San-Tome va Prinsipi
San Tome va Prinsipe Demokratik Respublikasi República Democrática de São Tomé e Príncipe
| |
---|---|
Shior: "Unidade, Disciplina, Trabalho" (Portugalcha: Birlik, Turli-tumanlik, Mehnat) | |
Madhiya: Independência total | |
Poytaxt | San-Tome |
Rasmiy til(lar) | Portugalcha |
Hukumat | Semi-Prezidentlik Davlat |
Fradik de Menezes | |
Tomé Vera Cruz | |
Mustaqillik (Portugaliyadan) | |
• Sana |
12-iyul 1975 |
Maydon | |
• Butun |
1,001 km2 (184-oʻrin) |
• Suv (%) |
<1 |
Aholi | |
• 2002-yilgi roʻyxat |
187,410 (188-oʻrin) |
• Zichlik | 187/km2 |
YIM (XQT) | 2005-yil roʻyxati |
• Butun |
AQSh$214 mil. (216-oʻrin) |
• Jon boshiga |
AQSh$1,142 |
Pul birligi | Dobra (STD) |
Vaqt mintaqasi | UTC+0 |
• Yoz (DST) |
UTC+0 |
Qisqartma | TP |
Telefon prefiksi | 239 |
Internet domeni | .st |
|
San Tome va Prinsipi (São Tomé e Príncipe), San Tome va Prinsipi Demokratik Respublikasi (República Democrática de São Tomé e Príncipe) — Gvineya qoʻltigʻidagi San Tome va Prinsipi orollari va ularga yondosh mayda orollarda joylashgan davlat. Afrika gʻarbiy sohili yaqinida. Maydoni 964 km². Aholisi 170,4 ming kishi (2002). Poytaxti — San Tome shahri. Maʼmuriy jihatdan 7 okrug (distrito)ra boʻlinadi.
Davlat tuzumi
[tahrir | manbasini tahrirlash]San Tome va Prinsipi — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1990-yilda qabul qilingan. Davlat boshligʻi — prezident (2001-yildan F.B. Melu de Menezesh), u umumiy toʻgʻri va yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 yil muddatga saylanadi va yana bir marta kayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni bir palatali parlament — Milliy majlis va ijrochi hokimiyatni prezident tayinlaydigan bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Orollar vulkan faoliyati natijasida hosil boʻlgan. Eng baland joyi PikodeTome — 2024 m (San Tome o.da). Iqlimi SanTome o.da tropik (quruq va yomgir mavsumlari bilan). Prinsipi o.da ekvatorial, doim nam. Oʻrtacha oylik temperatura 23—27°. Yillik yogʻin 1000–3000 mm gacha. Deyarli yil boʻyi yomgʻir yogʻib turadi. Nam tropik oʻrmonlar va mangro chakalakzorlari bor. Hayvonlardan maymun, turli qushlar, kaltakesak, buqalamun, ilonlar uchraydi. Dengizda baliq, qisqichbaqa, krevetka, langust, ustritsa kabilar bor.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aholisi, asosan, santomeliklar boʻlib, ular Afrikadagi bantu tilida soʻzlashuvchi turli xalqlar (ovimbundu, ambundu va boshqalar)ning oʻzaro va qisman portugallar bilan chatishuvi natijasida hosil boʻlgan. Portugallar ham yashaydi. Rasmiy til — portugal tili. Dindorlarning 90% ga yaqini xristian (katolik)lar, shuningdek, musulmonlar va anʼanaviy dinlarga eʼtiqod qiluvchilar ham bor. Shahar aholisi 44,1%. Muhim shaharlari: SanTome, Santu Antonyu, Portu Alegri, Ribeyra Afonsu.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1470—71 yillarda San Tome o.lariga Portugal dengiz sayyohlari kelib, bu yerlarni Portugaliya mulki, deb eʼlon qildilar. 1485-yildan odamlar koʻchib kela boshladi. Ular Yevropadan surgun qilingan portugallar va afrikalik qullar edi. 16-asr boshlarida qalin oʻrmonlar kesilib, shakarqamishzorlar barpo etishga kirishiddi. Asr oxiriga borib shakar eksport qilishda SanTome Afrikada birinchi oʻringa chiqdi. 1517-yil va undan keyingi yillardagi qullar qoʻzgʻoloni natijasida 16-asr oxirida Amador boshchiligida qullar davlati qisqa muddat mavjud boʻldi. 1735-yil Prinsipi o. ham Portugaliya imperiyasiga qoʻshib olindi. 18—19-asrlarda San Tome va Prinsipi orollarida qullar kuchi bilan kofe va kakao plantatsiyalari barpo etildi. 1951-yil Portugaliya San Tome va Prinsipini oʻzining dengiz orti viloyati deb eʼlon qildi. 1953-yil mahalliy aholi qoʻzgʻolon koʻtardi ("Batep qoʻzgʻoloni"), biroq u shafqatsizlik bilan bostirildi. 1960-yil muhojirlikda San Tome va Prinsipini ozod qilish qoʻmitasi (1972-yildan San Tome va Prinsipini ozod qilish harakati) tuzildi va u mustaqillik uchun kurash boshladi. 1972-yil Portugaliya San Tome va Prinsipiga mahalliy muxtoriyat maqomini berdi. San Tome va Prinsipi 1975-yil 12-iyuldan mustakil respublika, 1975-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 12 iyul — Mustaqillik kuni (1975).
Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]San Tome va Prinsipini ozod qilish harakati — Sotsialdemokratik partiya, 1960-yil asos solingan; Mustakil demokratik harakat partiyasi, 1992-yil tuzilgan; Demokratik konvergensiya partiyasi — "Mushohada" guruhi, 1990-yil tashkil etilgan. San Tome va Prinsipi mehnatkashlar milliy tashkiloti kasaba uyushmasi, 1989-yil tuzilgan.
Xoʻjaligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]San Tome va Prinsipi — iqtisodiy jihatdan zaif, agrar mamlakat. Iqtisodiyotining asosini qishloq xoʻjaligi tashkil etadi. Eksport uchun kakao, kofe, moyli va kokos palmalari, banan yetishtiriladi. Ichki ehtiyoj uchun tariq, maniok, makkajoʻxori, yams ekiladi. Chorvachilik sust rivojlangan (qoramol, choʻchqa, qoʻy, echki, xonaki parranda boqiladi). Dengizdan baliq, toshbaqa va boshqa hayvonlar ovlanadi. Sanoati qishloq xoʻjaligi xom ashyosi va baliqni qayta ishlaydigan, ohak va alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaradigan hamda yogʻochsozlik korxonalaridan iborat. Keramika va gʻisht zavodlari, tikuvchilik fabrikasi ham qurilgan. San Tome va Prinsipida tor izli temir yoʻl va aeroport bor. Asosiy dengiz portlari: San Tome, Santu Antonyu va Portu Alegri. Chetga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari chiqaradi, chetdan oziq-ovqat va neft mahsulotlari, sement, avtomobil va boshqa sanoat mollari keltiradi. Portugaliya, Ispaniya, Niderlandiya, AQSH, GFR, Angola bilan savdo qiladi. Pul birligi — dobra.
Maorifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]6—12 yoshdagi bolalarning oʻqishi majburiy. Davlat qaramogʻidagi oʻquv yurtlaridan tashqari xususiy va diniy maktablar ham bor. Boshlangʻich maktab 4 yillik, oʻrta maktab 7 yillik. Oxirgi 2 yilda bolalar chet el oliy oʻquv yurtlariga kirishga tayyorlanadi. Darslar portugal tilida olib boriladi. Hunar taʼlimi boshlangʻich yoki toʻliqsiz oʻrta maktab negizida 5—6 yil davomida amalga oshiriladi. Boshlangʻich maktab oʻqituvchilari pedagogika oʻquv yurtlarida, urga maktab oʻqituvchilari chet ellarda tayyorlanadi. Vrachlar chet ellardagi oliy oʻquv yurtlarida tayyorlanadi. Milliy tarix muzeyi (1976) va oʻlkashunoslik muzeyi bor.
Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Asosiy gaz.lari: "Diariu da Respublika" ("Respublika gazetasi", hukumat haftanomasi, 1836-yildan), "Labor" ("Mexnat", oyiga 2 marta chiqadigan gaz., 1990-yildan), "Notisiash" ("Yangiliklar", hukumat nashr etadigan gaz., 1991-yildan). STP Press axborot agentligi 1985-yil tuzilgan. San Tome va Prinsipi televideniyesi, hukumat telekoʻrsatuvi.
Adabiyoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Garchi forro deb ataluvchi mahalliy kreol tili mavjud boʻlsa ham, adabiyot portugal tilida 19-asrning 2-yarmida yuzaga keldi. Sheʼriyatning asoschisi — K. da Koshta Alegri. Uning "Sheʼrlar" kitobida irqiy xurofotlardan norozilik goyalari aks etgan, "Qora dunyo" qadriyatlari madh qilingan. F.J.V. Tenreyru bu mavzularni rivojlantirdi. 20-asrning 50—60 yillarida adabiyotga kirib kelgan shoirlar A. du Espiritu va A. T. Medeyrush milliy ozodlik harakatida faol ishtirok etdilar. Ular oʻz ijodida xalq ogʻzaki ijodi anʼanalarini zamonaviy badiiy ifoda shakllari bilan qoʻshishga intildilar. Asr oxirlarida yaratilgan hikoya, qissa, roman va pyesalar xalq hayotini aks ettirdi (F. Reyshning "Plantatsiya" romani, "Qogʻozboy toʻra" pyesasi va boshqa asarlar).[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |