Kontent qismiga oʻtish

Madagaskar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madagaskar Respublikasi
Repoblikan'i Madagasikara
République de Madagascar
ShiorTanindrazana, Fahafahana, Fandrosoana
Amour, Patrie, Progrès
(Malgacha va Fransuzcha: Muhabbat, Ajdodlar makoni, Taraqqiyot)
Madhiya: Ry Tanindraza nay malala ô
Location of Madagaskar
Poytaxt Antananarivu
Rasmiy til(lar) Malagacha
Fransuzcha
Hukumat Prezidentlik Respublika
• Prezident
Hery Rajaonarimampianina
Jean Ravelonarivo
Mustaqillik (Fransiyadan)
• Sana
26-iyun 1960
Maydon
• Butun
587,040 km2 (46-oʻrin)
• Suv (%)
0.9
Aholi
• 2002-yilgi roʻyxat
18,040,341 (56-oʻrin)
• Zichlik 30/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$15,850 mil. (123-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$879
Pul birligi Malagascy Ariary (MGA)
Vaqt mintaqasi UTC+3
• Yoz (DST)
UTC+3
Qisqartma MA
Telefon prefiksi 261
Internet domeni .mg

Madagaskar (fransuzcha: Madagascar, malagasicha: Madagasikara) Madagaskar Respublikasi (malagasicha: Republika Malagasy, frans: République de Madagascar) — Hind okeanining gʻarbida, Afrikaning janubi-sharqiy qirgʻogʻidan 400 km sharqdagi Madagaskar o. va unga yondosh mayda orollarda joylashgan davlat. Maydoni 595,8 ming km². Aholisi 16 mln.ga yaqin kishi (2001). Poytaxti—Antananarivu shahri Maʼmuriy jihatdan 6 muxtor regionga boʻlinadi.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madagaskar — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1992-yil 12-sentabrda qabul qilingan, 1998-yil 15-martda unga tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshligʻi — prezident (2002-yildan Mark Ravalomana). U toʻgʻri umumiy ovoz berish yoʻli bilan 5 yil muddatga saylanadi va bir marta qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat —2 palatali parlament (Millat majlisi va Senat). Ijroiya hokimiyatni prezident tayinlaydigan bosh vazir va hukumat amalga oshiradi.

Qirgʻoqlari bir oz egri-bugri. Sharqiy sohilida qumtepalar bor, gʻarbiy qirgʻogʻini marjon riflari oʻrab olgan. Janubiy va shimoliy qirgʻoqlari baland va tik. Orol shimolidan jan.ga tomon 800 km choʻzilgan. Baland plato deb atalgan yassitoglik paleozoy oxirida Afrika materigidan ajralgan. Aksar qismining balandligi 800–1200 m, sharqiy chekkasi 1500 m. Orolning eng baland qismi uning shimolidagi Saratanana vulkanli massivida (2876 m). Soʻngan vulkan koʻp. Tez-tez zilzila boʻlib turadi, issiq buloklar bor. Grafit, xromit, kvars, slyuda, uran, oltin, qimmatbaho tosh va hokazolarning yirik konlari bor. Temir rudasi, toshkoʻmir, boksit zaxiralari mavjud.

Iqlimi tropik, shimoli-gʻarbida ekvatorial mussonli, sharqiy soxilida issiq va sernam. Oʻrtacha oylik temperatura 13— 20° dan 27—33° gacha. Yillik yogʻin 500– 3000 mm va undan ortiq. Daryo koʻp, noyabr—aprelda sersuv. Daryolarning quyi oqimida kema qatnaydi. Yirik daryolari: Sufia, Betsibuka, Maxavavi, Manguki, Unilaxi. Eng katta koʻli — Alautra. Baland platoning tuprogʻi qizil ferralit, kam unum. Vulkan jinslari ustida unumdor qora tuproqlar, sohillarda qizilsariq va qizil ferralit, jigarrang-qizil lateritlashgan, qizil-koʻngʻir tuproklar tarqalgan. Bu yerdagi oʻsimlik turlarining aksar qismi — mahalliy, jaydari oʻsimliklar (ravenala, angrekum orxideyasi). Sohilda palmazorlar, gʻarbida tikanli daraxt va butazorlar bor. Hududining 10% ga yaqini oʻrmon.

Hayvonlari: lemur va tenrek, yirtqichlardan viverralar (mangusta, fossa) bor. Qushlardan yashil toʻti, koʻk kaptar, sesarka, sultontovuq va hokazo yashaydi. Hameleon, gekkon, boʻgʻma ilon, timsoh kabi sudraluvchilar bor. Noyob va nodir hayvonlarni saqlash maqsadida Singi-dyu-Bemaraxa, Saratanana, Zahamena, Anduxaxelu, Andringitra qoʻriqxonalari, Ambr, Isalu milliy bogʻlari tashkil etilgan.

Aholisining 99% ga yaqini malagasilar. Fransuzlar, qamarliklar, arablar, hindlar, pokistonliklar ham yashaydi. Rasmiy tillari — malagasi va fransuz tillari. Aholining 45% mahalliy anʼanaviy dinlarga eʼtiqod qiladi; 50% xristian, qolgan qismi musulmon. Aholining 22% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Antananarivu, Tuamasina, Maxadzanga, Anseranana, Fianaransua, Tuliara, Ansirabe.

Miloddan avvalgi 10—6-asrlarda orolga indonezlar, polinezlar, melanezlar, keyinchalik arablar va Afrikaning sharqiy sohilidan bantu xalqlari kelgan. 14-asrda Madagaskar markazida Imerina davlati tashkil topdi. 16—17-asrlarda Madagaskarning gʻarbida sakalava, sharqida betsimisaraka va markazida betsileularning davlatlari boʻlgan. 19-asrda ular markazlashgan Malagasi (yoki Madagaskar) qirolligi tarkibiga kirgan. 19-asrning 40—70-yillarida iqtisodiyot va madaniyat rivojlandi. 1883-yil fransuz qoʻshinlari bostirib kirdi. Qonli urushlardan soʻng Madagaskar hukumati Fransiya protektoratini tan olishga majbur boʻldi (1885). 1896-yildan Madagaskar Fransiya mustamlakasiga aylangach, mamlakat Fransiyaning agrar xom ashyo bazasi boʻlib qoldi. Biroq malagasi xalqi mustaqillik uchun kurashni toʻxtatmadi, milliy ozodlik harakati, ayniqsa, Ikkinchi jahon urushidan soʻng keng avj oldi. 1947-yilgi qurolli qoʻzgʻolonni fransuz qoʻshinlari bostirdi, lekin vatanparvarlar bilan mustamlakachilar oʻrtasidagi toʻqnashuv 2 yilgacha davom etdi. 1958-yil Madagaskar Fransiya hamjamiyati tarkibidagi muxtor Respublika deb eʼlon qilindi. 1960-yil 26-iyunda Madagaskar mustaqillikka erishdi. 1975-yildekabrdan mamlakat Madagaskar Demokratik Respublikasi deb atala boshladi. Hukumat siyosiy mustaqillikni mustahkamlash va iqtisodiy mustaqillikka erishish, mehnatkashlar ahvolini yaxshilash yoʻlini tutdi. 1992-yildan Madagaskar Respublikasi deb ataldi. Madagaskar 1960-yildan BMT aʼzosi. 1992-yil 4-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini tan oldi. Milliy bayrami — 26-iyun — Mustaqillik kuni (1960).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madagaskar mustaqilligi kongressi partiyasi, 1958-yil tuzilgan; Madagaskar mustaqilligi uchun milliy harakat partiyasi, 1958-yil asos solingan; Madagaskar taraqqiyoti uchun harakat partiyasi, 1972-yil tashkil topgan; Vundzi ("Milliy birlik xalq shijoati") partiyasi, 1973-yil tuzilgan; Hayotbaxsh kuchlar qoʻmitasi, 1991-yil asos solingan; Madagaskar yangilash avangardi, 1993-yil tuzilgan; Fixaonana partiyasi, 1993-yil tashkil topgan. Inqilobiy malagasi mehnatkashlari kasaba uyushmalari federatsiyasi, 1977-yil tuzilgan; Madagaskar mehnatkashlari kasaba uyushmalari federatsiyasi, 1956-yil asos solingan.

Madagaskar — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xoʻjaligining ulushi 28,3%, sanoatning ulushi 14,6%.

Qishloq xoʻjaligi Madagaskar iqtisodiyotining asosini tashkil qiladi. Ekin maydonining 60% dan ortiq shemila sholi yetishtiriladi. Shuningdek, maniok, makkajoʻxori, paxta, batat, yer yongʻoq, kartoshka va boshqa ekiladi. Eksport uchun kofe, vanil, qalampirmunchoq, shakarqamish, tamaki yetishtiriladi. Chorvachilikda, asosan, qoramol (zebu), qoʻy, echki, choʻchqa, tovuq boqiladi. Baliq ovlanadi.

Konchilik sanoati rivojlangan. Xromit, grafit, slyuda, kvars, temir, urantoriy rudalari, kam uchraydigan va suvda erimaydigan metallar qazib olinadi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan (un tortish, sholi oqlash, goʻshtkonserva, qand-shakar, tamaki) korxonalar koʻp. Bir necha mayda issiklik elektr stansiyalari va GESlar, ip gazlama fabrikalari, sement zavodi bor. Yiliga oʻrtacha 430 mln. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Sanoat markazlari: Antananarivu, Tuamasina, Ansirabe, Maxadzanga.

Avtomobil — mamlakat transportining asosiy turi. Avtomobil yoʻllarining uz. —40 ming km, temir yoʻl uz. —1 ming km. 18 dengiz porti bor; asosiylari Tuamasina va Maxadzanga. Madagaskar chetga kofe, qalampirmunchoq, vanil, sholi, qand, goʻsht va goʻsht-konserva, baliq, sizal, grafit, slyuda chikaradi. Chetdan mashina va qurilmalar, qurilish ashyolari, neft mahsulotlari, gazlama, oziq-ovqat oladi. Tashki savdoda Fransiya, Germaniya, AQSH, Yaponiya, Italiya, JAR bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — malagasi franki.

Tibbiy xizmati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madagaskarda davlat tibbiy xizmati tizimi mavjud. Poytaxt universiteti huzuridagi milliy tibbiyot maktabi 5 yilda vrachlar tayyorlaydi. Maxsus maktablarda oʻrta malakali tibbiyot xodimlari taʼlim oladi.

Maorifi va ilmiy muassasalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mustaqillikka erishilgandan keyin 1975-yildan boshlab xalq maorifini tubdan qayta qurishga kirishildi. 4 yillik toʻliqsiz oʻrta maktab va toʻliq oʻrta maʼlumot beradigan litseyni oʻz ichiga oluvchi oʻrta taʼlim joriy etilgan. Davlat maktablarida oʻqish bepul. Xususiy maktablar ham bor. Quyi hunartexnika taʼlimi boshlangʻich maktab negizida, oʻrta texnika taʼlimi 7 yil davomida boshlangʻich yoki 3 yil davomida toʻliqsiz oʻrta maktab negizida amalga oshiriladi. Oliy oʻquv yurtlari: Antananarivuda universitet (1961), milliy aloqa va telekommunikatsiya instituti, Milliy elektrotexnika instituti, Pedagogika instituti, Qishloq joylarda ishlash uchun kadrlar tayyorlash instituti, Anserananada Oliy politexnika maktabi, Maxadzangada savdo dengizchiligi milliy maktabi. Antananarivuda Malagasi akademiyasi (1902), Geol. xizmati, Madagaskar geogr. milliy instituti (1945), Rasadxona, Agronomiya tadqiqoti instituti, Tropik veterinariya tadqiqot instituti va boshqa ilmiy muassasalar, Milliy kutubxona, universitet kutubxonasi, Munitsipal kutubxona, Milliy arxiv, Badiiy va arxeologiya muzeyi, Milliy tarix muzeyi bor.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madagaskarda bir qancha gaz. va jurnallar nashr etiladi. Yiriklari: "Jurnal ofisyel de la Repyublik de Madagaskar" ("Madagaskar Respublikasi rasmiy gazetasi", fransuz va malagasi tillarida chiqadigan xaftalik hukumat xabarnomasi, 1883-yildan), "Imungu vauvau" ("Yangi Imungu", malagasi va fransuz tillarida chiqadigan kundalik gaz., 1955-yildan), "Maresaka" ("Yangiliklar", malagasi tilida chiqadigan kundalik gaz., 1954-yildan), "Saxi" ("Mardona", malagasi tilida chikadigan kundalik gaz., 1958-yildan), "Sosialisma mpiasa" ("Sotsializm va ishchi", malagasi tilida chiqadigan oylik gaz., 1980-yildan), "Revyu de l’O-sean Endyen" ("Hind okeani muammolari boʻyicha jurnal", fransuz tilida chikadigan oynoma, 1980-yildan). "Taratra" milliy axborot agentligi, hukumat mahkamasi, 1977-yilda asos solingan. Malagasi milliy radioeshittirishi, hukumat mahkamasi, 1931-yilda tashkil etilgan. 1967-yildan telekoʻrsatuvlar beriladi; Malagasi milliy televideniyesi mavjud.

Adabiyoti 19-asrning 2-yarmidan malagasi va fransuz tillarida rivojlana boshladi. Malagasilarning qad. ogʻzaki ijodiyoti turli sheʼr va qoʻshiqlardan, afsona va ertaklardan iborat boʻlgan. Dastlabki yozma adabiy yodgorliklari 12-asrda malagasi tilida arab yozuvidagi tarixiy yilnomalardan iborat. Lotin alifbosi joriy etilganidan keyin (1823) adabiy til rivojlana boshladi. 1835-yilda Bibliya malagasi tiliga tarjima qilindi. 1870 va 1877-yillarda ertaklar toʻplamlari, 1870-yilda liniy madhiyalar toʻplami nashr etildi. 1860—80 yillarda paydo boʻlgan davriy matbuotda dastlabki nasr va nazm asarlari eʼlon qilindi. 1872—83-yillarda F. Kallening "Qirollar tarixi" nomli koʻp jildli tari-xiy asari, A. Ravuadzanahari va S. Radzaunaxning ilk romanlari bosilib chiqsi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida anʼanaviy sheʼr shakllari takomillashtirildi va yangicha shakllar ishlab chiqildi. Koʻpgina shoir va yozuvchilar "Basivava" va "Lakulusi Vulamena" jurnallari tevaragida birlashib, "Vi, vatu, sakelika" jamiyatiga kirdilar. 20-yillar oxirida J. J. Rabearivelu, Sh. Radzuelisulu va Ni Avana kabi yozuvchilar millim madaniyatni saqlab qolish harakatiga boshchilik qildilar. Adabiyotda oʻziga xos adabiy shakllar himoya qilindi, mamlakat tabiati, xalq urf-odatlari, oʻtmish qahramonlarining jasorati madh etildi. 40-yillar atoqli malagasi adibi E. D. Andriamalalaning ijodiy faoliyati barq urgan davr boʻldi, uning "Daʼvat", "Suv parisi", "Gard", "Makr", "Mamnu neʼmat" romanlari paydo boʻldi.

Mustaqillik yillari adabiyoti, asosan, malagasi tilida rivojlandi, zamonaviy jamiyatdagi murakkab jarayonlarni tasvirlovchi asarlar yaratildi. 70—80-yillar nasri va nazmida mustamlakachilik qoldiklari, turli millat vakillarining oʻzaro munosabatlari, xalqlarning teng huquqlilik, milliy mustaqillik yoʻlidagi kurashi aks etdi.

Madagaskar xalq meʼmorligida umumiy tomonlar boʻlsa ham, lekin turli joylarda oʻziga xos xususiyatlarga ega: Madagaskar orolining shimoli-gʻarbidagina doirasimon kulbalar unda-bunda uchrab turadi. Sernam tropik viloyatlarda qoziq oyokli yogʻoch uylar qurilib, tomi palma barglari bilan yopilgan, qurgʻoqchil joylarda kamish uylar, orolning shimoli-gʻarbiy qismida poxol tomli bambuk uylar quriladi. Mamlakatning moʻʼtadil iqlimli markaziy qismida 1—2 qavatli uylar oq yoki kizil tuproqdan barpo etiladi, tomiga poxol yoki cherepitsa yopiladi. Shamoldan asrash uchun eshik va derazalar faqat gʻarb va shimoliy tarafga oʻrnatiladi. 19-asr oxiri —20-asr boshlarida shahar qurilishi rivojlandi. 20-yillarda fransuz meʼmori G. Kasen Antananarivu, Tamatava, Ansirabe shaharlarini qayta qurish loyihalarini tuzdi. Saroylar, cherkovlar, maqbaralar yevropacha eklektizm uslubida kurila boshladi. 60-yillardan imoratlarni zamonaviy sodda shakllarda beton konstruksiyalardan foydalanib, oynavand qilib qurishga, ularga quyosh nurini toʻsuvchi moslamalar oʻrnatishga oʻtildi.

Tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hunarmandchilikda yogʻoch oʻymakorligi, badiiy toʻqimachilik keng tarqalgan. Tasviriy va bezak sanʼati uslub jihatdan koʻproq Janubi-Sharqiy Osiyo va Okeaniya uslubiga oʻxshaydi. Sakalava va maxafali xalqlari qabristonlarda marhumlarning yogʻochdan oʻyib ishlangan qiyofalarini, qush tasvirlari yoki 2–5 m balandlikdagi "alualu" ustunlarini oʻrnatadilar. Yogʻochdan yasalgan roʻzgʻor asboblariga oʻyma naqshlar solinadi, buqa, qush va afsonaviy jonivorlar tasviri tushirilib, rangbarang qilib boʻyaladi. Shakarqamish va oddiy qamishdan toʻqilgan boʻyra, qalpoq, savatlarning, rafiya palmasi tolasidan toʻqilgan ziynatli gazmollarning gullari ham uslub jihatdan oʻshalarga oʻxshab ketadi. Zamonaviy rangtasvir esa xalq sanʼati anʼanalari ruhida rivojlanib borayotir. V. Ravelunanushi - Razafimbelu, E. Rabeshaxala, L. Radzunush, Ranivushun kabi rassomlar yetishib chiqqan.

Madagaskar musiqiy madaniyati ildizlari qad. malagasi-polinez madaniyati bilan bogʻliq. Zamonaviy musiqasi Hind okeani orollari, avvalo Indoneziya xalqlarining musiqiy anʼanalari, shuningdek, Afrika, Arabiston, Yevropa (asosan, Fransiya) madaniyatining oʻziga xos tarzdagi birikuvidan iborat. Cholgʻu asboblari juda xilma-xil. Koʻpgina qoʻshiqohanglari choʻziq va mayin. Bir necha asrlardan beri davom etib kelayotgan "xiragasi" deb atalgan raqs-qoʻshiq tomoshalari, ayniqsa, ommalashgan. Antananarivudagi Madagaskar drama va xalq sanʼati institutida boshqa fanlar qatori anʼanaviy qoʻshiq va raqs darsi ham joriy etilgan. P. Ralaiarimanana rahbarligidagi Madagaskar ashula va raqs ansambli mashhur. 20-asr boshlarida kompozitorlik ijodiyoti shakllanib, J. D. Rambemanatara, B. Rabaridzauna kabi mahalliy mualliflar tanildi.

Birinchi malagasi filmi — "Gitram Balafotssi" 1957-yilda yaratilgan. Haqiqiy milliy kinematografiya 1972-yildan keyin vujudga keldi. 1973-yilda "Gʻaroyib voqea" nomli badiiy film (rejissyor B. Ramanpi), 1975-yilda toʻla metrajli "Qaytish" (rejissyor S. Randrasina) filmi ekranga chiqdi. 1976-yilda Malagasi kino boshqarmasi tuzilib, uning huzurida oʻquv filmlari markazi tashkil etildi. Bu markaz sogʻliqni saqlash va tabiatni asrash muammolari haqida kartinalar yarata boshladi. Keyingi yillarda Madagaskar kinochilari sakalava xalqining milliy bayramiga bagʻishlab "Fitampoa" (rejissyor J. K. Raaga), yoshlarning diniy aqidalarga qarshi kurashi haqida "Madagaskar yoshlari" (rejissyor Randrinarisun) toʻla metrajli filmlarini chiqarishdi. Mamlakatda 50 ta kinoteatr bor, chet ellardan yiliga 200 ta film sotib olinadi.[1]

Hududiy bo'linishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil