Uzunogʻoch jangi
Uzunogʻoch jangi | |||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|
Harbiy istehkomdagi trevoga signali (Qoʻqonliklarning Uzunogʻochdagi kazaklar qarorgohiga hujumi) | |||||||
| |||||||
Qoʻmondonlar | |||||||
Podpolkovnik Gerasim Kolpakovskiy Suranshi botir |
Qanoatshoh | ||||||
Kuchlar | |||||||
799 nafar Rossiya imperiyasi |
22 ming nafar[1] Qoʻqon xonligi |
Uzunogʻoch jangi — 1860-yil 19—21-oktyabr kunlari general Gerasim Kolpakovskiy (jang vaqtida harbiy unvoni podpolkovnik) qo‘mondonligida rus qoʻshini bilan Qo‘qon xonligi qo‘shini o‘rtasidagi Uzunog‘och istehkomi yaqinida boʻlgan jang[2]. Jang Qo‘qon xonligi qo‘shinining mag‘lubiyati va Verniyga hujumning oldini olish bilan yakunlanadi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1860-yil boshida rus qoʻshini Shimoliy Qirgʻiziston hududidan qoʻqonliklarni siqib chiqarishga muvaffaq boʻladi. Bunga javoban Qo‘qon xoni Yettisuv ustidan nazoratni tiklash maqsadida ruslar egallab olgan oʻrinlariga qarshi hujumga o‘tishga qaror qildi. 1860-yil oktyabrda Qoʻqon xonligining 20 ming kishilik qoʻshini Iliorti oʻlkasiga bostirib kiradi. Qoʻqon xonligi qoʻshinining ikki boʻlinmasini (Toshkent va Qoʻqon) Verniy istehkomini egallashga joʻnatildi. Olatau okrugi hokimi bu harakatdan xabar topib, qoʻqonliklarga qarshi qoʻshin toplaydi. Kazaklar va yengil qozoq otliqlaridan tuzilgan rus qoʻshinining soni ming kishiga yaqin boʻlgan. Qozoqlar boʻlinmasiga Suranshi botir ukalari (Shinasil, Jaldibay, Janteli, Qoratoy Oqinbekuldoriy) bilan birgalikda boshchilik qilgan, Suranshi botir 1858-yilda Qo‘qon xoni Xudoyorxonga qarshi qo‘zg‘olonga boshchilik qilgani bilan tanilgan. Verniydan 60 km uzoqlikda Kastek (Uzunogʻoch yaqinida) istehkomida uch kunlik jang boʻlib, rus qoʻshini qoʻqonliklarning hujumini qaytarishadi.
Rossiya imperiyasidagi yoʻqotishlar: 1 nafar halok boʻlgan, 26 nafar yarador, 6 nafar kontuziyalangan[3][4].
Qoʻqon xonligidagi yoʻqotishlar 1 500 kishini tashkil qilgan[4].
Ahamiyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shu jangdan soʻng qoʻqonliklarning Katta juz yerlariga hujumi nihoyasiga yetadi[2]. Yettisuvda ruslarning hukmronligi mustahkamlanadi. Uzunogʻoch jangidagi gʻalaba uchun Kolpakovskiyga polkovnik harbiy unvoni berilib, 4-darajali avliyo Georgiy ordeni bilan taqdirlanadi.
Xotira
[tahrir | manbasini tahrirlash]Uzunogʻoch jangida halok boʻlgan askarlar qabriga qoʻyilgan dastlabki yodgorlik haqida maʼlumotlar arxiv va manbalarda uchramaydi. Faqat shunisi maʼlumki, 1870-yillarda yodgorlik atrofidagi togʻ etaklarida olma, oʻrik, nok, gilos, uzum, shuningdek, terak va qayragʻochlar ekilgan bogʻ barpo etilgan. 1885-yilda verniylik savdogar Nikita Pugasovning xayriya mablagʻlari hisobidan muhandislar B. Rodzevich va Grintsevich, quruvchi L. Kalinin yodgorlik oʻrnida cherkov qurishgan, cherkovni Toshkent yepiskopi va Turkiston arxiyepiskopi Neofit muqaddas deb eʼlon qilgan. Biroq, ibodatxona bor-yoʻgʻi ikki yil mavjud boʻlgan boʻlib, 1887-yilda kuchli zilzila natijasida vayron boʻladi. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan cherkovning xarobalari 1901-yilda toʻliq buzib tashlangan. 1904-yil 5-oktyabrda meʼmorlar Sergey Troparevskiy va Aleksandr Gogen loyihasi boʻyicha granit obelisk qurilishi boshlandi. Loyiha pudratchisi verniylik savdogar F. Radchenko boʻlib, qurilish ishlarida Sergey Troparevskiy bevosita ishtirok etgan. Qurilish nazorati hududiy muhandis A. P. Zenkov tomonidan amalga oshirilgan. 1905-yil 1-avgustda Uzunog‘och jangida ishtirok etgan jangchilar sharafiga o‘rnatilgan yodgorlikning ochilish marosimi tantanali ravishda bo‘lib o‘tdi.
1885-yilda Olmaota shahrining gʻarbiy qismidagi Uzunogʻoch qishlogʻida joylashgan xristian qabristonida 1860-yil oktyabr oyida Qoʻqon xonligi qoʻshini ustidan kazak garnizoni va qozoq harbiy boʻlinmasining qozongan gʻalabasi sharafiga yodgorlik toshi (stela) ochiladi[2]. Sovet davrida stela saqlanib qolingan, ammo zanjirlar bilan tutashtirilgan toʻplardan iborat stelaning asosidagi panjara saqlanib qolinmadi. Qishloq keksalarining aytishicha, toʻplar Amankeldi Imanov boshchiligidagi qo‘zg‘olon paytida olib qo‘yilgan va qoʻzgʻolonda ishlatilgan. Shuningdek, 1917-yilgi inqilobdan keyin stelaning yuqori qismidagi ikki boshli burgut buzib tashlanadi. Bundan tashqari, choʻyandan qilingan, jangning tarixiy voqeligi, halok boʻlganlar va yaralanganlar soni haqida maʼlumot beruvchi lavhalar yoʻqotilgan. Faqat oʻnlab yillar davomida stelaning oʻq teshiklari bilan bezatilgan, qalaydan qilingan, zanglagan bayroq saqlangan. 2007-yil noyabr oyida Qozogʻiston Respublikasining rus, kazak va slavyan tashkilotlarini muvofiqlashtiruvchi kengash raisi Yuriy Zaxarov tashabbusi bilan yodgorlik lavhalari va zanjirlar qayta tiklandi. Choʻyan toʻplar oʻrniga betondan yasalgan nusxalar qoʻyildi hamda Olmaotada mashhur jang xotirasiga Uzunogʻoch xiyoboni tashkil etildi[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Delo pod Ikanom: sotnya protiv desyati tisyach 2014, s. 24
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 Farida Jambakina. „Uzun-Agachskaya bitva. Kak dve tisyachi russkix kazakov i kazaxov-opolchensev razgromili 20 tisyach kokandsev (istoriya)“ (rus tilida) (2007-yil 1-noyabr). 2022-yil 27-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 27-noyabr.
- ↑ Charles Marvin. „Merv: The Queen of the World. W.H. Allen“ (ingliz tilida) 401-sahifa. Harvard University (1881). 2011-yil 27-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 27-noyabr.
- ↑ 4,0 4,1 „Xronologicheskiy ukazatel voyennix deystviy russkoy armii i flota“ (ingliz tilida) 53-sahifa (IV tom. 1855—1894). 2022-yil 27-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 27-noyabr.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Aleksey Plensov. Delo pod Ikanom: sotnya protiv desyati tisyach (rus tilida). Sankt-Peterburg: Istoriko-kulturniy sentr Karelskogo peresheyka, 2014 — 320-bet.