Marjumak
Marjumak | ||||||||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
Yapon marjumagi gulli navdasi. | ||||||||||||
Biologik klassifikatsiya | ||||||||||||
| ||||||||||||
Fagopyrum esculentum | ||||||||||||
Fagopyrum tataricum |
Marjumak, (Fagopyrum, rus. гречи́ха) — torondoshlar oilasiga mansub oʻtsimon oʻsimliklar turkumi; don ekini; 4—5 turi maʼlum. Vatani — Oʻrta va Kichik Osiyo. Fransiya, AQSh, Kanada, Xitoy, Hindistonda ekma marjumak (Fagopyrum esculentum) turi katta maydonlarga ekiladi, shuningdek, namsevar boʻlgani sababli Ukraina, Boshqirdiston, Uzoq Sharqda yaxshi hosil olinadi. Bir yillik tatar marjumagi (Fagopyrum tataricum) turi begona oʻt tarzida uchraydi. Dehqonchilikda miloddan avvalgi 3-ming yillikdan boshlab ekiladi.
Marjumak boʻyi 50—150 sm ga boradi. Poyasi shoxlanadi, yalangʻoch, qirrali, qizgʻish-yashil. Gullari oq, pushti, qizil, asal hidli, qalqonsimon, yirik, nektar miqdori koʻp. Mevasi 3 qirrali, qoʻngʻir, qora yoki kulrang. Doni tarkibida 12—18% oqsil, 59—62% azotsiz ekstraktiv moddalar, 2,5—2,7% moy bor; fosfor, organik kislotalarga boy. Marjumak doni yuqori sifatli oziq-ovqat mahsuloti, sifat jihatidan bugʻdoy doniga yaqin. Donidan turli yormalar va un tayyorlanadi. Chiqindilari chorva uchun ozuqa.
Marjumak namsevar, issiq-sevar, bahori ekin, nihollari —2° qorasovuqlarda zararlanadi. Vegetatsiya davri 70—90 kun. Asalarilar yordamida changlanadi. Asalshirali oʻsimliklarga kiradi (1 ga marjumak ekilgan maydondan 60 kg gacha asal olish mumkin). Bahorda tuproq yaxshi isiganda oddiy qatorlab yoki keng qatorlab ekiladi. Oʻtoqni oʻz vaqtida oʻtkazish hosildorlikni oshiradi. Gullash va don hosil qilish davrida sugʻorish kerak. Oʻrim donlarning 2/3 qismi qoʻngʻir tusga kirganda boshlanadi (vaqtida oʻrib olinmasa doni toʻkilib ketadi). Tuproq unumdorligiga qarab hosildorligi 30—44 s/ga. Zararkunandalari: simqurt, bitlar; kasalliklari; kulrang chirish, zang, qorakuya.[1]
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Каргальцев Ю. В., Труцкой Ф. М., Гречиха, М., 1986.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ekma marjumak (Wayback Machine saytida 2013-10-30 sanasida arxivlangan) (rus.)
Wikimedia Commonsda Fagopyrum esculentum mavzusiga oid fayllar bor. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |