Kontent qismiga oʻtish

Biologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Biologdan yoʻnaltirildi)
Fayl:Hayot.jpg
Biosfera rassom tasavvurida.

Biologiya (yunoncha βίος, bios, „hayot“; va λόγος, logos, „fan“ „ta'limot") hayot bilan bogʻliq masalalar tadqiqotidir. U empirik fanning jonli organizmlarning tuzilishi, funksiyalari, oʻzgarishi, kelib chiqishi, evolyutsiyasi va oʻlishini oʻrganuvchi sohasidir. U turli organizmlarni saralaydi, ularning ishlashini, turlarning paydo boʻlishini, ularning oʻzaro va atrof-muhit bilan munosabatlarini tasvirlaydi. Biologiya botanika, zoologiya, fiziologiya kabi turli ostsohalarga boʻlinadi. Biologiya tirik tabiat toʻgʻrisidagi bilimlar tizimini birlashtiruvchi fan sifatida namoyon boʻladi. Chunki bu fanda ilgari oʻrganilgan dalillar tarixiylik nuqtai nazaridan maʼlum tizimlarga keltiriladi va ularning yigʻindisi organik olamning asosiy qonuniyatlarini aniqlashga imkon yaratadi.Ana shu qonuniyatlar asosida tabiatdan oqilona foydalanish, uni muhofaza qilish va qayta tiklash ishlari amalga oshiriladi. Hozirgi kunda biologiyaning turli sohalarida quyidagi ilmiy-tadqiqot usullaridan foydalanib kelinmoqda. Bularga kuzatish, taqqoslash, tarixiy va eksperimental usullar kiradi. Kuzatish usuli. Eng dastlabki usullardan biri boʻlib, uning yordanida har qanday biologik hodisani tasvirlash, taʼriflash mumkin. Keyinchalik bu usuldan turlarni aniqlashda ham keng foydalanilgan. Bu sohada K. Linney juda katta muvoffaqiyatlarga erishgan. Bu usul bugungi kunda ham ahamiyatini yoʻqotmagan.

Biologiya (bio… va..logiya)— tirik tabiat haqidagi fanlar majmuasi. biologiya hayotning barcha koʻrinishlari: tirik organizmlar va tabiiy jamoalarning tuzilishi va funksiyasini, tirik mavjudotlarning kelib chiqishi va tarqalishi, ularning bir-biri va yotirik tabiat bilan oʻzaro bogʻlanishini oʻrganadi. biologiyaning asosiy vazifasi tiriklikning namoyon boʻlishi qonuniyatlarini oʻrganish, hayotning mohiyatini ochib berish, tirik organizmlarni sistemaga solishdan iborat. „biologiya“ terminini 1892 yda bir-biridan mustasno tariqasida birinchi boʻlib J. biologiya Lamark va G. R. Treviranus taklif etishgan. Bu termin T. Roze (1797) va K. Burdax (1800) asarlarida ham uchraydi.

Biologiya fanlari sistemasi. Biologiya bir necha fanlardan tarkib topgan. Tadqiqot obʼyektiga binoan biologiya botanika (oʻsimliklarni oʻrganadigan fan), zoologiya (hayvonlarni oʻrganadigan fan), odam aiatomiyasi va fiziologiyasi (odam organizmining tuzilishi va funksiyasini oʻrganadigan fan), mikrobiologiya (mikroorganizmlarni oʻrganadigan fan) va gidrobiologiya (suvda yashovchi organizmlar haqidagi fan)larga boʻlinadi. Bu fanlar oʻz navbatida birmuncha kichikroq tarmoklarga ajratiladi. Shu bilan birga biologiya fanlarining bir-biri bilan va boshqa fanlar bilan qoʻshilib ketishi tufayli bir qancha kompleks fanlar shakllangan (mas, sitogenetika, sitoembriologiya, ekologik genetika, ekologik fiziologiya). Biologiya fanlarini tadqiqot metodlariga binoan ham alohida fanlarga ajratish mumkin. Maye, organizmlarning tarqalishini biogeografiya, toʻqima va xujayralar tarkibini biokimyo, fizik jarayonlar va metodlarni biofizika oʻrganadi. Oʻz navbatida bu fanlarni ham tekshirish obʼyektlariga binoan alohida fanlarga ajratish mumkin (mas, oʻsimliklar biokimyosi, hayvonlar biokimyosi). Biokimyoviy va biofizik metodlar koʻpincha oʻzaro qoʻshilib yoki boshqa fanlar bilan birgalikda yangi fanlarni hosil qiladi (mas, radiatsiyey biokimyo, radiobiologiya). Biologik tadqiqotlardan oliigan natijalarni taxlil qilish va umumlashtirishda biometriya, yaʼni biologik matematika katta ahamiyatga ega. Tirik organizmlar tuzilishini oʻrganish darajasiga binoan ham bir qancha fanlar shakllangan (mas, molekulyar biologiya, gistologiya, anatomiya, ekologiya va boshqalar). Biologiyaning bevosita amaliyot bilan bogʻlangan masalalarini parazitologiya, gelmintologiya, immunologiya, bionika, kosmik biologiya kabi fanlar oʻrganadi. Insonni biologik evolyutsiya mahsuli va obʼyekta yeyfatida antropologiya, ijtimoiy hayot mahsuli yeyfatida sotsial biologiya oʻrganadi.

Rivojlanish tarixi. Hayvonlar va oʻsimliklar odamlar uchun oziq-ovqat manbai boʻlgani nazarda tutiladigan boʻlsa, biologiya tarixi odam gʻorda hayot kechira boshlagan davrdan, hatto undan ham oldinroq boshlangan deyish mumkin. Ibtidoiy odamlar boshlana topgan gʻorlarga chizilgan hayvonlarning rasmlari va ov manzarasi ularni hayvonlar tuzilishidan xabardor ekanligini koʻrsatadi. Xuddi shunday rasmlar Surxondaryo viloyatidagi Koʻhitang togʻining Zirovutsoy darasi gʻorlaridan topilgan. Hozirgi zamon biologiya fanining rivojlanishi Oʻrta dengiz boʻyida yashovchi xalqlar (Qad. Misr, Yunoniston) sivilizatsiyasi bilan bogʻliq. Yunon va Rim naturfilosoflari birinchi boʻlib hayotning mohiyati va kelib chiqishini materialistik nuqtai nazardan tushuntirib berishga harakat qilishgan. Xususan Demokrit atrof muhitdagi narsa va hodisalar doimiy boʻlmasdan oʻzgarib turishi toʻgʻrisidagi materialistik gʻoyani ilgari surgan. Arastu birinchi boʻlib hayvonlarni sistemaga solib oʻrganishni taklif etgan. Galen xayvonlar (maymun va choʻchqa)ning ichki tuzilishi asosida odamning ichki tuzilishini, qon tomirlari va nervlar funksiyasini tasvirlab bergan birinchi fiziologeksperimentator hisoblanadi (oʻsha davrda odam jasadini yorib tekshirish taqiqlangan edi).

Oʻrta asrlarda Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida fanlar taraqqiyoti deyarli toʻxtab qolgan bir davrda Oʻrta Osiyo xududidagi davlatlarda tabiiy fanlar jadal surʼatlar bilan rivojlana boshladi. Bu davr fanlari tarixida Muhammad Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy kabi allomalar alohida oʻrin tutadi. Beruniy tabiat 5 element: boʻshliq, havo, olov, suv va tuprokdan yaratilgan deb eʼtirof etadi. U oʻzining „Hindiston“ asarida tabiatni daraxtdagi eng bakuvvat va sogʻlom novdalarining oʻsishiga imkon beradigan bogʻbonga oʻxshatadi. Bu bilan u tirik organizmlar oʻrtasida yashash uchun kurash borishi va tabiiy tanlanish sodir boʻlishini bashorat qiladi. Ibn Sit oʻz asarlarida oʻsimlik va hayvonlar hamda boshqa tabiiy jismlar, hodisalar va ularning sabablari toʻgʻrisida yozib qoldirgan.

Uygʻonish davridagi geografik kashfiyotlar, oʻsimlik va hayvonot dunyosiga qiziqishning kuchayishi bir qancha mamlakatlarda botanika va hayvonot bogʻlarining tashkil etilishiga olib keladi. Bu davrda hayvonlar va oʻsimliklar toʻgʻrisida koʻplab asarlar paydo boʻladi. Ana shu davrda italiyalik botanik A. Chezalpino guli, urugʻi va mevasining tuzilishiga binoan oʻsimliklarni tasnif qilishga urinib koʻrdi, uning asarlarida metamorfoz, tartib va tur toʻgʻrisidagi ayrim tushunchalar ilk bor uchraydi. 16—17-asrlardahayvonlar toʻgʻrisida bir qancha ensiklopedik asarlar paydo boʻladi. Shveysariyalik olim K. Gesnerning 5 jildli „Hayvonlar tarixi“, italiyalik U. Aldrovandining 13 jildli monografiyasi, fransuz naturalisti G. Rondele va italyan Ch. Salvianining dengiz orti mamlakatlari hayvonlari toʻgʻrisidagi asarlari shular jumlasidandir. Bu davrda anatomiya sohasida ayniqsa katta kashfiyotlar qilindi. Ingliz olimi U. Garvey (1578—1657) oʻzining qon aylanish sistemasi toʻgʻrisidagi taʼlimotini yaratadi. Italiyalik olim F. Redining tajribalari tufayli (1667) hayotning oʻz-oʻzidan paydo boʻlishi toʻgʻrisidagi taʼlimotga katta zarba berilgan boʻlsada, uning batamom barham topishiga olib kelmadi. Koʻpchilik olimlar tuxum hujayraga ega boʻlmagan tuban organizmlar oʻz-oʻzidan paydo boʻlishi mumkin degan fikrga ega edi. 16-asrda mikroskopning kashf etilishi biologiyaning rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega boʻldi. Angliyalik R. Guk tomonidan hujayraning kashf etilishi (1665), gollandiyalik A. Levenguk tomonidan bir hujayralilar va spermatozoidlar (1673), ingliz T. Millington (1676) va nemis R.Kamerarmus (1694) tomonidan oʻsimliklarda jinsiy tafovutlarning, italyan Malpigi (1675—79) va ingliz N. Gryu (1671—82) tomonidan oʻsimlik toʻqimalari, shuningdek baliklar tuxum hujayrasi (N. Steno, 1667) va kapillyar qon tomirlarining kashf etilishi mikroskop ixtiro qilinishi bilan bogʻliq. Bu kashfiyotlar embriologiyada ovistlar va animalistlar deb ataluvchi ikki oqimning paydo boʻlishiga olib keldi. Ulardan birinchilari—organizm mitti murtak holida tuxum hujayra ichida, ikkinchilari—urugʻ hujayra ichida boʻladi, keyingi oʻzgarishlar faqat miqdor oʻzgarishlardan iborat, degan xato fiqolarni ilgari surdi (qarang Preformizm). 17-asr oxiri va 18-asr boshlarida oʻsimlik va hayvonlarning sunʼiy sistemasini yaratish borasida bir qancha urinishlar boʻldi. Ingliz olimi J. Rey 18 mingdan koʻproq oʻsimliklarni tavsiflab, oʻsimliklarni 19 sinfga, fransuz J. Turnefor ularni 22 sinfga boʻladi. Rey tur tushunchasini anikdab berdi va umurtqasizlar tasnifini ishlab chiqdi. Hayvonlar va oʻsimliklarning mukammal sunʼiy sistemasini shved tabiatshunosi K. Linney oʻzining „Tabiat sistemasi“ (1735) asarida taklif qildi. Linney oʻz sistemasida odamni sut emizuvchilar sinfiga va maymunlar bilan birga primatlar turkumiga kiritgan boʻlsada, turlarning oʻzgarmasligi, dunyoni ilohiy kuch tomonidan yaratilganligi toʻgʻrisidagi metafizik gʻoyani yoklab chiqdi. Linneyning binar nomenklaturasi (turni urugʻ va tur nomlari orqali atalishi) oʻsimliklar va hayvonlar sistematikasida ayniqsa juda katta ahamiyatga ega boʻldi. Lekin Linneyning sunʼiy sistemasi koʻpchilik tabiatshunos olimlarni qoniqtirmasdi. Shu sababdan bir qancha olimlar tabiiy sistemani tuzishga urinib koʻrishdi. Botanika sohasida bunday sistemani ilk bor fransiyalik botanik A. L. Jyusye 1789-yilda ishlab chikdi. Hayvonlar va oʻsimliklarni sistemaga solish gʻoyasi hamma olimlarga ham bir xilda maʼqul boʻlmadi. Fransiyalik tabiatshunos J. Byuffon tabiatdagi har qanday sistema, shu jumladan Linney sistemasiga ham qatʼiy qarshi chiqadi. J. Byuffon „Tabiiyot tarixi“ (1749—88) asarida hayvonlar tuzilishidagi umumiylikni koʻrsatadi, yaqin formalar oʻrtasidagi oʻxshashlikni ularning oʻzaro qarindoshligi bilan tushuntirishga harakat qiladi. Nemis vrachi va kimyogari G. Shtal kishi faoliyati uning ruhi tomonidan boshqarib borilishini taʼkidlaydi va buning dal ili sifatida fiziologik reaksiyalarning asabiyruhiy taʼsirlar bilan bogliqligini koʻrsatib oʻtadi. Uning „hayot tonusi“ toʻgʻrisidagi fikri nemis fiziologi A. Gallerning taʼsirlanish toʻgʻrisidagi gʻoyasida (1753) oʻz ifodasini topadi. U va chex anatomi va fiziologi Y. Proxoska miya ishtirokisiz taʼsirotni qabul qiluvchi hamda organlarni harakatlantiruvchi nerv kuchi borligini koʻrsatib berdi. Italiyalik olimlar L. Galvani va A. Volta hayvonlar organizmidagi elektrni aniqlaydi, bu hodisa elektrofiziologiya fanining paydo boʻlishi va rivojlanishiga olib keldi. Ingliz olimi J. Pristli oʻsimliklarni hayvonlar nafas olishi uchun zarur boʻlgan kislorod ishlab chiqarishini koʻrsatib beradi. Fransuz olimlari A. Lavuazye, P. Laplas va A. Segen hayvonlarning nafas olishi va oksidlanish reaksiyalarida kislorodning ahamiyatini koʻrsatib berdi. Organik dunyoning tarixiy taraqqiyoti toʻgʻrisidagi gʻoyalar 18-asrning ikkinchi yarmidan boshlab shakllana boshladi. Nemis olimi G. V. Leybnits tirik mavjudotlarning gradatsiyasi tamoyillarini eʼlon qiladi va oʻsimliklar bilan hayvonlar oʻrtasida oraliq formalar mavjud degan fikrni oʻrtaga tashlaydi. Minerallardan boshlab odamgacha boʻlgan „tiriklik pogʻonasi“ (gradatsiya) tamoyili, shveysar naturalisti Sh. Bonne (1745—64) fikricha, hayot tuzilishi va rivojlanishining uzluksizligini koʻrsatadi. J. Byuffon Yer tarixi toʻgʻrisidagi oʻz gipotezasini ishlab chikdi. Uning fikricha, Yer tarixi 80—90 ming yildan iborat boʻlib, 7 davrga boʻlinadi, faqat eng soʻnggi davrda oʻsimliklar, hayvonlar va odam paydo boʻlgan. Fransuz olimi J. Biologiya Lamark „Zoologiya falsafasi“ (1809) asarida „tiriklik pogʻonasi“ni evolyutsiya nuqtai nazaridan tushuntirib beradi. Tirik organizmlarning tubandan kjsak formalargacha takomillashib borishi uning fikricha organizm uchun xos boʻlgan ichki progressga intilish (gradatsiya tamoyillari) tufayli sodir boʻlgan. Lamark evolyutsiyani toʻgʻri tushuntirgan boʻlsada, uning asosiy sabablarini ochib berolmadi. Fransuz olimi J. Kyuvye tirik organizmlarning tarixiy almashinishi va bir qancha turlarning qirilib ketishini tushuntirish uchun oʻzining katastrofalar goyasini ilgari suradi. Fransuz olimi E.J. SentIler hayvonlar tuzilishidagi umumiylikni tushuntirishga urinib, tuzilishdagi oʻxshashlik ularning kelib chiqishidagi oʻxshashlikni aks ettirishini taʼkidlaydi. T. Shvann tomonidan asoslab berilgan hujayra nazariyasi (1839) organik dunyoning birligini tushunib olishda hamda sitologik va gistologik tekshirishlarning rivojlanishida katta ahamiyatga ega boʻldi. 19-asrning oʻrtalarida oʻsimliklarning oziqlanish xususiyati va uning hayvonlarnikidan farq qilishi hamda tabiatda moddalar aylanishi prinsiplari kashf etiladi (Yu. Libix, J. biologiya Bussengo). Hayvonlar fiziologiyasi sohasida E. DyubuaReymonning ishlari tufayli elektrofiziologiyaga asos solinishi, K. Berner tomonidan organlarning ovqat hazm qilishdagi ahamiyati tushuntirib berilishi (1845,1847); G. Gelmgols va K. Lyudvig tomonidan nervmuskul sistemasi va sezgi organlarini oʻrganish metodlari ishlab chiqilishi; I. M. Sechenovning oliy nerv faoliyatini materialistik nuqtai nazardan talqin qilishi („Bosh miya reflekslari“, 1863) katta ahamiyatga ega boʻldi. L. Paster olib borgan tadqiqotlar tufayli hozirgi organizmlarning oʻz-oʻzidan paydo boʻlishi toʻgʻrisidagi taʼlimotga uzilkesil zarba berildi (1860—64). S. N. Vinogradskiy xemosintez yoʻli bilan anorganik moddalardan organik moddalarni sintezlovchi xemosintez bakteriyalarini (1887— 91), D. I. Ivanovskiy viruslarni (1892) kashf etdi.

19-asrda Ch. Darvin tomonidan evolyutsiya nazariyasining ishlab chiqilishi biologiyaning rivojlanishi tarixida ayniqsa katta ahamiyatga ega. Uning „Turlarning paydo boʻlishi…“ (1859) asarida evolyutsiyaning asosiy mexanizmi—tabiiy tanlanish ochib beriladi. Biologiyada Darvin gʻoyalarining gʻalabasi bilan evolyutsion solishtirma anatomiya (K. Gegenbaur), evolyutsion embriologiya (A. O. Kovalevskiy, I. I. Mechnikov), evolyutsion paleontologiya (V. O. Kovalevskiy) kabi yangi yoʻnalishlarga asos solindi. Hujayraning boʻlinishi (E. Strasburger, 1875; V. Flemming, 1882 va boshqalar), jinsiy hujayralarning yetilishi, uruglanishi (O. Gertvig, 1875; G. Fol 1877; E. van Beneden, 1884; T. Boveri, 1887, 1888) hamda u bilan boglik boʻlgan mitoz va meyozda xromosomalarning taqsimlanishini oʻrganish sohasida erishilgan muvaffaqiyatlar jinsiy hujayralar yadrosida irsiy axborotning saqlanishi toʻgʻrisida koʻplab gʻoyalarning paydo bulishiga olib keldi. Ana shu davrda (1865) G. Mendel tomonidan irsiylanish qonuniyatlari ochilishi bilan genetika faniga asos solindi.

20-asr yangi biologiya fanlarining rivojlanishi, biologiyada klassik tadqiqotlar miqyosining yanada kengayishi bilan ajralib turadi. Shu asrda genetika, sitologiya, fiziologiya, biokimyo, rivojlanish biologiyasi, evolyutsion taʼlimot, ekologiya, biosfera haqida taʼlimot, shuningdek mikrobiologiya, virusologiya, gelmintologiya, parazitologiya va biologiyaning boshqa koʻp tarmoqlari jadal surʼatlar bilan rivojlandi. Mendel ochgan qonunlar asosida mutatsiya va irsiyatning xromosoma nazariyalari ishlab chiqildi (T. Boveri, 190207; U. Setton, 1902). Xromosoma nazariyasini T. Morgan va shogirdlari V. Iogansenning sof liniya toʻgʻrisidagi taʼlimotiga (1903) asoslanib gen, genotip, fenotip tushunchalarini ishlab chiqishdi. 20-asrning oʻrtalarigacha genlarning kimyoviy tabiati irsiy molekulalar shaklida ekanligi nazariy jihatdan talqin qilinib kelindi (N. K. Kolsov, 1927). Mikroorganizmlardagi transduksiya va transformatsiya hodisalarini oʻrganish asosida DNK molekulasi genetik informatsiyani tashuvchi ekanligi aniklandi (AQSH, O. Eyveri, 1944). DNK qush spirali tuzilishining oʻrganilishi (J. Uotson, F. Krik, 1953) genetik kodning kashf etilishiga olib keldi. Bu kashfiyotlar molekulyar genetikaga asos soddi. Oqsillarning aminokislotalardan iborat tarkibi oʻrganilganligi, ayrim oqsillar (insulin)ning sintez qilinishi, viruslar va faglarning nukleoproteidlardan tuzilganligining koʻrsatib berilishi 20-asr oʻrtalarida qilingan eng muhim kashfiyotlardandir. Elektron mikroskopning kashf etilishi oddiy mikroskopda koʻrinmaydigan strukturalarni koʻrishga, hujayraning eng nozik tuzilishini tekshirishga, bakteriyalar va viruslarning tuzilishini batafsil oʻrganishga imkon berdi. Nishonli atomlar usuli organizmda sodir boʻladigan jarayonlarni oʻrganish uchun yoʻl ochdi. Gistologik kimyo differensial sentrifugalash, rentgenostruktura analizi usullari tirik organizmlar kimyoviy tarkibi, hujayra organoidlari va qismlarini mukammal tekshirish usullarini koʻrsatib berdi. Ana shu kashfiyotlar tufayli 20-asrning 2-yarmida biologiyaning eng yosh sohasi—molekulyar biologiya dunyoga keldi va tez surʼatlar bilan rivojlana boshladi. Molekulyar biologiya sohasidagi tadqiqotlar biologiya fanining barcha sohalarida yangi gʻoyalar paydo boʻlishiga olib keldi; hujayraning tuzilishi va funksiyasi haqidagi tushunchalarni tubdan oʻzgartirib yubordi. 20-asrda hayvonlar fiziologiyasi sohasida ham katta yutuqlarga erishildi. Rus olimi I. M. Sechenov (1829—1905) nerv sistemasini oʻrganib, bosh miya reflekslari toʻgʻrisidagi taʼlimotga asos soldi. I. P. Yaavlovshartli va shartsiz reflekslar, qon aylanish va ovqat hazm qilishning nerv regulyatsiyasi sohasida bir qancha yirik kashfiyotlar qildi. Uning shartli reflekslar va oliy nerv faoliyati toʻgʻrisidagi taʼlimoti Nobel mukofotiga sazovor boʻldi. Bu davrda neyrofiziologiya ham tez surʼatlar bilan rivojlana boshlaydi. Oʻsimliklar fiziologiyasida fotosintez jarayonlari, avvalo xlorofillni oʻrganishda ancha katta yutuqqa erishildi, xlorofill sintez qilindi, oʻsimliklarni oʻstiradigan baʼzi gormonlar (auksinlar, gibberellinlar) ajratib olindi va sunʼiy sintez qilindi. Evolyutsion nazariya sohasida ham muhim kashfiyotlar qilindi, xususan 20—30- yillarda madaniy oʻsimliklarning kelib chiqish markazlari aniklandi; mutatsion oʻzgaruvchanlik, individlar sonining oʻzgarib turishi va izolyatsiyani tanlanishning muayyan yoʻnalishda taʼsir etishidagi oʻrni ochib beriddi (N.I. Vavilov, S. S. Chetverikov, biologiya S. Xoldeyn, R. Fisher, S. Rayt, J. Haqsli, F. T. Dobrjanskiy, E. Mayr va boshqalar). Bu esa darvinizmning yanada rivojlanishiga, evolyutsiya omillari mikroevolyutsiya va makroevolyutsiya toʻgʻrisidagi taʼlimotlarni oʻzida jo qilgan sintetik evolyutsion taʼlimotni ishlab chiqishga imkon berdi (I. I. Shmalgauzen va boshqalar). V. I. Vernadskiyning biogeokimyo va biosfera, A. Tenslining ekosistemalar (1935) toʻgʻrisidagi taʼlimotlari biologiyaning katta yutuklaridan boʻlib, inson bilan tabiat oʻrtasidagi munosabatlarni ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega. V. Shelferd (1912, 1939), Ch. Elton (1934) va boshqalarning ishlari tufayli ekologiyaning nazariy asoslari ishlab chiqildi. 20-asr oʻrtalaridan boshlab ekologiya erishgan yutuqlar va tabiatni muhofaza qilish muammolari deyarli barcha biologiya fanlarini ekologiyalashtirishga olib keldi. Molekulyar biol. sohasidagi ishlar (genetik kodning ochilishi, sunʼiy genning sintezlanishi) gen injeneriyasi va biotexnologiya kabi amaliy fanlarning rivojlanishi uchun nazariy asos boʻldi. Keyingi yillarda ayniqsa populyatsion biologiya tez surʼatlar bilan rivojlanmoqda. Bu sohadagi tadqiqotlar son jihatdan tobora oʻsib borayotgan aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini toʻlaroq qondirish, qirilib ketayotgan turlarni muhofaza qilish va tirik organizmlarning biologik xilmaxilligini saqlab qolish kabi muammolarni muvaffaqiyatli yechishga imkon beradi.

Oʻzbekistonda 20-asrning 1-yarmida olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari asosan oʻsimlik va hayvonot dunyosi resurslarini oʻrganish va ulardan samarali foydalanish hamda atrof muhitni muhofaza qilish bilan bogʻliq. Botanika sohasida yaylovlarning fitomeliorativ holatini yaxshilash, texnika ekinlari va suv oʻtlarini oʻstirish usullari ishlab chiqildi; oʻsimliklarning geoekologik tasnifi, iyerarxik sxemasi taklif etildi; oʻsimliklarning ekstremal sharoitga moslanish xususiyatlari ochib Ye^rildi (qarang 3. Zokirov, J. K. Saidov, P. A. Baranov, V. A. Burigin, A. M. Muzaffarov, P. K Zokirovva biologiya); gʻoʻzaning ekologik, anatomomorfologik va genetik xususiyatlarini oʻrganish sohasida bir qancha ishlar amalga oshirildi (S. X. Yoʻldoshev, A. I. Imomaliyev, S. S Sodiqov va boshqalar). Mikrobiologik yoʻl bilan oqova suvlarni tozalash, maʼdanlarni ajratib olish, qishloq xoʻjaligi chiqindilaridan yemxashak tayyorlash, fiziologik faol moddalarni ajratib olish, oʻsimliklarning vilt va virus kasalliklariga qarshi kurash asoslari yaratildi (M. I. Mavloniy, A. F. Xolmurodov, S. A. Asqarova va boshqalar). Ekologikfaunistik ishlar teriologiya, ornitologiya, gerpetologiya, gidrobiologiya, entomologiya, parazitologiya va zoologiyaning boshqa sohalarida keng miqyosda amalga oshirildi (T. 3. Zohidov, D. N. Kashkarov, A. M. Muhammadiyev, S. N. Alimuhamedov, V. V. Yaxontov, R. O. Olimjonov, A. T. Toʻlaganov, M. A. Sultonov, J. A. Azimov va boshqalar). 20-asrning ikkinchi yarmida ayniqsa soʻnggi yillarda biologiyaning biokimyo, genetika, molekulyar biologiya, biotexnologiya, biofizika va ekologiya sohalarida bir qancha muhim ishlar amalga oshirildi. Tireoid gormonlarning taʼsiri mexanizmi aniklandi (Yo. X. Toʻraqulov, T. S. Soatov). Biologik membranalarning tuzilishi, hayvonlar toksikologiyasi va biokimyosi, ionlantiruvchi nurlar, defoliantlarning taʼsir mexanizmi va ionlarni membrana orqali transporta muammolarini yechishda ham bir kator muvaffaqiyatlar qoʻlga kiritiddi (A. P. Ibragimov, J. H. Hamidov, A. Q. Qosimov). Gʻoʻzada genetik belgilarning irsiylanish mexanizmi ishlab chiqildi (J. A. Musayev, O. J. Jalilov, A. A. Abdullayev, N. N. Nazirov, A. A. Abdukarimov). Gen va hujayra injeneriyasining rivojlanishi insulin, interferon va oʻstiruvchi gormonlarni olish imkonini berdi (biologiya O. Toshmuhamedov, A. A. Abdukarimov, M. M. Rahimov, A. I. Gagelgans va boshqalar). biologiyaga oid tadqiqotlar Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Botanika, Zoologiya, Mikrobiologiya, Genetika, Fiziologiya va biofizika, Biokimyo institutlarida, shuningdek oliy oʻquv yurtlarida olib borilmoqda.

Biologiyaning zamonaviy muammolari. Biologiyaning tabiiy fanlar va kishilik jamiyatining rivojlanishiga revolyutsion taʼsir koʻrsatadigan muammolari molekulyar biologiya, genetika fanlari muskullar, nerv sistemasi va sezgi organlari fiziologiyasi va biokimyosi (tafakkur, qoʻzgʻalish, tormozlanish va boshqalar), fotova xemosintez, tabiiy sistemalar energetikasi va mahsuldorligi bilan bogʻliq. Molekulyar biologiya sohasi hujayra ichida boradigan fizikkimyoviy jarayonlar va tirik sistemalar nisbiy turgʻunligining boshqarilishi, ayniqsa genlarning ishga tushirilishi mexanizmini oʻrganish ham biologiyaning markaziy muammolaridan biri hisoblanadi. Organizmni individual rivojlanishi davomida hujayralarning ixtisoslashib borishi va toʻqimalarning hosil boʻlishi, Yerda hayot paydo boʻlishining dastlabki davrlarida tirik organizmlarga xos murakkab polimerlarning tabiiy sintezlanishi va ulardan oʻz-oʻzini yarata oladigan tirik sistemalar paydo boʻlishini oʻrganish ham muhim masalalardan hisoblanadi. Yer yuzida aholi sonining tez surʼatlar bilan oʻsib borishi biologiya oldiga biosferaning mahsuldorligini oshirish, yashash muhitini ifloslanishdan saqlash, oʻsimlik va hayvonlarni muhofaza qilish va ratsional foydalanishdan iborat juda koʻp muammolarni qoʻyadi. Biosfera va ekologik sistemalarni qayta qurish va ulardan foydalanish ishlari oʻsimlik, hayvonlar va mikroorganizmlarni Yerning hamma qismida inventarizatsiya qilishni nazarda tutadi. Biologiya sohasidagi ilmiy tadqiqot ishlari Xalqaro biologik dastur yordamida koordinatsiya qilib boriladi.

Bekjon Toshmuhamedov, Ochil Mavlonov.[1]

Taqqoslash usuli yordamida bir xil predmet yoki hodisalarni boshqa predmet yoki hodisalar bilan oʻxshashligi va farqini aniqlash yoʻli orqali ularning mohiyatini ochishga asoslangan Bunda turli hodisalar uchun umumiy hisoblangan qonuniyatlarni ochishga imkon yaratiladi. Tarixiy usulni biologiyada qoʻllanishi Ch.Darvinning nomi bilan bogʻliq, bu usul biologiyada chuqur sifatiy oʻzgarishlarni vujudga kelishiga sabab boʻladi. Hozirgi kunda bu usul yordamida hozirgi zamon olamini va uning oʻtmishini koʻrsatuvchi maʼlumotlar asosida tirik tabiatni rivojlanish jarayonlarini aniqlash mumkin. Eksperimental yoki tajriba usuli biologiyada Oʻrta asrlarda qoʻllangan boʻlsa, haqiqiy ravnaqi fizika va kimyo fanlarining usullarini qoʻllash tufayli 19-20 asrlardan keng qoʻllanila boshlandi. Bu usullar biologiyaning tegishli sohalaraida foydalanilib kelinmoqda va ular bir-birini toʻldiradi.

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil