Kontent qismiga oʻtish

Akmal Ikromov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Akmal Ikromovich Ikromov
 Oʻzbekiston SSR Kommunistik partiyasi Markaziy Qoʻmitasining Bosh kotibi
Mansab davri
1929-yil – 1937-yilgacha
Oʻtmishdoshi Isaak Zelenskiy
Vorisi Usmon Yusupov
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1898
Toshkent, Sirdaryo viloyati, Rossiya imperiyasi
Vafoti 15.03.1938
Moskva, RSFSR, SSSR
Mukofotlari

Akmal Ikromovich Ikromov (1898-yil, Toshkent – 1938-yil 15-mart) – davlat va siyosat arbobi. Oʻzbekiston hukumat rahbarlaridan biridir.

Ikromov Akmal 1898-yil Toshkent shahrining Oʻqchi mahallasida maktabdor Ikrom domla oilasida tugʻilgan. Otasining maktabida savod chiqargan. Yoshligidan fors va arab tillarini puxta egallab, sharq adabiyotini chuqur oʻrgangan. Toshkent shahrida oʻqituvchi (1918-1919), „Izchillar toʻdasi“ va „Chigʻatoy gurungi“ aʼzosi, Elxon taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Namangan, Fargʻona, Sirdaryo viloyatlari partiya tashkilotlarida turli lavozimlarda faoliyat koʻrsatgan (1919-1921). Turkiston Kommunistlar partiyasi Markaziy Kengashining kotibi va tashkiliy instruktorlik boʻlimi mudiri (1921-1922). Turkiston Respublikasida yangi iqtisodiy siyosat (NEP) ni amalga oshirilishida tashabbuskorlik qilgan. 1922-1924-yillarda Moskvadagi Kommunistik universitetda oʻqidi. 1925-yil yanvardan Toshkent viloyati partiya komiteti kotibi. 1925-yil fevraldan Oʻzbekiston Kommunistlar Partiyasi Markaziy Kengashi kotibi, birinchi kotibi (1929-yil dekabr – 1937-yil sentyabr). 1931-1934-yillarda Butun ittifoq kommunistlar partiyasi markaziy kengashining O’rta Osiyo byurosi kotibi. Butun Rossiya Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi aʼzosi, 1925-1937-yillarda SSSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi Prezidiumi aʼzoligiga nomzod. OʻzSSR Markaziy Ijroiya qoʻmitasi Prezidiumi aʼzosi (1925-1937).

A. Ikromov 1919—1924-yillarda imkoniyati doirasida oʻzbek xalqi manfaatlari uchun Markaz siyosatiga qarshi kurashgan. U mohir publitsist sifatida Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligini, xususan paxtachilikni rivojlantirishga, madaniy qurulishga doir koʻplab nazariy maqolalar, ilmiya asarlar yozgan. Ikromov oʻz faoliyati davomida Oʻrta Osiyo byurosi va Markazning koʻrsatmalariga amal qilishga majbur boʻlgan. 1925—1927-yillarda oʻn sakkizlar guruhi, inogʻomovchilikka qarshi gʻoyaviy kurash olib borgan. Stalinning birinchi 5 yillik rejasi davomida A. Ikromov Oʻzbekistonda Islom diynini yoʻqotish va ateizmni targʻib qilishning eng asosiy yetakchisi boʻlgan[1]. Oʻzbekistonda yer-suv islohati, majburiy jamoatlashtirish, respublikada zamonaviy sanoat asoslarini qurish va boshqa tadbirlarga rahbarlik qilgan. Jadidlarni „burjua millatchiligi“ da ayblagan. Ikromov garchi bolshevistik gʻoyadan chekinmagan boʻlsa-sa, mustabid tuzum qatagʻonchilari uni ayab oʻtirmadilar. 1937-yil sentabrda Toshkentda qamoqqa olindi. Sovetlarga qarshi „Oʻng trotskiychi blok“ deb atalgan ish boʻyicha Moskvada sud qilinib, SSSRni boʻlib yuborish, jumladan, Oʻrta Osiyo respublikalarini ajratib olish, davlat tuzumini agʻdarish, kapitalizmni, burjuaziya hokimiyatini tiklashda ayblanadi va Kommunarkada otib tashlanadi.

1957-yil 3-iyunda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi A. Ikromovni aybsiz deb topdi va u oqlandi. Ikromov xotirasi abadiylashtirilib, Toshkent shahridagi tumanga, yirik koʻchaga, mahallalar va maktablarga uning nomi berilgan. Toshkent va Samarqandda haykali oʻrnatilgan[2].

Akmal Ikromov 1937-yil 20-sentyabrda hibsga olingan va soʻroq paytida oʻz aybiga iqror boʻlgan[3].

Akmal aksilinqilobiy terroristik tashkilotda ishtirok etishda ayblanib, oʻlim jazosiga hukm qilingan. Baʼzi manbalarga koʻra, 1938-yil 13-martda, boshqalarga koʻra, 15-martda „Kommunarka“ poligonida qatl etilgan.

Ikromovning birinchi rafiqasi Boy Ibrohimxoʻjaning qizi Hanifa boʻlgan. Ularning bir nafar Anvar (ikkinchi ismi Urgut) ismli oʻgʻli bor edi.

Uning ikkinchi rafiqasi Moskva shifokorining qizi Yevgeniya Lvovna Zelkinadir (1900-1938). U yahudiy boʻlgan. Qizil professorlar instituti bitiruvchisi, Oʻzbekiston SSR Qishloq xoʻjaligi xalq komissarining oʻrinbosari va Kommunistik partiyaning agrar instituti Sharqiy boʻlimi mudiri lavozimida faoliyat olib borgan. „Na agrarnom fronte“ jurnali tahrir hay’ati aʼzosi boʻlgan. Zelkina 1930-yil „Ocherki po agrarnomu voprosu v Sredney azii“ kitobini yozgan. Eri Akmal Ikromov hibsga olinganidan keyin qatagʻon qilingan va 1938-yil 28-martda oʻlimga hukm qilingan. Ularning oʻgʻli Komil Ikromov yozuvchi boʻlgan[4].

Mukofotlar va unvonlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Akmal Ikromov Lenin ordeni bilan taqdirlangan.

1972-yilgacha Gʻijduvon shahriga Akmalobod nomi berilgan.

Sovet davrida bu nom Samarqanddagi Oʻzbekiston SSR madaniyat va sanʼat tarixi davlat muzeyiga berilgan.

Toshkent shahrida Akmal-Ikromov tumani (1977-2005) mavjud boʻlib, Uchtepa tumani deb nomlanadi.

Ikromovo qishlogʻi va Ikromovskiy tumani hozirgi Juma shahri va Past Dargʻom tumanidir.

Samarqand viloyatining Loish qishlogʻi Akmal Ikromov nomida boʻlgan.

Samarqandda Buyuk Ipak yoʻli koʻchasi avval Akmal Ikromov koʻchasi deb atalgan.

  1. To Moscow, Not Mecca: The Soviet Campaign Against Islam in Central Asia, 1917-1941. 
  2. OʻzME
  3. Xlevnyuk O. V. Xozyain. Stalin i utverjdenie stalinskoy diktaturi. – M.: РОССПЭН, 2012. – S. 230. – ISBN 978-5-8243-1314-7
  4. „Сталинские расстрельные списки“ (deadlink). 2018-yil 18-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 30-iyul.