Oʻzbekistonda Stalin repressiyalari
Oʻzbekistonda Stalin repressiyalari — 1920-yillar soʻngidan boshlab 1950-yilning boshlarigacha Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi hududida davom etgan va Oʻzbekiston aholisining katta qismini qamrab olgan qatagʻon siyosatining nomidir. Ushbu yillarda asosan mahalliy partiya va hukumat arboblari, jadidlar va intellegensiya vakillari, din peshvolari hamda mahalliy boylar qatagʻon siyosati qurboniga aylangan. Repressiyalar aksilrevolyutsion faoliyat, josuslik, aksilsovet kayfiyati va vatanga xiyonat motivlarida oʻtkazilgan. Repressiyalarning faol va qonli nuqtasi 1937—1938-yillarga toʻgʻri kelib (Katta terror), yuqori turuvchi organlar va NKVD tomonidan maxsus ishlab chiqilgan qoʻllanmalar orqali amalga oshirilgan.
Repressiya sabablari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Respublika va butun Sovet Ittifoqi hududida olib borilgan repressiyalar ildizi Iosif Stalinning yakkahokimlikka erishishi bilan bogʻliq boʻlib, tizim idealogiyasidan oʻzgacha fikrlaydigan har qanday shaxsni trotskiychilik, millatchilik, josuslik va „zararkundandalikda“ ayblab siyosat va jamiyatdan uzoqlashtirishni koʻzda tutgan edi. XX-asrning yarmigacha davom etgan ushbu davrning rasmiy idealogik asosi qilib — Stalinning 1928-yilning iyul oyidagi SIKP MQning navbatdagi plenumida aytgan „Sotsializmni qurish yoʻlidagi sinfiy kurashni jadallashtirish“ iqtibosi keltiriladi.
Ammo baʼzi manbalarda, xususan partiya faxriysi va Stalin lagerlarida jazo oʻtagan Z. N. Nemtsovning 1988-yili Ogonyok jurnalida eʼlon qilingan xotiralarida Katta terrorning asosiy sabablaridan biri qilib 1937—1938-yillarda NKVDning Moskva va Leningrad boʻlinmalari orasiga kirib olgan oq gvardiyachilar va jandarmlarning tizimni sabotaj qilgani koʻrsatilgan.[1]
Muqaddima
[tahrir | manbasini tahrirlash]Stalinning hokimiyatga kelishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rossiya ishchilar sotsial-demokratik partiyasi (bolsheviklar) tashkil qilinganidan boshlab ichki fraktsion kurashga mahkum boʻlsada, ammo revolyutsiya va Fuqarolik urushi davrida bolsheviklar kuchli markazlashgan hokimiyat, birlik va kuchli xarizmatik liderga (Vladimir Lenin) egaligi bilan ajralib turardi.
Ayni damda hokimiyat poygasida mavjud boʻlgan eserchilar partiya ichidagi nizolar tufayli ikkiga boʻlingan, Mensheviklar esa revolyutsiyaga qadar bir nechta bir-biriga qarshi fraktsiyalarga ajralib ketgan edi. Ushbu partiyalar fonida bolsheviklar hokimiyatga erishish uchun asosiy nomzoddek koʻrinardi.
Fuqarolik urushining soʻngiga kelib, bolsheviklar partiyasi uchun qulay vaziyat shakllandi va bolsheviklar 1922-yilda SSRIga birlashgan RSFSR, Ukraina va Belorussiya SSR hududlarida deyarli yagona legitim partiyaga aylandi.
Ushbu davrda sovet ittifoqining bosh prokurori etib, oʻtmishda Leninni hibsga olish uchun orderni imzolagan sobiq menshevik Andrey Vishinskiy tayinlangan.
Bolsheviklar dohiysi Lenin esa bu vaqtga kelib politbyuro aʼzoligidan boshqa hech qanday rasmiy mansabga ega emas, majlislarga boshchilik qilishdan boshqa vakolati yoʻq edi. 1922-yilda Kotibiyat raisi hamda Lenin faoliyatidan qoniqmaydigan Vyacheslav Molotovga: "MK qoʻlidagi hokimiyat cheksiz. Imkoniyatlar — keng… Va bu imkoniyatlar ahmoqona byurokratizm ortidan yoʻqqa chiqarilmoqda" deya yozadi.[2]
Partiya boshqaruvini toʻgʻri tashkil qilish uchun tez orada Bosh kotib lavozimi tashkil qilinib, ushbu lavozimga Stalin tayinlanadi. Shu tariqa Iosif Stalinning hokimiyat tepasiga kelishi taʼminlanadi.
Stalin kotibiyatda. BKP ichidagi kurash
[tahrir | manbasini tahrirlash]Stalinning partiya MQsiga bosh kotib lavozimida faoliyat yuritishni boshlaganidan soʻng, partiya apparatining taʼsiri kuchayadi. Partiya chaqiruv syezdlari va konferensiyalari muddatlari qoʻpol ravishda buziladi, partiya apparati va hokimiyatda byurokratiya chuqur ildiz ota boshlaydi[3]. Markaziy qoʻmita „partiya parlamenti“ vazifasini bajarib, Kotibiyat ijrochi roliga oʻtib qoladi. Orgbyuro faoliyati nomiga olib borilib, amalda kadrlar masalalari bilan Kotibiyat shugʻullana boshlaydi. Politbyuro har haftalik payshanba kunlari boʻlib oʻtadigan yigʻinlar uyushtirar, amalda esa bir kommunist iqtibosiga koʻra „haftaning qolgan olti kunida Stalin partiyani oʻz apparati yordamida boshqarar“ edi. 1920-yillarning soʻngiga qadar Stalin oʻz qoʻlida shunday hokimiyatni yigʻadi-ki, jamoat tomonidan bosh kotib lavozimi partiya tuzilmasidagi eng yuqori lavozim deya talqin qilinadigan holga keladi. Vaholanki BKP Ustaviga koʻra bu lavozim mavjud emasdi[4] Stalin tomonidan joriy etilgan ushbu sistema muholiflar tomonidan „kotibiyat diktaturasi“ deya nom oladi(Buharin tomonidan esa „Kotibiyat rejimi“ deya atalgan)[5].
Bu paytda uchinchi insultni oʻtqazgan Lenin partiya ishlaridan oxir oqibat uzoqlashadi. Kun tartibiga Leninning izdoshi kim boʻlishi haqidagi gaplar chiqib qoladi. Kommunistik partiyaning yuqori qatlamlarida ayovsiz kurash ketadi. Inqilob va fuqarolik urushi davrida partiya ichida ikkinchi odam boʻlib Trotskiy tanilgan edi. Trotskiy katta teoretik boʻlib, uning qarashlari Marksizmning boshqa koʻrinishi — Trotskizmga asos boʻlgan. 1924-yildagi partiya syezdida Trotskiyga qarshi ogʻir zarba berilib, Trotskizm — „leninizmga qarshi mayda burjualik bilan toʻyingan qarash“ deya koʻp sonli delegatlar tomonidan taʼkidlanadi. Trotskiy yuqori lavozimlardan ozod etiladi. 1927-yili partiyadan haydaladi.
Huddi shu yilda Stalin repressiyalariga asos boʻlgan voqealar boʻlib oʻtadi. 1927-yilning mayida Angliyaning iqtidordagi konservativ hukumati tarixda Zinovyov maktubi nomi bilan qolgan, bir rus emigrantining Grigoriy Zinovyov nomidan yozilgan soxta maktubi ortidan SSRI bilan diplomatik munosabatlarni uzadi. Oradan bir qancha vaqt oʻtib BKP MQsi Pravda gazetasida maqola eʼlon qilib urush xavfidan ogohlantiradi[6]. 7-iyun kuni esa Varshavada monarxistlar tomonidan sovet elchisi P. L. Voykov oʻldiriladi. Bu voqea Stalinning oq gvardiyachilar va monarxizm elementi boʻlgan qatlamni repressiya qilishiga olib keladi. Sovet Ittifoqida repressiyalar davri boshlanadi.
Oʻzbekistonning 1920-yillardagi siyosiy hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]OʻKPning yaralishi va BKP bilan aloqasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Revolyutsiyadan soʻng Turkiston hududida hokimiyat bolsheviklar taʼsiri ostida Buxoro, Xorazm va Turkiston kommunistik partiyalari bolsheviklar va mahalliy jamoat faollari bilan birga yangi tuzilgan sovet respublikalari qoshida yaratiladi va 1924-yilda birlashtirilib, 1925-yilning 13-mayidan to 1991-yilning 3-sentyabriga, qadar keyinchalik tashkil etilgan Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi hududida yagona legitim partiya boʻlgan — Oʻzbekiston Kommunistik partiyasiga birlashtiriladi.
Rahbarlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston SSRda repressiyalarning avj nuqtasi yaʼni 1937-yilda, qisqa muddatda 4 ta rahbar almashadi.
- Akmal Ikromov — 1929-yilning dekabridan 1937-yilning sentyabrigacha, otuvga hukm qilingan;
- Joʻra Toʻrabekov (v. b.) — 1937-yil 5-21-sentyabrda, otuvga hukm qilingan;
- Pavel Yakovlev (v. b.) — 1937-yil 21-27-sentyabrda.
- Usmon Yusupov — 1937-yilning 27-sentyabridan 1950-yilning apreligacha faoliyat yuritgan.
Aynan Usmon Yusupov davrida repressiyaga koʻproq odam uchragan.
„Troyka“
[tahrir | manbasini tahrirlash]1937—1938-yillarda Sovet ittifoqi hududida NKVD uchligi (troyka) nomli tuzilma faoliyat olib borgan boʻlib, ushbu tuzilma uch kishidan tashkil topgan va otuvga, surgunga hukm qilish bilan shugʻullangan[7]. 1937-yilning 30-iyulidan to 19-avgustigacha OʻzSSRda „troyka“ rahbari boʻlib republika ichki ishlar narkomi Nikolay Zagvozdin faoliyat yuritadi, keyinchalik 1940-yilda Zagvozdinning oʻzi ham otuvga hukm qilinadi. 1937-yilning noyabr oyida „troyka“ rahbari etib Derenik Apresyan tayinlanadi va 1938-yilning noyabrida u ham „Germaniya, Italiya, Yaponiya foydasiga josuslik hamda terroristik aktlar rejalashtirish“ motivlarida ayblanib, bir yildan soʻng otib oʻldiriladi.
Troykaning qolgan ikki mansabdorlari davomiy tarzda oʻzgarib borgan, tizimda ikki oy faoliyat olib borgan Akmal Ikromov oʻrniga, respublika bosh prokurori Boris Sheydlin keladi va bir oygina faoliyat yuritadi. Oktyabr oyida uning oʻrnini OʻzSSR birinchi kotibi Usmon Yusupov egallaydi. 1938-yil sentyabrida Usmonovning oʻrnini vaqtincha Abdujabbor Abdurahmonov egallaydi.
Troykaning uchinchi aʼzosi boʻlib avvaliga ikkinchi kotib Sodiqjon Boltaboyev tayinlanadi va bir oydan soʻng hibsga olinadi. 1938-yilning martida oʻzi faoliyat yuritgan tizim qurboniga aylanib otuvga hukm qilinadi. Soʻng ushbu lavozimni ketma ketlikda Joʻra Toʻrabekov, Sulton Segizboyevlar egallaydi.
Repressiyalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sovet ittifoqida Stalin repressiyalarining bir nechta toʻlqinlari boʻlib oʻtgan:
- 1920-yillarda — sovet davlati shakllanayotgan vaqtlarda.
- 1930-yillarda — Stalin yakkahokimligi oʻrnatilayotgan davr.
- 1937—1938-yillar — Intellegensiyalarning ommaviy repressiya qilinish davri.
Stalinning oʻzi shaxsan OʻzSSRda 496 kishidan iborat roʻyxatga oʻlimga hukm qilish qaroriga imzo chekadi. Ushbu roʻyxatdagi 437-kishi qatl qilinib, 59 kishi ozodlikdan mahrum etiladi. Bunday roʻyxatdan umumiy 6 ta tuzilgan boʻlib, 5 tasiga Vladimir Tsesarskiy, yana bittasiga esa Isaak Shapiro imzo chekkan. Shapiro tuzgan roʻyxat uzun boʻlib 293 kishini qamrab olgan va ulardan 248 tasi oʻlimga hukm qilingan.[8]
Sana | Imzo | Otilganlar | Qamoq jazosi |
---|---|---|---|
10.07.1937 | V. Tsesarskiy | 1 | 1 |
03.02.1938 | V. Tsesarskiy | 5 | |
05.03.1938 | V. Tsesarskiy | 27 | 3 |
28.03.1938 | V. Tsesarskiy | 155 | 10 |
19.04.1938 | V. Tsesarskiy | 1 | |
12.09.1938 | I. Shapiro | 248 | 45 |
Jami | 496 | 437 | 59[9] |
XX-asrning 20-yillari ikkinchi yarmidan boshlab sovetlar davlatchiligi tizimida oʻzgarishlar boshlanadi. Stalin yakkahokimlik oʻrnatishga kirishadi. 20-yillar soʻngida esa sotsializm qurish nomi bilan sinfiy kurashni avj oldiradi. Bu harakat butkul qonunsizlikga olib kelib, har qanday oʻzgacha fikrlovchi va muholifatdagilarni ayovsiz bostirishga olib keladi. Bu vaqtda OʻzSSR hududidagi har qanday organ ittifoq markaziga soʻzsiz boʻysunar, amalda deyarli hech qanday mustaqillikka ega emas edi. Markaz tizimli ravishda republikaning yuqori lavozimlariga oʻz odamlarini yuborar, ular yordamida esa mahalliy kadrlar ustidan va respublikadagi oʻzgarishlar ustidan qattiq nazorat olib borardi.
Oʻzbekistonda repressiylar toʻlqini respublika, millat qarashlari uchun kurashadigan, oʻz fikriga ega boʻlgan hukumat aʼzolari, siyosiy boshqaruv organlari rahbarlarini qatagʻon qilishdan boshlanadi. Fayzulla Xoʻjayev, Akmal Ikromov, D. Manjari, S. Segizboyev, A. Karimovlar shular jumlasidan. Ushbu shaxslar respublika liderlari hisoblanib, „shaxsga sigʻinish“, partiyaning gegemonligi notoʻgʻri ekanligi tushunar, doimiy taʼkidlab kelar edi. Qoʻllarida siyosiy boshqaruv tizimi boʻla turib repressiyalarni toʻxtata olmagan ushbu rahbarlar, oxir oqibat oʻsha repressiya mashinasi qurbonlariga aylandilar.
OʻzSSR hududida birgina 1938-yilning bahorida 60 foiz tuman, shahar va viloyat rahbarlari, yilning keyingi yarmida esa 114 nafar huddi shunday lavozimlardagi rahbarlar repressiyaga uchragan.
1934—1938-yillarda 40 mingdan oshiq inson repressiyaga uchrab, kamida 730 nafar kishi „xalq dushmani“ sifatida qatl qilingan.
Oʻzbekiston aholisining deyarli barcha qatlamini qamrab olgan repressiyalar „sotsializm qurish“ nomi bilan olib borilib, tuxmat va boʻxton, yolgʻon koʻrsatma berish orqali hukm chiqarilgan. Koʻpincha ushbu koʻrsatmalar qoʻrqituv, qatagʻon qilingan kishining lavozimini egallash yoki idealogik qarashlar ortidan olingan. Misol uchun taniqli adib Abdulla Qodiriyga qarshi koʻrsatma berganlar orasida yana bir mashxur adib Gʻafur Gʻulom tilga olinadi[10] Qatagʻon qurbonlari orasida adabiyot vakillari ham boʻlib: Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Choʻlpon, Komil Aliyev, Usmon Nosir, Muhammadsharif Soʻfizoda, Miyonbuzruk Solihovlar shular jumlasidan.
Repressiyalarning ilk ogʻirligi markaz tomonidan aynan OʻzSSRning milliy-siyosiy qarashlarini himoya qilayotgan mahalliy kadrlar tomon yoʻnaltiriladi[11]. Xiyonat va millatchilik, aksilrevolyutsiya, xalq dushmanlari, burjua malaylari motivlari bilan ayblangan kadrlarga, oʻylab topilgan siyosiy bahonalar bilan „oʻn sakkizlar guruhi“, „inogʻomovchi“, „qosimovchi“ laqablari qoʻyilib, jinoiy ish ochiladi.
Oʻn sakkizlar guruhi
[tahrir | manbasini tahrirlash]„Oʻn sakkizlar guruhi“ tarkibiga koʻzga koʻringan davlat arboblari kiritilib, isbotlanmagan faktlar bilan ishni notoʻgʻri olib borish aybi qoʻyiladi. Inomjon Xidiraliyev, Muso Saidjonov, Urumboy Ashurov, R. Rahimboboyev, R. Rafiqov va boshqalar ushbu ish figurantlari deya tilga olingan. Aslida esa ushbu shaxslar Markazning shovinistik qarashlariga, milliy kadrlarga nisbatan eʼtiborsiziligiga qarshi chiqqan, haqiqat uchun kurashganlar. Ushbu harakatlari uchun partiya organlari tomonidan qattiq tanqidga uchrab, egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan. Avvaliga qora roʻyxatga kiritilib, Katta terror vaqtida deyarli barchasi oʻlimga hukm qilingan.
Inogʻomovchilar
[tahrir | manbasini tahrirlash]OʻzSSR KP MQning bosmaxonasi raisi va respublikada savodsizlikni tugatishning asosiy initsiatorlaridan biri boʻlgan Rahim Inogʻomovga qarshi yolgʻon ayblovlar qoʻyilishi ortidan, „Inogʻomovchilar“ deya atalgan bir guruh mahalliy arboblarga qarshi ish ochiladi. Oʻzining bir qancha chiqishlari davomida Oʻzbekiston Kompartiyasining mustaqil ish yuritolmasligiga, markaziy organlarning majburlovlariga eʼtiborini qaratgan R. Inogʻomovning fikrlarini qoʻllab-quvvatlagan bir qancha respublika partiyaviy kadrlari: N. Mavlonbekov, Ergash Isamuhamedov, M. Aliyev kabi kadrlar ushbu guruhga oid deb topiladi. Markaz bunday chiqishlar va qarashlarni shunchaki qoldirmasdan, muhokamalardan soʻng yuqoridagi kadrlarni egallab turgan lavozimlaridan ozod etadi. Ushbu kadrlar avvaliga qora roʻyxatga kiritilib, Katta terror vaqtida deyarli barchasi oʻlimga hukm qilingan.
Qosimovchilar
[tahrir | manbasini tahrirlash]1929-yilda yana bir jinoiy ish sunʼiy yasalib, Qosimovchilar nomini oladi. OʻzSSR oliy sudi raisi boʻlgan Saʼdulla Qosimov va uning hamfikrlari: N. Alimov, B. Sharipov — jami 7 kishi 1929-yilning ikkinchi yarmida hibsga olinadi. Ularning ishiga siyosiy xarakter berib, millatchilikda, bosmachilik harakatiga yon bosishda ayblaydilar. Ushbu guruhdagi 4 kishi otuvga hukm qilinib, qolganlar uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanadilar.
Milliy istiqlol (sobiq Milliy ittihod) tashkiloti
[tahrir | manbasini tahrirlash]1929-yilda taniqli jadid, Oʻrta Osiyoda jadidchilik harakati yetakchisi, taniqli arbob Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli boshchiligidagi "Milliy istiqlol" tashkilotining 87 nafar aʼzosi hibsga olinib, 1931-yilda ushbu firqaning 15 nafar aʼzosi qatlga hukm etiladi. Qolgan aʼzolari surgunga joʻnatiladi. „Milliy Istiqlol“ firqasining koʻpchilik namoyondalari sobiq „Milliy Ittihod“ firqasidan chiqqan boʻlib, ushbu firqaning ham Mannon Abdullayev (Ramzi), Nosir Saidov, Hosil Vosilov, Mahmud Mirxodiyev, Sobir Qodirov kabi namoyondalari oʻlimga hukm etiladi. Keyinchalik ushbu hukm uzoq muddatli qamoq jazosiga oʻzgartiriladi.
Quloqlashtirish
[tahrir | manbasini tahrirlash]1930-yilning fevralida respublika hududida „quloqlashtirish“ siyosati nomi bilan, boy xoʻjaliklar mulki tortib olinish holatlari koʻpayadi. Ushbu protsess boshqa respublikalardagi kabi qoʻpol qonun buzilish va inson huquqlariga zid ravishda olib boriladi. Birgina Toshkent okrugiga qarashli Mirzachoʻl tumanida 75 xoʻjalik ushbu siyosat qurboniga aylanadi. Koʻplab hududlarda nafaqat boy, balki oʻrtaxol va kambagʻal oilalar mulki ham hech qanday sababsiz tortib olinadi. Birgina 1930-yilda Oʻzbekistondagi 2648 ta xoʻjalik „quloqlashtirish“ qurboniga aylanadi. 1930—1933-yillarda respublika hududida 5,5 ming xoʻjalik tortib olinadi va aksar holatlarda xoʻjalik egalari kuch bilan Ukraina SSR va Sibirga surgun qilinadi.
Angliyasevarlar klubi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Angliyasevarlar klubi nomi bilan ommaga maʼlum boʻlgan ushbu ishda asosiy ikki figurant bor: Gʻozi Yunusov va Aleksey Mashkovets. Ikkisi ham Toshkent pedagogika instituti xodimlari, til kafedrasi professorlari boʻlgan. Mashkovets institut qoshida „Angliyasevarlar klubi“ nomli klub yaratib, ingliz tili va Angliya tarixini oʻrganadi. Bu harakatlari uchun Angliya josusligida ayblangan Mashkovets uchun „Tojikiston va pomir strategik yoʻllari xaritasini“ yaratishda gumonlab, professor Gʻozi Olim Yunusov ham qatagʻon qilinadi. Ushbu ishda Shohid Musayev va Miyonbuzruk Solihov nomlari ham tilga olinadi.
Yakun
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sovet davrida Oʻzbekiston hududida asosan mahalliy millatlar vakillari qatagʻon qilingan. Ammo „Stalin roʻyxatlari“da tilga olingan shaxslarning ichida maʼlum darajada slavyanlar, yaxudiylar, armanlar ham bor. Gender qiyosida asosiy yuk erkaklar hissasiga toʻgʻri kelib, faqatgina 4 ta ayol oʻlimga hukm qilingan. Buni ayrimlar oʻsha vaqtlarda ayollar ushbu hududda siyosatdan uzoq boʻlgani bilan bogʻlashadi va ayollar aslida roʻyxatda boʻlmasada „xalq dushmanlarini berkitish“ aybi bilan repressiyaga koʻp uchraganini taʼkidlashadi.
Umumiy qilib aytganda Stalin davrida 100 ming nafardan ortiq oʻzbekistonliklar repressiyaga uchragan. Ammo Oʻzbekiston qoʻshni Qozogʻistonga qaraganda 2,5 marta kam chaquvlar bergan. intelligensiya va partiya aʼzolarining rezonansga sabab boʻlgan ishlari koʻproq yetkazilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ципко А. О зонах, закрытых для мысли // Суровая драма народа: Учёные и публицисты о природе сталинизма. — М.: Политиздат, 1989. — С. 179.
- ↑ Борисов Ю. С., Курицын В. М., Хван Ю. С. Политическая система конца 20—30-х годов. О Сталине и сталинизме // Историки спорят. 13 бесед. — М.: Политиздат, 1988. — С. 234..
- ↑ Борисов Ю. С., Курицын В. М., Хван Ю. С. Политическая система конца 20—30-х годов. О Сталине и сталинизме // Историки спорят. 13 бесед. — М.: Политиздат, 1988. — С. 251..
- ↑ Устав Всесоюзной коммунистической партии (большевиков) (1926) Архивная копия от 24 сентября 2018 на Wayback Machine // Всесоюзная коммунистическая партия (б) в резолюциях и решениях съездов, конференций и пленумов ЦК (1898—1935). Изд. 5-е. Ч.II. 1925—1935. — М., 1936..
- ↑ Коэн С. Бухарин: Политическая биография. 1988-1938. — М., 1989. — С. 255, 490.
- ↑ Джибладзе Д. Большевики Закавказья в борьбе с троцкистско-зиновьевским блоком. — Тбилиси: Изд. ЦК КП Грузии, 1973. — С. 12-13..
- ↑ „Особая тройка НКВД СССР“.
- ↑ Лязат Шибутова. „История Узбекистана: кого расстреливали по приказу Политбюро?“. Regnum (2017-yil 3-oktyabr).
- ↑ [stalin.memo.ru „Сталинские расстрельные списки“].
- ↑ „Gʻafur Gʻulomning Qodiriyga qarshi koʻrsatmasi“ (2020-yil 7-yanvar).
- ↑ Хошимов С; Иминов Ж, Тураходжаев С.. Политические репрессии в Узбекистане в 20-30-х годах ХХ века Хошимов С, Иминов Ж, Тураходжаев С..