Kontent qismiga oʻtish

Yuriy Senkevich

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Yuriy Senkevich
Tavalludi 4-mart, 1937-yil
Vafoti 25-sentyabr, 2003-yil
Moskva, Rossiya
Fuqaroligi avval SSSR, keyin Rossiya
Taʼlimi Sankt-Peterburg harbiy tibbiyot akademiyasi
Kasbi Olim, shifokor, sayyoh, jurnalist va teleboshlovchi
Faoliyat yillari 1960/1962-2003-yillar
Unvoni Rossiya teleakademiyasi akademigi
Otasi Aleksandr Senkevich

Yuriy Aleksandrovich Senkevich – XX asrda yashab oʻtgan mashhur sovet va rus sayyohi, olim, jurnalist va teleboshlovchi[1].

Bolalik va oʻsmirlik yillari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yuriy Senkevich 1937-yil 4-martda Moʻgʻulistonning Bayan-tumen (hozirgi Choybalsan) shahrida tugʻilgan. Ota-onasi Sankt-Peterburgdagi harbiy tibbiyot akademiyasini tugatgandan soʻng shu shaharga ishga yuborilgach, Yuriy Senkevich tugʻilgan. Senkevichlarning aksariyati tibbiyot sohasi vakillari edilar. Yoshligida biologiya, zoologiya va umuman tabiiy fanlardan yaxshi saboq olgan Yuriy Senkevich ota-onasi izidan borib, 1960-yilda Sankt-Peterburg harbiy tibbiyot akademiyasini tugatadi[2].

Ilmiy tadqiqoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1960-yil oʻqishni tugatgandan soʻng, Yuriy Senkevich harbiy shifokor sifatida topshiriq oladi[3]. Yuriy Senkevich 1962-yildan boshlab fan bilan jiddiy shugʻullana boshladi. Dastlab, SSSR Mudofaa vazirligiga qarashli Aviatsiya va koinot tibbiyoti institutida, keyinchalik Moskvadagi Tibbiy-biologik muammolar institutida ekstremal vaziyatlarda inson xulq-atvorining xususiyatlari mavzusida tadqiqot olib borgan.

Antarktikaga sayohat

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tadqiqot mavzusining muhimligi bois, Senkevich 1964-yilda fazogirlarni tayyorlash guruhiga qabul qilindi. 1967-yilda esa Yuriy Senkevich Antarktikaga ekstremal sharoitda yashash uchun kurash boʻyicha tashkil etilgan ikki yillik ekspeditsiyada ishtirok etish uchun taklif etilgan. Mazkur ekspeditsiya dunyoning eng sovuq qutbi (-88,3 daraja) nomini olgan materik – Antarktidadagi „Vostok“ ilmiy tekshirish stansiyasida tadqiqotlar olib borgan. Ana shundan soʻng sayohatlar Yuriy Senkevichning asosiy mashgʻulotiga aylanadi. Mazkur ekspeditsiya davomida sayyoh, jurnalist sifatida ham shakllanadi. Yuriy Senkevich „Xalqlar doʻstligi“ jurnalida mazkur sayohat toʻgʻrisida qiziqarli maʼlumotlarni eʼlon qilib borgan[4].

Xeyerdal ekspeditsiyalarida ishtiroki

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xeyerdal bilan tanishuv

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1969-yilda mashxur norveg sayyohi va olimi Tur Xeyerdal tropik qamish (papirus)dan yasalgan „Ra“ kemasida qadimgi xalqlarning okeanlar osha suzishlarni amalga oshirgan boʻlishi mumkinligini isbot qilish uchun Atlantika okeani orqali sayohatni tashkil etdi. Xeyerdal oʻzining yetti kishilik xalqaro ekipajiga universal inson – shifokor, bir qator tabiiy fanlar boʻyicha yetuk olim, ingliz tilini mukammal biladigan jurnalist Yuriy Senkevichni ham taklif qildi.

„Ra“ ekspeditsiyalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1969-yildagi „Ra-1“ kemasida tashkil etilgan ekspeditsiya kemaning halokatga uchrashi tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchragan boʻlsa, 1970-yilda „Ra-2“ kemasida 8 kishidan iborat xalqaro ekspeditsiya Karib dengizi sharqidagi Barbados oroligacha suzib bora olgan[5].

1973-yildan Yuriy Senkevich markaziy televideniyedagi „Kinosayohatchilar klubi“ koʻrsatuvi boshlovchisi sifatida faoliyat koʻrsata boshlagan. Tinib-tinchimas sayyoh, olim va nafis soʻz ustasi boʻlgan Senkevich „Kinosayohatchilar klubi“ni koʻp millionli teletomoshabinlarning sevimli telekoʻrsatuviga aylanishiga erisha olgan. Mazkur koʻrsatuv ekranga berilayotgan maʼlumotlarning keng miqyosliligi, jiddiyligi, mazmunan chuqurligi bilan tezda shuhrat qozonadi. Koʻrsatuv mavzusini tanlash, mualliflar va mehmonlarni taklif etish bilan Senkevichning shaxsan oʻzi shugʻullangan. Tur Xeyerdal, Jak-Iv Kusto, Karlo Mauri, Bruno Vaylatti, Jak Mayol, Jan Melori, Fyodor Konyuxov va boshqa koʻplab mashhur sayyohlarning koʻrsatuvdagi bevosita ishtiroki uning qiziqarliligini yanada oshirgan[6].
Koʻrsatuvda dunyodagi turli xalqlar va mamlakatlarning hayoti, turmush tarzi va urf-odatlari haqida qiziqarli maʼlumotlar berilib, ular tomoshabinda sayohat qilish hissini uygʻotardi. Turli yillarda oʻtqazilgan ijtimoiy soʻrovlar shuni koʻrsatadiki, Yuriy Senkevichning „Kinosayohatchilar klubi“ oʻzining doimiy koʻpmillionli muxlislariga ega boʻlgan. 30 yil davomida u jurnalist sifatida 200 dan ortiq mamlakatlarga tashrif buyurgan. Yuriy Senkevich dunyodagi eng uzoq vaqt (1973-2002-yillar) xizmat qilgan teleboshlovchi sifatida „Ginnessning rekordlar kitobi“ ga kiritilgan[7].

Keyingi sayohatlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1977—1978-yillarda Yuriy Senkevich Tur Xeyerdalning qamishdan yasalgan „Tigris“ kemasida Hind okeani boʻylab sayohatida kema shifokori sifatida ishtirok etgan. Uch ming yil avvalgi loyiha boʻyicha ishlangan ushbu kema Qizil dengiz qirgʻoqlaridan yoʻlga chiqqach, besh oy davomida Hind okeanida suzib, Afrikaning Jibuti qirgʻoqlariga qaytib kelgan. 1979-yilda Yuriy Senkevich shimoliy qutbga changʻida amalga oshirilgan va 1980-1982-yillarda dunyodagi eng baland choʻqqi Everestga tashkil etilgan ekspeditsiyalarda shifokor sifatida ishtirok etgan[8].

Ilmiy faoliyati va yutuqlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sayohatlari davomida olgan taassurotlarini 60 dan ortiq ilmiy maqola va risolalarida bayon etgan, ularda inson xulqining ekstremal vaziyatlardagi fiziologik jihatlarini, uzoq sayohatlar davomidagi oʻzaro munosabatlarning xususiyatlarini keng yoritib bergan. Olimning „Ra“da Atlantika orqali", „Tigris“ okeanda", „Ularni ufq chorlagan“ va „Umrga teng sayohat“ kabi asarlari orasida mashhur.

Yuriy Senkevich dunyodagi barcha xalqlar madaniyati va tarixiga chuqur hurmat va ehtirom bilan qaraydigan sayyoh edi. U „oʻz tarixiga boʻlgan qiziqish – millatning madaniyatliligi belgisidir“ degan soʻzlarini turli uchrashuvlarida tinmay takrorlardi. Mashxur sayyoh XX asrning 80-yillari boshida Toshkentga qilgan safarida yosh geograflar va sayyohlar bilan boʻlgan uchrashuvda Oʻzbekistonning tarixiy va madaniy merosi haqida gapira turib, xuddi shu soʻzlarni ishlatgan.

Yuriy Senkevich tibbiyot fanlari nomzodi, Rossiya sayyohlar assosiatsiyasi prezidenti, Rossiya teleakademiyasi akademigi va qator xalqaro mukofotlar sovrindori boʻlgan[9].

Hayotining soʻnggi davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yuriy Senkevich mashhur norveg sayyohi, olim Tur Xeyerdal bilan juda yaqin doʻst boʻlgan. 2002-yilda Tur Xeyerdalning vafot etganligi haqidagi xabarni eshitgach, Yuriy Senkevich yurak xuruji bilan ogʻrib, yotib qoladi. Ammo Yuriy Senkevich umrining oxirgi yillarida salomatligi yaxshi emasligiga qaramasdan, sayohat qilishda davom etgan. Jumladan, 2001-yilda Shveysariya, Ispaniya, Dondagi Rostov viloyati, Qozogʻiston, Chukotka, Xanti-Mansiysk, Xitoy va Hindistonga, 2002-yilda esa Chukotka va Vrangel orollariga sayohat qiladi. Olim 2003-yilning 25-sentyabrida oʻz ish joyida vafot etgan[10]. Senkevich Moskva shahrining Novodevichyem qabristoniga dafn qilinadi[11].

Abadiylashtirish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yuriy Senkevichning nomi turli obyektlarda abadiylashtirilgan. „Aeroflot“ kompaniyasi samolyotlaridan biri; umumiy yuk koʻtarish qobiliyati 100 ming tonna („Titanik“dan ikki baravar koʻp) boʻlgan kema va Moskva davlat turizm industriyasi instituti Yuriy Senkevich nomi bilan atalgan. Sibirdagi Omsk shahrida „Senkevich“ restorani boʻlib, uning devorlaridan birida sayyoh ishtirok etgan „Ra-2“ kemasi sayohatining fil terisiga ishlangan xaritasi osib qoʻyilgan[12].

  1. „Юрий Александрович Сенкевич“. Qaraldi: 2024-yil 9-iyun.
  2. Gadoyev K., Berdiyeva S. Jahongashta sayyoh-olimlar. Toshkent: „Oʻzbekiston“, 2011. 256-bet.
  3. „Yuriy Senkevich“. Qaraldi: 2024-yil 9-iyun.
  4. Gadoyev K., Berdiyeva S. Jahongashta sayyoh-olimlar. Toshkent: „Oʻzbekiston“, 2011. 256-bet.
  5. Gadoyev K., Berdiyeva S. Jahongashta sayyoh-olimlar. Toshkent: „Oʻzbekiston“, 2011. 256-257-betlar.
  6. Gadoyev K., Berdiyeva S. Jahongashta sayyoh-olimlar. Toshkent: „Oʻzbekiston“, 2011. 257-bet.
  7. „Yuriy Senkevich“ (Ingliz tili). Qaraldi: 2024-yil 9-iyun.
  8. Gadoyev K., Berdiyeva S. Jahongashta sayyoh-olimlar. Toshkent: „Oʻzbekiston“, 2011. 258-bet.
  9. Gadoyev K., Berdiyeva S. Jahongashta sayyoh-olimlar. Toshkent: „Oʻzbekiston“, 2011. 258-259-betlar.
  10. Gadoyev K., Berdiyeva S. Jahongashta sayyoh-olimlar. Toshkent: „Oʻzbekiston“, 2011. 259-bet.
  11. Varvara Rayskaya. „Юрий Сенкевич“ (Rus tili). Qaraldi: 2024-yil 9-iyun.
  12. Gadoyev K., Berdiyeva S. Jahongashta sayyoh-olimlar. Toshkent: „Oʻzbekiston“, 2011. 259-bet.