Paleoiqlimshunoslik
Paleoiqlimshunoslik (paleo... va iqlimshunoslik) — Yerning geologik va tarixiy oʻtmish iqlimi haqidagi taʼlimot. P. vazifasi Yer tarixi davomida sodir boʻlgan iqlim sharoitlarini oʻrganish va ularni Yer shari boʻyicha taqsimlanishini tadqiqot qilishdan iborat. P. paleogeografiyaning muhim qismi hisoblanadi; u stratigrafiya va paleontologiya, geomorfologiya va foydali qazilmalar toʻgʻrisidagi fanlar bilan chambarchas bogʻlangan. Geologik maʼlumotlar iqlimshunoslik, meteorologiya, geografiya, geofizika va astronomiyaning nazariy qoidalari asosida taxlil qilinadi va umumlashtiriladi. Geologik oʻtmish iqlimi xaqidagi xulosa avvalgi geologik davr tabiati va astronomik krnuniyatlarga boʻysunuvchi Quyosh radiatsiyasining oqimi maʼlumotlariga asosan tuziladi. Yaqin oʻtmish iqlimi haqidagi xulosa esa geografik landshaft, oʻsimliklarning taqsimlanishi, daraxtlarning yillik halqalarining zamonaviy xususiyatlari, saqlanib qolgan tarixiy dalillar va madaniy yodgorliklar hamda keyingi yuz yillikdagi instrumental kuzatishlar boʻyicha tuziladi.
Qad. iqlimning geologik indikatorlari orasida asosiy 3 guruh: litologik, paleobotanik va paleozoologik koʻrsatkichlar alohida oʻrin tutadi. Litologik koʻrsatkichlar deyarli hamma joyda tarqalgan; oʻtmish davrlarda iqlim sharoitlari qanday boʻlganligi, nurash xususiyati va surʼati, choʻkindi jinslarning bir-biridan farqi darajasi miqyosi orqali aniqlanadi. Paleobotanik koʻrsatkichlar oʻsimliklarning qazilma qoldiqlari boʻlib, bu qoldiqlar iqlim taʼsirini, oʻsish vaqti va joyini aks ettiradi. Masalan, tropik oʻrmonlarning hosil boʻlishi iqlimning issiq va nam boʻlganini, savanna va kserofil siyrak oʻrmonlarning hosil boʻlishi ikdimning issiq va quruq boʻlganini koʻrsatadi; barg toʻkadigan oʻrmonlarning hosil boʻlishi moʻʼtadil iqlim indikatori boʻlib hisoblanadi. Paleozoologik koʻrsatkichlar organizmlar yashagan davr iqlimini aks ettiradigan qoldiklardan iborat. Quruqlikda yashovchi umurtqalilar devon davrit paydo boʻlgan; kaynozoy erasidagi sut emizuvchilar turli iqlimga yaxshi moslanib, keng hududlarda yashagan.
Qad. iqlim paleozoy erasidan boshlabgina umumiy tarzda aniqlangan. temperatura va namlikning koʻp marta oʻzgarib turishi natijasida yuqori kengliklarda muzlik davrlari va ular orasidagi davrlar almashinib turgan, quyi kengliklarda esa plyuvial va kserotermik iqlimlar vujudga kelgan.
P. Yer iqlimining tarixini oʻrganish orqali foydali qazilmalarning paydo boʻlishi, oʻtmish geologik davridagi hayvon va oʻsimliklarning yashash sharoitini koʻrsatadi va iqlim oʻzgarishini oldindan aytish imkonini beradi.
Tohir Muxtorov.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |