Koʻhna Urganch
Koʻhna Urganch | |
---|---|
shahar | |
42°19′31″N 59°9′27″E / 42.32528°N 59.15750°E | |
Mamlakat | Turkmaniston |
Viloyat | Dashoguz viloyati |
Hukumat | |
Rasmiy til(lar)i | Turkman tili |
Aholisi (2010) |
191 400 |
Milliy tarkib | oʻzbeklar, turkmanlar |
Konfessiyaviy tarkib | musulmonlar |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
|
Koʻhna Urganch (turkmancha: Köneürgenç کؤنهاۆرگنچ – forscha: کهنه گرگانج Kuhne Gurgānj, forscha: کُهنه اورگَنج Kuhne Urganj) — Turkmanistonning Toshhovuz viloyatidagi shahar (1986-yildan). Koʻhna Urganch rayonining maʼmuriy markazi. Tarixiy manbalarda Urganj yoki Gurganj deya taʼriflanadi.
Xoʻjayli temir yoʻl stansiyasidan 35 km, Toshhovuz shahridan 105 km shimoliy gʻarbda. Aholisi 31,4 ming kishi (2000). Koʻhna Urganchda paxta tozalash, sut, yogʻ-ekstraksiya zavodlari, Toshhovoʻz gilam fabrikasining filiali, aloqa boʻlimi, savdo, maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari ishlab turibdi. 7 umumiy taʼlim maktablari, musiqa, bolalar sport maktabi, sogʻlomlashtirish majmuasi, kutubxona, madaniyat uyi, kasalxona, sil kasalliklari dispanseri mavjud.
Koʻhna Urganch 10 – 14-asrlarda Xorazmshohlar davlatining poytaxti boʻlib, Xorazmshohlar va Movarounnahrda eng katta shaharlardan biri edi. Asl nomi Gurganj, arab geograflari asarlarida Jurjoniya deb tilga olinadi. Miloddan avval 1-asr Xitoy solnomasida Yuye-Gan yoki Yuye-Szyan shaklida qayd qilingan. 10-asrning 2-yarmida markazi Gurganjda boʻlgan mustaqil amirlik vujudga kelib, u Kat shahridagi xorazmshohlar bilan raqobat qila boshladi. 995 yilda Gurganj amiri Maʼmun ibn Muhammad Katdagi xorazmshohlar sulolasini tugatib, oʻzini Xorazmshoh deb eʼlon qildi (995–997). Oʻsha vaqtdan Gurganj Xorazmshohlar davlatining yagona poytaxti boʻlib qoldi va 11 – 12-asrlarda bu yerda madaniyat va sanʼat ravnaq topdi. Oʻsha davrda shahar mustahkam qalʼa devorlari bilan oʻrab olindi. Baʼzi shahar darvozalarining nomlari tarixiy qoʻlyozma asarlarda koʻrsatib oʻtilgan, boʻlar: Xajjaj, Kobilon. Gurganch (Urganch)da "Maʼmun akademiyasi"ga asos solgan (qarang Xorazm Maʼmun akademiyasi). Oʻrta Osiyo, Sharq mamlakatlarining bir qancha alloma, shoir va yozuvchilarini oʻz atrofiga toʻplagan. Maʼmun Ibn Maʼmun Abul Abbos Urganchda bir qancha yirik binolar qurdirgan. Mahmud Gʻaznaviyning Xorazmga qilgan yurishi (1017) natijasida bu yerdagi olimlarning koʻpchiligi Gʻaznaga majburan olib ketilgan, shahar inqirozga yuz tutgan.[1]
1221-yilda Chingizxon qoʻshinlari shaharni 6 oy qamal qilib ololmagach, Amudaryoni toʻsib turgan toʻgʻonni buzib, shaharni suvga bostirdi. Moʻgʻullar barcha hunarmandlarni ajratib olib Moʻgʻulistonga haydab olib ketdilar, qolgan aholini qirib tashladilar va bu insoniyat tarixidagi eng qonli qirg‘inlardan biri hisoblanadi. Oʻsha davr fors tarixchisi Juvayniy yozishicha, 1221-yilda Gurganjning milliondan ziyod nufusi boʻlgan va 50 ming moʻgʻul askariga har biriga yigirma toʻrttadan Gurganjlikni qatl etish vazifasi yuklanganin, yaʼni 1,2 million Gurganjlikni moʻg'ullar qilichdan oʻtkazgan.
14-asrning boshlarida Oltin Oʻrda taʼsirida boʻlgan shaharda binokorlik ishlari jonlandi. 1333-yilda Gurganjga kelgan mashhur arab sayyohi Ibn Battuta buning guvohi boʻlgan.
1373-yilda Temur Xorazmga hujum qiladi va uning hukmdori So‘fiylar sulolasidan bo‘lgan Yusuf So‘fi Temurga taslim bo‘ladi. 1379-yilda Yusuf So‘fi Urganchni talon-toroj qilgan Temurga qarshi isyon ko‘tardi va Yusuf So‘fi o‘ldirildi. 1388-yilda Urganchdagi so‘fiylar sulolasi yana Temurga qarshi isyon ko‘tardi; bu gal Temur Urganchni yer bilan yakson qildi va aholisini qatliom qildi, shaharning sug‘orish tizimini vayron qildi, shahar turgan yerga arpa ekib, faqat bitta masjid qoldi. Bu Amudaryo oqimining keskin oʻzgarishi bilan birga Koʻhna-Urganchning tanazzulga yuz tutishining boshlanishi boʻldi. XVI asrda Xiva Xorazm poytaxti sifatida almashtirilib, oxir-oqibat tashlab ketilgan.
15–16-asrlarda shaharning madaniy va iqtisodiy rivojlanishida bir oz turgʻunlik roʻy beradi. 1646-yilda Xiva xoni Abulgʻoziy Bahodirxon (1643–1664) hozirgi Urganch shahriga asos soldi. Shundan keyin qad. shaharning nomi Koʻhna Urganch boʻlib qoldi. Xiva xoni Muhammad Aminxon (1846-55) Koʻhna Urganchda boʻlib Xorazm poytaxtini oʻsha yerga koʻchirishga qaror qildi. Lekin, uning 1855-yilda Saraxsda turkmanlar bilan boʻlgan jangdagi fojiali oʻlimi bu ishga barham berdi.
Keyinchalik bu hududda 19-asrning boshlaridan boshlab turkmanlar yashagan, ammo ular, asosan, eski shahardan tashqarida yashagan va eski shaharda qabriston sifatida foydalangan. Ammo, hozirda shaharning eski qismini qabristonga aylantirish toʻxtatildi.
1924-yilda Koʻhna Urganch Turkmaniston tarkibiga kiritildi. Shaharning qadimiy qismi 1985-yilda Davlat tarixiy-madaniy muzey-qoʻriqxonasi deb eʼlon qilindi. Koʻhna Urganchdagi bir necha meʼmoriy yodgorliklar UNESCO tashkilotining roʻyxatiga olindi. Shaharda oʻlkashunoslik muzeyi faoliyat koʻrsatadi. Shaharning turistik infrastrukturasini vujudga keltirish, arxeologik qazishmalar, tarixiy yodgorliklarni konservatsiya qilish va taʼmirlash ishlarini faollashtirish maqsadida 1997-yilda Turkmaniston hukumati nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda "Koʻhna Urganchning madaniy sferasini rivojlantirish" loyihasini amalga oshirishga kirishdi.
Koʻhna Urganchda 12– 14-asrlar meʼmoriy yodgorliklaridan El Arslon, Takash, Toʻrabekxonim, Najmiddin Kubro maqbaralari, Qutlugʻ Temur (jome masjidi) minorasi hamda karvonsaroy qoldiqlari, 16-asr yodgorliklaridan Sulton Ali maqbarasi, 20-asr boshidagi yodgorliklaridan Toshmasjid madrasasi va boshqa saqlangan. Koʻhna Urganchning eng qadimiy qismi hisoblangan Qirqmulla tepaligida 1989–92 yillarda olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida u miloddan avvalgi 5–4-asrlarda vujudga kelganligi aniqlandi.
Tarixda Koʻhna Urganch (Gurganj) oʻsha yerda yashab, ijod etgan va faoliyat koʻrsatgan mashhur kishilar (Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Maʼmun akademiyasining buyuk allomalari Beruniy, Ibn Sino, Abu Saxl Masihiy, Abul Hayr Hammor va boshqalar) bilan dunyoga tanilgan.[2]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Gulyamov Ya.G., Istoriya orosheniya Xorezma, 1957;
- Tolstov S. P., Raboti Xorezmskoy ekspeditsii 1949–1953 gg. TXAEE, t.2 M., 1958;
- Bartold V.V., Sochineniya,t. Z. M., 1965;
- Buniyatov Z. M., Gosudarstvo Xorezmshaxov-anushteginidov, M., 1986;
- Yusupov X., Tri fakta iz istorii Kyoneurgencha, Izvestiya AN Turkmenistana, Seriya gumanitarnix vauk №2, 1992;
- Yusupov X., Serdse drevnego Xorezma, Ashxabad, 1993;
- Nurjonov K., Koʻhna va Yangi Urganch, Urganch, 1993;
- Xalimov N., Pamyatniki Urgencha, Ashxabad, 1991;
- Mamedov M. A., Muradov R. G., Srednevekovie pismennie istochniki o Drevnem Urgenche, Ashxabad, 2000.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |