Kontent qismiga oʻtish

Radiokimyo

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Radiokimyo – radioaktiv elementlar va izotoplarning kimyoviy xossalarini, ularni ajratib olish, konsentrlash (toʻplash) fan va texnikaning turli sohalarida qoʻllash usullarini oʻrganadigan soha. Radiokimyo rivojlanish davrida bir necha bosqichni bosib oʻtdi. Radiokimyoning dastlabki 1-bosqichi 1898-yildan, yaʼni Pierre Curie va Marie Curie ilk tabiiy radioaktiv elementlar – poloniy va radiyni ajratib olishlaridan boshlandi. II boskich (1914—33)da tabiiy radioaktiv elementlarning kimyoviy tabiati oʻrganildi. Ill bosqich I.Kyuri va F. Jolio-Kyurilarning 1934-yilda sunʼiy radioaktiv izotoplarni kashf qilganlaridan keyin boshlandi. IV bosqich sunʼiy izotoplarning texnologiyasi bosqichi boʻlib, parchalanish zanjir reaksiyasining sanoat miqyosida amalga oshirilgan davri – 1944-yilga toʻgʻri keladi. Eng soʻnggi bosqichi 50-yil izotoplarni ajratib olish davrini oʻz ichiga oladi.

Hozirgi zamon Radiokimyosini quyidagi asosiy boʻlimlarga ajratish mumkin: umumiy radiokimyosi, yadro parchalanish kimyosi, radioaktiv elementlar kimyosi va amaliy radiokimyo.

Umumiy radiokimyo radioaktiv elementlar va izotoplarning fizik-kimyoviy qonuniyatlarini: radioaktiv elementlar va izotoplarning turli muhitda qanday shaklda uchrashini aniqlaydi, kichik „radiokimyoviy“ konsentratsiyadagi radioaktiv elementlarning xossalarini tekshiradi, radioaktiv moddalarning fazalararo taqsimlanish jarayonini oʻrganadi.

Yadro aylanishlari kimyosi yadro reaksiyalari va radioaktiv oʻzgarishlarda hosil boʻladigan mahsulotlarni va kimyoviy aylanishlarni oʻrganadi, yadro reaksiyalari va yadro aylanishlarida hosil boʻladigan izotoplarning turgʻun shakllarini aniqlaydi.

Radioaktiv elementlar kimyosi barqaror va uzoq, mavjud boʻluvchi izotoplari boʻlmagan elementlarni oʻrganadi. Radiokimyo usullari asosida oʻrganiladigan elementlar texnetsiy, prometiy, astat, uran, toriy, poloniy, radon, fransiy, radiy, aktiniy, protaktiniy va transuran elementlar, shuningdek, vodorodsimon atomlar: myuoniy, pozitroniy va mezoatomlardan iborat. Bu boʻlimga shartli ravishda yadro yoqilgʻisi texnologiyasini ham kiritish mumkin.

Amaliy radiokimyo nishonli birikmalar sintezini, radioaktiv izotoplarning fan va sanoatda (kimyo, fizika, geokimyo va boshqa tadqiqotlarda) qoʻllanishini oʻz ichiga oladi.

Radiokimyo usullari boshqa kimyoviy sohalarda (kolloid kimyo, kimyoviy kinetika va boshqalar) oʻrganiladigan qonunlar tadqiqotida ham keng oʻrin oldi. Elementlar va izotoplarni ularning radioaktiv nurlanishi yoki yadro aylanishlari mahsulotlariga qarab aniqlash radiokimyoning uslubiy xususiyatlaridan biridir. Radiokimyo usullari elementlar va birikmalarning fizik-kimyoviy xossalarini juda kichik va juda katta konsentratsiyada oʻrganishga imkon beradi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil