Kontent qismiga oʻtish

Al-Mustain (Qohira)

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abulfadl Abbos al-Mustain Billoh
أبو الفضل عباس المستعين بالله
10-Qohira xalifasi
Saltanat 1406-yil 22-yanvar — 1414-yil 9-mart
Oʻtmishdoshi Al-Mutavakkil I
Davomchisi Al-Muʼtazid II
Misr sultoni
Saltanat 1412-yil 7-may — 6-noyabr
Oʻtmishdoshi Nosiriddin Faraj
Davomchisi Shayx al-Mahmudiy
Tugʻilishi 1390
Qohira, Misr
Vafoti 1430-yil fevral yoki mart (39-40 yoshda)
Iskandariya
Dafn etilgan joy
Farzandlari Al-Mutavakkil II
Toʻliq nomi
Ebû’l-Fadıl el-`Abbâs "el-Mûsta`in bi’l-Lâh"
Otasi Al-Mutavakkil I
Onasi Boy Xotun
Dini Islom (Sunniylik)

Abulfaḍl Abbos al-Mustain Billoh (arabcha: أبو الفضل عباس المستعين بالله; tax. 1390 — 1430-yil fevral yoki mart[1]) Qohiradagi oʻninchi „soyadagi“ xalifa. 1406-yildan 1414-yilgacha Misr mamluk sultonlari qoʻl ostida hukmronlik qilgan. 1412-yilda atigi olti oy davomida boʻlsa-da, Misr sultoni darajasiga erishib[2][3], siyosiy hokimiyatni qoʻlga olgan Qohiradagi yagona xalifa edi. Undan oldin yoki oʻrnini egallagan boshqa barcha Qohira xalifalari hech qanday siyosiy kuchga ega boʻlmagan diniy rahbarlar edi[4].

Al-Mustain al-Mutavakkil I va Boy Xotun ismli turkiy kanizakning oʻgʻli edi. 1406-yil 22-yanvarda otasining oʻrniga xalifa boʻldi[5]. Oʻsha paytda xalifalarning roli burjiy mamluk sultonlarining boshqaruvini maxsus unvonlar berish orqali qonuniylashtirishdan iborat edi. Al-Mustain Sulton Farajga Levantdagi isyonchi Halab va Tripoli amirlariga (noiblariga) qarshi yurishda hamrohlik qilgan. 1412-yil 25-aprelda Farajning Lajjundagi magʻlubiyati anarxiyaga olib keldi. Al-Mustainni sultonlik uchun bir-biriga qarshi kurashayotgan qoʻzgʻolonchilar qoʻlga olishdi. Oʻzaro kurashayotgan mamluklar oʻz orasidan nomzod tanlay olmasdan, Farajning oʻgʻli Fathullohning maslahati bilan al-Mustainni sulton etib tayinlashdi[1].

Faraj rasman lavozimidan chetlatilgandan soʻng, al-Mustain 1412-yil 7-mayda istar-istamas sultonlikni qabul qildi[1]. Al-Mustain faqatgina mamluklardan sultonlikdan chetlashtirilgan taqdirda ham xalifalik mansabini saqlab qolish kafolatini olgandan soʻnggina bu lavozimni qabul qilishga rozilik berdi[2]. Faraj taslim boʻlib, oʻlimga hukm qilindi. Qatl hukmi 28-may kuni ijro etildi. Mamluklar saltanati boʻlinib, Navroʻz al-Hafiziy Suriya viloyatlarini oʻz tasarrufiga oldi, al-Mustain esa Shayx al-Mahmudiy va Baktamur Jillik hamrohligida Misrga qaytib ketdi. Al-Mustain 12-iyul kuni Qohira qal’asidagi qarorgohiga joylashdi[1]. Al-Mustain vazirlarni tayinlash va lavozimidan chetlatish bilan shugʻullangan. Sulton nomi bilan tanga zarb qilingan[5]. Bu uning sulton vazifasida hukm yuritish va nomigagina gukmronlik qilish roli bilan cheklanmaslik niyatini bildirardi. Bunday istiqboldan tashvishga tushgan Shayx asta-sekin al-Mustainni ajratib qoʻya boshlab, uni deyarli siyosiy mahbusga aylantirib qoʻydi. Baktamur Jillikning 15-sentyabrda vafot etishi Shayxning hokimiyatni qoʻlga olish jarayonini tezlashtirdi. Bu jarayon 1412-yil 6-noyabrda Shayx oʻzini sulton deb e’lon qilib, al-Muayyaddan unvonni qabul qilgach toʻliq yakuniga yetdi. Uzoq ikkilanishlardan soʻng, al-Mustain rasman sultonlikdan voz kechdi va qal’ada ushlab turildi. Muvaqqat sulton rolini bajarib boʻlgach, dastlab kelishilganidek xalifa boʻlib qolishni istagan. Biroq, 1414-yil 9-martda Shayx al-Mustainni xalifalikdan agʻdarib, oʻrniga ukasi al-Mu’tazid II tayinlagan[1].

Shayxning al-Mustainni taxtdan tushirishini ulamolar noqonuniy deb eʼlon qilishdi. Shundan soʻng Navroʻz al-Hafiziy Shayxga qarshi kurash olib borishga qaror qildi[5]. Shundan soʻng Navroʻz al-Hofiziy Shayxga qarshi jang qilishga qaror qildi[5]. Shayx 1417-yil 29-yanvarda al-Mustain va Farajning uch oʻgʻlini Iskandariyaga koʻchirdi[1]. XV asr tarixchisi as-Suyutiyning yozishicha, al-Mustain Sulton Sayfiddin Tatar hukmronligi davrigacha Oʻrta yer dengizi boʻyidagi shaharda boʻlgach, qamoqdan ozoq qilingan va Qohiraga qaytishi uchun ruxsat berilgan. Biroq, sobiq xalifa Iskandariyada qolishni tanlab, shahardagi savdogarlardan katta miqdorda pul olgan[5]. Al-Mustain 1430-yilda 40 yoshga toʻlmay, vabodan vafot etgan. Tarixda al-Mustainning sulton vazifasidagi qisqa hukmronligi Abbosiylar siyosiy hokimiyatining qayta tiklanishiga qaratilgan muvafaqqiyatsiz urinish sifatida qaraladi[1]. Ukasi al-Qoim 1455-yilda sulton sifatida hokimiyatni saqlab qolishga harakat qilgan, ammo uddasidan chiqa olmagan[2]. Shunga qaramay, al-Mustainning xalifalik maqomi Misr chegaralaridan ancha uzoqda ham tan olingan. Jumladan, bengaliyalik Gʻiyosiddin Aʼzamshoh kabi hukmdorlar xalifaga katta miqdorda mablagʻlar joʻnatgan[5].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 Holt, Peter Malcolm (1993). "Al-Musta'in (II)". The Encyclopaedia of Islam: New Edition. VII (Mif – Naz) (2nd nashri). Leiden: E.J. Brill. p. 723. ISBN 978-90-04-09419-2. 
  2. 2,0 2,1 2,2 King, Joan Wucher. Historical Dictionary of Egypt, Books of Lasting Value. American University in Cairo Press, 1989 — 453–454-bet. ISBN 978-977-424-213-7. 
  3. Arnold, T. W. (1993). "Khalifa". in Houtsma, Martijn Theodoor. E.J. Brill's First Encyclopaedia of Islam, 1913–1936. IV (ʿItḳ – Kwaṭṭa) (Reprinted 1st nashri). Leiden: E.J. Brill. p. 883. ISBN 978-90-04-09790-2. https://books.google.com/books?id=7CP7fYghBFQC&dq=Musta'in&pg=PA883. "But not a single one of them (with the exception of Musta'in, who was made the plaything of rival political factions in 1412 and for six months was styled Sultan) ever exercised any function of government or enjoyed any political power." <!--->
  4. International Encyclopaedia of Islamic Dynasties. New Delhi: Anmol Publications, 2002 — 199-bet. ISBN 978-81-261-0403-1. „These Caliphs were the spiritual heads only. All temporal authority lay with the Mamluk Sultans. [...] In 1412 C.E. the Caliph Al Mustain captured temporal power as well, but he could not hold such power for more than six months. The Caliphs who followed him had to remain content as spiritual heads only.“ 
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 5,4 5,5 Jalalu'ddin as-Suyuti „Al Musta'in Bi'llah Abu'l Fadhl“, . Tarikh al-khulafa, trans. Henry Sullivan Jarrett, Calcutta: The Asiatic Society, 1881 — 534–538-bet. OCLC 470140533. 

Qoʻshimcha oʻqish uchun

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Al-Mustain
Tavalludi: tax. 1390 Vafoti: 1430
Sunniylik unvonlari
Oldingisi Qohira xalifasi
1406-yil 22-yanvar — 1414-yil 9-mart
Keyingisi
Humkdorlik unvoni
Oldingisi Misr sultoni
1412-yil 7-may — 6-noyabr
Keyingisi