Oʻpka
Oʻpka – odam, quruqlikda yashovchi hayvonlar va baʼzi baliqlarning havodan nafas olish aʼzosi. Oʻpka ayrim mollyuskalar (quruqlikda va chuchuk suvda yashovchi qorinoyoqlilar), boʻgʻimoyoqlilar (chayonlar), baliqlar (ikki xil nafas oluvchilar, panjaqanotlilar, koʻpqanotlilar), quruqlikda yashovchi umurtqali hayvonlar va odamda qon bilan nafas olingan havo oʻrtasida gaz almashinuvini amalga oshiradi. Ikki xil nafas oluvchi baliqlar oʻpkasi kataklarga boʻlingan, koʻp qanotlilarda – silliq devorli xaltachadan iborat. Quruqlikdagi umurtqalilar oʻpkasi qadimgi panjaqanotli baliqlar halqumi qorin qismi devorining boʻrtib chiqishi tufayli hosil boʻlgan. Suvda va quruqlikda yashovchilar oʻpkasi silliq devorli xaltasimon, devorida burmalari bor. Sudralib yuruvchilar oʻpkasi ham xaltasimon, lekin ichki qismi juda koʻp toʻsiq va burmali. Qushlar oʻpkasi gʻovak. Sut emizuvchilar oʻpkasidagi bronxlarning shoxlangan uchki qismida juda mayda pufakchalar – alveolalar boʻladi; oʻpka devorlari kapillyar qon tomirlari toʻri bilan qoplangan. Oʻpkaga havo nafas yoʻllari (boʻgʻiz, kekirdak, bronxlar) orqali oʻtadi.
Odamda oʻpka bir juft boʻlib, koʻkrak qafasining ikki tomonida joylashgan. U yaltiroq yupqa parda – plevra bilan zich oʻralgan, shakli konusga oʻxshash; plevra boʻshligʻidagi ozgina suyuqlik nafas olganda oʻpkaning erkin harakatini taʼminlaydi. Pastki yuzasi yoki asosi botiq boʻlib, koʻkrak boʻshligʻini qorin boʻshligʻidan ajratib turadigan toʻsiq – muskuldan iborat diaframaga taqalib turadi. Oʻpkaning uchi oʻmrov suyagi ustidan 2-3 sm koʻtarilib, boʻyinning pastki kismiga kirib boradi. Qovurgʻalarga takalgan yuzasi qavariq boʻladi. Ichki yuzasi botiq boʻlib, yurakka va koʻks oraligʻidagi boshqa aʼzolarga taqaladi; bosh bronx va oʻpka arteriyasi shu yuzadan oʻpkaga kirib, undan ikkita oʻpka venasi chiqadi (Oʻpka darvozasi). Har bir oʻpka plevra egatchalari bilan boʻlaklarga boʻlinadi; chap oʻpka ikki (yuqori va pastki), oʻng oʻpka esa uch (yuqori, oʻrta va pastki) boʻlakka ajralgan. Oʻpka boʻlaklari segmentlardan, boʻlakchalardan tashkil topgan (har bir oʻpka 10 segmentdan iborat). Segment hajmi 0,5-1,0 sm, piramida shaklida tuzilgan segmentlar esa boʻlakchalardan tashkil topgan. Bu boʻlakchalar bir-biridan biriktiruvchi toʻqimadan tuzilgan devorcha va qon tomir bilan ajralib turadi. Boʻlakchalararo devorchalar nafas olishda boʻlakchalarning harakatchan boʻlishini taʼminlaydi.
Nafas bronxiolasi va undan tarqalgan nafas naychasi, pufakchalari va alveolalar qoʻshilib, uzum shingili shaklidagi oʻpkalarning struktura va funksional birligi – atsinus yoki alveolalar daraxtini tashkil etadi. 12-18 atsinus birgalikda oʻpka boʻlakchasini, bir nechta boʻlakchalar qoʻshilib, oʻpka segmentini hosil qiladi.
Alveolalarning juda yupqa devori yarim oʻtkazuvchi biologik membrana boʻlib, kapillyarlardagi qon bilan alveolalardagi havo oʻrtasida shu parda orqali gazlar almashinadi.
Oʻpka segmentlari oʻzaro qoʻshilib, oʻpka boʻlagi va nihoyat, oʻpka boʻlaklaridan oʻpka hosil boʻladi. Oʻpkalarda 800000 atsinuslar yoki 300-500 mln alveolalar uchraydi. Ularning sathi 30-100 m2boʻladi. Oʻpka bronxlari havo almashish jarayonidan tashqari, organizmda, suv, tuz va xlor miqdori bir meʼyorda saqlanishiga ham yordam beradi.
Katta odamlarda ikkala oʻpkada oʻrtacha 4,9-5,0 l havo boʻladi. Ulardan tinch nafas olish vaqtida (har bir nafas olganda) faqat 500 ml havo oʻpkalarga kirsa, chuqur nafas olganda esa 1600 ml toza havo kirib, 1600 ml karbonat angidridga boy boʻlgan havo chiqadi. Shunday qilib, oʻpkalarda hayotiy havo sigʻimi oʻrtacha 3500 – 3700 ml gacha boʻladi. Qolgan 1300 – 1400 ml havo esa qoldiq havo boʻlib, oʻpkada doimo boʻladi. Oʻpkaga simpatik va parasimpatik nerv tolalari boradi. Oʻpka orqali suyuqlik va baʼzi gazsimon mahsulotlar ajraladi. Oʻpka gavda trasining muntazam bir meʼyorda turishi va qon ivishini tartibga solib, organizmda oqsil, yogʻ va uglevodlar almashinuvida ishtirok etadi. Oʻpka havo orqali kiradigan bakteriyalardan organizmni himoya qiladi. Oʻpka kasalliklaridan zotshjam, oʻpka emfizemasi, sil va oʻpka oʻsmasi koʻproq uchraydi.
Wikimedia Commonsda Category:Lungs mavzusiga oid fayllar bor. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |