Kontent qismiga oʻtish

Muntasir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Muntasir billoh
المنتصر بالله
Xalifa
Moʻminlar amiri

862-yil Samarrada zarb etilgan Muntasir dirhami
Abbosiylar xalifaligining 11-xalifasi
Saltanat 861-yil 11-dekabr — 862-yil 7-iyun
Oʻtmishdoshi Mutavakkil
Davomchisi Mustaʼin
Tugʻilishi 837-yil noyabr
Samarra, Abbosiylar xalifaligi
Vafoti 862-yil 7-iyun (24 yoshda)
Samarra, Abbosiylar xalifaligi
Dafn etilgan joy
Farzandlari Jaʼfar
Toʻliq nomi
Abu Jaʼfar Muhammad al-Muntasir billoh
Sulola Abbosiylar
Otasi Mutavakkil
Onasi Hubshiya
Dini Sunniylik (Islom)

Abu Jaʼfar Muhammad (arabcha: أبو جعفر محمد; 837-yil noyabr — 862-yil 7-iyun), hukmronlik nomi Muntasir billoh (المنتصر بالله, „Gʻalabasini Alloh qoʻllagan“) nomi bilan mashhur, 861-yildan 862-yilgacha, Samarradagi anarxiya davrida hukmronlik qilgan Abbosiylar xalifaligi xalifasi. Muntasir va ukasi Muʼtazz oʻrtasidagi hokimiyat uchun kurash turli guruhlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, turkiy liderlar Muntasirning otasi Mutavakkilni oʻldirishga tayyorgarlik koʻrishi bilan kurash ham avjiga chiqqan. 861-yilgi suiqasddan so‘ng Muntasir turkiylar ko‘magi bilan xalifalikni o‘z zimmasiga olgan.

Uning atigi olti oy davom etgan hukmronligi davrida siyosatda oʻzgarishlar yuz bergan. Jumladan, Ali xonadoniga nisbatan maʼqulroq pozitsiya joriy qilinib, Hasan va Husayn qabrlarini ziyorat qilish taqiqlari bekor qilingan. Muntasir general Vosif at-Turkiy boshchiligida vizantiyaliklarga qarshi harbiy harakatlar olib borgan. Biroq 862-yil iyunda xalifaning toʻsatdan vafot etishi davlat rahbarining rahbarning oʻzgarishiga olib kelib, Mustaʼin xalifa etib tayinlangan. Harbiy yurish qisqa muddat davom etgan. Vosif hukumatdagi oʻzgarishlar tufayli Samarraga qaytishdan biroz oldin muvaffaqiyatga erishgan.

Yoshlik davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]
9-asr Abbosiy xalifalar shajarasi

Muntasir Abu al-Fadl Jaʼfarning (boʻlajak Abbosiy xalifasi Mutavakkil) toʻngʻich oʻgʻli boʻlgan. Tugʻilgan vaqtda otasi oʻn toʻrt yoshda boʻlgan.Unga Muhammad deya ism qoʻyilgan. Muntasirning onasi yunon qul Hubshiya boʻlgan[1].

849-yilda Mutavakkil uch oʻgʻlini merosxoʻr etib tayinlagan va ularga xalifalik viloyatlarini boshqarish hamda daromadlarini taqsimlagan. Eng kattasi Muntasir birinchi voris etib tayinlanib, Misr va Jazira noibligini qabul qilgan hamda poytaxt Samarradagi ijaradan tushgan daromadlarga ega boʻlgan. Muʼtazzga Xurosondagi noiblik mulklarini nazorat qilish vazifasi yuklangan. Suriya esa Muayyadga topshirilgan[2].

Muhammad ibn Jarir at-Tabariyning maʼlumotlariga koʻra, Muntasir hijriy 236-yilda (850—851) haj ziyoratiga boshchilik qilgan. Bundan bir yil oldin Mutavakkil uch oʻgʻlini oʻziga merosxoʻr etib tayinlagan va Muntasirga alohida xaurxohlik bildirganday edi. Biroq, keyinchalik bu holat oʻzgarganday boʻlgan va Muntasir otasi oʻziga qarshi harakat qilishidan qoʻrqqan. Shuning uchun ham Muntasir birinchi harakat qilishga qaror qilgan. Mutavakkil 861-yil 10-dekabr, chorshanba kuni turkiy askar qoʻli bilan oʻldirilgan.

Mutavakkilning oʻldirilishida ishtirok etishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mutavakkil 849/50-yillarda to‘ng‘ich o‘g‘li Muntasirni merosxo‘r etib tayinlagan edi. Lekin asta-sekin qarori ikkinchi o‘g‘li Mu’tazz foydasiga o‘zgargan. Xalifaning fikri oʻzgarishiga Fath ibn Xoqon va vazir Ubaydulloh ibn Yahyo ibn Xoqonning daʼvatlari sabab boʻlgan. Bu raqobat siyosiy sohaga ham tarqalgan. Chunki Muʼtazzning vorisligi masalasi anʼanaviy Abbosiy elitasi doirasida qoʻllab-quvvatlangan boʻlishi mumkin. Muntasir nomzodini esa turkiy va Magʻariba qoʻriqchi qoʻshinlari qoʻllab-quvvatlagan[3][4]. 861-yil kuzning oxirlarida ish avjiga chiqqan. Oktyabr oyida Mutavakkil turkiy general Vosifning mulklarini musodara qilib, Fathga topshirishni buyurgan. Turkiy rahbarlar o‘zini chetlashtirilgan his qilgani sababli xalifaga suiqasd uyushtirishga kirishgan[5][6]. Muntasir tez orada suiqasdga qoʻshilgan yoki hech boʻlmaganda soʻzsiz rozilik bergan. Chunki u ketma-ket xoʻrliklarga uchragan edi. Jumladan, 5-dekabr kuni Fath va Ubaydullohning tavsiyasi bilan Ramazon oyining oxiridagi juma namoziga imomlik qilish Muʼtazz foydasiga hal qilingan. Oradan uch kun o‘tib, Mutavakkil o‘zini yomon his qilib, namozga Muntasirni vakil qilib tanlagan vaqtda vaziyatga yana Ubaydulloh aralashib, xalifani shaxsan borishga ko‘ndirgan. Bundan ham yomoni, tarixchi Tabariyning so‘zlariga ko‘ra, ertasi kuni Mutavakkil to‘ng‘ich o‘g‘lini ketma-ket haqorat qilib, o‘ldirish bilan tahdid qilgan, hatto Fath shahzodaning yuziga shapaloq ham urgan. Vosif va boshqa turkiy rahbarlar 12-dekabrda qamoqqa olinib, qatl qilinadi degan mish-mishlar tarqalgach, fitnachilar harakat qilishga qaror qilgan[4][7].

Tabariyning yozishicha, turkiy ayol Fath va Ubaydullohni fitna haqida oldindan ogohlantirgan, ammo hech kim buni amalga oshirishga jurʼat eta olmasligiga ishonchi komil boʻlgani uchun, bunga eʼtibor berishmagan[8][9]. 11-dekabrga o‘tar kechasi, yarim tundan bir soat o‘tgach, turklar xalifa va Fath kechki ovqatni yeyotgan xonaga bostirib kirishgan. Fath xalifani himoya qilmoqchi boʻlganda oʻldirilgan, keyin xalifa oʻldirilgan. Xalifalikni oʻz qoʻliga olgan Muntasir Fath otasini oʻldirgani uchun oʻldirilganini daʼvo qilgan. Biroq, qisqa vaqt ichida xalifaning oʻlimi haqida rasmiy voqea Mutavakkilning ichimlikdan boʻgʻilishi haqida oʻzgartirilgan[10][11].

Suiqasd sodir etilgan kunning o‘zida Muntasir turkiy fraksiya ko‘magi bilan xalifalik taxtiga muammosiz o‘tirgan. Keyin turkiylar guruhi Muntasir ustidan nazorat oʻrnatib, uning aka-ukalarini merosxoʻrlikdan chetlatishgan. Chunki merosxoʻrlar otasining oʻlimiga aloqadorlik uchun qasos olishlaridan qoʻrqishgan. Ularning oʻrniga Muntasir oʻz oʻgʻlini merosxoʻr qilib tayinlashi kerak edi. 862-yil 27-aprelda ikkala aka-uka ham taxtdan voz kechish toʻgʻrisida ariza yozgan. Muʼtazz biroz taradduddan keyin bunga qaror qilgan.

