Mutolaa
Loyiha maqsadi | Yosh kitobxonlarni kashf etish, kitobxonlik madaniyatini shakllantirish |
---|---|
Loyiha turi | ilova |
Status | faol |
Joylashuvi | Oʻzbekiston |
Asoschi(lar)i | Alisher Saʼdullayev |
Prezidenti | Sirojiddin Olimov |
Vebsayti | mutolaa.com |
Til(lar)i | oʻzbekcha, ruscha |
Mutolaa – Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining kitobxonlikni rivojlantirishga qaratilgan loyihasi[1][2][3]. Loyihaga Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev tomonidan 2024-yilning boshida asos solingan. 2023-yil 15-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yoshlar siyosatida amalga oshirilgan ishlar va kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar boʻyicha hisobotda „Mutolaa“ loyihasidan foydalanadigan foydalanuvchilar sonini 1,5 million nafarga yetkazilishi belgilangan[4]. Loyiha YouTube ijtimoiy tarmogʻida video shaklida audio kitoblar shaklida hamda ilova shaklida „Google Play“ hamda „App store“ platformalariga joylanib kelinmoqda[5]. Loyihadan hozirgi paytda 1,4 milliondan ortiq foydalanuvchilar foydalanishmoqda. 4000 ga yaqin kitoblarning elektron va audio shakllari joylangan[6].
Nomlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1908-yilda Samarqand shahrida jadid Mahmudxoʻja Behbudiy tomonidan „Mutolaaxona“ nomli kutubxonaga asos solingan edi[7]. Maskan faoliyatida Mahmudxoʻja Behbudiyga safdoshlari Hoji Muin, Saidahmad Vasliy Samarqandiy va muallim Abduqodir Shakuriy koʻmaklashishgan. Tarkibiy jihatdan juda boy, xilma-xillikka ega fond boʻlgan. Kutubxona turli davlatlarda nashr qilingan diniy hamda dunyoviy kitoblar, suratli jurnal va gazetalar, ensiklopediya, lugʻatlar, xarita va atlaslardan tashkil topgan edi. Loyihaga maʼrifatparvarning xalqning ziyosini oshirishga qaratilgan kutubxona nomidan ilhomlangan holda „Mutolaa“ nomi berilgan.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]YouTubeda va „Mutolaa“ ilovasida kitoblarning elektron va audio variantlari mavjud. Shu bilan birgalikda yozuvchi va dramaturg Javlon Jovliyevning „Qoʻrqma“ romanining kino-kitob shakli yaratilgan. Kino-kitobda 70 nafar oʻzbek talabasining Olmoniyada olgan taʼlimi va sovet hukumati tomonidan ularning tahqirlanishi keng ochib berilgan. 2024-yil 27-aprel kuni Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida „Qoʻrqma“ romanining kinofilm shakli premyerasi oʻtkazildi. Premyerada Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻja, taniqli oʻzbek tadbirkori Murod Nazarov, sobiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev va jamiyatning boshqa faollari ishtirok etishdi. Roman 3 ta tilga (inglizcha, ruscha va ispancha) tillarga dublyaj qilingan.
Platformada kitoblar quyidagi turkumlarga boʻlingan: Ruboiylar, ilmiy-ommabop, film, memuar, doston, mumtoz adabiyot, roman, qissa, sheʼr, hikoyalar va ertaklar. Jumladan, Amir Temurning „Temur tuzuklari“ , Zahiriddin Muhammad Boburning „Boburnoma“ memuarlari, „Alpomish“, „Sheʼr bilan durroj hikoyati“ hamda „Semurgʻ yoki parizod bilan bunyod“ dostonlari, Daniel Defoening „Robinzon Kruzo“, Paulo Coelhoning „Alkimyogar“, Abdulla Qodiriyning „Mehrobdan chayon“, Xudoyberdi Toʻxtaboyevning „Sariq devni minib“, Pirimqul Qodirovning „Yulduzli tunlar“, Mirmuhsinning „Meʼmor“, „Xoʻjand qalʼasi“, Odil Yoqubovning „Diyonat“, Erkin Aʼzamning „Shovqin“, Lev Tolstoyning „Tirilish“, Nodar Dumbadzening „Abadiyat qonuni“ hamda Bicherstou Garriyetning „Tom togʻaning kulbasi“ romanlari, Odil Yoqubovning „Muqaddas“, Antoine de Saint-Exupéryning „Kichkina shahzoda“, „Istehkom“, Saʼdullo Quronovning „Galaktikada bir kun“, Shukur Xolmirzayevning „Oʻn sakkizga kirmagan kim bor“, Abdulla Qahhorning „Oʻtmishdan ertaklar“, Gʻafur Gʻulomning „Shum bola“, Abdurauf Fitratning „Hind sayyohining qissasi“, Farhod Musajonovning „Bir qultum buloq suvi“, Aziz Nesinning „Gʻaroyib bolalar“, „Adabiyotsevar“, Saʼdiy Sheroziyning „Turkiy Guliston yoxud axloq“, Erkin Malikning „Champo otli ilon“ hamda Gulnoz Tojiboyevaning „Jayxun va alanga“ qissalari, Said Ahmadning „Ot bilan suhbat“, Asad Dilmurodning „Qoʻngʻiroq“, Ahmad Aʼzamning „Avtobus“, Erkin Aʼzamning „Anoyining jaydari olmasi“, Oʻtkir Hoshimovning „Bozor“, Nazar Eshonqulning „Shamolni tutib boʻlmaydi“, Abduqayum Yoʻldoshovning „Parim boʻlsa“, Abdulla Qahhorning „Dumli odamlar“, O. Henryning „Soʻnggi yaproq“, Murod Muhammad Doʻstning „Dasht-u dalalarda“, Asqad Muxtorning „Chodirxayol“, Abdulla Qahhorning „Muhabbat“, Aleksandr Kuprinning „Minnatli non“, Sadriddin Ayniyning „Sudxoʻrning ziyofati“, Anvar Obidjonning „Tip tiniq vujud“, Anton Chexovning „Qiyshiq oyna“, Alberto Moravianing „May yomgʻiri“, Sharifjon Ahmadning „Toʻrtinchi qavatdagi xonadon“, Azim Suyunning „Sahro oʻrtasida toʻntarilib yotgan toshbaqa“, Xayriddin Sultonovning „Yo Jamshid“, Nodir Normatovning „Oytosh“, Abdulla Qahhorning „Dahshat“, „Anor“, Oybekning „Fanorchi ota“, „Gulnoq“ Alberto Moravioning „Chaqaloq“, Ahmad Aʼzamning „Bir kam dunyo“, Xorxe Luis Borxesning „Sohildagi uchrashuv“, Qoʻchqor Norqobilning „Oqibat daraxti“, „Bu yerlarda hayot boshqacha“, Robindranat Tagorning „Shubxa“, OʻGenri „Kaktus“, Nabi Jaloliddinning „Erkagi bor uy“, Nurali Qobulning „Kechikkan turnalar“, „Burgutlar choʻqqilarda yashaydi“, Nazar Eshonqulning „Maymun yetaklagan odam“, Nabijon Boqiyning „Hisorak“, Isajon Sultonning „Farishta“, „Men, onam va Oʻrta yer dengizi“, Sobir Oʻnarning „Safura xolamning ertagi“, Murod Muhammad Doʻstning „Darvoza yonidagi it“, Ayzek Azimovning „Fazodagi mojaro“, Fyodor Dostoyevskiyning „Kulgili odamning tushi“, Gʻafur Shermuhammadning „Quduq“, Teodor Drayzerning „Neft“, Agati Kristining „Ustasi farang oʻgʻrilar“, Alvaro Yunkening „Muallima uchun atirgul“ Akutagava Ryunoskening „Tansiq taomlar“, Anatoliy Alekseyning „Eng baxtiyor kun“ hamda Abdulhamid Choʻlponning „Taraqqiy“ kabi hikoyalar loyihaning YouTube platformasidagi sahifasiga va „Mutolaa“ platformasiga audio shaklida joylangan.
Kitob-kino
[tahrir | manbasini tahrirlash]Loyiha tomonidan bir qancha asarlarga asoslangan holda badiiy hujjatli filmlar suratga olingan. Jumladan, Javlon Jovliyevning „Qoʻrqma“ romaniga asoslangan Qoʻrqma, Antoine de Saint-Exupéryning „Kichkina shahzoda“, Abdulla Qahhorning „Daxshat“ hikoyasiga asoslangan filmlar suratga olingan[8][9][10].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „"Mutolaa" loyihasining rasmiy veb-sayti“. Mutolaa.com.
- ↑ „Toshkentda o‘zbek tilidagi kitoblar va audiokitoblardan iborat Mutolaa mobil kutubxonasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi“. Gazeta.uz. Qaraldi: 3-yanvar 2025-yil.
- ↑ „Yangi virtual kutubxona — “Mutolaa” ilovasi yarim million marta yuklab olindi“. daryo.uz. Qaraldi: 3-yanvar 2025-yil.
- ↑ „Ёшлар билан ишлаш тизими бўйича ахборот берилди“. President.uz. Qaraldi: 17-iyun 2024-yil.
- ↑ „𝐌𝐮𝐭𝐨𝐥𝐚𝐚” – eng sara kitoblarning elektron, audio hamda video shaklidagi sifatli va tizimli platformasi!“. play.google.com. Qaraldi: 17-iyun 2024-yil.
- ↑ „“Mutolaa” loyihasi foydalanuvchilari soni ortmoqda“. UzA. Qaraldi: 3-yanvar 2025-yil.
- ↑ „Behbudiya kutubxonasi: 114 yil avval Samarqandda ochilgan, kuniga 14 soatlab ishlagan va… qarovsiz qolib yopilgan“. Qaraldi: 17-iyun 2024-yil.
- ↑ „“Mutolaa” loyihasi“. https://gov.uz/.+Qaraldi: 3-yanvar 2025-yil.
- ↑ „“Mutolaa” loyihasining keng ko‘lamli taqdimoti va “Qo‘rqma” filmi premyerasi o‘tkazildi“. Yangi O'zbekiston (29 aprel 2024). Qaraldi: 3-yanvar 2025-yil.
- ↑ „«Mutolaa» loyihasi taqdimoti asosida «Qo‘rqma» filmi namoyish etildi.“. jdpu.uz. Qaraldi: 3-yanvar 2025-yil.