Qimiz
Qimiz — biya sutidan tayyorlanadigan shifobaxsh ichimlik. Har 3 soatda bir marta sogʻiladigan biya sutini sut kislota bakteriyalari va achitqilari bilan yoʻli bilan maxsus meshlarda aralashtirib tayyorlanadi. Tayyor Q. meshlarda saqlanadi, tashiladi. Quyganda koʻpiradi. Tarkibida 2—2,5% oqsil, 1—2% yogʻ, 3,5-4,8% qand, 1 l Q.da 100–200 mg S, A, D, Ye, RR va V guruh vitaminlar; 400–600 mg fosfor hamda 800–1000 mg kaltsiy bor. Kuchsiz Q. tarkibida 0,6—0,8%, oʻrtachasida 0,8— 1%, kuchligida 1 — 1,2% sut kislota; kuchsizida 1% gacha, oʻrtachasida 1 — 1,5% va kuchligida 3% gacha spirt boʻladi. Q.ning energetik qiymati 300—400 kkal.
Q. organizmda ovqat tarkibidagi oqsil va yogʻlarning tez hazm boʻlishiga yordam beradi, moddalar almashinuvini yaxshilaydi, ishtaha ochadi, parhez va shifobaxsh xususiyatlarga ega. Q. tayyorlash va ichish zamonlardan beri, ayniqsa, koʻchmanchi chorvador xalqlar oʻrtasida keng yoyilgan. Miloddan avvalgi 5-asrda Gerodot skiflar turmushini tasvi.rlaganda ularning eng yaxshi koʻradigan ichimligi oldindan alohida tayyorlab qoʻyiladigan biya suti ekanligini qayd etgan. Q.ni davo maqsadlarida oʻpka sili kasalligining oldini olish va davolashda, shuningdek, ayrim oshqozon-ichak kasalliklarida tavsiya qilinadi. Osiyo, qisman Yevropa mamlakatlarida Q. koʻp tayyorlanadi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Panfilov N.Ye., Sut va salomatlik, T. 1991.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |