy qoʻshinlari Bagʻdodni egallab olgan. Amir ul-umaro unvoni buvayhiy amiri boʻlgan akasi Imod ud-Davlaga oʻtgan boʻlsa-da, Muizz ud-Davla Abbosiylar xalifasining amalda „himoyachisi“ga aylangan[13][izoh 1]. 946-yil 29-yanvarda (boshqa maʼlumotlarga koʻra, 9-mart) al-Mustakfiy taxtdan agʻdarilib[2][15], oʻsha kuni Muizz ud-Davla al-Fadlni al-Mutiy lilloh (soʻzma-soʻz'Allohga itoat qiluvchi') nomi bilan xalifalik taxtiga chiqargan[1][16]. Al-Mutiyning toʻsatdan qayta paydo boʻlib, taxtga chiqishi zamondoshlari uchun ajablanarli holat boʻlib, uning al-Muktafiy taxtga oʻtirgan paytdan beri buvayhiylar bilan til biriktirgani haqidagi hikoyalarga sabab boʻlgan[17].

Oʻrta asr manbalari bu oʻzgarishni diniy asoslarga koʻra oqlashga harakat qilgan. Buvayhiylar va ularning izdoshlari shialarga tarafdor boʻlgan ikki yilnomachi Muhammad ibn Abdulmalik al-Hamadoniy (vaf. 1127) va Ibn al-Asir (vaf. 1233) Muizz ud-Davla Abbosiylarni toʻliq taxtdan agʻdarib, Bagʻdod taxtiga Aliylar vakilini chiqarish haqida oʻylagani, ammo uning kotibi Abu Jaʼfar as-Saymariy buvayhiylar va shia xalifa oʻrtasida toʻqnashuv kelib chiqsa, daylamiylar qoʻshinlari ikkinchi tarafga oʻtishi mumkinligini aytib, bu fikrdan qaytargani haqida maʼlumot berishgan[1][18]. Bu aniq keyingi anaxronik interpolyatsiya boʻlib[izoh 2], tarixchi John Donohue al-Mustakfiy bayonotidagi har qanday diniy motivlarni rad etadi. Boshqa yilnomachilar xalifaning Hamdoniylar bilan fitnalari yoki al-Fadlning yashirinib, buvayhiy hukmdorini amakivachchasiga qarshi qayrashi kabi turli sabablarni keltirishgan. Biroq, asosiy sabab Muizz ud-Davlaning hech qanday tashqi yordamsiz toʻliq nazorat ostida boʻladigan xalifaga ega boʻlishni xohlagani boʻlishi mumkin[19].

Aftidan, al-Mutiyning qasos olish uchun qilgan tashabbusi bilan agʻdarilgan al-Mustakfiyning koʻzi koʻr qilingan. Sobiq xalifa umrining qolgan qismini xalifalik saroyida mahbuslikda oʻtkazib, 949-yil sentyabrda qamoqda vafot etgan[20].

Xalifaning roli va buvayhiylar bilan munosabatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Mutiy zaif shaxs boʻlib, Iroqning buvayhiy hukmdori, avval Muizz ud-Davla, keyin esa uning oʻgʻli Izz ud-Davlaning (h. 967–978) qoʻgʻirchoq hukmdoriga aylangan. Haqiqiy hokimiyatga ega boʻlmagani tufayli al-Mutiyning oʻzi saltanati yilnomalarida deyarli eslanmagan. Oʻrta asr tarixchilari uning boshqaruvi davrini Abbosiylar xalifaligining eng pastki darajasi deb hisoblashgan[2]. Bu fikrga zamonaviy olimlar ham qoʻshiladi[21].

„Buvayhiylar mavjud tartibni agʻdarish uchun emas, balki unda oʻz oʻrnini topishni maqsad qilishgan. V asrda Rim imperiyasida hokimiyatni qoʻlga olgan koʻplab german yetakchilari kabi, ular ham tartibni yoʻq qilishdan koʻra status-kvoni saqlab qolib, unda qonuniylikni taʼminlash haqida koʻproq tashvishlanishgan.“
—Tarixchi Hugh Kennedy. „The Buyids' retention of the Abbasid caliphate“[22]

Nazariy jihatdan, buvayhiylar va ularning Iroqdagi barcha amaldorlari Abbosiylar xalifasi nomidan ish olib borishda, barcha tayinlov va huquqiy hujjatlarni xalifa nomidan qilishda davom etgan[22][23]. Amalda al-Mutiy har qanday siyosiy hokimiyatdan mahrum edi. U xalifalikning katta saroylarida farovon va xavfsiz hayot kechirish evaziga musulmon dunyosi nazarida yangi boshlangan buvayhiylar rejimini qonuniylashtirishga xizmat qilgan[2][24]. Xalifalikni bekor qilish yoki xalifalikka Aliylar vakilini tayinlash variantlariga jiddiy qiziqish bildirilsa-da, tezda rad etilgan. Bunday harakat keng ko‘lamli qarshiliklarga sabab bo‘lib, boshqa joyda osongina boshqa sunniy xalifalik tashkil etilishi mumkin edi. Biroq, buvayhiylar nazorati ostidagi itoatkor xalifa ko‘pchilik sunniylarning yangi tuzumga bo‘ysunishini saqlab qolishga yordam berar, shuningdek, buvayhiylar uchun boshqa musulmon shahzodalar bilan aloqalarda o‘ziga xos ramziy ahamiyat berardi[22][25]. Bundan tashqari xalifa lavozimi uchun munosib aliy nomzod ham yoʻq edi. Buvayhiylar hududidagi shialarning asosiy guruhi vakili boʻlgan shialikning Oʻn ikki imomidan soʻnggisi yetmish yil oldin gʻaybga uchragan deb hisoblangan. Zaydiy taʼlimotiga koʻra, qonuniy boʻlishi uchun imomlar hokimiyatni oʻzlari qoʻlga kiritishlari kerak edi[22][26].

Buyidlar tezda anʼanaviy Abbosiylar tizimini qabul qilishgan. Xalifa tomonidan faxriy unvonlar va noiblik lavozimlari yoki xalifaning shartnomalarni imzolashi koʻrinishida qonuniylikka intilishgan[27]. Shu bilan birga, al-Mutiy amalda maosh oluvchi davlat amaldoriga aylantirilib, uning vazifasi sud hokimiyati, diniy muassasalar va Abbosiylar oilasi aʼzolarining ishlarini nazorat qilishgacha qisqartirilgan[3]. Xalifaning bosh kotibi endi „vazir“ deb atalmay, shunchaki „kotib“ deb atala boshlagan. Uning vakolatiga xalifaning mulkini boshqaradigan devon al-xilofani boshqarish, xalifa nomidan unvon, mansab va guvohnomalarni rasmiy ravishda berish, qozi va sudyalarni tayinlash ekani belgilangan[28]. Darhaqiqat, qozilik lavozimlariga tayinlash ham buvayhiy amiri ixtiyorida edi. Hech boʻlmaganda Bagʻdod bosh qozisi kabi kattaroq lavozimlar uchun xalifa roziligi, faxriy libos va kerakli diplomni taqdim etishi kerak edi. Al-Mutiy baʼzi istisnolardan tashqari, odatda amirning tayinlashlariga amal qilgan[29].

Buvayhiylar Hamdoniylar bilan davriy toʻqnashuvlarda al-Muttaqiy kabi oʻzlariga orqa oʻgirishga urinib koʻrmasligi uchun xalifani diqqat bilan kuzatib turishgan. Hamdoniylar Sharqiy Bag‘dodni qisqa muddat bosib olgan 946-yil yozidagi janglarda xalifa G‘arbiy Bag‘doddagi cherkovda uy qamog‘ida saqlanib, to buvayhiylarga sodiqlik qasami ichmaguncha qo‘yib yuborilmagan[30]. Muizz ud-Davla Bag‘dod janubidagi qo‘zg‘olonchilarga qarshi yurish qilga vaqtlarda al-Mutiyni shimolga, Hamdoniylar tarafiga o‘tib ketmasligi uchun oʻziga hamroh qilishga majbur bo‘lgan. Buvayhiy amir ul-umarosi shimoldagi Hamdoniylarga qarshi yurish qilganda esa al-Mutiy Bag‘dodda qoldirilgan[31]. 948/49-yilda Muizz ud-Davlaning qaynisi Ispahdost al-Mutiy (yoki ismi oshkor etilmagan Aliy) bilan til biriktirganlikda gumonlanib hibsga olingan[32].

Obverse and reverse of a gold coin with Arabic lettering
Ixshidiylar hukmdori Abu al-Misk Kafurning oltin dinori. Ushbu dinor 966-yilda Falastinning Ramla shahrida al-Mutiy nomi bilan zarb qilingan.

Muizz ud-Davla hokimiyatni qoʻlga kiritgach, qoʻshinni saqlash uchun sobiq xalifalik boyligini taqsimlashi natijasida al-Mutiy kunlik 2000 kumush dirham maosh bilan kifoyalanishiga toʻgʻri kelgan. Koʻp oʻtmay, Basrani baridiylardan qutqarishgach, u yerdagi yirik mulk hisobidan daromadini yiliga 200 000 oltin dinorgacha koʻpaytirgan[33][34]. Keyinchalik Iroqning umumiy tanazzulga uchrashi uning daromadini toʻrtdan uch qismiga qisqartirgan boʻlsa-da, bu xalifaga Abbosiylar urugʻining muhtoj aʼzolarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va Kaʼbaga qimmatbaho sovgʻalar yuborish imkonini bergan[33]. Daromad xalifalik saroyi hududida Tovus saroyi (Dar at-Tavavis), sakkizburchak uy (Dar al-Musammama) va toʻrtburchak uy (Dar al-Murabba) kabi bir qator pavilyonlar qurish uchun ham yetarli boʻlgan[35][36].

Xalifa va buvayhiylar oʻrtasidagi notinch munosabatlar asta-sekin muntazam va osoyishta xarakter kasb etgan. Buvayhiylar xalifada qolgan majburiyatlarni hech boʻlmaganda rasmiy hurmat qilishgan. Al-Mutiy, aftidan, tobelik rolini qabul qilgan, harakat erkinligini tiklagan va Muizz ud-Davla bilan samimiy munosabatlarni saqlab qolgan[37][38]. 955/56-yilda Muizz ud-Davla o‘zining 13 yoshli o‘g‘li, bo‘lajak Izz ud-Davlani xalifaga vakil etib tayinlagan[39]. Xalifa va amir ul-umaro oʻrtasidagi yaxshi munosabatlarning eng koʻzga koʻringan istisnosi, amir ul-umaro 961—963-yillar oraligʻida Abdulloh ibn Abu ash-Shavoribdan Bagʻdod bosh qozisi etib tayinlanishi evaziga yiliga 200 000 dirham mablagʻ olishga urinishi boʻlgan. Bunga sunniy va shia ulamolari qarshi chiqqan hamda al-Mutiy bu davrda Muizz ud-Davla taklif qilgan tayinlovlarni imzolashdan bosh tortgan[3][40]. Bu, shuningdek, al-Mutiyning diniy yoki sud sohasidagi faoliyatiga oid manbalardagi deyarli yagona maʼlumot hamdir. Agar shu maʼlumot ham boʻlmaganda, uning hukmronlik davri toʻliq sukunatda oʻtar edi[41].

Ushbu boʻysunuvning yagona natijasi barqarorlik boʻlgan[2]. Al-Mutiy qisqa umr koʻrgan ajdodlaridan farqli ravishda 29 hijriy yil-u toʻrt oy hukmronlik qilgan xalifa boʻlishiga qaramay, xalifalikka daʼvogarlik qiluvchi bir qancha raqiblar bilan kurashishga majbur boʻlgan[42]. Al-Muktafiyning nabirasi 960-yilda Armanistonda qoʻzgʻolon koʻtarib, oʻziga al-Mustajir billoh nomini qabul qilgan va xalifalikka daʼvo qilgan. Mahalliy Saloriy hukmdorlaridan magʻlubiyatga uchragan[43][44]. 968-yilda Misrdagi ixshidiylar saroyiga qochgan al-Mustakfiyning oʻgʻli Abulhasan Muhammad Iroqda oʻz shaxsini yashirib, oʻzini Mahdiy (islomiy masihiy) deb eʼlon qilgach, koʻplab qoʻllovga erishgan. Uning daʼvosiga ishongan yetakchi buvayhiy qoʻmondoni turkiy Sübüktegin al-Ajamiy uni himoya qilgan va shaxsi oshkor qilinib, al-Mutiyga topshirilishidan oldin uning nomidan toʻntarish uyushtirishga tayyorlangan[44][45]. Xalifa uni qattiq jazolamagan. Faqat burnini kesishni buyurib, vorislikdan mahrum qilgan[46]. Abulhasan Muhammad oxir-oqibat qochishga muvaffaq boʻlsa-da, uning taxtni egallash umidlari hech qachon amalga oshmagan. Bundan buyon xalifa vorisligi al-Muqtadir vorislari qatorida mustahkamlangan[47].

Shialik va Vizantiya muammolariga duch kelishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
„Agar dunyo mening qoʻlimda boʻlib, pul va qoʻshinlarni boshqarish ham menda boʻlsa, Muqaddas urush menga yuklangan boʻlardi. Shunday bo‘lsa-da, bor narsam arzimas mablagʻim mening ehtiyojlarimga yetmasa, dunyo sizning va viloyat noiblarining qo‘lida bo‘lsa, na muqaddas urush, na ziyorat, na boshqa bir narsa hukmdorning e’tiborini talab qilib, meni tashvishga soladigan masala boʻladi. Siz mendan talab qilishingiz mumkin boʻlgan narsa sizning minbarlaringizdagi xutbada xalqlaringizni tinchlantirish uchun aytiladigan ismdir. Agar siz ham bu imtiyozdan voz kechishimni istasangiz, men buni qilishga tayyorman va hammasini sizga qoldiraman.“
—al-Mutiyning Izz ud-Davlaning Vizantiyaga qarshi jihodni moliyalash haqidagi talabiga javobi[48].

Buvayhiylar domenlaridan tashqarida esa Abbosiy xalifasining musulmon olamidagi hokimiyati pasayib ketgan[3]. 955-yilda buvayhiylar bilan sulh tuzilgunga qadar Xuroson somoniylari uning xalifaligini tan olishdan bosh tortgan[2][49]. Gʻarbdagi raqib Ismoiliy shia Fotimiylar xalifaligi tobora kuchayib[2], 969-yilda Misrni bosib olgach, Levantga kengayishni boshlagan[50]. Hatto Bag‘dodda ham buvayhiylarning shia tarafdorlari kam sonda mavjud bo‘lsa-da, shia ta’sirining kuchayishini anglatardi. Umaviylar xalifasi Muoviyani qoralash yoki 963-yilda tasdiqlangan Gʻadir Xum bayramini nishonlash kabi shialik amaliyotlari shaharda joriy qilingan. Aliylar yillik Haj karvonlariga rahbarlikni oʻz zimmalariga olishgan. Bu davrda sunniy va shia partizanlari oʻrtasidagi koʻcha toʻqnashuvlari bir necha yil davomida qayd etilgan[51].

Shu bilan birga, al-Mutiy Fotimiylarga qarshi buvayhiylar qoʻllab-quvvatlagan koalitsiya tuzish uchun vositachilikda yetakchi rol o‘ynagan. Koalitsiyaga al-Hasan al-A’sam boshchiligidagi qarmatiylar va Mosulning hamdoniy hukmdori Abu Tag‘lib qo‘shilgan. Ushbu koalitsiya 973/74-yilgacha Fatimiylarning Levantga ekspansiyasini toʻxtatishga muvaffaq boʻlgan[3][52]. Bu jarayonda qarmatiylar al-Mutiyning xutba va ularning tangalarida hukmronligini tan olib, Fotimiylarni yolg‘onchilar deb qoralagan[3][53]. 951-yilda qarmatiylar 930-yilda Makkadan olib ketilgan[54] Qora toshni Ka’baga qaytarganlarida al-Mutiy ularga Tosh uchun 30 000 oltin dinor to‘lov to‘lagani haqida mish-mishlar tarqalgan[3].

Yana bir xavf manbai Vizantiyaning Yuqori Mesopotamiya va Shimoliy Suriyada Hamdoniylarga qarshi yurishi edi. 960-yillarda vizantiyaliklar Tavr togʻlaridagi koʻp asrlik chegarani buzib, Kilikiya va Antioxiyani egallab olishi natijasida Halabdagi Hamdoniylar amirligi vassalga aylangan[55]. 972-yilda Vizantiya bosqinlari Nisibis, Amida va Edessagacha yetib borgan. Bu shaharlardan kelgan musulmon qochqinlar Bagʻdodda toʻplanib, himoya soʻray boshlagan. Yordam berishga qodir boʻlmagan Izz ud-Davla jihod rasman zimmasida boʻlgan xalifa al-Mutiyga namoyishchilarni koʻrsatgan. Barcha harbiy yoki moliyaviy manbalardan mahrum boʻlgan al-Mutiy qochqinlarga yordam berishga ojiz boʻlib, shunga koʻra obroʻsi ham tushib ketgan. Gʻalayonlar alanga olib, Karxdagi shialar mahallasini qamrab olgan[3][56][57]. Izz ud-Davla fursatdan foydalanib, al-Mutiyga bosim oʻtkazib, qimmatbaho buyumlarini sotishga va goʻyoki Vizantiyaga qarshi askar yollash maqsadida foydalanish uchun 400 000 dirham berishga majbur qilgan. Al-Mutiy koʻplab iqtiboslar keltirib yozgan maktubi orqali eʼtiroz bildirsa-da, talabga boʻysunishdan boshqa iloji qolmagan. Pullar tez orada bemaʼni buvayhiy hukmdori tomonidan sarflab yuborilgan. Bu harakat Izz ud-Davla uchun qimmatga tushadigan siyosiy xato boʻlib, Bagʻdoddagi sunniylar xayrixohligini yanada kamaytirib, poytaxtda uning nazorati yanada zaiflashgan[58][59].

Taxtdan voz kechishi va oʻlimi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yillar oʻtib, Izz ud-Davla qoʻmondoni Sabuktakin boshchiligidagi turkiy askarlarini tobora uzoqlashtirib, bu jarayon oxir-oqibat qoʻmondonga muvaffaqiyatsiz suiqasd bilan yakunlangan[60]. Turklar 972-yildagi gʻalayonlarni bostirgandan soʻng Bagʻdoddagi sunniy aholi qoʻlloviga ham erishgan edi[59]. Natijada 974-yil 1-avgustda Sabuktakin Bag‘dodni Izz ud-Davladan tortib olgan[3].

Toʻntarish sodir boʻlgach, al-Mutiy buvayhiy urugʻi aʼzolari bilan Bagʻdodni tark etishga uringan, lekin Sabuktakin uni majburan oʻz saroyiga qamab qoʻygan[3][61]. 970-yilda insultdan keyin o‘ng tomoni falaj bo‘lib qolgan al-Mutiy keksa yoshda sog‘lig‘ini bahona qilib taxtdan voz kechishga majbur bo‘lgan[3][62][63]. Uning o‘rniga o‘g‘li Abdulkarim at-Toiy (h. 974–991) nomi bila 5-avgust kuni xalifa etib tayinlangan[2][3][64]. Bu voqea 902-yilda al-Muktafiydan keyin xalifalikning birinchi marta otadan o‘g‘ilga o‘tishi edi[62].

Sabuktakin yangi xalifa tomonidan amir ul-umaro etib tayinlangach[65], al-Mutiy va at-Toiy hamrohligida buvayhiylarga qarshi yurish uchun Bag‘dodni tark etgan[3]. Al-Mutiy 974-yil 12-oktyabrda yoʻlda, Dayr al-Aqulda vafot etgan[2][3]. U ar-Rusafaning Bagʻdod kvartalidagi otasi buvisi uchun qurdirgan Shagʻab maqbarasiga dafn etilgan. Ushbu maqbaraga akasi ar-Radiy ham dafn etilgan[66].

  1. On Imad al-Dawla's death in 949, the title of amir al-umara passed to the middle brother, Rukn al-Dawla, while Mu'izz al-Dawla continued to govern Iraq and 'protect' the Caliph as his brother's deputy[14].
  2. Al-Hamadhani names the Rassid Zaydi imam Abu'l-Hasan Muhammad ibn Yahya as the preferred candidate, and Ibn al-Athir asserts that it was the Isma'ili Fatimid caliph, al-Mu'izz li-Din Allah. Both are incorrect, since Abu'l-Hasan had died nine years earlier, and al-Mu'izz li-Din Allah only ascended the throne in 953[18].
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Bowen 1928, s. 392.
  2. 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 Zetterstéen & Bosworth 1993, s. 799.
  3. 3,00 3,01 3,02 3,03 3,04 3,05 3,06 3,07 3,08 3,09 3,10 3,11 3,12 3,13 Güner 2006, s. 401.
  4. Kennedy 2004, ss. 185–193.
  5. Kennedy 2004, ss. 191–197.
  6. Busse 2004, ss. 17–19.
  7. Busse 2004, ss. 21–24.
  8. Kennedy 2004, ss. 196, 312.
  9. 9,0 9,1 9,2 Busse 2004, s. 25.
  10. Busse 2004, s. 23.
  11. Tor 2014.
  12. Donohue 2003, ss. 340–346.
  13. Donohue 2003, ss. 13–14, 18.
  14. Donohue 2003, s. 19 (esp. note 18).
  15. Özaydin 2006, s. 139.
  16. Busse 2004, ss. 27, 153.
  17. Busse 2004, s. 27.
  18. 18,0 18,1 Donohue 2003, ss. 14–15.
  19. Donohue 2003, ss. 15–17.
  20. Busse 2004, ss. 158–159.
  21. Hanne 2007, s. 101.
  22. 22,0 22,1 22,2 22,3 Kennedy 2004, s. 216.
  23. Donohue 2003, s. 266.
  24. Kennedy 2004, ss. 216, 239.
  25. Cahen 1960, s. 1350.
  26. Cahen 1960, ss. 1350, 1352.
  27. Donohue 2003, ss. 265–266.
  28. Busse 2004, ss. 229–230, 312–313.
  29. Donohue 2003, s. 121.
  30. Busse 2004, ss. 143, 189.
  31. Busse 2004, s. 143.
  32. Donohue 2003, s. 40.
  33. 33,0 33,1 Busse 2004, ss. 149–150.
  34. Donohue 2003, s. 17.
  35. Le Strange 1922, s. 259.
  36. Busse 2004, s. 191.
  37. Donohue 2003, ss. 51, 62.
  38. Busse 2004, ss. 27–28.
  39. Donohue 2003, ss. 51, 52.
  40. Busse 2004, ss. 266–267.
  41. Busse 2004, s. 137.
  42. Donohue 2003, ss. 18, 263.
  43. Donohue 2003, s. 263.
  44. 44,0 44,1 Busse 2004, s. 29.
  45. Donohue 2003, ss. 56, 263–264.
  46. Busse 2004, s. 158.
  47. Busse 2004, ss. 28, 29.
  48. Hanne 2007, s. 32.
  49. Busse 2004, s. 28.
  50. Kennedy 2004, ss. 315–322.
  51. Donohue 2003, ss. 48–50.
  52. Brett 2001, ss. 313–314.
  53. Busse 2004, s. 410.
  54. Kennedy 2004, s. 288.
  55. Donohue 2003, s. 268.
  56. Busse 2004, s. 146.
  57. Donohue 2003, ss. 268–269.
  58. Busse 2004, ss. 146–147, 150.
  59. 59,0 59,1 Donohue 2003, ss. 269–270.
  60. Busse 2004, ss. 43–44.
  61. Busse 2004, ss. 143–144.
  62. 62,0 62,1 Busse 2004, s. 153.
  63. Donohue 2003, s. 270 (note 37).
  64. Kennedy 2004, s. 224.
  65. Busse 2004, ss. 44, 144.
  66. Busse 2004, s. 200.
al-Mutiy
Tavalludi: 913/14 Vafoti: 974-yil 12-oktyabr
Sunniylik unvonlari
Oldingisi Abbosiylar xalifaligining xalifasi
946-yil 29-yanvar/9-mart — 974-yil 5-avgust
Keyingisi