Muntasir 861-yil 11-dekabrda otasi Mutavakkil turkiy gvardiya xodimlari tomonidan o‘ldirilganidan so‘ng xalifa bo‘lgan[12]. U Mutavakkilni o‘ldirish fitnasiga aloqadorlikda gumon qilingan bo‘lsa-da, tezda poytaxt Samarrada hokimiyatni o‘z qoʻliga olishga muvaffaq bo‘ldi va davlatning yetakchi kishilaridan bay’at olishga erishdi[13]. Muntasirning to‘satdan xalifa boʻlishi uning taxtga chiqishidan so‘ng hukumatda yuqori lavozimlarga ega bo‘lgan bir qancha yaqin sheriklariga foyda keltirgan. Ular orasida keyinchalik vazir boʻlgan kotibi Ahmad ibn al-Xosib va Mutavakkilning oʻldirilishida ishtirok etgan turkiy general Vosif ham bor edi[14].

Muntasir otasidan farqli ravishda Ali (shia) xonadonini hurmat qilgani hamda Hasan va Husayn qabrlarini ziyorat qilishga taqiqni bekor qilgani uchun ham maqtovga sazovor boʻlgan. Vosiqni Vizantiyaga bosqin uyushtirish uchun joʻnatgan.

Vizantiya bilan urush

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalifalikka erishganidan ko‘p o‘tmay, Muntasir Abbosiylar qo‘shinini Vizantiyaga qarshi yuborishga qaror qilgan. Tabariyning yozishicha, bu qarorga Ahmad ibn al-Xosib sabab bo‘lgan. Vazir Vosif bilan janjallashib qolgan edi va uni poytaxtdan tashqariga chiqarish uchun bahona izlagan. Ahmad oxir-oqibat bu rejani amalga oshirishning eng yaxshi yoʻli generalni harbiy yurish rahbarligiga tayinlash deb qaror qilgan. U xalifani oʻz rejasiga ishontira olgan va Muntasir Vosifga Vizantiya chegarasiga borishni buyurgan[15].

Harbiy yurish uchun tayyorgarlik tugagandan soʻng, Vosif boshchiligidagi qoʻshin 862-yil boshida Vizantiya chegarasiga joʻnagan. Chegara hududining Suriya tomoniga yetib kelgach[16], qoʻshin Vizantiya hududiga bostirib kirishga tayyorgarlik koʻrish uchun shu yerda qarorgoh qurgan[17].

Vosif Vizantiyaga qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishgunga qadar poytaxtda jiddiy oʻzgarishlar yuz bergan. Olti oylik hukmronlikdan soʻng, Muntasir iyun oyining boshida kasallik yoki zaharlanishdan vafot etgan. Xalifaning vafotidan keyin vazir Ahmad ibn al-Xosib va kichik guruh taʼsirli turk qo‘mondonlari uchrashib, Musta’inni xalifa etib tayinlashga qaror qilgan. Oʻz qarorlarini Samarra harbiy boʻlinmalariga taqdim etib, oxir-oqibat askarlarni oʻzlari aytgan nomzodga sodiqlik qasamyodi qabul qildirishga muvaffaq boʻlishgan[18].

Muntasirning oʻlimi harbiy yurishning darhol toʻxtatilishiga sabab boʻlmadi. Vosif xalifaning vafotidan xabar topgach, yurishni davom ettirishga qaror qilib, oʻz kuchlarini Vizantiya hududiga boshlagan. Qoʻshin Tarsus mintaqasidagi Faruriyya[19] nomli Vizantiya qalʼasiga qarshi harakat boshladi[20]. Qal’a himoyachilari mag‘lubiyatga uchrab, qo‘rg‘on musulmonlar qoʻliga oʻtgan[17].

Biroq, oxir-oqibat, Samarradagi hukumat oʻzgarishi harbiy harakatlarni muddatidan oldin yakunlashga sabab boʻlgan. Mustaʼinning taxtga chiqishi Vosifni eʼtibordan chetda qoldira olmagan. Yangi xalifani tanlashda rol oʻynash imkoniyatini qoʻldan boy bergani sababli, Vosif poytaxtdagi manfaatlarini himoya qila olishiga ishonch hosil qilishi kerak edi. Natijada u Vizantiya hududini tark etishga qaror qilib, 863-yilda Samarraga qaytib kelgan[21].

Iroqdagi Samarra yaqinida joylashgan Muntasirning qabri. Bu yerda uning bobosi Muʼtasim va akasi Muʼtazzning ham qabrlari mavjud.

Muntasir hukmronligi yarim yildan kamroq davom etgan. 862-yil 7-iyun, yakshanba kuni 24 yoshida (quyosh yili boʻyicha) nomaʼlum sabablarga koʻra vafot etgan. Xalifaning oʻlimiga sabab boʻlgan kasallik haqida turli xil maʼlumotlar mavjud. Jumladan, unga zaharlangan xanjar bilan zarba berilishi natijasida koʻp qon yoʻqotgan. Tabariy (222-3-bet) Muntasir qabri ma’lum bo‘lgan birinchi abbosiy ekanligini, bu qabr uning onasi, yunon cho‘risi tomonidan oshkor qilingani va avvalgi xalifalar o‘z qabrlari tahqirlanishidan qoʻrqib, sir saqlashni xohlashganini aytgan. Joel L. Kraemer oʻzining Tabariyda tarjimasining 223-betida quyidagicha qayd etgan:

Ayniy as-Sibtga (Javziyda tugʻilgan) tayanib aytilgan Tabariyning bu gapi hayratlanarli. Chunki Abbosiy xalifalarining maqbaralari aslida ma’lum. Masalan, as-Saffohning qabri Anbardagi minbar ostida, Masabadxonda Mahdiy, Tusda Horun, Tarsusda Maʼmun, Samarrada Muʼtasim, Vosiq va Mutavakkil.

Vorislik masalasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalifa Mutavakkil (h. 847–861) vafotidan keyin o‘g‘illariga xalifalikni meros qilish imkonini beradigan vorislik rejasini tuzgan. Uning o‘rniga birinchi to‘ng‘ich o‘g‘li Muntasir, so‘ngra Mu’tazz va uchinchi boʻlib Muayyad o‘tirishi kerak edi[22]. Muntasirning qisqa hukmronligi davrida (h. 861–862) turklar xalifani Muʼtazz va Muayyadni vorislikdan chetlatishga koʻndirgan. Muntasir vafot etgach, turkiy zobitlar bir joyga yig‘ilib, o‘lgan xalifaning amakivachchasi Ahmad al-Mustaʼinni taxtga chiqarishga qaror qilishgan[23].

  1. Kennedy 2006, s. 173.
  2. Kennedy 2004, s. 167.
  3. Gordon 2001, s. 82.
  4. 4,0 4,1 Kennedy 2004, s. 169.
  5. Kraemer 1989, s. 171.
  6. Kennedy 2004, ss. 168–169.
  7. Kraemer 1989, ss. 171–173, 176.
  8. Kraemer 1989, ss. xx, 181.
  9. Kennedy 2006, s. 265.
  10. Kraemer 1989, ss. 171–182, 184, 195.
  11. Kennedy 2006, ss. 264–267.
  12. Bosworth, "al-Muntasir," p. 583
  13. Kennedy, 266-68
  14. Gordon, pp. 88-91
  15. Al-Tabari, v. 34: p. 204; Ibn al-Athir, p. 111. Al-Mas'udi, p. 300, states that al-Muntasir ordered the campaign to disperse the Turkish army and remove them from Samarra.
  16. "Thughūr al-Shāmiyyah," the Syrian frontier. The thughūr or forward frontier zone stretched along the northern regions of both Syria and the Jazira; Bonner, p. 17
  17. 17,0 17,1 Al-Tabari, v. 35: pp. 7-8; Ibn al-Athir, p. 119
  18. Gordon, p. 90; al-Tabari, v. 35: pp. 1-5
  19. Al-Tabari, v. 35: pp. 7-8. Bosworth, "The City of Tarsus," p. 274, refers to F.rūriyya as being "dubiously identifiable."
  20. Al-Mas'udi; p. 300
  21. Gordon, pp. 91, 220 n. 189; al-Tabari, v. 35: p. 11
  22. Bosworth, "Mu'tazz," p. 793
  23. Bosworth, "Muntasir," p. 583
Muntasir
Tavalludi: 837-yil noyabr Vafoti: 862-yil 7-iyun
Sunniylik unvonlari
Oldingisi Abbosiylar xalifaligi xalifasi
861-yil 11-dekabr — 862-yil 7-iyun
Keyingisi