Kontent qismiga oʻtish

Jomiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Abdurahmon Jomiydan yoʻnaltirildi)
Jomiy
Tavalludi 7-noyabr 1414-yil
Vafoti 9-noyabr 1492-yil(1492-11-09)
(78 yoshda)
Hirot
Kasbi shoir
Ijod qilgan tillari Tojik tili, Arab tili[1] va Fors tili[1]
Fuqaroligi Temuriylar imperiyasi

Jomiy (taxallusi; asl ism-sharifi Nuriddin Abdurahmon ibn Ahmad) (7-noyabr 1414-yil, Jom – 9-noyabr 1492-yil, Hirot) – fors-tojik shoiri, naqshbandiylik tariqatining yirik vakili. Jomiyning ota-bobolari asli Dashtdan boʻlib, Jomda, keyinchalik Hirotda hayot kechirishgan. Jomiy Madrasa yoshidan ancha erta Hirotdagi „Dilkash“ (Navoiy maʼlumotiga koʻra, „Nizomiya“) madrasasiga kirib, oʻz davrining taniqli til, adabiyot olimlari va mudarrislari qoʻlida tahsil olgan. Shu davrdayoq u arab tilini mukammal oʻrgana boshlagan. Keyinroq Jomiy oʻz bilimini oshirish uchun Samarqandga keladi va Ulugʻbek madrasasida buyuk falakiyotshunos Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, fiqhshunos Fazlulloh Abullays qabilardan taʼlim oladi. Bu yillarda u til va adabiyotnigina emas, riyoziyot, falakiyot, falsafa, huquqshunoslik fanlari, din asoslari, hadis va tafsir ilmlarini ham chuqur oʻrganadi, olimlarning turli mavzulardagi munozara va mubohasalarida qatnashib, yetuk olimligi bilan tanila boshlaydi. Jomiy Hirotga qaytgach, tasavvuf yoʻliga kirishni, oʻz bilim va faoliyatini shu yoʻlga, qolaversa, ijodga, ilm-fanga bagʻishlashni afzal koʻradi. U oʻziga pir qilib Shayx Saʼdiddin Koshgʻariy tanlaydi, Hirotning jome masjidida uning suhbatlarini tinglaydi. Saʼdiddin Koshgʻariy tasavvufda Muhammad Naqshband sulukiga mansub edi. Jomiy mashhur sufiylar bilan yaqindan muloqotda boʻladi. Muhyiddin ibn al-Arabiyning asarlarini chuqur mutolaa qiladi. Oʻzining mutasavviflik faoliyatida Bahouddin Naqshband gʻoyalarini shu sulukning ikkinchi bir yirik namoyandasi – Xoʻja Ahror bilan yaqin munosabatda boʻlgan holda yanada rivojlantirdi. Rasman oʻzini kundalik „Malomatiya“ tariqatiga mansub deb xisoblasada, asarlarida Naqshbandga ixlosi baland boʻlgan. Jomiy Xurosonda temuriylardan Shohrux, Abulqosim Bobur, Abu Said va Husayn Boyqaro podshohligi davrida yashadi. Xurosonda Hirot taxtiga temuriy Sulton Husayn Boyqaro oʻtirgandan soʻng Jomiyning mamlakatdagi mavqei juda ortadi, chunki Sulton Husayn va uning koʻp avlodlari oʻzlarini unga murid, deb eʼlon qilganlar.

Jomiyning haj safari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jomiy 1472-yil hajga boradi. Bu safari vaqtida Nishopur, Sabzavor, Bastom, Domgʻon, Qazvin, Hamadon, Karbalo, Bagʻdod, Damashq, Halab, Tabriz kabi bir qancha shaharlarda boʻladi. Uning shaxsiy maktublaridan maʼlum boʻlishicha, yaqin doʻsti Xoʻja Axror taklifi bilan Toshkentda ham boʻlgan va ulugʻ mozoratlarni ziyorat qilgan.

Jomiy va Alisher Navoiy doʻstligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jomiy katta yer-mulk egasi boʻlgan. Jomiy Alisher Navoiy bilan birinchi marta Abu Said xukmronligi davrida Xiyobon mavzesida hamma qatori koʻrishgan. Shunda Jomiy unga oʻzining bir risolasini taqdim qilgan. 1476—77-yillarda Navoiy ham Jomiyni oʻziga pir, deb taniydi. Garchi Jomiyning Navoiydan yoshi ancha ulugʻ, rasman pir hisoblansa ham, mohiyatan ular chin doʻst va hamkor boʻlganlar. Jomiy oʻzining (Nafaxotuluns, Bahoriston va boshqa) bir qancha asarlarida Navoiyni, Navoiy ham oʻz asarlari (Hamsat ul-mutahayyirin, „Majolis un-nafois“ va b.)da Jomiyni hurmat bilan tilga oladi. Jomiy "Nafahot ul-uns" („Azizlar nafasi“), "Risolai musiqi" („Musiqa risolasi“), "Risolai muammo" („Muammo risolasi“) kabi oʻndan ortiq asarini Navoiy maslahati bilan yozgan. Jomiy vafotidan sal burun lirik sheʼrlarini 3 devonga boʻlib, ularga Fotixat ush-shabob („Yoshlikning boshlanishi“), Vositat ul-ikd („Oʻrtadagi dur“) va Xotimat ul-xayot („Hayot xotimasi“, 1479—1491) deb nom berar ekan, bunda Navoiy maslahatini eʼtiborga olgan edi. Navoiy va Jomiyning doʻstligi adabiy hamkorlik bilan chegaralanmagan. Navoiy Husayn Boyqaro saroyida bosh vazir boʻlib turar ekan, oʻz siyosiy va ijtimoiy faoliyatida Jomiydan maslahatlar olib turgan. Mayda, Sulton Husayn Qunduz viloyatiga qarshi yurishga otlanmoqchi boʻlganda, Jomiy Navoiydan podshohni bu safardan qaytarishni iltimos qilgan. Saroydagi fitna va fujurlar Navoiyning joniga tegib, u oʻz vazifasidan ketmoqchi boʻlganda Jomiy uni bunday qarordan voz kechtirgan. Chunki Navoiydek xalqparvar arbob saroydan ketsa, xalq va mamlakat ahvoli yanada ogʻirlashishini u yaxshi tushunar edi.

Jomiy oʻz asarlarini fors-tojik tilida yozgan, arab tilini ham yaxshi bilgan. Xorazmlik tilshunos Ibn al-Hojibning arab tili nahv (sintaksis)i haqidagi Al-qofiya darsligiga 1492-yilda yaxshi sharh bitgan. Bu kitob Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlarida soʻnggi vaqtlargacha maktab va madrasalarda arab tilidan qoʻllanma boʻlib keldi. Navoiy bergan maʼlumotga koʻra, Jomiy turkiy tilni yaxshi bilgan.

Jomiyning adabiy hamda ilmiy merosi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jomiydan ulkan va turli janrlarni oʻz ichiga olgan adabiy hamda ilmiy meros qolgan. Baʼzi olimlar Jomiy asarlarining umumiy soni 100 ga yaqin deb taxmin qiladilar. Navoiy „Xamsat ul-mutahayyirin“da uning 38 asarini nomma-nom sanab koʻrsatadi. Jomiy asarlari falsafa, tasavvuf, tilshunoslik, adabiyotshunoslik, sanʼat sohalariga hamda nazm va nasrning har xil janrlariga oid. Jomiyning ijodiy faoliyati koʻp qirrali boʻlsa ham, u Sharq xalqlari madaniyati tarixida koʻproq genial shoir va mutafakkir – olim sifatida tanilgan. Bu jihatdan uning epik va lirik merosi gʻoyat diqqatga sazovordir. Soʻnggi asr adabiyotshunoslari haqli ravishda uni fors-tojik adabiyotining ilk taraqqiyot davrdagi (10—15-asrlar) buyuk mutafakkir deb ataydilar.

Xamsat ul-mutahayyirinda sanalgan Jomiy asarlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Alisher Navoiy „Xamsat ul-mutahayyirin“ asarining Uchinchi maqolatida Jomiyning quyidagi asarlarini nomma-nom sanab koʻrsatadi[2]:

  1. Shavohid un-nubuvvat (Paygʻambarlik shohidlari) – paygʻambarlar hayotiga oid maʼlumotlar va rivoyatlar;
  2. „Nafahot ul-uns min hazarot il-quds“;
  3. Naqd un-nusus (Hujjatlar sarasi) – tasavvufga oid Ibn Arabiyning falsafiy asarlariga sharhlar;
  4. Naqshbandiya xojalari tariqida bitilgan risola;
  5. Ashiʼat ul-lamaʼot (Porloq shu’lalar) – buyuk sufiy shoiri Faxruddin Iroqiy Hamadoniyning „Lamaʼot“ asariga falsafiy va adabiy sharhlar;
  6. Fusus“ yoki „Naqshi Fusus“ – Ibn Arabiyning „Fusus ul-hikam“ asari sharhida bitilgan risola;
  7. Rumiy „Masnaviy“sining ikki baytiga sharh bitilgan risola;
  8. Lavomeʼ (Yaltiroqliklar) yoki „Lavomeʼ fi sharh al-Xamriya“ – arab tasavvuf shoiri Ibn ul-Foriz nomi bilan tanilgan Sharafuddin Umar ibn Ali al-Misrin as-Saʼdiyning (1181 – 1234 – 35) mashhur „May qasidasiga“ sharhlar;
  9. Lavoeh (Ravshanliklar) – tasavvuf qoidalariga bagʻishlangan;
  10. Ibn ul-Forizning „Toiya“ ab’yotidin baʼziga sharh bitilgan risola – Ibn ul-Forizning „t“ harfi bilan tugallanadigan qofiyali baytlariga sharhlardan iborat;
  11. Ruboniyot sharhi – Jomiyning oʻzi yozgan ruboiylariga falsafiy sharhlar;
  12. Amir Xusrav Dehlaviy baytigʻa sharh bitilgan risola;
  13. Ibn Zarrin ul-Uqayliy hadisigʻa sharh bitilgan risola;
  14. Hazrati Xoja Muhammad Porso soʻzlarin jam’ qilgʻon risola – tasavvuf nazariyotchilaridan Xoja Porso (Shamsiddin Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Hofiz al-Buxoriy) ning hikmatli soʻzlari majmuasi;
  15. Arbaʼin hadis tarjimasi – Paygʻambarning 40 ta hadis-hikmatlarining maʼnosi ruboiy shaklida bayon qilingan asar;
  16. Soʻfi va mutakkallim va hakim mazhablari tahqiqining risolasi;
  17. Vujud haqida risola – tasavvuf termini „vujud“ni sharhlab berilgan;
  18. "Manosiki haj" risolasi – Hajning qoidalari;
  19. Haft avrang – yetti kitob: Silsilat uz-zahhab, Salomon va Absol, Tuhfat ul-ahror, Subhat ul-abror, Yusuf va Zulayho, Layli va Majnun, Xiradnomai Iskandariy;
  20. Bahoriston;
  21. Huliyat ul-hulal (Bezakli liboslar) – muammo haqidagi risola, u „Risolai muammoyi kabir“ (Katta (holatdagi) muammo haqidagi risola deb ham ataladi;
  22. „Mutavassit“ risolasi;
  23. „Sagʻir“ risolasi;
  24. Manzumi asgʻar;
  25. Aruzda bitilgan risola;
  26. Qofiya bobida bitilgan risola;
  27. Musiqiy ilmida bitilgan risola;
  28. „Munshaot“ risolasi (Maktublar majmuasi) – Jomiyning turli masalalarga bagʻishlangan va har xil tabaqadagi odamlarga yozgan, jumladan Navoiyga yoʻllagan xatlari jamlangan asari;
  29. „Fotihat ush-shabob“ (Yoshlikning boshlanishi) – lirik sheʼlarining birinchi devoni;
  30. „Vositat ul-iqd“ (Oʻrta yoshlikning injulari) – ikkinchi devoni;
  31. „Xotimat ul-hayot“ (Hayot xotimasi) – uchinchi devon;


Shoirning diniy va falsafiy asarlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jomiy asarlarining bir qismi diniy va falsafiy mazmunga ega boʻlib, ularda shoir islom dini va sharq falsafasining bir qator masalalarini oʻz qarashicha talqin etadi, tasavvufning 15-asrdagi yirik arbobi sifatida uz fikr-mulohazalarini bayon etadi. Bunga uning Naqshi fusus („Maʼnolar naqshi“), Shavohidi nubuvva („Paygʻambarlikka dalillar“), [["Sharhi qasidayi „Toiya ("Radifda „to“ harfidan foydalanib yozilgan qasida sharhi"), Naqdi nusus („Matnni tanqid“), "Sharhi qasidayi „Hamriya („Hamriya“ qasidasi sharhi"), Naqshbandiya taʼlimoti haqida risola, Vohid“ atamasi haqida risola", Zikr" shartlari haqida risola"]], Haj qilish yoʻllari haqida risola kabi bir qancha asarlarini shu guruhga kiritish mumkin. Jomiy falsafasining asosini tasavvufiy gʻoyalar tashkil etadi. Uning tasavvurida Xudo jonli mavjudot boʻlmay, yorugʻ nur koʻrinishiga ega. Hamma narsani yaratgan yagona Xudo goʻzal maʼshuqaga oʻxshagan boʻlib, minglarcha oynada turli qiyofada va koʻrinishda namoyon boʻladi. U yunon faylasufi Yaloximnning jilolanish („emanatsiya“) falsafasini davom ettiradi va yanada rivojlantiradi. Uning fikricha, dunyodagi hamma narsalar kelib chiqishi va mohiyati eʼtibori bilan ilohiydir.

Jomiyning Lujjat ul-asror („Sirlar dengizi“, 1475), Ashiat ul-lamoat („Yiltillagan nur“, 1476) diniy-falsafiy qasidasi Ibn Sinogaga bagʻishlangan. Dostonlarida xalq ommasining eng yaxshi orzu-umidlarini kuylagan. 7 dostondan iborat „Haft avrang“ („Yetti taxt“ 1480—87)dagi Silsilat uz-zahab ("Oltin zanjir, 1472), Tuhfat ul-ahror („Nuroniylar tuhfasi“, 1481—82), Sibhat ul-abror („Taqvodorlar tasbehi“, 1482— 1483) dostonlarida yuksak xulq-atvor mezonlarini targʻib qilgan, kishilarni maʼrifatga, yurtparvarlikka, toʻgʻrilik, insof va iymonga chaqirgan. „Yusuf va Zulayho“ (1483), „Layli va Majnun“ (1484), Salomon va Absol (1479—1480) dostonlari ishqiy va falsafiy mazmunga ega. „Xiradnomai Iskandariy“ dostoni (1485) Nizomiyning Iskandarnomasiga taqlidan yozilgan. 18- asr oxiri va 19- asrning boshlarida Muhammad Rizo Ogahiy Jomiyning „Yusuf va Zulayho“sini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Jomiy–Adabiyotshunos va tilshunos olim

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyotshunos va tilshunos olim sifatida ham Jomiy xizmati ulkandir. U oʻzining Bahoriston tazkirasida fors-tojik adabiyotining bir qancha namoyandalari va Navoiy haqida qimmatli maʼlumotlar beradi. Uning Risolai aruz asari aruz haqidagi eng mukammal qoʻllanmalardan biridir. Jomiy Nafohat ul-unus asarini yozish bilan tasavvuf tarixini oʻrganishga katta hissa qoʻshdi. Unda 616 mutasavvuf hayoti va faoliyati haqida maʼlumot berilgan boʻlib, ulardan 34 nafari ayollardir. Ushbu asarni Navoiy maʼlum bir toʻldirishlar bilan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Jomiy faqat mashhur sufiylar haqida maʼlumot berish bilan cheklanmay, qator shoir va adiblarning hayoti va ijodiga ham toʻxtaladi. Navoiy bu asarni oʻzbek tiliga Nasoyim ul-muhabbat („Muhabbat shabadalari“) nomi bilan tarjima qilar ekan, uni oʻzbek shoirlari va adiblari haqidagi maʼlumotlar bilan toʻldiradi. Jomiy muammo xaqida 4 risola (Risolai muammoyi kabir, Risolai muammoyi mutavassit, Risolai muammoyi sagʻir, Risolai muammoyi manzum), ruboiylar sharhi, qofiya haqida 2 risola yozgan, mashhur qasidalarning bir qanchalariga alohida-alohida sharhlar bitgan.

Musiqaga qoʻshgan hissasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jomiy musiqa sohasida ham katta obroʻga ega boʻlib, Naqshi Mulla („Naqshi Imoma“) asari muallifidir. Sharq musiqa ilmi tarixida Jomiyning Risolai musiqisi ham alohida oʻrin tutadi. Risola kirish, ikki yirik qism – „ilmi taʼlif“ va „ilmi iyqoʻ“ hamda xotimadan tashkil topgan boʻlib, ular oʻz ichiga 23 faslni qamrab olgan. Jomiy oʻzining musiqiy nazariy va musiqiy estetik qarashlarida Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Safiuddin Urmaviy va Abdulqodir Marogʻiylarning mumtoz anʼanalarini davom ettirgan. Asosiy diqqatini oʻsha davr amaliyoti bilan bogʻliq boʻlgan parda (lad) tizimlari (jins, jam, „Oʻn ikki maqom“, shoʻʼba va boshqa) hamda usul (ritm) masalalariga qaratgan. Jomiyning musiqaviy tafakkuri adabiy-badiiy ijodida ham oʻz ifodasini topgan.

Asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, bir necha marta nashr etilgan. „Qofiya sharhi risolasi“, „Sharhi Mullo“ (yoki „Mullo Jomiy“) Markaziy Osiyo va Idil (Volga) boʻyi tatarlari madrasalarida arab tili grammatikasidan darslik sifatida oʻqitilgan. Oʻzbekiston va Tojikistonning bir qancha jamoa xoʻjaliklari, koʻchalar, maktablar „Jomiy“ nomi bilan ataladi. 1970-yil Samarqand shahrida Navoiy bilan Jomiy haykali oʻrnatilgan.

  1. 1,0 1,1 (unspecified title)
  2. Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami // Xamsat ul-mutahayyirin, 15-jild, Toshkent, 1999 — 32-bet-bet. Qaraldi: 5-fevral 2024-yil. 
  • Tanlangan asarlar, Toshkent, 1970; Iskandar xiradnomasi. Toshkent, 1978; Yusuf va Zulayho, Toshkent, 1983; Risolai musiqi, Toshkent, 1997.
  • Shomutsamedov Sh. M., Forstojik adabiyoti klassiklari, T., 1963; Hayitmetov A., Abdurahmon Jomiy, Toshkent, 1989.
  • Abduqodir Hayitmetov, Shoislom Shomuhamedov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000.