Kasallik
Kasallik, betoblik, xastalik — organizmga tashqi yoki ichki muhitning zararli omillari taʼsir etganda roʻy beradigan patologik jarayon. Kasallik haqidagi tushuncha tibbiyot tarixida oʻzgarib bordi. Kasallikning paydo boʻlishida tashqi muhit omillari yetakchi rol oʻynaydi, chunki ular organizmga bevosita taʼsir etish bilan birga uning ichki xususiyatlarini ham oʻzgartira oladi, bu oʻzgarishlar nasldan-naslga oʻtib, unda Kasallikni yuzaga keltirishi mumkin. Kasallik, koʻpincha, haddan tashqari kuchli taʼsirotlar, turli mikroorganizmlar, zaharlar taʼsirida vujudga keladi. Bunda organizmning tashqi muhitga moslashuvi susayib, uning muhit bilan oʻzaro muvozanati buziladi. Organizmning rivojlanish nuqsonlari yoki irsiy kamchiliklar ham kasallikka sabab boʻlish mumkin. Masalan: muayyan kasalliklar, xususan, allergik kasalliklarga baʼzan tugʻilishdan moyillik boʻladi (qarang Allergiya). Kasallik paydo qiladigan agent organizmga taʼsir etib, uni zararlantiradi, ayni chogʻda bu agent organizmning himoya choralari va moslanish reaksiyalari safarbar boʻlishiga olib keladi. Demak, Kasallik, odatda, bir-biriga aloqador ikki jarayonning — zararlanish va unga qarshi himoyalanish jarayonining birga kelishi bilan ifodalanadi.
Har bir Kasallik umuman butun organizm hayot faoliyatining buzilishiga olib keladi, lekin koʻpgina Kasalliklarda dardning badandagi oʻrni, shuningdek, maʼlum bir aʼzo yoki sistemaning koʻproq zararlanganini koʻrsatadigan belgilar aniq koʻrinib turadi. Masalan, meʼdada yara borligi butun organizmning umumiy kasalligi — yara kasalligini mahalliy belgisi boʻlishi mumkin, yara kasalligi koʻpincha nerv sistemasi funksiyasining jismoniy yoki aqliy ishda haddan tashqari zoʻriqishi, noxush xrdisalarni boshdan kechirish tufayli buzilishidan kelib chiqadi. Aksincha, faqat maʼlum bir joyni shikastlaydigan har qanday taʼsirot, albatta, qanday boʻlmasin umumiy hodisalarga sabab boʻladi. Masalan, badanning biror joyiga chipqon chiqsa, odam isitmalab, lanj boʻlib yurishi, ishtahasi yoʻqolishi maʼlum va hokazo.
Kasallikning paydo boʻlish sabablari juda xilma-xil. U bitta omilning taʼsiridan yoki bir qancha sharoitlarning birga qoʻshilishidan kelib chiqishi mumkin. Masalan: infeksion va parazitar Kasalliklar organizmga maʼlum bir turdagi mikroorganizmlar va parazitlar taʼsiridan, boshqalari esa bir qancha sabablarning birgalashib taʼsir etishidan kelib chiqadi (meʼda shilliq qavatining yalligʻlanishi — gastrit, odatda, tartibsiz ovqatlanish, kundalik rejimga rioya qilmaslik, chekish, ichkilik ichish, shuningdek, boshqa aʼzolarning Kasalliklari oqibatida paydo boʻladi). Kasallikni aniqlashda uning vujudga kelish sabablari (etiologiyasi), kasallik jarayonining rivojlanish mexanizmi (patogenezi), klinik koʻrinishi (belgilari yoki simptomlari) va hokazolarga alohida ahamiyat berish talab etiladi. Kasallikning sodir boʻlishi va oʻtishida organizmning himoya kuchlari va moslanish imkoniyatlari hal qiluvchi rol oʻynaydi.
Kasallikning oʻtkir, oʻrtacha oʻtkir va surunkali xillari boʻladi. Kasallikning oʻtishida 4 bosqich yoki davr: yashirin (latent), prodromal (dastlabki), avj olish va tuzalish davri tafovut qilinadi. Birok, koʻpgina Kasalliklarning avj olishi va oʻtishida bunday davrlarni roʻyirost ajratib boʻlmaydi.
Kasallikning yashirin davri (infeksion kasalliklarda bu davr inkubatsion davr deb ataladi) zararlovchi agent taʼsir etgandan boshlab to dardning dastlabki belgilari paydo boʻlguncha davom etadi; bu davr bir necha lahzadan (shikastlanishda) bir necha yilgacha boʻlishi mumkin.
Prodromal davr Kasallikning ilk belgilari paydo boʻlgandan boshlab to u roʻyirost avj olguncha oʻtadigan vaqtni oʻz ichiga oladi. Bu davrda, odatda, talaygina Kasalliklarga xos boʻlgan bosh ogʻrigʻi, qaltirash, isitmalash, lanj boʻlish va boshqa boshlanadi. Xullas, bu davrda odamning dardga chalingani aniq boʻladi-yu, lekin qanday Kasallik bilan ogʻriganligini bilib boʻlmaydi. Kasallikka aniq tashhis qoʻyish uchun harakterli boʻlgan belgilar koʻpincha bu davrning oxirida, Kasallik rasmana avj olgan paytda koʻzga tashlanadi, lekin ayrim hollarda bular notayin boʻladi (Kasallikning bilinmaydigan shakli) yoki uncha avjiga chiqmasdan yoʻqolib ketadi (Kasallikning abortiv shakli). Biroq, Kasallik juda tipik boʻlib oʻtayotgan hollarda ham biror asorat yoki boshqa bir dard qoʻshilib qolishidan u boshqacha tus oladi. Kasallikning tugashi, yaʼni oxirgi tuzalish davri birdan boshlanishi yoki asta-sekin oʻtishi mumkin. Ayni vaqtda odam butunlay sogʻayib ketadi yoki biror aʼzosida Kasallikdan anchagacha yoʻqolmaydigan asorat qoladi; baʼzan Kasallik butunlay yoʻqolmasdan, vaqt-vaqti bilan qoʻzib turadigan surunkali xilga aylanadi. Kasallikning asorat qoldirmay, esonomon oʻtib ketishi koʻpincha unga qarshi oʻz vaqtida davo qilish hamda vrachning hamma buyurganlarini bekamu koʻst bajarishga bogʻliq.
Shuning uchun odam oʻzini andek nosogʻ sezganida darhol vrachga borishi kerak. Zamonaviy tibbiyot bemor ahvoliga juda jiddiy qarab, uni kompleks tarzda tekshiradi; Kasallikning kelib chiqish sabablari va sharoitlari, avj olib borish mexanizmlari, qanday belgilar bilan oʻtishi, organizmning Kasallikka qarshi qanday kurashishi, himoya va moslashuv reaksiyalarining qonuniyatlarini oʻrganadi; olingan natijalarga qarab, Kasallikni aniklash, davolash va uning oldini olish usullarini ishlab chiqadi. Har bir bemorga individual, yaʼni kasalligining xili, organizmning holati va boshqa koʻpgina xususiyatlarga qarab davo qilinadi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |