Kontent qismiga oʻtish

Oʻtkir glomerulonefrit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(O'tkir glomerulonefritdan yoʻnaltirildi)
Oʻtkir glomerulonefrit

Oʻtkir glomerulonefritda buyrak biopsiyasi gistagrammasi

Oʻtkir glomerulonefrit – buyrak koptokchalarining oʻtkir immun yalligʻlanishi boʻlib, kasallikning dastlabki bosqichida mahalliy taʼsir koʻrsatib, keyinchalik esa barcha toʻqimalarga tarqaladi[1].

Etiolologiyasi va patogenezi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻtkir glomerulonefrit etiologiyasiga koʻra bakterial (streptokokkli: angina, faringit, skarlatina va boshqa, stafilokokkli, pnevmokokkli) va virusli infeksiyalar oʻtkazgan bemorlarda 10-12 kundan keyin rivojlanadi. Bundan tashqari kasallikka vaksinalar, ayrim dori vositalari va kimyoviy moddalar sabab boʻlishi mumkin. Oʻtkir glomerulonefritda yuqumli antigen qonga tushadi va B-limfotsitlarni faollashtiradi. B-limfotsitlar qonga antitanachalar ichlab chiqara boshlaydi, antigen va antitanachalar birlashib, immun kompleksini hosil qiladi. Hosil boʻlgan immun kompleksining bir qismini neytrofillar parchalaydi, qolgan qismi qon bilan buyrakka yetib boradi va koptokchalarda yigʻilib qoladi. Shundan soʻng komplementlarning faollashuvi yuz beradi va bazal membranani shikastlaydi, bemorda kasallik belgilari paydo boʻladi[2].

Klinik koʻrinishlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kasallik – siydik, arterial gipertenziya va shish sindromlar bilan kechadi.

Oʻtkir glomerulonefrit siydik sindromi bilan kechganda bemorlar shikoyat bildirmasligi, umumiy koʻrik jarayonida esa kasallikka xos belgilar aniqlanmasligi mumkin. Ayrim bemorlar bel sohasida ikki tomonlama ogʻriq, tana haroratining koʻtarilishi, oliguriya kabi shikoyatlar bilan murojaat etishadi.

Kasallik arterial gipertenziya bilan kechganda bemorlar bosh ogʻrishi, ogʻirlik hissi, quloqda shangʻillash, shish sindromi bilan kechganda esa ertalab koʻz atrofida, keyinchalik butun tanada shish yuzaga kelishi bilan shikoyat qilishadi.

Umumiy koʻrikda bemorning teri rangi rangpar, yuzlari shishganligi koʻzga tashlanadi. Ob’yektiv tekshirishda kasallik belgilariga qarab sindromlari farq qiladi. Kasallik arterial gipertenziya bilan kechganda, baʼzi holatlarda oʻtkir chap qorincha yetishmovchiligi belgilari (yurak astmasi, oʻpka shishi), bosh miyada (ensefalopatiya) va koʻz tubida (arteriolalarning torayishi, mayda qon quyilishlar) oʻzgarishlar kuzatilishi mumkin.

Shish sindromda, shishlarning joylashgan joyi va xususiyatiga qarab palpatsiya qilinadi va baholanadi. Odatda shishlar bosib koʻrilganda yumshoq va xamirsimon xususiyatga ega. Suyuqlik plevra boʻshligʻiga yigʻilganda, perkussiyada oʻpka timpanik tovushining bogʻiqlashganligi bilan harakterli. Auskultatsiyada oʻpka ustida normal vezikulyar nafas, ayrim hollarda esa uning sustlashganini eshitish mumkin[3].

Diagnostikasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻtkir glomerulonefritni tashxislashda, agar kasallik siydik sindromi bilan yuzaga kelganda, siydik tahlili oʻtkazish muhim ahamiyatga ega. Siydik tahlilida proteinuriya, mikro va makrogematuriya va epitelial hujayralar aniqlanadi. Tashxisni tasdiqlash uchun umumiy qon tahlili, biokimyoviy, immunologik, UTT, rentgen va morfologik tekshirishlar oʻtkaziladi[4].

Oʻtkir glomerulonefrit tashxisi qoʻyilgan bemorlar ixtisoslashtirilgan shifoxonalar yoki boʻlimlarga yotqiziladi. Shifoxonada bemorlarga yotoq rejimi, osh tuzi, suv va oqsil miqdori kamaytirilgan parhezlar buyuriladi. Patogenetik davo sifatida prednizalon, qatʼiy koʻrsatmalar boʻlganda antikoagulyantlar (geparin) va antiagregantlar buyuriladi[5].

  1. „O'tkir glomerulonefrit“. www.krasotaimedicina.ru. Qaraldi: 2024-yil 6-may.
  2. O'tkir glomerulonefrit. www.ziyo.uz.com — 574-bet. Qaraldi: 2024-yil 6-may. 
  3. O'tkir glomerulonefrit. www.ziyo.uz.com — 575-bet. Qaraldi: 2024-yil 6-may. 
  4. „O'tkir glomerulonefrit“. www.medicina.ru. Qaraldi: 2024-yil 6-may.
  5. Ichki kasalliklar propedivtikasi. www.ziyo.uz.com — 575-bet. Qaraldi: 2024-yil 6-may. 

Oʻtkir glomerulonefrit youtube video