Kontent qismiga oʻtish

SamKochAvto

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Korxona logotipi
Korxonaga bagʻishlangan Oʻzbekiston pochtasi markasi

SamKochAvto — Samarqand shahrida joylashgan avtomobilsozlik sanoati korxonasi. „OʻzAvtoSanoat“ uyushmasi tarkibiga kiradi. „OʻzAvtoSanoat“ va Turkiyaning „Koch xolding A.Sh.“ kompaniyasining hamkorligida tashkil etilgan. Oʻrta hajmli avtobuslar va yuk mashinalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlar asosida qoʻshma korxonani qurish toʻgʻrisida 1995-yilda bitim, 1996-yilda taʼsis hujjatlari imzolandi. Korxona qurilishini moliyalashtirishda Oʻzbekiston Respublikasi (50 %), Turkiya tomonidan „KochAvtoinvest LTD“ (40 %), „RamDish tijaret A.Sh.“ (5 %), „Koch xolding A.Sh.“ (5 %), kompaniyalari qatnashgan. 1999-yilning mart oyida zavodning dastlabki mahsulotlari — shahar ichida va shaharlararo yoʻlovchi tashishga moʻljallangan oʻrta hajmli avtobuslar, ishlab chiqarildi. 2000-yildan 2 tonnadan 5 tonnagacha yuk koʻtaradigan mashinalar ishlab chiqarish oʻzlashtirildi. 2002-yilda shaharlararo yoʻlovchi tashuvchi turbodizelli dvigatel oʻrnatilgan avtobuslar va 10 tonna yuk koʻtaradigan yuk mashinalari ishlab chiqarila boshladi. 2002-yilda, shuningdek, oʻt oʻchirish, assenizatsion, evakuator, yoqilgʻi, ichimlik suv, chiqindi, non va non mahsulotlari tashuvchi maxsus avtomobillar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. 2003-yilda shahar ichida 50 yoʻlovchi tashishga moʻljallangan avtobus, 20 tonna yuk koʻtaradigan „Ford“ rusumli yuk mashinasi ishlab chiqarish boshlandi. Korxonada Yaponiya, Olmoniya, Italiya, Buyuk Britaniya va Turkiyada ishlab chiqarilgan eng zamonaviy texnologik uskunalar oʻrnatilgan. Korxonada ishlab chiqarilayotgan avtomobillar tannarxini kamaytirish, ularning butlovchi va ehtiyoj qismlarini mahalliy korxonalarda ishlab chiqarish chora-tadbirlari koʻrilmoqda. Korxonada 2002-yilda 414 ta avtomobil ishlab chiqarildi. Hozirda ISUZU, SAZ NP 37, SAZ LE-60 modellaridagi avtobus va yuk mashinalari ishlab chiqariladi. Korxona mahsulotlari Oʻzbekiston ichki bozorida sotiladi, shuningdek, Rossiya, Ukraina, Armaniston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Turkmaniston, Afgʻoniston va boshqa mamlakatlarga eksport qilinadi. Eksport salmogʻini oshirish maqsadlarida shu davlatlarda korxonaning vakolatxonalari ochilgan.