Rojasthon
Rojasthon (hindcha — rojalar mamlakati), Rojaston — Hindistonning shim.gʻarbiy qismidagi shtat. Maydoni 342 ming km². Aholisi 56,5 mln. kishi (2001); 90% hindu diniga, 7% islomga eʼtiqod qiladi. Maʼmuriy markazi — Jaypur sh. Rojasthonning shim. qismi HindGang tekisligida, jan. qismi Dekan yassitogʻligida. Shim.gʻarbida Tar choʻli bor. Shtatning markaziy qismidan Aravali togʻ tizmasi kesib oʻtgan (eng baland joyi 1722 m). Iklimi tropik, mussonli, shim.gʻarbida quruq ikdim. Oʻrtacha oylik temperatura yanvarda 14°, mayda 35°. Yillik yogʻin janubida 600–900 mm, shimolida 130mm.
Iqtisodiyotida qishloq xoʻjaligi yetakchi oʻrinda. Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi — chorvachilik. Rojasthon hududining choʻl va chala choʻldan iborat katta qismida qoʻy, echki, koramol, tuya boqiladi. 16 mln. ga yerga ekin ekiladi. Asosiy ekinlari: bugʻdoy, tamaki, makkajoʻxori, oq joʻxori, paxta, sholi, moyli ekinlar, shakarqamish. Bogʻlar ham bor. Dehqonchilik sugʻorishga asoslangan. Chambal daryosiga yirik gidrotexnika inshootlari qurilgan. Foydali qazilmalardan marmar, gips, asbest, osh tuzi, slyuda, lignit, marganets, qimmatbaxr toshlar (Udaypur yaqinida yirik olmos koni) qazib olinadi.
Sanoati mahalliy, qishloq xoʻjaligi xom ashyosini k,ayta ishlashga ixtisoslashgan. Toʻqimachilik, oziq-ovqat (shakarqand, yogʻmoy) korxonalari bor. Hunarmandchilik rivojlangan. Kustar usulda ip gazlama, movut, gilam toʻqiladi, tosh, fil suyagi, bronzadan turli buyumlar tayyorlanadi. Jaypur hunarmandlari yasagan oltin va kumush buyumlar, sovuq qurollar dunyoga mashhur. Kota sh. yaqinida AES qurilgan. Keyingi yillarda zamonaviy sanoat tarmoqlari — mashinasozlik va metallsozlik korxonalari (qoʻrgʻoshinrux konsentratlari, mis eritish, anik, priborlar ishlab chiqaruvchi zdlar) ishga tushirildi. Shtatda sement, oynashisha, natriy, boʻyoq, oʻgʻitlar, temir yoʻl vagonlari, oltingugurt kislotasi, televizor va sunʼiy tola ishlab chikaruvchi 200 dan ortiq mayda korxona bor.
Rojasthon haqidagi ilk maʼlumotlar mil. av. 3-asrlarga oid. 6-asrdan boshlab rojaliklar tuzila boshlagan. 1025-yil Mahmud Gʻaznaviy Rojasthonni oʻz tasarrufiga kiritgan. Gʻaznaviylarning Hindistondagi noibi Baxlim 1120-yilda R.ning gʻarbini oʻz hukmiga olgan. 11-asrning 30—70-yillarida Kalachuri davlati hukmdori Karna Rojasthonning shim.gʻarbiy viloyatlarini qoʻlga kiritgan. Rojasthon oʻz nomini 13—14-asrlarda Shimoliy Hindistondagi musulmonlarga karshi kurashda rajput zodagonlarining tayanchi boʻlganda olgan. 13— 19-asrlarda ushbu qudud dastlab Dehli sultonligi, keyinroq Boburiylar saltanati va Marathalar davlatiga tobe boʻlgan. Boburning nevarasi Akbar birinchilardan boʻlib Rojasthon xonlari bilan qarindoshlik aloqalarini oʻrnatgan. 1818—1947-yillardagi Angliya mustamlakachiligi davrida Rojasthon 22 rojalik va kichikroq Ajmer provinsiyasidan iborat boʻlgan va Rojaputana deb atalgan. 1956-yilda Rojasthon shtati tuzilgan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |