Eroniy tillar
Eroniy tillar — Hind-Yevropa tillari oilasining hind-eron tarmogʻiga mansub tillar guruhi. Asosan, Eron, Afgʻoniston, Tojikiston, shuningdek, O'zbekiston, Turkiya, Iroq, Suriya, Pokiston va Hindistonning baʼzi hududlarida, Rossiya Federatsiyasining Shimoliy Osetiya—Alaniya Respublikasida, Gruziyaning Janubiy Osetiya muxtor viloyatida, Kavkaz va Oʻrta Osiyoning boshqa ayrim yerlarida tarqalgan. Avvalroq Shimoliy Qora dengiz boʻylari, Turkmaniston, Sharqiy Turkiston, Sharqiy Pomirda ham alohida tarqalish markazlari boʻlgan. Soʻzlashuvchilarning umumiy soni 200 million kishidan ziyod.
Tarixiy-genetik tasnif boʻyicha Eroniy tillar 2 asosiy guruhga boʻlinadi: gʻarbiy va sharqiy; ularning har biri, oʻz navbatida, shimoliy va janubiy guruhchalarga ajraladi. Shimoliy-gʻarbiy Eroniy tillarga midiya tili va parfiya tili kabi oʻlik tillar hamda kurd, baluj, gilon, mozandaron, tolish kabi jonli tillar, shuningdek, Eron, Iroq, Turkiyadagi bir qancha mayda, yozuvsiz tillar, parachi va ormuri tillari kiradi. Janubiy gʻarbiy Eroniy tillar ga qadimiy fors va oʻrta fors kabi oʻlik tillar hamda fors, tojik, dariy (forsi kobuliy), xazora, kumzari kabi jonli tillar, Erondagi boshqa bir qancha mayda til va lahjalar kiradi. Shim.sharqiy Eroniy tillarga skif, alan, sugʻd, xorazmiy singari oʻlik tillar hamda osetin, yagʻnob kabi jonli tillar kiradi. Janubiy sharqiy Eroniy tillarga baqtriya tili, sak tillari kabi oʻlik tillar hamda pushtu (afgʻon) tili va bir qancha til guruhlarini qamrab olgan pomir tillari, boshqa jonli tillar kiradi. Oʻlik tilga aylangan avesto tilida ham gʻarbiy, ham sharqiy Eroniy tillarning belgilari mavjud boʻlgan.
Eroniy tillar tipologik jihatdan bir xil emas. qadimiy (oʻlik) va hozirgi (jonli) Eroniy tillar hamda garbiy yoki sharqiy guruhchalarga mansub Eroniy tillar oʻzaro maʼlum fonetik, grammatik va leksik oʻziga xosliklarga ega. Ayrim oʻlik va jonli Eroniy tillarning xususiy lingvistik jihatlari haqida qarang: parfiya tili, skif tili, sugʻd tili, xorazmiy tili; baluj tili, dariy tili, kurd tili, osetin tili, pomir tillari, pushtu tili, tojik tili, fors tili.
Eroniy tillarning tarixi shartli ravishda 3 davrga boʻlinadi: 1) qadimiy (miloddan avvalgi 2-ming yillik boshlaridan miloddan avvalgi 4—3-asrlargacha) — midiya, avesto, qadimiy fors, skif tillari; 2) oʻrta (miloddan avvalgi 4—3-asrlardan milodiy 8—9-asrlargacha) — oʻrta fors (pahlaviy), parfiya, baqtriya, sugʻd, alan tillari; 3) yangi (milodiy 8—9-asrlardan) — fors, tojik, pushtu, dariy, osetin, kurd va yozuvsiz pomir tillari. Bu tasnif ekstralingvistik (madaniytarixiy va boshqalar) belgilarga asoslangan. Lingvistik belgilarga qarab esa 2 davr farqlanadi: qadimiy (qad. fors, avesto, midiya, skif tillari) va keyingi (boshqa barcha tillar).
Qad. fors tilining ilk yozma yodgorliklari miloddan avvalgi 6-asrga mansub boʻlib, mixxatdya yozilgan. Asrlar mobaynida ogʻzaki yashab kelgan avestoviy matnlar taxminan milodiy 4-asrda oʻrta fors yozuvi asosidagi maxsus alifboda koʻchirilgan. Oʻrta fors (milodiy 2—3-asrlar), parfiya (miloddan avvalgi 1-asr), sugʻd (milodiy 4-asr) va qisman xorazmiy (miloddan avvalgi 3-asr) tillaridagi yodgorliklar oromiy yozuvining turli koʻrinishlarida bitilgan (xorazmiycha matnlarning bir qismi arab yozuvida 12—13-asrlarda yozilgan arabcha matnlar tarkibida ham uchraydi). Xoʻtansak tili (milodiy 7-asr) brahmining bir turidan; baqtriya tili (milodiy 2-asr) yunon alifbosidan foydalangan; fors, dariy, pushtu, baluj tillarida turli oʻzgarishlarga uchragan arab alifbosidan, tojik, osetin, tot tillarida esa rus alifbosidan foydalaniladi. Kurdlar, yashash sharoitlaridan kelib chiqib, rus (Zakavkazye), lotin (Suriya va Iroq) va arab yozuvlaridan foydalanadilar. Boshqa Eroniy tillar oʻz yozuviga ega emas.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oranskiy I. M., Vvedeniye v iranskuyu filologiyu, M., 1960; Oranskiy I. M., Iranskiye yazmki v istoricheskom osveshenii, M., 1979; Osnovn iranskogo yazmkoznaniya, kn. 1—4, M., 1979—87.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |