Kontent qismiga oʻtish

Moʻtabar Tojiboyeva

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Mo'tabar Tojiboyevadan yoʻnaltirildi)


Moʻtabar Tojiboyeva
Tavalludi 25-avgust 1962-yil (1962-08-25) (62 yosh)
Fuqaroligi Sovet IttifoqiOʻzbekiston
Kasbi Inson huquqlari himoyachisi
Millati oʻzbek
Ota-onasi ishchi

Moʻtabar Tojiboyeva Ibragimovna — oʻzbekistonlik mustaqil jurnalist va taniqli huquq himoyachisi. „Oʻtyuraklar klubi“ inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkiloti asoschisi. Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlarining poymol qilinishiga qarshi kurashayotgan faol. U inson huquqlari muammolari yuzasidan monitoring oʻtkazish bilan shugʻullanib, tergov va sud jarayonlarida jamoatchi himoyachi va ishonchli vakil sifatida ishtirok etgan. Moʻtabar Tojiboyeva 2005-yil mart oyida tashkil etilgan Fuqarolik jamiyati xalq harakati asoschilaridan biridir. U 2005-yil 7-oktyabrda Dublinga inson huquqlari boʻyicha xalqaro anjumanga ketish arafasida hibsga olingan. Unga tergov jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 18 ta moddasi asosida ayblov qoʻyilgan, sud esa ushbu moddalarning 13 tasi bilan Moʻtabar Tojiboyevani aybdor deb topgan va 8 yilga ozodlikdan mahrum etishga hukm chiqargan. Uning hibsga olinishi inson huquqlari himoyachisi sifatidagi faoliyati, 2005-yildagi Andijon voqealari yuzasidan tanqidiy chiqishlari va xalqaro teshkiruv oʻtkazish talabi oqibati deb taʼkidlanadi.

2005-yilda Moʻtabar Tojiboyeva Xalqaro Nobel mukofoti nominanti mavqeyiga erishdi. 2008-yil 15-mayda, hali u jazo muddatini oʻtayotgan davrda Xalqaro Martin Ennals mukofoti sovrindori boʻladi. Shu kuni xalqaro inson huquqlari masalalari mavzusida yozuvchi bloggerlar bu sohaga ulkan hissa qoʻshgan 10 ayol roʻyxatini eʼlon qildi va bu oʻntalikka Moʻtabar Tojiboyevaning nomi ham kiritilgan edi.

2008-yil 2-iyun kuni Moʻtabar Tojiboyeva qamoqdan ozod qilinadi va shu yili 20-noyabr kuni Shveytsariyaning Jeneva shahrida unga Martin Ennals mukofotini topshirish taqdimoti boʻlib oʻtadi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 60-yilligi munosabati bilan „Oʻtyuraklar klubi“ inson huquqlarini himoya qilish tashkilotiga Fransiya Respublikasining „Ozodlik, Tenglik, Birodarlik“ mukofoti berildi va ushbu mukofot shu yilning 10-dekabrida Parijda oʻtkazilgan taqdimot marosimida Moʻtabar Tojiboyevaga topshirildi. 2009-yil mart oyi boshida Moʻtabar Tojiboyevaga AQSh Davlat departamentining „Jasur ayol“ mukofoti berildi, ammo keyinchalik u shaxsiy prinsiplariga asosan bu mukofotdan voz kechdi. Avgust oyida u Inson huquqlari jamgʻarmasining xalqaro kengashiga aʼzo boʻladi. Hozir Fransiyaning Il-de-Frans provinsiyasida yashaydi. Qiynoqlar oroli asirasi nomli asar muallifi. Bu kitob muallifning shaxsiy xotiralari asosida yozilgan boʻlib, ushbu kitobda Moʻtabar Tojiboyeva Oʻzbekiston hukumatining ommaga mavhum qirralarini hamda Oʻzbekistonda qoʻllaniladigan tazyiq va agressiyalar haqida hikoya qiladi. Asarning ingliz, fransuz, rus va oʻzbek tillarida chop qilinishi kutilmoqda.

Tarjimai holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Moʻtabar Tojiboyeva 1962-yil 25-avgustda Oʻzbekistonning Fargʻona viloyati Margʻilon shahrida ishchi oilasida tugʻilgan. Otasi — Ibrohimjon Tojiboyev, onasi — Qandolatxon Oʻljayeva. Moʻtabar Tojiboyevaning buvasi (onasi tomonidan) Oʻljaboy Hamroqulov 1937-yilda xalq dushmani sifatida oilasi bilan Sibirga surgun qilinadi[1]. Shu vaqtdan boshlab, Oʻljaboy Hamroqulov oʻz oilasi bilan bir necha marta Sovet Ittifoqining turli hududlariga koʻchirilgan. 1946-yilda Oʻljaboy Hamroqulov oʻzining Uchinchi Reyx qoʻshinlariga qarshi kurashda partizanlar safidagi jangovor xizmatlari uchun Sovet hukumati tomonidan oqlanib, oʻz yurtiga qaytib keladi. Moʻtabar Tojiboyevaning onasi Qandolatxon Oʻljayeva, Ikkinchi jahon urushi-yillarida Ukraina hududidagi oʻrmonlarning birida oʻzining boʻlajak turmush oʻrtogʻi Ibrohimjon Tojiboyevni yarador va behush holatda uchratadi. Ibrohimjon Tojiboyev Sovet Armiyasi safida piyoda askar boʻlib xizmat qilgan. 1944-yilda ular turmush quradilar va ularning birinchi farzandi Ukrainada dunyoga keladi. Moʻtabar Tojiboyeva bu voqealarning toʻgʻridan-toʻgʻri guvohi boʻlmasada, oʻz onasidan eshitgan hikoyalari uning inson huquqlari yetakchisi boʻlib yetishishda katta rol oʻynagan.

Moʻtabar Tojiboyeva 1969-yilda Margʻilon shahridagi Hamza Hakimzoda Niyoziy nomli 7-oʻrta maktabda ilk taʼlim olishni boshlagan.

1987—1989-yillarda u Margʻilon reja-iqtisod texnikumining sirtqi boʻlimida oʻqigan va uni tamomlab, iqtisodchi diplomini qoʻlga kiritgan. Ayni paytning oʻzida, yaʼni 1987—1989-yillarda Fargʻona viloyati Matbuot boshqarmasi qoshida tashkil etilgan ikki-yillik jurnalistika kursini tamomlagan.

Ish faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1979-yilda maktabni tugatgandan soʻng, Moʻtabar Tadjibayeva Margʻilon shahridagi Ipakchilik kombinatida bir-yil muddatda ip yigiruvchi boʻlib ishlagan. 1980-yilda Oxunboboyev tumanidagi davlat notarial idorasiga notarius yordamchisi sifatida ishga kiradi. 1981-yilda Oxunboboyev tumanidagi Qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasiga kotiba va ish yurituvchi sifatida ishga joylashadi.

1985-yilda Moʻtabar Tojiboyeva ish faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Xalq nazorati qoʻmitasining Oxunboboyev tuman boʻlimida inspektor vazifasida davom ettiradi. Keyinchalik jamoatchilik asosida ariza va shikoyatlar boʻlimi, shu bilan bir paytda qoʻmitaning matbuot markazini boshqaradi. Bu tashkilotda Moʻtabar Tojiboyeva qonunlarning ijrosini amalda qoʻllanilishini nazorat qiluvchi guruhlar bilan oʻtkaziladigan tekshiruvlarda faol qatnashgan hamda ariza va shikoyatlar boʻlimi rahbari sifatida huquqlari poymol qilingan shaxslarning shikoyatlarini oʻrganib, ularning huquqlarini tiklash va himoya qilishga oʻz hissasini qoʻshgan. Aynan shu yerda u jamoat bilan yaqindan turib, hamkorlikda ishlashni dastlab oʻz tajribasida koʻradi. Moʻtabar Tojiboyeva qoʻmitaning matbuot markazi mas'ul xodimi sifatida Oʻzbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan qonunlar va ularning ijrosi yuzasidan targʻibot-tashviqot ishlarida faol qatnashgan va, shuningdek, bu qonunlarni oyoq osti qilgan amaldor shaxslarga qarshi mahalliy va markaziy matbuot organlarda chiqishlar qilishni boshlagan. Uning bu qoʻmitadagi ish faoliyati keyinchalik inson huquqlari himoyachisi sifatida shakllanishiga katta taʼsir qiladi.

1991-yilda Sovet Ittifoqi parchalanib ketishi natijasida Xalq nazorati qoʻmitasi tarqatib yuboriladi. Moʻtabar Tojiboyeva 1997-yilgacha oʻz faoliyatini bank tizimida davom ettirib, jumladan, Oʻzbekiston sanoat-qurilish bankining Margʻilon va Qirguli boʻlimlarida va Qirguli tuman xalq banklarida kadrlar boʻlimi boshligʻi, pul muomala boʻlimi Iqtisodchisi, bosh iqtisodchisi vazifalarida ishlagan.

1997—1998-yillarda Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimining targʻibot-tashviqot markazini boshqargan. 1998-yilda „Yodnoma“ nomli birinchi risolasi nashr etilgan. Bir vaqtning oʻzida, Moʻtabar Tojiboyeva inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini ham davom ettirgan, Respublikamatbuot vositalarida oʻzining shu mavzuga oid tanqidiy maqolalari bilan qatnashgan.

1998—1999-yillarda „Xalqaro Qizil Hoch va Qizil Yarim Oy“ jamiyatining Fargʻona viloyati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari vazifasida ishlagan.

Inson huquqlari sohasidagi faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1999-yil dekabr oyida boʻlib oʻtgan saylovda Moʻtabar Tojiboyeva Fargʻona viloyati kengashi deputatligiga tashabbuskor guruhdan oʻz nomzodini qoʻyadi. U oʻz nomzodlik dasturida asosan qonunlar ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini shakllantirish boʻyicha qonun qabul qilish masalasini kun tartibiga olib chiqishni koʻzlagan edi. U saylovda gʻalabaga erishmaydi, shundan soʻng oʻz dasturini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston xalq-demokratik partiyasi(OʻzXDP)ga aʼzo boʻladi. 2000-yil yanvar oyida Moʻtabar Tojiboyeva shu partiyaning Margʻilon shahri „Zuhro“ mahallasi boshlangʻich partiya tashkilotining kotibasi etib tayinlanadi va ushbu tashkilot huzurida inson huquqlarini himoya qilish „Oʻtyuraklar klubi“ga asos soladi.

Moʻtabar Tojiboyevaning „Oʻtyuraklar klubi“ni yaratishi uning rasman inson huquqlari sohasiga kirib kelishiga imkon berdi. 2001-yilda „Oʻtyuraklar klubi“ yordamida uning „Ogoh boʻlaylik“ nomli risolasi chop etilgan. 2002-yil yanvar oyida OʻzXDP Margʻilon shahar kengashining plenumida „Oʻtyuraklar klubi“ning 2 yillik ish faoliyati muhokama qilingan va klub rahbari Moʻtabar Tojiboyevaning hisoboti tinglangan. Plenum klubning jinoyatchilik va giyohvandlikka qarshi olib borgan kurashini ijobiy baholaydi va uning ish faoliyatini Respublika boʻylab namuna sifatida koʻrsatish haqida qaror qiladi. Mahalliy va Respublika matbuot vositalarida klub faoliyati haqida maqola, ocherklar yozilib, maxsus koʻrsatuvlar berib borilgan.

Hukumat tomonidan taʼqib va tayziqlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Alimuhammad Mamadaliyev ishi va uning oqibatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Moʻtabar Tojiboyeva 2002-yilda MXX xodimlari tomonidan qiynoqlarga solib oʻldirilgan Alimuhammad Mamadaliyev/2/ /3/ ishi[2][3] ishi boʻyicha monitoring olib borgan. U xalqaro axborot agentliklari va inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlariga murojat qilib, mazkur ishni jamoatchilikka yetkazishga muvaffaq boʻlgan. Natijada ish Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan koʻrib chiqiladi va Mamadaliyev qotillari uzoq-yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. 2002-yil 30-iyunda Moʻtabar Tojiboyeva Christian Science Monitor xalqaro gazetasi muxbiri Scott Peterson bilan marhum Alimuhammad Mamadaliyevning oilasi yashaydigan Doʻrmon qishlogʻiga boradilar. Ular qishloq aholisi bilan suhbatlashib, mahalliy hokimiyat va maʼmuriy organlar tomonidan ularga nisbatan qilinayotgan tajovuzlar xususida jurnalistik surishtiruvlar olib boradilar.

Ertasiga, yaʼni 1-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligining Qirguli tuman boʻlimi DAN xodimlari Moʻtabar Tojiboyeva ketayotgan yengil avtomobilni toʻhtatib, uni hibsga oladilar[4]. Rasmiy protseduralarsiz Moʻtabar Tojiboyevani shu joyning oʻzida tahqirlab soʻroq qiladilar va asossiz ravishda Qirguli tumani ichki ishlar boʻlimiga olib borib yertoʻladagi kameraga qamab qoʻyadilar. Shu kuni tunda ichki ishlar xodimlari unga qarshi zoʻravonlik harakatlarini qoʻllaydilar. 2-iyul kuni u „Militsiya xodimlarining qonuniy talablariga boʻysunmaslik“ va „Mayda bezorilik“ aybi bilan sud qilinadi. Moʻtabar Tojiboyevaning qonunni buzganligini isbotlovchi sudga taqdim qilingan hujjatlar yetarli emasligi va Tojiboyeva yetkazilgan tan jarohatlari yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza oʻtkazilishini talab qilgani sababli, sud ajirimi bilan ish hujjatlari prokuraturaga topshiriladi va Tojiboyeva sud zalidan ozod qilinadi. 2002-yil 5-sentabrda Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona viloyati sudi Qirguli tumani IIB xodimlarining gʻayriqonuniy hatti-harakatlari yuzasidan bu militsya xodimlariga qarshi xususiy ajrim chiqargan. 27-sentyabr kuni Qirguli tumani prokuraturasi sudning xususiy ajrimi asosida jinoiy ish qoʻzgʻatgan. 2002-yil 16-dekabrda „Qirguli tumani militsya xodimlarining hatti-harakatlarida jinoyat tarkibi yoʻq“ degan xulosa bilan ushbu ish yopilgan. Alimuhammad Mamadaliev ishi Moʻtabar Tojiboyeva va hukumat orasidagi toʻqnashuvlarning yanada keskinlashuviga sabab boʻldi. Aynan shu voqea „Oʻtyuraklar klubi“ va uning rahbarining xalq orasidagi obroʻsini yanada oshirdi va ularning faoliyatining kuchayishiga olib keldi.

Vaziyat keskinlashuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2002-yil 14-oktyabrda Moʻtabar Tojiboyevaning tashabbusi bilan Jinoyat ishlari boʻyicha Oltiariq tumani sudi binosi oldida norozilik piketi oʻtkaziladi[5]. 2002-yil 7-noyabrda u „Oʻtyuraklar klubi“ nomidan rasman bayonot eʼlon qiladi va 8 dekabr Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyasi kuni munosabati bilan Respublika parlamenti Oliy Majlis binosi oldida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari buzilishini toʻxtatishni talab qilib, namoyish oʻtkazilishi haqida maʼlum qiladi. Moʻtabar Tojiboyeva oʻzining bayonotini barcha boshqaruv organlariga joʻnatgan. Respublika Bosh prokuraturasiga joʻnatilgan bayonotda keltirilgan vajlarni tekshirish uchun Bosh prokuratura xodimi Bahodir Poʻlatov Fargʻona viloyatiga kelgan va Moʻtabar Tojiboyeva bilan uchrashgan. Lekin u tekshiruvni yakuniga yetkazmasdan, hech qanday ogohlantirishsiz Toshkentga qaytib ketgan[6].

Toshkentda oʻtkazilishi rejalashtirilgan namoyishdan 4 kun avval, yaʼni 2002-yil 4-dekabr kuni Moʻtabar Tojiboyevani Fargʻona shahar prokurori Tolib Hasanov chaqirtirib, Toshkentda oʻtkazshni rejalashtirilgan namoyishni oʻtkazmaslikni, aks holda unga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilishi haqidagi hujjatni topshiradi. Moʻtabar Tojiboyeva bu hujjatni olishdan bosh tortgach, prokuror unga ikkinchi hujjatni taqdim qiladi. Bu hujjatda Tojiboyevadan „Oʻtyuraklar klubi“ faoliyatini toʻxtatish, aks holda unga nisbatan yana bir jinoyat ishi qoʻzgʻatilishi haqida ogohlantirgan [7]. 2002-yil 5-dekabrda esa fargʻona viloyat IIB dan Moʻtabar Tojiboyevaga qoʻngʻiroq qilib, unga qarshu sud jarayoni boshlangani, lekin u sudga bormaganligini aytishgan. 6-dekabr kuni uni jinoyat ishlari boʻyisha Toshloq tumani sudiga borishi kerakligi, aks holda majburiy tartibda olib borilishi haqida ogohlantirganlar[8]. Moʻtabar Tojiboyeva ushbu sud jarayoni rejalashtirilgan namoyishga toʻsqinlik qilish maqsadida uyushtirilganligiga ishonch hosil qilgan holda, bu sudda qatnashmaslikka qaror qiladi va Doʻrmon qishlogʻiga yashirinadi[9]. Shu kuni kechqurun militsiya, maxsus xizmat xodimlari va harbiylar Doʻrmon qishlogʻini oʻrab olib, qishloq ahliga Moʻtabar Tojiboyeva gʻarb davlatlari aygʻoqchisi ekanligi bois uni hukumat vakillariga topshirishni talab qiladilar. Lekin hech kim kuch ishlatish xodimlariga yon bosmagandan keyin, xonadonlarda tintuv oʻtkaziladi. 2002-yil 10-dekabr kuni Moʻtabar Tojiboyeva ichki ishlar xodimlari bosim oʻtkazish maqsadida uning qizini garovga olmoqchi boʻlayotganlaridan xabar topib[10], Doʻrmon qishlogʻidan kampir qiyofasida kiyinib chiqib ketishga muvaffaq boʻladi. Shundan soʻng Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasi rahbariyatiga qoʻngʻiroq qilib, qidiruv va bosimlarni toʻxtatish evaziga oʻzi taslim boʻlishga roziligini aytadi[11].

Fargʻona shahridagi piket va uning oqibatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2003-yilda 10-iyunda Moʻtabar Tojiboyeva Fargʻona viloyati prokuraturasi binosi oldida piket oʻtkizadi. 2003-yil 12-sentabrda Moʻtabar Tojiboyevaning ishi rasman yopiladi va u aybsiz deb topilib, maʼmuriy javobgalikdan ozod qilinadi.

Ommaviy noroziliklar va hukumat munosabati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2003-yil 20-avgust Oltiariq tumani prokuraturasi binosi oldida piketlar oʻtkaziladi. Bu piketlar paytida Moʻtabar Tojiboyeva va uning hamkasblariga ichki ishlar hodimlari bilan hamkor fohishalar tomonidan hujumlar uyushtirilgan.

2003-yil dekabr oyi boshida Fargona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi amaldorlaridan biri shirakayf holda Moʻtabar Tojiboevaga qoʻngiroq qilib, uning kuni bitgani va qilmishlari uchun jazolanishi muqarrarligini aytadi. 12-dekabrda esa Moʻtabar Tojiboyeva Toshkentga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi(IIV)ga keladi va unga qarshi uyushtirilayotgan tazʼyiqlarga chek qoʻyishni talab qiladi. Lekin IIV rahbariyati uni qabul qilishdan bosh tortadi. Ertasiga Moʻtabar Tojiboyeva Fargʻona viloyatiga kirakash avtomobilida qaytish vaqtida yoʻl-avtomobil halokatiga uchraydi, tan jarohati olib, 12 kun shifoxonada davolanadi. Uning aytishicha, bu hodisaning oddiy tasodif boʻlish ehtimoli juda kam, chunki bu avtomobil toʻqnashuvida faqat Moʻtabar Tojiboyev jabr koʻrgan va bu avtohalokat aynan telefon orqali qilingan poʻpisadan keyin sodir boʻlgan. Yoʻl hodisasi Toshkent viloyatida sodir boʻlgani sababli uni Ohangaron tumani shifohonasiga olib kelishadi.Jabrlanuvchi usbu hodisa yuzasidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi qanday yakun topganidan bexabar boʻlgan va uning bu ishga aloqador hujjatlarni olish talabi qanoatlantirilmagan. Moʻtabar Tojiboyeva davolanib, kasalxonadan chiqqandan soʻng, u shifokorlardan kasallik tarixi varaqalarni soʻraydi, lekin ular bu varaqalarni kimdir allaqachon olib ketganligini aytadi. Ahvoli yaxshilangandan soʻng Moʻtabar Tojiboyeva Margʻilonga qaytadi va u yerda davolanishni davom ettiradi. Bu kasalhonada ham uning kasallik varaqalari nomaʼlum yongʻin oqibatida yoʻqolib ketganini aytishadi.

Andijon voqealari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2005-yil 4-aprel kuni Moʻtabar Tojiboyeva „Oʻtyuraklar klubi“nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga Andijon viloyatidagi siyosiy-ijtimoiy vaziyat oʻta qaltisligini bayon qilib, telegramma joʻnatadi. 13-aprel kuni esa u Bektemir tumani militsiya xodimlari tomonidan toʻxtatilib, ichki ishlar idorasiga olib boriladi va soʻroq qilinadi, lekin u xalqaro nodavlat tashkilotlar va chet davlat elchixonalari bosimi ostida ozod qilinadi.

2005-yil 15-aprel kuni siyosatshunos Safar Abdullayev taxallusi ostida chop etilgan maqolalar[12] yuzasidan Oʻzbekiston Ichki Ishlar Vazirligida matbuot konferensiyasi oʻtkaziladi. Mazkur konferensiyada qatnashish maqsadida kelayotgan Moʻtabar Tojiboyeva yoʻlda DAN xodimlari tomonidan toʻxtatiladi va boshqa bir avtomobil vositasida nomaʼlum shaxslar tomonidan olib ketiladi. Yoʻl davomida bir necha marta turli xil avtomobillar almashtirilib, Moʻtabar Tojiboyeva qaytadan Bektemir tumani ichki ishlar boʻlimiga olib kelinadi, oʻsha yerda qattiqqoʻllik bilan soʻroq qilinadi va tahqirlanadi. Margʻilonga qaytgach, mahalliy shifoxonada davolanadi, lekin hech qayerda unga qarshi zoʻravonlik ishlatilgani va qiynoqqa solingani haqida bayonot bermaydi. Chunki uning oʻgʻirlanishi va tahqirlanishiga boshchilik qilgan amaldor shaxs undan sukut saqlashni talab qiladi, aks holda, bugungi hodisa uning qizi bilan ham takrorlanishini haqida ogohlantiradi.

2005-yil 13-may Andijon voqealari paytida Moʻtabar Tojiboyeva sababsiz uy qamogʻiga olinadi. U yashaydigan imorat oldida qurollangan ichki ishlar boʻlimi xodimlari qorovul qilib qoʻyiladi. Uy qamogʻida Moʻtabar Tojiboyeva Andijondagi namoyish ichtirokchilari va xalqaro jurnalistlar oʻrtasida aloqa oʻrnatib berishga erishadi. Shu kuni soat taxminan 17 da Fargʻona viloyati IIB terrorizmga qarshi kurash bosgqarmasi rahbarlari Moʻtabar Tojiboyevani yashash joyidan viloyat ichki ishlar boshaqmasiga olib ketish toʻgʻrisida farmoyish beradilar va bu yerda uni 2005-yil 16-maygacha boshqarma kamerasida saqlaydilar. Unga biror kishi bilan bogʻlanishga ruxsat berilmaydi.

Qamoqqa olinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2005-yil 20-sentyabrda Andijon voqealari boʻyicha sud jarayonlari boshlanadi. Bu jarayonlar davomida Respublika Bosh prokurori oʻrinbosari Moʻtabar Tojiboyevaning bu ishlarga toʻgʻridan-toʻgʻri aloqasi borligida va uni inson huquqlari himoychisi degan qalbaki nom bilan davlatga qarshi harakatlarni amalga oshirishda ayblaydi.

Moʻtabar Tojiboyeva 2005-yil 8-oktabrda Dublinda boʻlib oʻtadigan inson huquqlari boʻyicha xalqaro konferensiyasiga taklif qilinadi. Bu konferensiyada uning Andijon voqealariga oydinlik kiritish maqsadida nutq soʻzlashi va oʻz fikrlarini bayon qilishi kutilgan edi. Lekin 2005-yil 7-oktyabrda Moʻtabar Tojiboyeva Oʻzbekiston Ishlar Vazirligining xavfsizlik xodimlari tomonidan yashash joyida tovlamachilikda ayblanib hibsga olinadi.

Hibsga olingandan soʻng Moʻtabar Tojiboyeva yashayotgan turar joy ichki ishlar xodimlari tomonidan tintuv qilinib, uning shaxsiy buyumlari musodara qilinadi, undan tashqari, garchi ayblov Moʻtabar Tojiboyevaga shaxsan qaratilgan boʻlsada, „Oʻtyuraklar klubi“ xodimlarining uylari ham tintuv qilinib, barcha hujjat va maʼlumotlar (video, audiotasmalar va hokazo) ichki ishlar xodimlari tomonidan olib ketiladi.

Dastlab Moʻtabar Tojiboyeva Fargʻona viloyatining vaqtinchalik tergov izolyatorlarida 10 kun, keyinchalik 4 oy davomida boshqa qamoq izolyatorlarida saqlanib, tergov qilinadi. Tergovlar davomida unga hibsga olinishining asosiy sabablari maʼlum boʻladi: inson huquqlarining faoli boʻlishi va „Oʻtyuraklar klubi“ni boshqarishi, hukumat aʼzolarining manfaatlariga zid kelishi Moʻtabar Tojiboyevaning hibsga olinishiga olib kelgan.

  1. http://uzb.at.ua/news/2006-4-29-63-0-
  2. arxiv nusxasi, 2011-01-31da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2012-03-13
  3. http://www.fergananews.com/article.php?id=442&print=1
  4. http://www.harakat.net/harakat.php?id_harakat=37&id_topic=62&id_stat=110[sayt ishlamaydi]
  5. http://www.lenta.cjes.org/?m=10&y=2002&lang=rus&nid=4169[sayt ishlamaydi]
  6. http://www.jarayon.com/index.php?option=com_content&view=article&id=1226:--2002---&catid=99:maqolalar-boshqa-tillarda&Itemid=112[sayt ishlamaydi]
  7. arxiv nusxasi, 2016-03-04da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2012-03-13
  8. http://www.zonakz.net/articles/2102[sayt ishlamaydi]
  9. http://www.zonakz.net/articles/2100[sayt ishlamaydi]
  10. http://www.centrasia.ru/newsA.php?st=1042064220[sayt ishlamaydi]
  11. http://www.centrasia.ru/newsA.php?st=1040504460[sayt ishlamaydi]
  12. http://www.ozodlik.org/content/article/1309297.html