Kontent qismiga oʻtish

Granit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Granit (lotincha granum — dona) — toʻliq kristallangan nordon magmatik togʻ jinsi. Materiklardagi Yer poʻstida eng koʻp tarqalgan jins. Tarkibi kremniy oksidi (SiO2) ga boy. Yer poʻstining chuqur qismida, magmaning butunlay kristallanishidan hosil boʻladi. Granitning tomirli turi porfir strukturali. Kimyoviy tarkibiga koʻra normal va ishqorli granitlarga boʻlinadi. Granitda kvars, kaliyli dala shpati (ortoklaz, mikroklin), nordon plagioklaz (albit, oligoklaz), shuningdek, slyuda (biotit yoki muskovit), amfibol va goho piroksen buladi. Aksessor minerallardan apatit, sirkon, magnetit, titanit, baʼzan ortit, monatsit, ksenotim va rutil uchraydi. Rangi qizil, pushti, och malla, och sariq, bo'z rang , baʼzan och yashil. Granit katta intruziv massiv (shtok, batolit) va dayka, lakkolit shaklida uchraydi. Yirik donador granit rapokiv deyiladi. Baʼzi granitlar bilan turli qimmatli metall konlari (qalay, volfram, molibden, pyx, qoʻrgʻoshin va b.) bogʻliq. Granit yaxshi silliqlanadi, boʻlaklarga ajraladi, shuning uchun imorat devorilarini bezash, poydevoriga naqshlar ishlash, zinapoyalar yasash va haykaltaroshlikda koʻplab ishlatiladi. Oʻzbekistonda Chatqol, Qurama, Hisor, Zirabuloq, Ziyovuddin va boshqalar togʻlarda, xorijda Ural, Kavkaz togʻlarida, Ukraina, Kareliya, Kola yarim orol, AQSH va Skandinaviya mamlakatlarida katta maydonlarda tarkalgan. Granitli intruziyalar yoshi arxeidan kaynozoygacha boʻlgan davrni oʻz ichiga olgan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil